Muhiddin Omon 1963 yilning 18 martida Samarqand viloyati, Payariq tumanidagi Qorakesak qishlogʻida tugʻildi.
1985 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdi. “Oʻzbekiston” nashriyotida, “Sogʻlom avlod uchun” jurnalida, Gʻ. Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida turli lavozimlarda ishladi. Oʻz ijodiy faoliyati davomida muharrir sifatida 350 dan ortiq adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, ijimoiy-siyosiy hamda, maʼnaviy-maʼrifiy kitoblarni nashrga tayyorladi. Ayni paytda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining masʼul xodimi sifatida xizmat qiladi.
Shoirning shu paytgacha “Koʻngil darbozasi” (1993), “Tole fasli” (1997), “Munavvar sogʻinch” (2009), bolalar uchun “Dakang xoʻroz va uning joʻjalari” (1999,2006), “Sogʻlomjon alifbosi” (2005), “39 topishmoq” (2011), “Zehni aʼlo, tili burro” (2012), “Buyumlar tilga kirsa” (2012) kabi sheʼriy kitoblari chop etildi.
Muhiddin Omon tarjimon sifatida XVI asr portugal shoiri Luis de Kamoens sonetlarini, ingliz yozuvchisi S. Moem esse va hikoyalarini, amerikalik adib R. Blox asarlarini, Nobel mukofoti laureati K. Gamsunning “Edvarda” (asliyatda “Pan”), gollandiyalik adiba Villi Korsarining “Mangu iztirob” romanlarini, rus shoirlari K. Balmont, B. Pasternak, S. Marshak, A. Barto, L. Kaminskiy, Latish shoirlari Oyar Vatsiyetes, Imant Auzin, Peteris Zirnitis sheʼrlarini, Angliya xalq balladalarini, niderland shoirlari Villem Kloss, German Gorter ijodidan namunalarni rus tilidan, Mirza Hasan Qorabogʻiy gʻazallarini ozarbayjon tilidan oʻzbek tiliga oʻgirdi. M. Omon “Jahon adabiyoti” jurnali tomonidan adabiyotshunos olim O. Sharafiddinov xotirasiga bagʻishlab taʼsis etilgan mukofotning 2014 yildagi “Eng yaxshi sheʼriy tarjimalar uchun” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.
U oltmishdan ortiq qoʻshiqlar, bir necha hujjatli filmlar ssenariysi muallifi hamdir.
Muhiddin Omon sheʼrlarida elu yurt koriga yarash, ona tuproqqa sadoqat singari tuygʻular nihoyatda samimiy, balandparvoz iboralarsiz, tuygʻularning ichki tovlanishlari tarzida, oʻziga xos falsafiy xulosalar, badiiy umumlashmalar vositasida ifodalanadi.
Jaholatni soʻrma, uning koʻp xili,
Oqilni johildan farqlamoq dushvor,
Toki, ogʻir damda birikmas eli,
Har ulus bagʻrida dardi johil bor!
Muhiddin Omonning lugʻat zahirasi boy, soʻz qoʻllashdagi mahorati boʻrtib koʻzga tashlanadi. Turli shakllarda birdek samarali ijod etishi ijodkorning Sharq va Gʻarb adabiyoti ijodiy tajribalaridan voqifligini anglatadi.
Foydalanilgan adabiyot
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.