Tarjimai hol
Zohir A’lam — tarjimon, publitsist, dramaturg. Uning publitsistik maqolalarida zamonasining dolzarb muammolari o‘z ifodasini topgan. Uning “Afandining qirq bir pashshasi” nomli sahna asari bolalar qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilgan. Asar rus va bolgar tillariga tarjima qilinib, teatr sahnalarida qo‘yilgan.
Yozuvchi Zohir A’lam — urush davri farzandi. U 1943 yilda Toshkentda tug‘ildi, avval maktabda, so‘ngra Toshkent Davlat universitetida o‘qib, uni 1965 yilda bitirdi. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1967 yildan “O‘zbekiston” nashriyotida ish faoliyatini boshladi.
U, shuningdek, badiiy asarlar tarjimasi bilan ham shug‘ullangan. Xususan, bolgar mumtoz adabiyoti namoyandasi Pavel Vasilevning “To‘siq”, “O‘lchamlar” kabi qissalarini, rus adibi Sergey Zaliginning “Tekshiruv” romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1985 yil O‘rta Osiyoda ilk bor limonni “o‘troqlashtirish” ustasi Zayniddin Faxriddinov haqida hikoya qilinuvchi “Ota o‘gitlari” hujjatli qissasi nashr etiladi. Shu yillarda adibning “Afandining qirq bir pashshasi” nomli sahna asari bolalar qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilgan.
Zohir A’lamning “Baxtli chipta” nomli birinchi kitobi 1972 yili chop etilgan. “Sharq yulduzi” jurnalida ishlab yurgan kezlari “Muqaddima” (1978), “BAM manzaralari” (1978), “Kiyik ko‘zlari” (1981) kabi kitoblari nashrdan chiqadi.
Mazkur asarlari asosida 1989 yil sahna asari sahnalashtirilgan. Zohir A’lam uzoq vaqt, katta qiziqish bilan publitsistik faoliyat bilan shug‘ullangan. U o‘zining “Boyovut” (1986), “Mayiz atrofidagi gaplar” (1990), “Jomboy hangomalari” (1991) kabi publitsistik maqolalarida zamonaning muhim masalalarini yoritgan.