Bundan ancha yillar ilgari Xitoyda mergan Iy degan mashhur ovchi yashagan ekan. U parrandalarni ham, quyon, tulki kabi mayda jonivorlarni ham, ayiq, to‘ng‘iz, yovvoyi qo‘y singari katta hayvonlarni ham ovlayverar ekan.
Ovchi Iy o‘ljani shunday aniq otar ekanki, hyech qachon mo‘ljalga borib tegdimi-tegmadimi deb qarab turmas ekan. Yoyni otgan zahoti ot choptirib o‘ljaga yetib olar ekan.
Butun Xitoyda unga teng keladigan mergan yo‘q ekan. Faqat uningshogirdi Fin Mingina u bilan bellasha olar ekan. Merganlar uzoqdan turib bir-birlariga qarab nayza otsalar, ular havoda to‘qnashib jaranglar va uchqunidan o‘t chaqnar ekan. Biroq Fin Min mergan Iyga o‘xshab dushmanning nayzasini og‘zi bilan tutib olib, g‘ajib tashlash mahoratiga ega emas ekan.
Nima bo‘libdi-yu, bir kuni Xitoy mamlakati boshiga musibat tushibdi. Osmonda birdaniga o‘nta quyosh paydo bo‘lib, o‘ntasi baravariga, kechayu kunduz tinmay, hamma yoqni ayovsiz qizdiribdi. Barcha o‘t va o‘simliklar kuyib jizg‘inak bo‘libdi, odamlar bilan hayvonlar bo‘lsa, issiqdan nafaslari og‘izlariga siqilib, harsillab qolishibdi.
Ovchi Iy xalq boshiga ofat keltirgan bu sayyoralarni ko‘rib, ulardan qutulish yo‘lini o‘ylay boshlabdi. U qora daraxtdan qilingan eng pishiq o‘q-yoyini olib, unga o‘nta o‘q joylabdi-da, birin-ketin ota boshlabdi. U shunday tez harakat qilibdiki, havoda xuddi bitta o‘q otilganday tinimsiz chiyillagan ovoz eshitilib turibdi. Haqiqatda esa, o‘qlar har tomonga taralib har biri bittadan quyoshga borib tegaveribdi.
Shunday qilib, u to‘qqizta sayyorani urib tushiribdi. O‘ninchi quyosh qo‘rqqanidan yumalab o‘zini bambuk daraxti panasiga olibdi. yer yuzi birdan qorong‘ilashib, sovuq bo‘lib qolibdi. Mergan Iy osmonda birorta ham quyosh
qolmaganini ko‘rib juda qo‘rqibdi. Endi yer yuzini yoritadigan narsa qolmadi deb o‘ylab, bu yangi falokatdan qutulish yo‘lini o‘ylay boshlabdi. Shu orada, yashirinib qolgan o‘ninchi quyosh mergan ketib qoldi, deb gumon qilib daraxtlar orasidan asta ko‘tarilib mo‘ralabdi. Shu payt merganni ko‘rib qolib, qo‘rqqanidan yana botib ketibdi. Mergan Iy bitta quyosh qolganini ko‘rib juda quvonibdida, o‘qlarini yig‘ishtirib uyiga jo‘nabdi. Keyinchalik xalq bu o‘q-yoyni «quyoshni uruvchi yoy» deb atagan ekan.
Aytishlariga qaraganda quyosh mergan Iydan hali-hali qo‘rqar emish. Sharqdan chiqib yer yuzini bir oz yoritarmish da, yana g‘arbga botib yashirinar emish.
O‘sha vaqtdan boshlab kun kecha va kunduzga ajralgan ekan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые