MAGNITOBIOLOGIYA — biofizikaning bir boʻlimi, tabiiy va sunʼiy magnit maydonining tirik organizmlarga taʼsirini, organlar (yurak, miya, nervlar va b.) hosil qilgan magnit maydonini hamda biologik moddalarning magnitlik xususiyatlarini tadqiq qiladi. Sunʼiy magnit maydonining odam organizmiga taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadimdan maʼlum. Oʻsha davrda magnitning shifobaxsh xususiyatiga ortiqcha baho berilgan; magnit har qanday kasallikka davoligi va hatto yoshartirishi toʻgʻrisida koʻp yozilgan. 19-a. da yevropalik shifokorlar (jumladan, fransuz nevropatologi J. A. Sharko, rus shifokori S. P. Botkin) magnit maydoni asabni tinchlantiradi, deb hisoblashgan. Magnitobiologiya 20-a. ning 60-y. laridan boshlab kosmik biol. paydo boʻlishi b-n tez rivojlana boshladi; kuchaytirilgan magnit maydonining biologik taʼsirini oʻrganishga asosiy eʼtibor berildi. Magnit maydoni kuchlanishi ersted bilan oʻlchanadi. Bu kuchlanish 140000 erstedgacha oʻzgarib turadi. Sut emizuvchilarning barcha organlari magnit maydonidan taʼsirlanadi. Boshqarish funksiyasini bajaradigan organlar magnit maydoniga sezgir boʻladi. Kuchli magnit maydoni nerv sistemasiga tormozlovchi taʼsir koʻrsatadi, yaʼni shartli va shartsiz reflekslarni soʻndiradi. Oʻsimliklarda kuchli magnit maydoni ildizning oʻsishini toʻxtatadi, fotosintez intensivligini kamaytiradi. Magnit maydoni taʼsirida mikroorganizmlarning oʻsish tezligi va ferment sistemasi faolligi, RNK sintezi, yuqori haroratga sezgirligi oʻzgaradi. Geomagnit maydoni tirik organizmlarning oʻrni va vaqtni chamalashda ahamiyatga ega ekanligi taxmin qilinadi. Shuningdek, qushlar va baliqlarning uzoq xududlarga koʻchib utishi (migratsiyasi)da, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar va b. hayvonlarning harakatlanishida ham chamalovchi taʼsir kursatishi mumkin, ayrim oʻsimliklar ildiz sistemasi magnit meridianiga nisbatan yoʻnaladi. Magnitobiologiya sohasidagi maʼlumotlar terapevtik maqsadlarda va i. ch. da foydalaniladigan magnit maydonini gigiyenik baholashda muhim ahamiyatga ega.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые