Xorijda rekord o’rnatayotgan nuroniylar

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Odamlar orasida sport bilan yoshlikda shug‘ullanib yuqori natijaga erishish mumkin, navqironlik davri o‘tganida kech bo‘ladi, degan fikr shakllangan.

Shu bois keksalarni jismoniy mashqlarga, sport musobaqalariga jalb qilish o‘rniga, biz ularni ortiqcha harakat qilmaslikka undaymiz, hatto yelvizakdan ham asrashga urinamiz. Aynan keksalik davrida jismoniy faollik salomatlik uchun foydali ekanini unutib qo‘yamiz. Dunyoda shunday sportchi nuroniylar borki, ular egallagan marralarni uncha-muncha yoshlar zabt eta olmaydi. Quyida e’tiboringizga havola qilinadigan ma’lumotlar ham shundan dalolat beradi.

Germaniyalik Yoxanna Kvaas xonim hozirda 95 yoshda bo‘lib, u 86 yoshida dunyo bo‘yicha eng yoshi keksa ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Gimnastika mashg‘ulotlari bilan 9 yoshidan shug‘ullana boshlagan Yoxanna xonim 1982 yili mamlakat chempionatidagi g‘alabasidan keyin umuman ko‘zga ko‘rinarli natijaga erisha olmagan. Oilaviy muammolari tufayli sportni tark etgan. Ammo 86 yoshida YouTubedagi bu ayolning sport mashg‘ulotlari tasvirlangan videorolik omma e’tiboriga tushadi. U haqida dunyodagi barcha sport  OAVda maqolalar yozishadi. Ayniqsa, Xitoy OAVda Yoxanna xonimga bag‘ishlangan 186 ta maqola chop etgani, unga alohida mashhurlik olib kelgan.

Amerikalik Ernestin Sheperd xonim esa 84 yoshda. U nafaqaga chiqqanidan keyin sport bilan shug‘ullana boshlagan. Umri davomida, asosan, modellik qilgan. Yoshi o‘tganidan keyin tanasidagi o‘zgarishlarga ko‘nika olmaydi va jiddiy sport – bodibilding mashg‘ulotlariga kirishadi.
Tez orada ijobiy natijaga erishgan, sog‘lom va ko‘rkam qomat egasiga aylangan Sheperd xonim o‘shandan buyon sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmaydi. 74 yoshida u eng yoshi ulug‘ bodibilder ayol sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladi.

Hindistonlik 109 yoshli  Fauja Singx esa dunyodagi eng yoshi ulug‘ marafonchi hisoblanadi. Janob Faujayillar davomida Panjob shahrida katta yer egasi – mulkdor bo‘lgan. O‘tgan asrning 90-yillarida Londonga ko‘chib keladi va ilk bor 2000 yili  89 yoshida marafonda ishtirok etadi.
2011 yili 100 yoshida “eng yoshi ulug‘ marafonchi” deya e’tirof etiladi. Uning hayotini kuzatganlar bejizga “salla ichida yashiringan bo‘ron” deb atashmagan, chunki Fauja Singx charchash nimaligini bilmaydi.

Avstraliyalik Jorj Korones hozirda 102 yoshda bo‘lib, atigi 2 yil avval 50 metrli masofani 56.12 soniyada suzib o‘tib, dunyo rekordini yangilagan nuroniy hisoblanadi.
Janob Jorj bolaligidan suzish sporti bilan shug‘ullanib kelgan, ammo Ikkinchi jahon urushi uning barcha rejalarini buzib yuboradi. Urush boshlangandan to nafaqaga chiqqaniga qadar amaliyotchi shifokor sifatida faoliyat yuritib, ana undan keyin Jorj Korones katta sportga qaytish vaqti kelganini his etadi. Albatta, musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi oson bo‘lmagan. O‘z ustida ishlash, mashg‘ulotlarda mahoratini oshirish orqali yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
Xorijliklar keksalar sportda rekord o‘rnatayotgan bir paytda bizning ayrim nuroniylarimiz asosiy vaqtini choyxonada o‘tkazayotganini hecham oqlab bo‘lmaydi. Bugungi davrning o‘zi har birimizdan ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarurligini taqozo etmoqda.
Muhayyo TURDALIYEVA tayyorladi

Manba: Fikrat.uz

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling:

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x