Post Views:
338
Tarixiy hodisalar va voqealarning tarixiy aniqligida, tarixiy-madaniy taraqqiyot bosqichlarida shunday jihatlar borki, ularni bir-biri bilan mantiqiy taqqoslash, qiyosiy solishtirish asosida o‘rganish, qo‘yilgan masalaga ko‘pgina oydinliklar kiritishi tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilgan. Chunonchi, O‘rta Osiyo umuman, dunyo tarixida ro‘y bergan urbanistik (shahar madaniyati va shaharsozlik) jarayonlar hususida turli davrlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalarini tahlil etish va qiyoslash bu jarayonlarni chuqur va har tomonlama ta’riflash imkonini beradi. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo turli qadimgi tarixiy-madaniy viloyatlaridagi urbanistik jarayonlar tarixini haqiqiy manbalar -arxeologik va yozma manbalar asosida tahlil etish jamiyatda ro‘y bergan qadimgi tarixiy-madaniy jarayonlarni anglab yetishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Choch vohasidagi urbanistik jarayonlar tarixi ham bundan mustasno emas.
Fikrimizcha, tarix fanida urbanistik jarayonlarni tadqiq etishning nisbatan keng qamrovli bo‘lishi uchun davlatchilik taraqqiyoti bosqichlarini har tomonlama tadqiq etayotgan paytimizda, uning ajralmas qismi sifatida shaharlarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki shaharlar shakllanishi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari faqat butun jamiyat rivoji bilan bog‘liq bo‘lgan urbanistik jarayonlar tartibida aniqlanadi. Urbanistik munosabatlar rivojlanish jarayonida ayrim vazifalar o‘zgaradi, ayrimlari yo‘qoladi, ayrimlari murakkablashib, nisbatan yuqori darajaga ko‘tariladi.
Qadimda, ayniqsa, O‘rta Osiyo musulmon Sharqida o‘zining tabiiy boyliklari bilan mashhur bo‘lgan, asosiy hududlarini Toshkent vohasi tashkil etgan qadimgi Choch o‘rta Sirdaryo havzasida joylashgan. Uch tomondan qorli “osmon tog‘lari” – Tyanshan, Chotqol va Qurama adirlari bilan o‘ralgan voha Sirdaryoning irmoqlari Chirchiq va Ohangarondan suv ichuvchi hosildor yerlari va bog‘lari bilan shuhrat qozongan. Tog‘oldi hududlaridagi tog‘lar, adirlar, yaylovlar yil davomida haydama va yarim ko‘chmanchi chorvachilik uchun qulay sharoit yaratgan edi. Chotqol va Qurama tog‘laridagi foydali qazilmalar konlari oltin va qumush, mis va temir, qimmatbaho toshlariga boy bo‘lgan Yaksart-Sirdaryo qadimdan vohalardagi o‘troq xalqlar va Buyuk dashtdagi ko‘chmanchi qabilalar o‘rtasidagi madaniy va etnik aloqalarda vositachi vazifasini o‘tagan. Choch ushbu aloqalarning eng faol zonasida joylashgan.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, so‘nggi bronza va ilk temir davridayoq Toshkent vohasida ko‘chmanchi chorvadorlar qo‘rg‘onlari bilan birgalikda, aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullangan qishloqlar ham paydo bo‘ladi. Oddiy sug‘orish usullaridan foydalangan bu aholining madaniyati dastlabki ochilgan qishloq nomi bilan Burgulik (Burkanlik) madaniyati deb yuritiladi. Hozirgi kunga kelib, Chirchiq va Ohangaron havzalarida ushbu madaniyatga oid 25 dan ziyod yodgorlik ochib o‘rganilgan Burgulik madaniyatining yirik qishloqlaridan biri Toshkentning janubi-g‘arbiy chekkasidagi Jun daryosi irmog‘i bo‘yida ochilgan Shoshtepa hisoblanib, bu yerda ham sug‘orma dexqonchilik uchun qulay sharoit mavjud edi.
Ko‘chmanchi chorvadorlar madaniyatlari tadqiqotchilarining ma’lumot berishlaricha, miloddan avvalgi VI-IV asrlarga kelib, iqtisodiy zonalarning kengayishi bilan bog‘liq va chorvachilik xo‘jaliklarida iqtisodiy foydaning tezroq rivojiga imkon yaratgan Markaziy Osiyoning sharqiy rayonlaridagi katta demografik o‘sish – sak-usun qabilalari ittifoqining kuchayishiga, ular harakatlarining kengayishiga, ularning O‘rta Osiyo xalqlari bilan aloqalarining jadallashuviga sabab bo‘lgan edi.
Antik davrga kelib, O‘rta Osiyoning katta hududlarini Aleksandr Makedonskiy bosib olishi va uning vafotidan so‘ng Salavkiylar davlatining paydo bo‘lishi munosabati bilan yirik siyosiy voqealar bo‘lib o‘tadi. Antik davr tarixchilari Sirdaryo-Yaksartni o‘troq aholi va ko‘chmanchilar o‘rtasidagi chegara sifatida izohlaydilar. Xususan, Strabon ma’lumotlariga ko‘ra, “Yaksart sug‘diylar va ko‘chmanchilarni ajratib turadi”.
Vohaning janubi-g‘arbiy qismida, Toshkentdan 70 km uzoqlikda, Sirdaryoning qirg‘og‘ida uch qator himoya devorlari bilan o‘ralgan yirik ko‘hna shahar xarobalari ochib o‘rganilgan. Tarixiy-ilmiy adabiyotlarda bu ko‘hna shahar Qanqa nomi bilan mashhurdir. Ko‘hna shaharning eng qadimgi asosi – maydoni 6,5 gektar bo‘lgan qal’asi ellinistik dunyoda mashhur ellinistik harbiy qurilish uslublari asosida bunyod etilgan. Mustahkam qal’a devorlari tabiiy poydevor (fundament) ustiga to‘g‘ri burchakli xom g‘isht va paxsadan qad ko‘targan. Qanqaning rejaviy tuzilishi, himoya inshootlari miloddan avvalgi IV-III asr O‘rta Osiyoning Baqtriyadan Xorazmgacha bo‘lgan dehqonchilik madaniyatlarining ellinistik me’morchiligini eslatadi. Ammo, ellinistik an’analarning ta’siri Chochda uzoq cho‘zilmagan va mustahkam asoslarga ega emas edi.
Miloddan avvalgi III asrning oxiri-II asrda iqlimning o‘zgarishi natijasida yirik daryolar va ko‘llar suvlarining kamayishi Osiyoning shimoliy va sharqiy mintaqalarida yaylovlar uchun kurashlarning kuchayishiga va vohaga ko‘chmanchilar hamda Yaksariyatning quyi oqimlaridagi o‘troq aholining kirib kelishiga olib keldi. Aholining katta guruhi o‘zlarining moddiy madaniyati bilan, fanda Qovunchi madaniyati deb nom olib, Toshkent vohasiga kirib keladi. Bu madaniyat O‘rta Osiyoning shimoliy rayonlariga xos bo‘lgan, ziroatkor-chorvadorlarining me’morchilik an’analarini o‘zida aks ettirgan, jumladan, urbanistik hususiyatga ega bo‘lgan madaniyat edi.
Voha urbanistik jarayonlari bilan shug‘ullangan tadqiqotchilar Qovunchi madaniyati rivojini quyidagi uchta bosqichga ajratadilar:
- Qovunchi I-miloddan avvalgi II-milodiy I asr boshlari. Bu davr shimol va janubdan kirib kelgan qabilalarning o‘troqlashuvi, iqtisodning dehqonchilik va chorvachilik ukladining shakllanishi, Qanqa doirasida urbanistik jarayonlarning paydo bo‘lishi davri edi.
- Qovunchi II-milodiy I asr boshlari – III asrning oxiri. Bu davr dehqonchilik iqtisodi, tog‘-kon hunarmanchiligi, shahar madaniyati, Choch mulkining rivojlanish davri edi.
- Qovunchi III asr oxirlari – V asr. Chochning Qanqaning vorisi sifatida mustaqil mulkka aylanish davri.
Tadqiqotlarning tizimli tahlili shuni ko‘rsatadiki, Qovunchi madaniyati belgilari Toshkent vohasining 100 dan ziyod qishloqlarida, 13 ta shahar punktlarida, ko‘plab ko‘mish marosimiga oid majmualarda aniqlangan. Ayniqsa, Choch mulklarining Qanqa tarkibiga kirishi urbanistik jarayonlarning rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, Buyuk ipak yo‘lining qadimgi savdo yo‘nalishlari asosan O‘rta Osiyoning janubidan o‘tgan. Ammo, Xan xonadoni tarixi ma’lumotlariga ko‘ra, shimoliy yo‘l Tyanshan tog‘lari orqali g‘arbga – Davan, Qang‘uy, Yanshay va Yantsiga olib borgan. Aynan mana shu davrga kelib, Qanqa yirik shahar sifatida shakllanadiki, savdo aloqalari ustida joylashganligi ko‘hna shahar rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayib borishi Qanqaning siyosiy ta’siri o‘sishiga olib keldi-ki, bu davlat o‘zining gullab-yashnagan davrida Orolbo‘yidan janubiy Uralbo‘yigacha bo‘lgan hududlarda o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Qanqa hukmdorlarining qishki qarorgohi bo‘lgan Qanqa (Xitoy manbalarida Yuni) muhim iqtisodiy va siyosiy markaz sifatida, urbanistik belgilarni mujassamlashtirgan punkt sifatida shakllanadi.
Arxeologik manbalarning ma’lumot berishicha, vohadagi shahar markazlari asosan madaniyatlar va mahsulot almashuvida vositachi vazifasini bajargan Sirdaryo bo‘ylab shakllanadi. Misol uchun, poytaxt Qanqadan janubda, Sirdaryo qirg‘og‘ida, savdo yo‘lidagi Toshkent mulklariga o‘tuvchi muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan kechuvni nazorat qiluvchi yirik qal’a – Banokat paydo bo‘ladi. Shaharning to‘rtburchak rejaviy tuzilishi, ichki yo‘laklari bo‘lgan ikki qatorli qal’a devori himoya inshootlari va devor oldi xandaqlar antik davr me’morchiligi bilan o‘xshashlik topadi.
Voha iqtisodiy salohiyati kuchayganligini shunda ham kuzatish mumkinki, antik davrning oxirlariga kelib, poytaxt Qanqadan sharqiy tomonda, Chotqol va Qurama tog‘lari adirlarida foydali qazilmalar qazib olish boshlanadi. Chunonchi, Kuchbuloqda oltin, Lashkerakning g‘arbiy qismida kumush, Shavozsoyda temir, Ungurlikonda feruzani qayta ishlovchi konlar paydo bo‘ladi. Bu davrga kelib, vohada shahar punktlari tizimi shakllanadiki, buning bir necha sabablari bor edi.
Markazi poytaxt Qanqa bo‘lgan shaharlarning bir guruhi Sirdaryo bo‘ylab barpo etiladi va ular madaniyatlar, mahsulotlar va etnoslarning harakatlari va almashinuvida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Poytaxtdan janubda Sirdaryo qirg‘og‘ida yirik qal’a Banokat (Sharqiya ko‘hna shahri) shakllanib, Sug‘ddan Toshkent vohasiga keluvchi strategik muhim kechuvni nazorat qiladi. Banokatdan janubroqda, aynan Sirdaryo qirg‘og‘ida yana bir ko‘hna shahar – Dalvarzintepa xarobalari ochilganki, u yerdan bir guruh qadimgi Choch tangalari topilgan. Bu ko‘hna shahar Davan – Farg‘onaga boruvchi kechuv joyida joylashgan.
Ohangaron vohasidagi tog‘-kon boyliklarini qayta ishlash munosabati bilan tog‘lar etaklarida bir necha shahar markazlari paydo bo‘ladi. Tunket, Tukket, Namudlig‘, Kuxisim kabi shaharlar metall xom ashyosi eritish va qayta ishlov berish bilan bog‘liq edi.
Bu shaharlar o‘rta asrlar davriga kelib yanada rivojlanadi va ulardan biri, aniqrog‘i, Tunkent, o‘rta asrlardagi mustaqil viloyat bo‘lgan Iloqning poytaxtiga aylanadi.
Shaharlarning yana bir guruhi aynan voha zonasida shakllanadiki, arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, milodiy I-II asrlarda Chirchiq daryosi vohasidagi va ko‘chmanchi dasht chegaralaridagi yerlar jaddallik bilan o‘zlashtirilib boriladi. Bu hududlarda shaharlar va qishloqlar shakllanib, ularning nisbatan qadimgiroq guruhi Solar, Jun, Ko‘lquduq kabi kanallarning tabiiy irmoqlari bo‘ylarida paydo bo‘ladi. Yuqorida eslatilgan va Burgulik madaniyati so‘nggi davrida ham mavjud bo‘lgan Shoshtepadan sharqda Kugaittepa, Mingo‘rik, Tavkattepa, Bo‘zg‘ontepa kabilar bunyod etiladi. Ulardan nisbatan yirigi Solar bo‘yidagi Mingo‘rik hisoblanadi. Shaharning maydoni dastavval uncha katta bo‘lmasdan, keyinchalik 35 gektargacha kengayadi. Ko‘hna shaharning tadqiqotchilar tomonidan ochilgan me’moriy rejasi tantanali marosimlar joyi, turarjoylar, diniy inshootlardan iborat bo‘lib, ular paxsa va o‘lchamlari Qovunchi madaniy qurilishlariga xos bo‘lgan g‘ishtlardan bunyod etilgan.
Qovunchi II davrining oxirlariga kelib, shahar va qishloqlar jadal rivojlandi. Xususan, ularning shakllanishiga turli me’morchilik an’analarining ta’siri kuzatildi. Aynan mana shu davrga kelib, vohaning “Choch” degan nomi paydo bo‘ladiki, u Xitoy manbalarida “Shi”, “Chjeshi“ shaklida eslatib o‘tiladi. Bu o‘rinda “Choch” atamasining ma’nosiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, ko‘pgina tadqiqotchilar uni turlicha talqin etadilar.
Toshkent vohasi tarixi bo‘yicha uzoq yillar samarali tadqiqotlar olib borgan akademik Yu.F. Buryakov bu atamaning ma’nosini berishga harakat qilgan. Olimning tadqiqotlariga ko‘ra Xitoy talqinida “Shi” atamasi “tosh” degan ma’noni beradi. Shuning uchun ham ko‘pchilik tadqiqotchilar bu so‘zdan “tosh qal’a”, “tosh yo‘l”, “tosh darvoza” kabi ma’nolarni izlaydilar. Ammo, bu ma’nolar ilmiy jihatdan to‘la asoslanmagan. Chunki vohada na tosh devorlar, na tosh yo‘llar va na tosh inshootlar aniqlanmagan. Manbalarning qayta tahlillariga e’tibor beradigan bo‘lsak, qadimgi turk tilida “Choch”, “qimmatbaho tosh” degan ma’noni beradi. Milodiy birinchi asrlardan boshlab, Chotqol va Qurama tog‘laridan oltin, kumush, temir va ayniqsa, qimmatbaho feruza toshlari qazib olinganligi etiborga olinadigan bo‘lsa “Choch” so‘zi “tosh qal’a” emas, balki, “qimmatbaho tosh o‘lkasi”, aniqrog‘i, “feruza o‘lkasi” degan ma’noni berishi mumkin. Nazarimizda, ushbu taklif ilmiy jihatdan ancha asoslidir.
Antik davr davlatlari jumladan, Qanqa davlatining inqirozga uchrashi bilan Choch tarixida yangi bosqich boshlanadi. Milodiy III-IV asrlarda navbatdagi ekologik zarba boshlanib, u Choch, Qashqadaryo, Zarafshon vohalariga ko‘chmanchi qabilalar harakatining yangi to‘lqinini keltirib chiqardi va bu hududlarda mustaqil mulklar shakllandi. Ayrim yozma manbalar bu davrdagi Chochni “qadimgi Qanqa vorisi” sifatida izohlaydilar. Bu davrdagi shaharlar taraqqiyoti ham Chochning mustaqil ravishda rivojidan dalolat beradi.
V asrda Choch, O‘rta Osiyoning katta qismidagi ko‘chmanchilar rayonlari va urbanizatsiyalashgan vohalarni o‘z ichiga olgan Eftalitlar davlati tarkibiga kirgan edi. Choch hukmdorlari shimoliy hududlardagi Farg‘ona va Choch mulklariga bo‘lgan yerlarga da’vogar bo‘lgan Eron sosoniylari bilan muvaffaqiyatli kurashlar olib bordilar. Qanqaning vorisi, mustaqil mulk sifatida Choch Eftalitlar davlati tarkibida o‘zining iqtisodiy hayoti, savdo-sotig‘i va madaniy aloqalarining faol rivojlanishini davom ettiradi. Manbalarning ma’lumot berishicha, bu davrda chochliklar arpa, bug‘doy, tariq kabi madaniy ekinlar ekib, janglarda ham ishtirok etadigan otlar yetishtirganlar.
Vohada sug‘orilish inshootlari tizimining yangi ko‘rinishlari shakllana boshlaydi. Chirchiq suv tizimi havzasida yirik Zax kanali qazilib, uning boshida keyinchalik shaharga aylangan Pargush qal’asi bunyod etiladi. Solar, Jun, Kurkuldiq va o‘ng qirg‘oq Chirchiqdagi Xonariq kabi kanallar tabiiy irmoqlarga aylanib, ular bo‘ylarida shahar qal’alar qad ko‘taradi.
Tarixiy manbalar va moddiy madaniyat buyumlari Choch aholisining mafkuraviy madaniyati va diniy hayoti haqida boy ma’lumotlar beradi. Xitoy manbalari ibodatxonalardagi Choch aholisining, hususan, hukmdorlar va amaldorlarning ibodat va topinish marosimlari haqida ma’lumot bersa, arxeologik manbalar ularni yana bir marta tasdiqlaydi. O‘rta Osiyoning boshqa ko‘pchilik tarixiy-madaniy viloyatlarida bo‘lgani kabi Chochda ajdodlarga topinish olovga topinish bilan bog‘lanib kelgan.
Xullas, qadimgi va o‘rta asrlardagi Choch vohasi O‘rta Osiyoning boshqa tarixiymadaniy viloyatlari qatori urbanizatsiyalashgan mintaqaga kirishi ilmiy jihatdan to‘la asoslangan hamda fandagi bu yutuqlar Toshkentning 2200 yilligini nishonlash uchun beqiyos imkoniyatlar ochib beradi.
B.J. Eshov
Фойдаланилган адабиётлар:
Буряков Ю.Ф. К истории урбанистических процессов Древнего Чача // Древняя и средневековая урбанизация Евразии и возраст города Шымкент. Шымкент, 2008. С.72.
Шоштепа ҳақида батафсил маълумот олиш учун қаранг: Филанович М.И.Ташкент: зарождение города и городской культуры. Ташкент: Фан, 1983. С. 38-62.
Страбон. География в XVII книгах (Пер. и коммент. Г.А. Стратановского. М.: Наука, 1964.
Буряков Ю.Ф. Генезис и этапы развития городской культуры Ташкентского оазиса. Ташкент: Фан, 1982. С. 103-106.
Пъянков В.И. Средняя Азия в античной географической традиции. Источниковедческий анализ. М., 1997. С. 37-42.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т.2. М.: Л., 1950. С. 150, 184, 186.
Буряков Ю.Ф. О локализации Древнего Хаса // Материалы по истории Узбекистана. Ташкент, 1966. С. 46-48.
Буряков Ю.Ф. О исторической типографии средневекового Илака // СА. 1972. № 2. С. 48-53; Древности Ташкента. Ташкент: Фан, 1976. С. 49-52; Алимова Д.А., Филанович М.И. История Ташкента (с древнейших времен до наших дней). Ташкент: Фан, 2007. С. 96.
Буряков Ю.Ф. Чач в свете новых письменных и археологических источников // Қадимги Ўрта Осиё тарихидаги лавҳалар. Тошкент: Фан ва технология, 2008. С. 101-130.
Дадабаева Г. История орошения правобережной части Чирчикской дельты (с древнейших времен до начала XVIII в.): Автореф. дис… канд. ист. наук. Ташкент, 1974. С. 13-14.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах… Т. 2. С. 272-273, 282.
Некоторые вопросы истории урбанистических процессов в Древнем Чаче
В статье рассматриваются процессы урбанизации Древнего Чача, а также причины и факторы, влиявшие на их эволюцию.
B. Eshov
Some questions of the history of urbanization’s process of Ancient Chach
In given article are considered processes of urbanization of Ancient Chach, as well as reasons and factors, influenced upon their evolution.
Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti 2009
https://shosh.uz/uz/qadimgi-chochdagi-urbanistik-jarayonlar-tarixiga-doir-ayrim-mulohazalar/