Post Views:
1 846
Qadimgi Turonning ikkinchi yirik suv manbai hisoblangan Sirdaryoning o‘rta havzasida shakllangan Choch – qadimda O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy hududlaridagi yirik mulklardan biri bo‘lgan. Chirchiq va Ohangaron vohasidagi unumdor yerlarni o‘z ichiga olgan Toshkent vohasi uning markazi edi. Bu voha uch tomondan, shimoli-g‘arb, sharq va janub tomondan G‘arbiy Tyanshan, Chotqol va Qurama tog‘lari bilan o‘ralgan. Chochning tog‘lari turli qimmatbaho ma’danlarga boy bo‘lishi bilan birga chorvachilikning rivoji uchun ham qulay edi.
Geografik jihatdan Choch Markaziy Osiyo xalqlarining savdo-iqtisodiy va madaniy-etnik chorrahasidagi qulay joyda joylashgan bo‘lib, bu hudud ziroatkor ellatlar va ko‘chmanchi qabilalar yashaydigan dashtlari yaqinidagi faol aloqalar zonasi edi. Ikkinchi tomondan, Chotqol, Qurama va Qoramozor tog‘laridan qazib olinadigan ma’danlarning, avvalo, qimmatbaho toshlarning ko‘pligi ham vohaga xos xususiyat edi. Chunonchi, oltin, kumush va feruza Chochning Sharq va Yevropa mamlakatlariga chiqazadigan asosiy xom ashyosi hisoblangan.
Choch-Iloq vohasining qadimgi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yerda dastlabki ziroatkorlar taxminan bundan uch ming yil ilgari paydo bo‘ladi. Mil. avv. IX-VII asrlarda hozirgi Tuyabo‘g‘iz suv ombori o‘rnida ilk dehqonlarning manzilgohlari mavjud edi. Ularning moddiy madaniyati Burgulik (Burkanlik) soy bo‘yidan ilk marotaba aniqlanib, shu nom ostidagi madaniyat sifatida fanga kiritilgan.
Ilk yozma manbalar Sirdaryo-Yaksart havzasini dehqonchilik aholisi va ko‘chmanchilar o‘rtasidagi chegara sifatida izohlaydi. Strabonning ma’lumot berishicha, Yaksart sug‘diylar va ko‘chmanchilarni ajratib turadi. Dionisiy Periget esa Sug‘diyona ortida Yaksart oqimi bo‘ylab saklar joylashganligi haqida yozadi.
Mil. avv. I mingyillik Toshkent vohasidagi ko‘chmanchi aholi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lsak-da, Ohangaron va Chirchiq vohalarida Burgulik madaniyati misolida o‘troqlashgan chorvadorlar maskanlari kuzatiladi. Bu madaniyatga oid turarjoylar yerto‘la va yarim yerto‘lalardan iborat bo‘lsa, moddiy madaniyat buyumlari qo‘lda ishlangan sopol idishlar, bronza mehnat qurollari, jangovar qurollar va taqinchoqlardan iborat. Ularning moddiy madaniyati g‘arbda Sirdaryoning chap qirg‘og‘i, sharqda Yettisuv, Oltoy va Sibirgacha bo‘lgan hududlardagi madaniyat bilan o‘xshashlik topadi.
Burgulik madaniyatining so‘nggi bosqichida Toshkent vohasining janubi-g‘arbidagi yarim yerto‘lalar o‘rnida mustahkam qal’a va qal’a devorlariga ega bo‘lgan shahar qad ko‘taradi. Ushbu ko‘hna shaharning devorlari va minoralari kvadrat shaklidagi g‘ishtlar va paxsalardan bunyod etiladi. Ko‘hna shaharning rejaviy tuzilishi, mudofaa inshootlari uslublari va bu qatlamdan topilgan sopol buyumlar qadimgi dehqonchilik madaniyatining G‘arb antik me’morchilik an’analarini eslatadi. Bundan xulosa chiqargan Yu.F. Buryakov, ushbu ko‘hna shaharni manbalarda eslatilgan va mil. avv. IV-III asrlar qal’asi Yaksart orti Antioxiyasi bilan bog‘laydi.
Yuqorida eslatganimizdek, antik davr mualliflari Yaksart-Sirdaryoni sug‘diylar va saklar o‘rtasidagi chegara sifatida tasvirlab, o‘troq sug‘diylardan farq qilgan holda, saklarning ko‘chmanchi turmush tarzida hayot kechirganligini ta’kidlaydilar. Arxeologik ma’lumotlar natijalariga ko‘ra, ko‘chmanchi saklar o‘troqlashib, Burgulik madaniyatiga asos soladilar. Ammo, mil. avv. III asrga kelib, bu madaniyat qishloqlari bo‘shab qoladi. Chunki aynan mana shu davrda Yevroosiyo dashtlaridagi xalqlarning katta ko‘chishlari (migratsiya) bo‘lib o‘tadi va bu migratsiya jarayonlari O‘rta Osiyo hududlariga yangi qabilalarning kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Yozma manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Sirdaryo-Yaksartning yuqori oqimi bo‘ylab Toshkent vohasiga qadimgi dunyoning kuchli uyushmalaridan biri bo‘lgan dahlar konfederatsiyasiga kiruvchi qabilalar guruhi kirib keladi. Bu konfederatsiyaga kiruvchi ayrim qabilalar Sirdaryoning quyi oqimlarida, Qadimgi Xorazm sivilizatsiyasi ta’sirida bo‘lmagani bois, mil. avv. IV-II asrlardayoq ular shahar madaniyatidan xabardor edilar. Tadqiqotchilarning fikricha, Toshkent vohasiga kirib kelgan ko‘chmanchilar to‘lqini Burgulik madaniyati qishloqlariga chek qo‘yadi. Shu bilan birgalikda, bu hududlarda ko‘p sonli aholining o‘z madaniyati, dehqon-chorvachilik ko‘rinishidagi an’analari asosidagi o‘troqlashuv jarayonlari bo‘lib o‘tadi.
Bu vohaga ilk shaharsozlikni Sirdaryo-Yaksartning quyi oqimlaridan chiqqan, o‘zlari bilan xom g‘isht va paxsa qurilishi an’analariga ega aholi olib keldi. Nisbatan qadimgi shaharlardan biri Sirdaryo-Yaksartdan 80 km uzoqlikda, uning o‘ng qirg‘og‘ida bunyod etilgan Qanqa shahridir. Ayrim tadqiqotchilar bu ko‘hna shaharni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida deb hisoblaydilar. Hozirgi Toshkent shahri hududlarida ham mil. avv. II asrga kelib, shahar – manzilgohiga asos solinadi. Toshkent hududidagi halqa devorlar bilan o‘rab olingan Shoshtepa aynan mil. avv. II asrga oiddir.
Xitoy manbalaridan “Katta Xan sulolasi tarixi” ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vohasi Yuni yoki Yuynichen nomi ostida tilga olinadi. Yosha (Yaksart) daryosi bo‘yidagi bu mulk yarim ko‘chmanchi Qang‘ ittifoqining beshta kichik mulki tarkibida bo‘lgan. Qang‘ tarkibida Yuni ko‘plab mustahkamlangan qishloqlari va shaharlari bo‘lgan urbanizatsiyalashgan mulklardan biri hisoblangan.
Toshkent vohasining Qang‘ tarkibida bo‘lishi ichki iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, uning karvon savdo yo‘llari tutashgan joyda joylashganligi urbanizatsiya jarayonlarining rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yo‘l Xitoy va Sharqiy Turkistondan O‘rta Osiyo vohalari orqali Yaqin Sharq, Kavkaz, Janubiy va Sharqiy Yevropaga olib borgan. Ilk bosqichlarda asosiy trassalar O‘rta Osiyoning janubiy hududlarida shakllangan bo‘lsa-da, ayni vaqtda, o‘sha ilk shakllangan davrdan boshlaboq, savdo yo‘lining tarmoqlaridan biri Sirdaryo orqali o‘tgan. Bu yo‘llar madaniyatlar almashinuvi va iqtisodiy aloqalarda katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu holatni Toshkent vohasidagi urbanizatsiya jarayonlarida ham kuzatishimiz mumkin.
Urbanizatsiyaning ilk bosqichlarida Yuni mulkining nisbatan yirik ilk shaharlari Qanqa, Shohruhiya kabilar bunyod etiladi. Yuni mulkining poytaxti Yuynichen shahrini ayrim tadqiqotchilar hozirgi Toshkent o‘rnida joylashtirsalar, ayrimlari YoshaYaksart vohasidagi Qanqa o‘rnida deb biladilar. Fikrimizcha, ikkinchi taxmin to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Chunki yozma manbalar ham bu davrga oid shu hududlardagi yagona shahar markazi haqida ma’lumotlar beradi. Aynan mil. avv. I asrdan boshlab, bu ko‘hna shahar kengayib boradi va Qovunchi madaniyati davriga kelib, maydoni 150 gektarga yetadi. Qanqa Baqtriya va Sug‘dning shaharlari kabi chunonchi, quyi va o‘rta Sirdaryo havzasidagi eng yirik shaharlardan biri edi.
Ayrim tadqiqotchilar Qanhani Qang‘ hukmdorlarining qishki qarorgohi bo‘lgan deb hisoblaydilar. Xan sulolasi Xitoy solnomalari ma’lumot berishicha, “Qang‘ hukmdori Qanqaga tez-tez tashrif buyurishdan mamnun bo‘lgan”.
Sosoniylar davri manbalarida Toshkent vohasi Choch (Chochiston) nomi bilan tilga olinadi. Bu voha ko‘p qirrali iqtisodiyot va urbanizatsiya jarayonlarining rivoji uchun qulay hudud hisoblangan. Shu bilan birga muhim savdo-iqtisodiy aloqalar va etnik ko‘chishlar chorrahasida joylashgan. Mintaqa tog‘lari turli foydali qazilmalar va ma’danlarga, avvalo, oltin va kumush hamda foydali minerallarga nihoyatda boy edi.
Arxeolog M.I. Filanovich yozma va moddiy ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganishi asosida mil. avv. I asr oxirlarida Toshkent o‘rnida shahar mavjud bo‘lganligi haqida xulosa chiqaradi. Uning fikricha, bu davrda shahar Mingo‘rik hududlaridan chiqib, ancha kengayadi. Poytaxt ko‘chishining asosiy sabablaridan biri – Buyuk ipak yo‘li asosiy tarmoqlaridan biri yo‘nalishining shimol tomonga o‘zgarishi hisoblanadi. Xitoy manbalarida hozirgi Toshkent o‘rnidagi shahar Shi nomi bilan tilga olinadi. Manbalardan ma’lumki, bu mulk kelib chiqishi mahalliy qabilalardan bo‘lgan zodagonlar tomonidan boshqarilgan.
Shi dastavval Qang‘ tarkibiga kirgan bo‘lib, III-VI asrning boshlarida bu davlat kichik mulklarga bo‘linib ketgach, Shi-Choch uncha katta bo‘lmagan mustaqil davlatga aylanadi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmasdan O‘rta Osiyo hududlarida ulkan davlatga asos solgan eftalitlar tomonidan bosib olinadi.
Choch vohasining qadimgi ajralmas qismi va mulki Ohangaron vodiysidagi Iloq edi. Mustaqil siyosiy uyushma sifatida Iloq ilk o‘rta asrlar, ya’ni VII asrga oid manbalarda eslatiladi. 630 yilda Choch orqali o‘tgan Xitoy missioner-buddaviysi SyuanTSzyanning ma’lumot berishicha, Iloqda “o‘z harbiy guruhlariga ega bo‘lgan zodagonlar vakillari ko‘p, ular o‘zaro urushlar olib boradilar va asosan Turk xoqoniga bo‘ysunadilar”. Aftidan, aynan mana shu davrdan boshlab, Iloqdagi “hukmron dehqon”larning salohiyati iqtisodiy hayotda, birinchi galda, oltin va kumush konlariga safarbar etiladi. Ilk o‘rta asrlar Ohangaron vodiysida tog‘-kon ishlarining jadal rivojlanishi shaharsozlik madaniyatiga ham ta’sir etdi.
Ta’kidlash lozimki, ma’danlar qazib olishning keng ko‘lamda bo‘lishi Arab xalifaligi uchun ham muhim edi. Chunki arablar Movarounnahrni fath qilgach, VIII asrdayoq mulklardan markaziy hokimiyat foydasiga maxsus soliqlar joriy etilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu mulklar orasida Choch-Iloq va uning kumush konlari alohida soliq to‘lovchi mulk sifatida ajratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Choch mulki 180 ming dirham soliq to‘lagan bo‘lsa, uning konlari uch marta ortiqcha, 607 ming dirhamgacha soliq to‘lagan.
Asosiy konlar Ohangaron daryosi havzasida joylashgan bo‘lib, ulardagi qazilmalar Iloq tog‘-kon hunarmandchiligining asosini tashkil etgan.
IX-X asrlarga oid arab geograflarining asarlarida Iloqning Chochdan mustaqil siyosiy viloyat bo‘lganligi nisbatan aniqroq kuzatiladi. Ammo, har ikkala viloyat ushbu manbalarda birgalikda, yagona tarixiy-madaniy va siyosiy uyushma sifatida eslatiladi. Bular orasida X asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan yirik arab geograflaridan biri Istaxriyning ma’lumotlari ayniqsa, diqqatga sazovordir. Uning ta’kidlashicha, Movarounnahrda Choch va Iloq viloyatlari mavjud bo‘lib, har ikkala viloyatning hududi 2-3 kunlik yo‘l va “butun Movarounnahrda aholi soniga ko‘ra bu viloyatlarga teng keladigan viloyat yo‘q”. Istaxriy asarining arab tilidagi matnida berilishicha, “bu viloyatlarda qishloqlar, o‘zlashtirilgan yerlar va jome’ masjidlari (arablarda machitlar shaharlarning asosiy belgilari hisoblangan – M.M.) juda ko‘p va ular tekislikda joylashmagan, yaylovlari va chorvalari ham juda ko‘p. Chochda (arabchada – Shosh) va Iloqda darvozalari, devorlari rabotlari va qal’alari bo‘lgan shaharlar ko‘p, kanallar shaharlar ichidan oqib o‘tadi”.
Istaxriy o‘z asarida har ikkala viloyatning umumiy chegaralarini berib, barcha shaharlarni sanab o‘tadi va Turkistonda Shoshdan katta viloyat yo‘qligini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, “Shosh va Iloq qo‘shilgan bo‘lib, ular o‘rtasida hech qanday bo‘linish yo‘q. Qurilishlar, bog‘lar, bo‘stonlar Iloqdan to Choch vohasigacha (fors matnida) uzluksiz cho‘zilib boradi. Iloqda oltin va kumush konlari joylashgan”.
Oradan yarim asr o‘tgach, bu mintaqani yaxshi bilgan yana bir arab geografi Abulqosim ibn Havqal Istaxriy ma’lumotlarini deyarli to‘liq takrorlaydi.
Choch va Iloq haqida gapirar ekan Ibn Havqal bu viloyatlarda boy shaharlar ko‘pligini ta’kidlaydi. Choch-Iloqning shahar madaniyati rivoji asosan, tog‘-kon metallurgiyasi ishlab chiqarishi bilan bog‘lanadi. Vohadagi shaharlarning nisbatan to‘liq ro‘yxati va ularning tasnifi, shahar madaniyatining gullab-yashnashi X asr geograflari tomonidan (10 dan 17 tagacha shahar markazlari) eslatiladi.
Tadqiqotchilar tomonidan ayrim shahar markazlari Tunket, Abrlig‘, Namudlig‘, Kuxisim kabilarni o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Ayrim shaharlar tadqiqotchi mintaqadagi kon markazlari haqida olingan yangi ma’lumotlar natijasida Iloq shaharsozligini yangi asoslarda o‘rganish va uni Choch – Iloq urbanizatsiyasi rivojlanishidagi o‘rnini belgilash imkonini berdi.
Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, vohada ilk shaharsozlik Sirdaryoning madaniy zonasida shakllanadi: Bu siyosiy-iqtisodiy hamda etnomadaniy aloqalarda katta ahamiyat kasb etadi. Chirchiq va Ohangaronning o‘rta oqimlarida Choch va Iloqning asosi bo‘lgan shaharsozlik madaniyati jadal rivojlanishida tog‘ sohasi bilan bog‘liq hunarmandchilik va vohadagi ziroatchilik muhim o‘rin tutgan.
M. Mahkamov
Foydalanilgan adabiyotlar:
Филанович М.И. Ташкент: зарождение и развитие города и городской культуры. Ташкент, 1983.
Страбон. География в 17 книгах // Пер. и коммент. Г.А. Стратановского. М., 1964. XI. 8.8.
Древние авторы о Средней Азии (VI в. до н.э. – VI в. н.э.). Ташкент, 1940. С. 23.
Дуке Х. Туябугузские поселения Бургулюкской культуры. Ташкент, 1982.
Буряков Ю.Ф. Генезис и этапы развития городской культуры Ташкентского оазиса. Ташкент, 1982. С.103-106.
Мукминова Р.Г., Филанович М.И. Ташкент на перекрестке истории. Ташкент: Фан, 2001. С.13.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 2. М.-Л., 1950. С.184.
Массон М.Е. Прошлое Ташкента. Ташкент, 1954. С. 107; Филанович М.И. Зарождение и развитие города и городской культуры Ташкента. Ташкент, 1983. С. 35, 174-176.
Буряков Ю.Ф. Чач в свете новых письменных и археологических источников // Қадимги Ўрта Осиё тарихидан лавҳалар. Тошкент, 2008. 104-бет.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах…. Т. 2. С. 184.
Буряков Ю.Ф., Касымов М.Р., Ростовцев О.Р. Археологические памятники Ташкентского оазиса. Ташкент: Фан, 1992. С. 49.
Давидович Е.А. О загадочных дирхамах Мусейяби и Титрифи. Из истории монетного дела в Средней Азии IX-X вв. // Труды XXV Международного конгресса востоковедов. М.: Наука, 1960. С.90.
Истахри. Китаб масалик ал-мамалик. Материалы по истории кыргызов и Кыргызстана. Бишкек, 2002. С. 24, 33-35.
Бетгер Е.К. Извлечение из книги «Пути и страны» Абул-Касыма ибн Хаукаля // Труды САГУ. Вып. Ташкент, 1957. С.22-24.
Буряков Ю.Ф. К исторической топографии средневекового Илака // СА. 1972. № 2. С. 51-62.
М. Махкамов
Из истории урбанизации Древнего Чача-Илака В статье рассматривается образование земледельческой культуры оазиса Чач-Илака и влияние этого процесса на развитие городов. Показаны роль и место урбанизации Чач-Илака в древней истории Средней Азии.
M. Makhkamov
From the history of ancient Choch-Ilak`s urbanization In given article is considered formation of early agriculture in the Chach-Ilak oasis and influence of this process on development of the cities. Also is illuminated place of the urbanization processes in Chach-Ilak in ancient history of Central Asia.
Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferentsiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2009
https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-qadimgi-choch-iloq-urbanizatsiyasi-tarixidan/