XOKKEY (ing. hockey) sport oʻyini. Darvozalar oʻrnatilgan maxsus maydoncha (sahn)da klyushka va toʻp (shayba) bilan jamoa boʻlib oʻynaladi. Oʻyinchilar tomonidan raqib darvozasiga koʻproq toʻp (shayba) kiritish maqsad qilib qoʻyiladi. Xokkeyning 3 ta asosiy turi bor: chim ustida X., muz ustida oʻynaladigan toʻpli X., shaybali X.
Chim ustida X. maydonining oʻlchami 91,4×55 m, klyushkasining ogirligi 652—794 g, toʻpining ogʻirligi 156— 163 g, oʻyin vaqti 90 min. (45 min. dan 2 boʻlim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 11 tadan oʻyinchi qatnashadi. Chim ustida Xokkeyga oʻxshash oʻyinlar mil. dan 2 ming yil avval ham Misr, Yunoniston, Oʻrta Osiyo va b. joylarda mavjud boʻlgan. Oʻrta Osiyoda chorvadorlar oʻrtasida avval tosh bilan oʻynaladigan podachi, keyinroq ot minib oʻynaladigan chavgon ommalashgan. Chavgon Boburiylar saltanati davrida Hindistonda keng tarqalgan. 19-a. ning 2-yarmida Buyuk Britaniyada chim ustida X. klublari tuzildi. 1875-y. da London X. uyushmasi tomonidan chim ustida Xokkeyning zamonaviy oʻyin qoidalari ishlab chiqildi. Bu qoida 1907-y. da tasdiklandi. Chim ustida Xokkeyning erkaklar musobaqasi 1908-y. dan, ayollar musobaqasi 1920-y. dan olimpiada dasturiga kiritilgan. 1924-y. da Xalqaro X. federatsiyasi (FIH) tashkil etilgan, unga 120 davlat aʼzo (2003). Bu federatsiya 1970-y. dan erkaklar oʻrtasida, 1973-y. dan ayollar oʻrtasida jahon chempionatlari oʻtkazadi. Chim ustida X. Hindiston, Pokiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiyada rivojlangan.
Oʻzbekistonda chim ustida X. 20-a. ning 70-y. laridan ommalasha boshladi. 1972-y. da Andijonda dastlabki chim ustida X. jamoasi tuzildi. 1973-y. dan erkaklar, 1975-y. dan ayollar oʻrtasida chim ustida X. musobaqalari utkazila boshlandi. Respublikada chim ustida Xokkeyga ixtisoslashgan 10 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabi bor, ularda 45 nafar murabbiy qoʻl ostida 1200 nafardan ziyod oʻquvchi shugʻullanadi (2004). Miriman Kim, Oybek Patiddinov, Rinat Mamatkazin, Liliya Mutalapova kabi mahoratli murabbiylar yetakchi Xokkey chilarni tarbiyaladi. Ayniqsa, ayol Xokkey chilar yuqori natijalarga erishdi. Valentina Zazdravnix, Nelliko Gorbatkova, Laylo Axmerova va Alina Xam olimpiada oʻyinlari bronza medali sovrindorlaridir (1980, Moskva). Oʻzbekiston chim ustida X. ayollar terma jamoasi Osiyo oʻyinlari va jahon kubogi finalida qatnashgan.
Toʻpli X. maydonining oʻlchami 90— 100 x 50—65 m, klyushkasining uz. 120 sm, qayrilgan qismi 6,5 sm, ogirligi 450 g, toʻpining diametri 6 sm, ogʻirligi 58—62 g, oʻyin vaqti 70 min. (35 min. dan 2 boʻlim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 11 tadan oʻyinchi qatnashadi. Toʻpli Xokkeyga oʻxshash oʻyinlar Yevropaning shim. mamlakatlarida oʻrta asrlarda paydo boʻldi. 1891-y. da Buyuk Britaniyada milliy assotsiatsiya tuzilgan va toʻpli Xokkeyning oʻyin qoidalari ishlab chiqilgan. 1955-y. da Xalqaro toʻpli X. federatsiyasi (IBF) tashkil etilib, toʻpli Xokkeyning oʻyin qoidalari tasdiqlangan. Federatsiya 1957-y. dan jahon chempionatlari (1961-y. dan 2 y. da 1-marta) oʻtkazib keladi. Rossiya, Shvetsiya, Finlyandiya va b. davlatlarda toʻpli X. rivojlangan.
Shaybali X. maydonining oʻlchami 51—61 x 24—30 m, klyushkasining uz. 140 sm, qayrilgan qismi 37,5 sm, ogʻirligi 500 g, rezinadan tayyorlangan shaybaning diametri 7,62 sm, qalinligi 2,54 sm, ogʻirligi 150—170 g, oʻyin vaqti 60 min. (20 min. dan 3 boʻlim). Musobaqalashayotgan 2 jamoada 6 tadan oʻyinchi qatnashadi. Shaybali X. 19-a. ning 60-y. larida Kanadada paydo boʻlgan va Yevropaning shim. davlatlarida ham keng tarqalgan. 1870-y. da Torontoda shaybali X. assotsiatsiyam tuzildi. 1886-y. da shaybali Xokkeyning oʻyin qoidalari eʼlon qilingan. 1892-y. dan Kanadada shaybali X. boʻyicha Stenli kubogi musobaqalari oʻtkazib kelinadi. 1899-y. da Monrealda shaybali Xokkeyga moslashgan dastlabki yopiq sport saroyi qurildi. 1908-y. da Xalqaro muz ustida X. ligasi (LIHG) tashkil etildi. Unga 40 ga yaqin davlat aʼzo (2004). 1924-y. dan shaybali X. kishki olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan. 1973-y. da Jahon X. assotsiatsiyasi (WHA)ra asos solindi va Stenli kubogi musobaqalarida kanadaliklar bilan birga AQSH professional klublari qatnasha boshladi. Shaybali X. Kanada, Rossiya, Shvetsiya, AQSH, Chexiya, Finlyandiya, Slovakiya davlatlarida rivojlangan.