Ubaydulla Solih o‘g‘li Zavqiy

Tarjimai hol

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragida yashab ijod etgan yirik ijodkorlardan biri Ubaydulla Solih o‘g‘li Zavqiydir. Ijtimoiy mavzularda, davrning dolzarb muammolariga diqqatini qaratgan, mustamlaka voqeligiga va ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisalarga tanqidiy baho bergan, mehnatkash xalq hayotidan, shahar va qishloqning ezilgan tabaqasi turmushidagi lavhalarni badiiy tahlil qilib asarlar yaratgan shoirdir. Ubaydulla usta Solih o‘g‘li Zavqiy 1853 yilda Qo‘qon shahrining Shayxon mahallasida (hozirgi Zavqiy mahallasida) mayda hunarmand oilasida dunyoga keldi.

Ubaydullaning bolalik va yigitlik davrlari feodal xon va beklarning toj-taxt, amal-mansab talashuvlari davom etib kelgan Qo‘qon shahrida o‘tadi.

Uning ota-onasi savodsiz bo‘lsalar ham bolalarini o‘qitib, savodli qilish orzusida edilar. Shuning uchun ham Ubaydullani 6-7 yoshlaridayoq mahalladagi eski usul boshlang‘ich maktabga o‘qishga beradilar.
1870-71 yillarda Ubaydulla tog‘asi Muhammad Siddiq yordamida Qo‘qondagi «Madrasai oliy» va «Madrasai Chalpak» deb atalmish madrasalarda ilm oladi. Uning tog’asi Muhammad Siddiq adabiyotga qiziquvchi kishilardan bo‘lib, o‘zi ham g’azallar yozib turgan. U o‘z jiyani Ubaydullaning adabiyotga qiziqishiga katta e’tibor beradi, unga Alisher Navoiyning «Chor devon» va «Xamsa» asarlarini sotib olib beradi.
Ubaydulla madrasada o‘qib yurgan yillari, shoir Muqimiy, Qo‘qonning Sulaymon qishlog‘idan kelgan shoir Nasriddin (taxallusi Nusrat), Paxtakash mahallalik Muhammadqul Mirza Muhammadrasul o’g’li Muhayyir (1842-1918) kabi shoirlar bilan tanishadi. Uning o‘zi ham shu yillardan boshlab Zavqiy taxallusi bilan she’rlar yozaboshlaydi. 

Zavqiy yuqoridagi shoilar bilan birga dars tayyorlaydi, bo‘sh vaqtlarida hammalari birgalikda o‘zbek, tojik mumtoz adabiyotining yirik namoyandalari Lutfiy, Navoiy, Jomiy, Bedil va boshqalarning asarlarini mutolaa qilishadi.

Zavqiy madrasada o‘qib yurgan yillari (1870-1874) uning onasi vafot etadi. Onasi vafotidan keyin Zavqiy ro‘zg‘orga qarashishi, ukalarini tarbiyalash maqsadida hovlisi yaqinidagi «Madrasai Chalpak»ka ko‘chib keladi. U bu madrasada o‘qib yurgan vaqtida shoir Furqat Bilan do‘stlashadi. Otasi Usta Solih, shol kasaliga uchragandan keyin butunlay yotib qoladi. Oila oldingidan ham og‘irroq moddiy qiyinchiliklarga uchraganligidan, Zavqiy madrasadagi o’qishini butunlay tashlashga, oilaga qarash, ro‘zg‘or tebratish uchun kosibchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi.
Shoir Zavqiy ijodining dastlabki davriga oid she’rlari jumlasiga uning 1875-76 yillar orasida Farg‘onada bo‘lib o‘tgan ijtimoiy tarixiy hodisalar bilan bog‘langan «Chekib xasrat demish xon shahri Xo’qandimdin ayrildim» misrasi bilan boshlanadigan 7 band 35 misralik bir muxammasi, «Qarz», «Pashshalar» radifli o‘zbekcha g‘azallarini kiritish mumkin.
Zavqiy siyosiy lirikalar, o‘tkir satiralar Bilan bir qatorda davom etib kelayotgan adabiy an‘analarga muvofiq, ishq-muhabbat, go’zallik mavzularida ham she’rlar yozgan. Shoir o‘zining ishqiy she’rlarini ijod etishda Muqimiy, Furqatlar kabi Alisher Navoiy ijodiga ergashadi, u ilohiy ishq-muhabbatni emas, chin insoniy sevgini kuylaydi.
Shoir oshiq va ma’shuqalarning bir-biriga mehru vafoli, sadoqatli bo’lishini talab qiladi, hijron, vafosizlik dard-alamlaridan shikoyat qiladi. Uning «Oromijon», «Kimga dey», «Ey nasimi» muxammaslari va boshqa g‘azallari anna shunday she’rlaridandir.

 

Zavqiy pok sevgini insoniy fazilat deb biladi, uningcha sevgi ahlining qalbi toza, vijdonli, bir- birlariga xiyonat qilmaydigan, boshqalarga namuna bo‘ladigan, axloqli kishilar bo‘lishi kerak. Shoir bu fikrni chiroyli badiiy obrazlar orqali ifodalaydi: Qani menga vafou ahd qilg‘oning guli g‘uncha,
Qani bulbul sifat oldingda turg‘onim ochilguncha,ni bizlarga ham suhbat raqiblardek tong otguncha,
Seni dardu firoqing aytib-aytib yig‘lay o‘lguncha,
Yuzingni bir ko‘ray desam, qo‘lingni pardalar qilding.
Zavqiy 1880-1885 yillarda ko‘zga ko‘ringan yosh shoir bo‘lib tanildi. Uning yaqin do‘stlari, adabiy suhbatdoshlari Muqimiy, Furqat, Nasriddin, Nisbat, Muhayyirlar edi. Uning shu yillarda yozgan g‘azallarida uchraydigan quyidagi misralar Zavqiyning kim bilan do‘st-oshno bo‘lganligini yaxshi isbotlaydi:

Sochsa Muqimiy guhar, so‘z birla Furqat akbar,

Suhbatda barcha dilbar Zavq etdi mehmonlar.

 

Muqimiy, Zavqiy atrofiga faqat shoirlargina to‘planib qolmay, Mamatbuva, Mo‘min qishloqi, Erka Qori, Dadajon hoji, Farzinbek, Mulla Qodirqul, Mulla Ahmad, Mamajon Makay kabi o‘z davrining usta askiyachi- xalq qiziqchilari, sozandalari, hofizlari ham yig‘ilar edilar. Bular goh Muqimiy hujrasida, goh Zavqiyning do‘konxonasida, uyida, ba‘zan boshqa o‘rtoqlarnikida to‘planishib, suhbat qilishar, bir-birlariga javoban turli mavzularda she’rlar aytishar, mutolaa qilishar edilar.

Qo‘qon shahridagi bozorlar pudratchisi Mo‘minjon boy Zavqiyni mirzalik xizmatiga qabul qilmoqchi bo‘ladi. Tog‘asining iltimosi va o‘zining tortayotgan qiyinchiligi tufayli shoir rozi bo‘lib, boyning qo‘lida 3-4 yil (1885-1890) ishlaydi. Ammo u kosibchilik hunarini ham, avvalgi yor-do‘stlarini ham tashlamaydi. Mo‘minjon boy savdo bilan Turkistonning ko‘p shaharlariga borar edi. Zavqiy ham xo‘jayini bilan birga Xo‘jand, Toshkent, Buxoro, Andijon kabi shaharlarda bo‘ladi, savdogarlarning ko‘pi bilan tanishadi.

1898-99 yillar ichida Zavqiyning boshiga og‘ir musibatlar tushadi: bir yil ichida otasi, ikkala ukasi ketma-ket vafot etadilar, xotinining ikki ko‘zi ojiz bo‘lib, oxiri u ham vafot etadi, uch qiz, bir o‘g‘il shoir qo‘lida qoladi. Zavqiy 1900 yilda Hojixon nomli bir uyg‘ur xotinga uylanadi. 1900 yilda Zavqiy haj safariga otlangan tog‘asi Muhammad Siddiqqa hamroh bo‘lib qator mamlakatlarni bosib, Makka va Madinani ziyorat qiladi. Uning taassuroti «Hujjoji Makka ahliga chunu charo demang» misrasi bilan boshlanuvchi she’rida o‘z badiiy ifodasini topgan.

Zavqiyning «Obid mingboshi haqida hajv» (1906),«Shoh Inoyat qo‘rboshi» (1908) kabi satiralari, «Kajdor maraz ey zamona» (1905), «Kam suxanlik» (1912-13 yillar), «Qahatlik» (1916), «Ajab ermas» (1916) kabi siyosiy lirikalarida avvalgilarga qaraganda ozodlik, kelajakka umid bilan qarash g‘oyalari kuchlidir. Jumladan «Ajab ermas» radifli muxammas, faqat Zavqiy ijodida emas, balki XX asr boshlaridagi butun o‘zbek ijtimoiy-siyosiy she’riyatida katta hodisa bo‘ldi. Bunda shoir mustamlaka asorati ostida ezilayotgan ona yurtning kulfatli kunlari unut bo‘lishi haqida so‘z ochadi, og‘ir iqtisodiy hayot kechirayotgan xalqning baxtli taqdiri haqida, bo‘lajak katta ijtimoiy o‘zgarishlar xususida bashorat qiladi.

Zavqiy 1917 yil mart oyining oxirida «Ko‘z ochaylik» ridifli sakkiz banddan iborat bir muxammas yozadi. 

Zavqiy ijodi bo‘yicha bir necha olimlar ilmiy ish olib borganlar va bormoqdalar. Zavqiyning asl devoni topilgan emas. Shuni ham alohida aytish kerakki, Hindistonlik Zavqiy, XVI asrda yashagan samarqandlik Zavqiy, XIX asr o’rtalarida Badaxshonda ijod etgan Abduqahhor binni Muhammad Zavqiy va G‘ulom shox Zavqiylar bilan biz mulohaza yuritayotgan Zavqiyni chalkashtirmaslik kerak.

O‘z zamonasidagi jabr-zulmga qarshi o‘t ochgan, umrining oxirigacha mehnatkash xalqqa sodiq qolgan Zavqiy qiyin murakkab hayot va ijodiy yo’lini bosib o’tdi. Shuningdek Zavqiy juda murakkab va tarixiy voqealarga boy bir davrda yashab ijod etgan tenglik va adolat kuychisi sifatidagi ma’rifatparvar bo‘lib qoldi.

Zavqiy 1921 yil may oyida oltmish sakkiz yoshida vafot etadi.

Butun umri davomida ozod hayot uchun kurashgan Zavqiyning ijodiy merosi va amaliy faoliyati yuksak qadrlandi, uning o‘z xalqiga qilgan xizmatlari taqdirlandi. Zavqiy tug‘ilib o‘sgan «Shayxon» mahallasi — «Zavqiy mahallasi», shoir yashagan Karimbobo qishlog‘i «Zavqiyobod» deb ataldi. Jamoa xo‘jaligi, maktab, ko‘chalar shoir nomiga qo‘yildi.

Uning hozirgacha ma’lum bo‘lgan asarlari juda oz bo‘lishiga qaramay, o‘zbek adabiyoti darsliklari, majmualariga kiritilib, uning hayoti va ijodi o‘zbek maktablarida, oliy o‘quv yurtlarida o‘rganilmoqda. Xalqimiz shoirning ajoyib she’rlarini hozirgi kunimizgacha ham o‘z xotirasida saqlab qo‘shiq-ashula qilib kuylab kelmoqda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x