SIKADALAR, jizildoqlar, saratonlar (Cicadinea) — tengqanotlilar turkumiga mansub hasharotlarning kenja turkumi. 17 ming turi maʼlum. Sikadalar juda serharakat hasharot. Tanasining uz. 25—50 mm. Boshi koʻkrak qismiga harakatsiz birikkan. Murakkab koʻzlaridan boshqa yana 2—3 ta oddiy koʻzi ham bor. Qanotlari bir-biriga binoning stropil tomisimon taxlanib yopiladi, oldingi juft qanotlari orqa qanotlarga nisbatan qalinroq. Moʻylovi va panjasi uch boʻgʻimli. Lichinkalik davri 5 yoshdan iborat; tuproqda yashab, oʻsimlik ildizlari bilan oziqlanadi. Koʻpchilik turlari bir yidda 1—2 avlod beradi. Rivojlanish sikli 4 y. (gʻoʻza S,), baʼzilariniki 17 y. (kuylovchi Sikadalar) davom etadi. Daraxt, buta va b. oʻsimliklarga barg shirasini soʻrib zarar keltiradi. Ayrim turlari oʻsimlik poyasiga tuxum qoʻyish davrida uning oʻtkazuvchi naylarini shikastlaydi. Natijada oʻsimlikning ayrim qismlari nobud boʻladi. Sikadalarning koʻp turlari har xil virusli kasalliklarni tarqatishi mumkin. 10 dan ortiq turi gʻoʻzaga zarar yetkazadi. Ayniqsa, sariq jizildoq va b. xavfli.
Kurash choralari: zararkunanda yashaydigan joy (yantoqzor, qizilmiya chakalaklari)ni yoʻq qilish, ekinlarga insektitsidlar bilan ishlov berish. Ad.: Nasekomыye Uzbekistana, T., 1993.