TILLARNING CHATISHUVI — muayyan bir til yoki lahja tizimidagi unsurlarning ikkinchi bir til yoki lahja tizimidagi unsurlar bilan qoʻshilib ketishi; maʼlum tarixiy davrlarda harbiysiyosiy jihatdan gʻolib boʻlgan xalqning tili bilan magʻlub boʻlgan xalq tili urtasidagi munosabatlar majmui. Bunda baʼzan gʻolib xalqning tili magʻlub xalq tilidan ustunlik qiladi va magʻlub til, muayyan iz qoldirgan holda, gʻolib tilga singib ketadi, baʼzan gʻolib xalq tili, maʼlum iz qoldirgan holda, magʻlub xalq tiliga singib ketadi. Mac, mil. av. 2—1-a. larda rimliklar Galliya, Iberiya kabi hududlarni boʻysundirganlarida, bu hududlar aholisini oʻz tillarini (xalqona lotin tilini) oʻrganishga majbur qilganlar. Aksincha, german qabilalaridan franklar Fransiyaning shim. hududlarini bosib olganlarida, oʻzlari «fransuzlashib», ularning tillari magʻlub til boʻlib qolgan. Turkiyzabon bulgʻor qabilalari 10-a. da Bolqrn slavyan qabilalarini boʻysundirgan («Bolgariya» atamasi xam shu qabila nomidan olingan), lekin Tillarning chatishuvi tufayli oʻz tillarini yoʻqotib yuborgan. 13-a. dagi moʻgʻul istilosidan soʻng moʻgʻul tilining Oʻrta Osiyodagi holati gʻaqida ham shunday deyish mumkin. Tillarning chatishuvida 2 tushuncha: substrat va superstrat oʻzaro farqlanadi; ularning har ikkalasi ham magʻlub tilning gʻolib tildagi unsurlarini anglatadi.
Tillarning chatishuvini oddiy soʻz oʻzlashtirishdan, tillarning oʻzaro bir-birini boyitishidan farklash kerak. Chunki boshqatildan soʻz oʻzlashtirgan tillar oʻziga xos xususiyatlarini saklab, ichki imkoniyatlari asosida rivojlanadi: bu holatda maʼlum til leksikasining boyishi haqida gapirish mumkin. Xususan, oʻzbek, uygʻur, ozarbayjon, tatar tillariga islom dini, Qurʼon matnini oʻrganish munosabati bilan koʻplab arabcha lugʻaviy birliklar kirib oʻzlashgan boʻlsada, bu tillar oʻziga xos xususiyatlarini, asosan, toʻliq saqlab qolgan. Tillarning chatishuvida esa tillar rivojining ichki qonuniyatlari buziladi yoki batamom yoʻqoladi; fonetika va fammatika sohalarida bir qator tub oʻzgarishlar sodir boʻladi.