Mulk daxlsizligining noyob ramzi

Qirol buzdira olmagan shamol tegirmoni ikki asrdan koʻproq vaqt zarar koʻrmagan. Zero, fuqarolar uchun qiroldan ham qudratliroq narsalar bor edi.

Buyuk Fridrix (1712–1786) – Qari Frits laqabi bilan mashhur Prussiya qiroli maʼrifatli, musiqa va sanʼat shaydosi hamda juda nozik didli hukmdor boʻlgan.

Uning qoʻmondonlik isteʼdodi va saltanatda dehqonlarning yer egalariga qaramligini kamaytirish borasidagi, sud-huquq sohasidagi, shuningdek, soliq tizimida joriy etgan islohotlari oʻz vaqtida Prussiyaning Yevropadagi rivojlangan, kuchli davlatga aylanishiga sabab boʻlgan.

Fridrix oʻz qirol ajdodlari qurib ketgan Sharlotenburg kabi shahar va shahar tashqarisidagi qasrlarda yashashni yoqtirmas, otasi Vilgelm kabi hasham va dabdabaga toqati yoʻq edi. U Prussiya tabiatiga xos, soʻlim goʻshalarda bejirim binolar qurdirar, ayniqsa, oʻzi bunyod ettirgan San-Susi dala saroyida yashashni xush koʻrar edi.

San-Susi saroyi qurilishi bilan bogʻliq bir voqea tarix zarvaraqlaridagi ibrat namunasi oʻlaroq, hozirgacha eslanadi…

Saroy qurilishi avjga chiqqanda Fridrix xabar olgani keladi. Qurilishi hali tugallanmagan saroydan turib chor-atrofdagi tabiat goʻzalligini kuzatadi. Shunda uning koʻzi Gʻarb tomonda bu goʻzalliklarni toʻsib turgan bir shamol tegirmoniga tushadi.

Qirol: “Bu nimasi?! Nega u buzilmadi?” deb soʻraydi. Saroy mulozimi avval tegirmonni “sotib olib, soʻng buzib tashlash” toʻgʻrisidagi buyruqning bajarilmasligiga sabab, oʻjar tegirmonchining tegirmonni sotishdan bosh tortayotganini va har qanday narxni qabul qilmayotganini aytadi.

Fridrix tegirmonchini huzuriga chaqirtiradi. Hech vaqt oʻtmay, tegirmonchi ikki soqchi kuzatuvida qirol huzurida hozir boʻladi. U qirolga ehtirom bilan taʼzim bajo keltiradi, biroq ikki qoʻlini un elayverib rangini bilib boʻlmas holga kelgan syurtukining yon choʻntaklariga tiqib, savolli nigoh bilan qirolga qaraydi.

Fridrix fuqaroning bu dagʻalligini ahmoqlikka yoʻyadi, ish bitishini oʻylab tishini tishiga qoʻyadi. Soʻng: “Tegirmoning narxi qancha?”, deb soʻraydi.

Tegirmonchi xotirjam turib: “Bu tegirmon mening xucusiy mulkim. U bobomdan otamga meros qolgan. Otamdan esa – menga. Mendan farzandimga meros boʻlib qoladi. Janobi oliylari, xullas, tegirmon sotilmaydi”, deb javob beradi.

Bunday javobdan gʻazablangan Fridrix: “Xohlasam, shu tegirmonni sendan tortib olaman!”, deydi.

Shunda tegirmonchi: “Yoʻq, unday boʻlmaydi, janobi oliylari. Chunki bu davlatda qonunlar va sud bor”, deya javob qaytaradi. Oraga jimlik tushadi. Fridrixning yuzidagi gʻazab alomatlari tabassumga aylanadi.

“Tegirmonga tegmang, tegirmonchi esa boʻsh, ketaversin” deya oʻrnidan turadi-da, mulozimga qarab: “Agar fuqarolarim davlatim qonunlariga va sudiga shu qadar ishonar ekan, mening mehnatlarim zoye ketmabdi”, deydi.

Shu payt tegirmonchi qirolga murojaat etishga izn soʻraydi. Ruxsatdan soʻng u: “Janobi oliylari, sizdan iltimos, men sizning qarshingizda qoʻllarimni choʻntaklarimga solib turishimni hurmatsizlik, deb bilmang. Men mulkdorman, siz esa, mulkimga xaridor boʻldingiz. Qonunga asosan, savdoda taraflarning huquqlari teng. Ammo siz men bilan oʻtirgan holda soʻzlashdingiz, men esa, sizning qarshingizda tik turdim. Agar qoʻllarimni choʻntaklarimga solib tursam, tenglik tamoyili buzilmas deb, oʻyladim”, debdi.

Qirol “Ofarin!” deya qarsak chaladi.

Darhaqiqat, har qanday mulkdor fuqaro mulksiz fuqarodan koʻra barcha jabhalarda faoldir. Fuqarolarning oʻz mulkini erkin tasarruf etish va uni himoya qilish istagi asrlar davomida jamiyatni rivojlantiruvchi kuch boʻlib kelgan. Ushbu istak, kurash ularning huquqiy madaniyatini, huquqiy ongini shakllantiradi. Bu esa, qonunlarga va sud tizimiga ishonchni taqozo etadi.

Qirol xaridor boʻlib erisha olmagan San-Susi saroyi yonidagi shamol tegirmoni ikki asrdan koʻproq vaqt zarar koʻrmagan. Nemis xalqining xususiy mulk daxlsizligi, qonun va sudga boʻlgan ishonchining ramzi sifatida saqlanib kelingan. Hatto, orada ikki marta taʼmirlangan ham.

Hozirgi vaqtda tegirmonda muzey tashkil etilgan. Bu muzeyni xususiy mulk daxlsizligiga qoʻyilgan ramziy haykal, desa boʻladi.

 

Alisher HAMROYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/mulk-daxlsizligining-noyob-ramzi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x