XINGAN — Uzoq Sharqdagi togʻ sistemasi, asosan, Xitoyning shim. sharqiy qismi va qisman Xabarovsk oʻlkasida. X. 2 kiyem: Katta X. va Kichik X. togʻlariga boʻlinadi.
1) Katta Xingan togʻlari, aksari qismi Ichki Mongoliya hududida boʻlib, Markaziy va Sharqiy Osiyo oʻrtasidagi shartli tabiiy chegara vazifasini oʻtaydi. Shim. sharqdan jan. gʻarbga 1200 km ga choʻzilgan. Eng baland joyi 1949 m. Asosan, granit va b. vulkan jinslaridan tuzilgan. Choʻqqilari yassi, yon bagʻirlari yotiq. Shim. da tayga oʻrmonlari, koʻp yillik toʻng yerlar bor. Jan. keng bargli oʻrmonlar, oʻrmondasht va dashtlardan iborat. Yogʻoch tayyorlanadi, moʻynali hayvonlar ovlanadi;
2) Kichik Xingan toglari — Xabarovsk oʻlkasi va Xitoyning shim. sharqida. Uz. 500 km, eng baland joyi 1150 m. Gneys, granit, kristalli slanes, bazalt jinslardan tuzilgan. Choʻqqilari yassi, yon bagʻirlari yotiq, toshloqli. Gʻarbida vulkanlar guruhi bor. Togʻ oʻrmonlari bilan qoplangan.