OʻTKAZUVCHI YOʻLLAR

OʻTKAZUVCHI YOʻLLAR, bosh va orqa miyaning oʻtkazuvchi yoʻllari — markaziy nerv sistemasidagi nerv tolalari; tuzilishi va funksiyasiga koʻra yagona morfologikfunksional sistemaga birlashgan. Oʻtkazuvchi yoʻllar tashqi va ichki muhit taʼsirotlarini miya hujayralariga (sezuvchi yoʻllar), unda paydo boʻlgan javob reaksiyasini ishchi aʼzolarga yetkazadi (harakatlantiruvchi yoʻllar). Oʻtkazuvchi yoʻllarning koʻp qismi (uzun yoʻllar) orqa miya orqali bosh miya poʻstlogʻiga va, aksincha, poʻstloqdan orqa miyaga, undan aʼzolarga davom etadi. Kalta yoʻllar esa bosh miya sohasida chegaralanadi. Funksiyasiga qarab neyronlar uchta asosiy guruhga boʻlinadi: a) qabul qiluvchilar sezuvchi (afferent); b) bajaruvchi (efferent); v) tutashtiruvchi oraliq neyronlar oʻrtasida amalga oshiriladi. Ularning hujayralari orqa va bosh miyaning poʻstlogʻidagi kulrang moddasida, nerv tolalari esa ularning oq moddasida joylashgan.

1. Miya poʻstlogʻi bilan orqa miya oʻrtasidagi (piramidal) yoʻl — harakatlantiruvchi yoʻl boʻlib, taʼsirotlar efferent tolalar bosh miya markaz oldi pushtasidan orqa miya kulrang moddasiga va u yerdan nerv tolalari orqali ishchi aʼzolarga boradi. Bu oʻtkazuvchi (erkin harakatni) yoʻl ikki neyrondan iborat.

2. Bosh miya poʻstlogʻi bilan miya poyasidagi yadrolar oʻrtasidagi yoʻl ham ikki neyronli, birinchi neyron miya poʻstlogʻidan boshlanadi, ichki kapsuladan oʻtib, bosh miya nervlari (III, IV, V, VI, VII va IX—XII juft) yadrolarida tugaydi. Ikkinchi neyronlar esa ana shu nerv yadrolaridan III, IV, V, VI, VII va IX—XII juft bosh miya nervlari boʻlib chiqadi.

3. Qizil yadro bilan orqa miya oʻrtasidagi yoʻl — bu yoʻl oʻrta miyadagi qizil oʻzaqdan boshlanib orqa miyani oldingi shoxiga va muskullarga boradigan ikki neyronli harakatlantiruvchi yoʻddir. Bu yoʻl tana muskullarining avtomatik ishlashini boshqaradi.

4. Orqa miya tuguni bilan bosh miya poʻstlogʻi oʻrtasidagi ogʻriq va haroratni oʻtkazuvchi yoʻl uch neyrondan iborat. Bu Oʻ. y. ning neyronlari, orqa miya tuguni, orqa miyaning kulrang moddasi, koʻruv boʻrtigʻi va bosh miyaning markaz orqa pushtasida joylashgan.

5. Orqa miya tuguni bilan bosh miya poʻstlogʻi orasidagi chuqur sezgilarni oʻtkazuvchi yoʻl muskul va boʻgʻimlardan boshlanuvchi nerv oxirlari orqali sezgilarni qabul qiluvchi uch neyronli yoʻldir, neyronlari orqa miya tuguni, uzunchoq miya, koʻruv boʻrtigʻi va bosh miyaning markaz orqa pushtasida joylashgan.

6. Orqa miya bilan miyacha orasidagi oldingi va orqa yoʻllar suyak, boʻgʻim va muskullardan iborat boʻlib, orqa miya bilan miyacha oʻrtasidagi oldingi hamda orqa yoʻllar orqali muvozanatga bogʻliq sezgilarni oʻtkazadi. Miyachadagi harakatni tartibga solib turuvchi murakkab refleks yoʻllar muskullar ishini bir meʼyorda tutishni, muvozanatni, muskullar tonusini nazorat qilib turadi. Orqa miya bilan koʻruv doʻmbogʻi oʻrtasidagi yoʻl tananing muallaq holatini taʼminlaydi. Keyingisi eshituv va koʻruv yoʻllari (yana q. Bosh miya, Koʻruv doʻmbogʻi, Miyacha, Orqa miya).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x