BLOKADA (ing. blockade — qamal, qurshamoq) — 1) (harbiy) — harbiy harakatni amalga oshirishning dushman obyektini ajratib, yakkalab, tashqi aloqalarini izdan chiqarishga qaratilgan alohida shakli. Bundan maqsad dushman davlatning harbiyiqtisodiy qudratini sindirib, taslim boʻlishga majbur etishdan iborat (yana q. Qamal);
2) (siyosiy) — biror davlatni muayyan talabni bajarishga majbur etish maqsadida uning tashqi aloqalariga putur yetkazishga qaratilgan siyosiy tadbirlar tizimi. Siyosiy Blokada davlatni diplomatik jihatdan yakkalab qoʻyishda ifodalanadi. Siyosiy Blokada koʻpincha iqtisodiy Blokada, baʼzida harbiy Blokada bilan bogʻliq boʻladi. 2-jahon urushidan soʻng Gʻarb davlatlari milliy mustaqillik uchun kurash yoʻliga oʻtgan davlatlarga qarshi siyosiy Blokadani keng miqyosda qoʻlladi;
3) (iqtisodiy) — biror davlatning xoʻjalik taraqqiyotini izdan chiqarish maqsadida uni iqtisodiy jihatdan yakkalab qoʻyish. Tashqi savdo, moliya, qarz va b. iqtisodiy aloqalarni toʻxtatib qoʻyish (taqiqlash) yoʻli bilan amalga oshiriladi. Odatda, siyosiy va aksariyat harbiy Blokada bilan qoʻshib amalga oshiriladi;
4) (tibbiy) — biror aʼzo yoki sistemaning funksiyasini vaqtincha toʻxtatish, mas, yurak B. si — yurakning impuls oʻtkazuvchi sistemasi boʻylab impuls oʻtishini toʻxtatish; novokainli Blokada — novokain purkab qilinadigan muolaja, bunda novokain nerv hujayralariga yalligʻlanish va allergiyaga qarshi taʼsir koʻrsatadi.