Ma’rifat. Mehnat – rohat…


Post Views:
26 350

Bu dunyo sinov dunyosi, unda hamma narsa mehnat, mashaqqatga bog‘liq. Kim mehnat qilsa, rohat ko‘radi. Kim dangasalikka o‘rganib, muntazam ravishda rohatga mayl qilsa, rohatdan mahrum bo‘ladi yoki unga aslo erisholmaydi. Shuning uchun ham donolar: «Agar charchashni xohlamasang, charchagin!» deyishgan. Ya’ni «Mashaqqatlardan qutulib, rohatga erishmoqchi bo‘lsang, avval mashaqqat bilan mehnat qil, undan keyin chekkan mashaqqatlaring evaziga umr bo‘yi rohatda yashaysan», deganidir bu. Yana debdilarki: «Dangasalik va jizzakilikdan ehtiyot bo‘l. Zero, dangasa bo‘lsang, haqni ado qilolmaysan. Bordi-yu jizzakilik qilsang, haqqa sabr qilolmaysan». Ya’ni erinchoq, dangasa odam zimmasidagi vazifalarini mukammal ado qilolmaydi, Rabbi farz, vojib qilgan ishlarni amalga oshirishga sabri yetmaydi. Jizzaki, asabiy, faqat nolishni biladigan, norozi odam esa Allohning irodasi bilan sodir bo‘lgan musibat, yo‘qotish va hokazolarga sabr qilolmaydi. «Haqni ado qilolmaysan» va «haqqa sabr qilolmaysan» degan so‘zlarning ma’nosi shunday.

Dangasalik, ishyoqmaslik barcha kulfatlarning boshidir. Kambag‘allik ayb emas, ammo u yalqovlik sababidan kelgan bo‘lsa, katta aybdir. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: «Erinchoqlik va ishyoqmaslik bir-biri bilan turmush qurdi, natijada ularning o‘rtasida faqirlik tug‘ildi». Ha, qaysi bir kishida ojizlik, noshudlik va dangasalik mujassam bo‘lsa, u inson faqirlikka yuz tutadi. Dangasalik va ojizlik urug‘ini yerga qadagan odam, alaloqibat qashshoqlik hosilini yig‘ib oladi. Ojizlik deganda o‘z iqtidorini baholay bilmaslik, o‘ziga ishonmaslik, «qila olmayman», «qo‘limdan kelmaydi», «uddasidan chiqolmasam-chi?» degan qo‘rquv va xavotirlarga berilib, biror ishga qo‘l urishga botina olmaslik tushuniladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ojizlik va dangasalikdan panoh so‘raganlar. U kishi quyidagi duoni juda ko‘p o‘qirdilar:

“اللهم إني أعوذ بك من الهم والحزن، والعجز والكسل…”

«Yo Alloh, men Sendan g‘am va qayg‘udan, ojizlik va dangasalikdan panoh berishingni so‘rayman» (Abu Dovud, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). G‘am va qayg‘u bir-biriga jinsdosh narsalar bo‘lgani kabi dangasalik va ojizlik ham bir-biriga o‘xshash narsalardir. Shu bois ham ular hadisda yonma-yon zikr qilingan. Payg‘ambarimiz, panoh so‘rabdilarmi, demak tanballik chindan ham yomon narsa ekan.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

https://shosh.uz/uz/ma-rifat-mehnat-rohat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x