Post Views:
47
Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, O‘zbekiston tarixini o‘rganishda tarixiy hujjatlarning o‘rni beqiyos. Bunday hujjatlar orasida vaqfnomalar alohida ahamiyat kasb etadi. Mintaqa tarixiga doir ayrim vaqf hujjatlari N.G. Mallitskiy, V.V. Bartold, P.P. Ivanov, A.A. Semenov, R.N. Nabiyev, M.Yu. Yuldashev, R.G. Mukminova, O.D. Chexovich, B. Qozoqov, Z. Qutiboyev, G‘. Jo‘rayeva, E. Karimov kabi bir qator tadqiqotchilarning ishlarida o‘rganilgan.
Ma’lumki, vaqfnoma, asosan madrasa, masjid, mozor, qorixona kabi islomiy muassasalar foydasiga belgilangan mol-mulkning rasmiy-huquqiy hujjatidir[1]. Vaqf hujjatlari o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti to‘g‘risida kompilyatsiya va panegirizmdan uzoqroq holatni tasvirlab berishi bilan ahamiyatga ega. Jumladan, masjidlar vaqfnomalari tadqiqi ularning tarixi xususida ancha batafsil ma’lumot beradi. Masalaga shu nuqtai nazardan yondoshgan holda Toshkent shahridagi qadimiy masjidlardan biri – Yalangqari mahallasida bunyod etilgan Azizlarxon eshon masjidi vaqfnomasi xususida to‘xtalishni lozim topdik.
Hozirda Yalangqor[2] ko‘chasi (Chinor berkko‘cha) 2-uyda joylashgan Azizlarxon eshon masjidi 1953 yilda I.F. Borodina tomonidan tarixiy yodgorlik sifatida qaydga olingan. Masjid bugungi kunga qadar faqat me’moriy jihatdan V. Bulatova, L.Mankovskaya va boshqa bir qator tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan[3]. Biroq, tadqiqotchilar uning qurilish uslubiga asoslanib, XVIII asr o‘rtalarida yoki 60-70-yillarida qurilganligini ta’kidlasalar-da, masjid tarixi xususida boshqa aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmaganlar. Biz tadqiq etmoqchi bo‘lgan vaqfnoma va uning atrofida yuritilgan mulohazalar ayrim masalalarga oydinlik kiritadi.
Mazkur vaqfnoma hijriy 1223, milodiy 1808-1809 yilga tegishli bo‘lib, unda masjidni qurdirgan deb taxmin qilinuvchi Mir Qurbonshayx azizon o‘z mulki bo‘lgan Arpapoya va Yalangqari mahallalaridagi katta bo‘lmagan yerlarni masjid foydasiga vaqf qilingani aytiladi[4]. Vaqfnoma yupqa mahalliy sarg‘ish qog‘ozga bitilgan bo‘lib, 21×31,2 sm hajmda, jami 12 qator. Vaqf hujjati qozi Isaxo‘ja ibn Yunusxon eshon (1240/1824), Shoh Badal Muhammad mufti ibn Mulla Shoh Muhammad Amin (1240/1824), Muhammadjon mufti ibn Yunusxon Alaviy hamda Mulla Xon mufti ibn Domulla Shoh Ne’mat (1242/1826) muhrlari bilan tasdiqlangan.
Avvalo, vaqfnomada voqif, ya’ni vaqf qiluvchi sifatida tilga olingan Mir Qurbonshayx azizon shaxsi diqqatni tortadi. Zero, manbalarda masjidni qurdirgan shaxs tilga olinmasa-da, hozirda masjid joylashgan mahalla ahliga ma’lum bo‘lgan bir naqlda masjid Mir Qurbonshayx ismli kishi tomonidan XVIII asr o‘rtalarida qurilganini ta’kidlaydilar.
Mir Qurbonshayx azizon vaqfnomadan tashqari, yana ikki manbada tilga olingan. Ulardan biri Mir Qurbonshayx azizonning avlodi Zayniddinxon eshonning[5] tariqat silsilasidagi 1274 (1862-1863) sanasi ko‘rsatilgan muhrida uning nasabi quyidagicha ko‘rsatilgan: “Zayniddinxo‘ja ibn Hodixo‘ja ibn Muhammadxo‘ja ibn Mir Qurbonshayx azizon”. Ikkinchi ma’lumot esa, Mir Qurbonshayx azizonning kichik zamondoshi, muarrix Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida keltirilgan.
Mazkur manbalarda va naqlda keltirilgan shaxs vaqfnomada tilga olingan Mir Qurbonshayx azizon bilan aynan bir shaxs ekanligiga shubha yo‘q. Qizig‘i, aholi orasida Mir Qurbonshayx azizonning Arabiston mamlakatidan bir necha safdoshlari bilan O‘rta Osiyo shaharlariga din targ‘iboti uchun kelishi bilan bog‘liq naql bor[6]. Unga ko‘ra, Toshkentga kelgan Mir Qurbonshayx azizonga o‘sha vaqtda yalanglikdan iborat bo‘lgan Yalangqor (Yalangqari)mahallasidan yer berilgan. Mir Qurbonshayx azizon shu yerda masjid qurib, faoliyat yuritgan. Naqlda uylanib, farzandlar orttirgan Mir Qurbonshayx azizon umrining oxirlarida Arabistonga qaytib ketganligi, farzandlari esa Yalangqari mahallasida yashab qolgani aytilgan. Darhaqiqat, ayrim vaqf hujjatlarida ko‘satilishicha, Mir Qurbonshayx azizonning o‘g‘illari – Muhammadxo‘ja eshon va Ya’qubshayx Yalangqari mahallasida, masjid joylashgan ko‘chada istiqomat qilgan.
Lekin, “Mir Qurbonshayx”ning Arab o‘lkasidan kelishi bilan bog‘liq naqlning qanchalik haqiqatga yaqinligini aytish qiyin. Chunki, ushbu ma’lumotni hozirgacha biror bir yozma manbada uchratmadik. Mazkur naql mazmuni yoki hech bo‘lmaganda unga yaqinroq tafsilotlar, hatto, Zayniddinxon eshonning yuqorida tilga olingan tariqat silsilasida ham kuzatilmaydi. Agar, Mir Qurbonshayx azizon haqiqatan ham Arab o‘lkasidan kelgan bo‘lganda, Zayniddinxon eshon shahardagi ko‘zga ko‘ringan tariqat namoyandasi sifatida undagi detallardan o‘zining kelib chiqishi, ajdodlarining kimligi haqida o‘z silsilasida bir og‘iz bo‘lsa-da, to‘xtalib o‘tgan bo‘lar edi. Qolaversa, Zayniddinxon eshonning madrasadagi saboqdoshi va uning yaqin tanishi Muhammad Solihxo‘ja ham bu to‘g‘rida hech narsa yozmaydi. Aksincha, Mir Qurbonshayx azizonni asli Yalangqari mahallasidan bo‘lganligiga ishora qiladi. Aslida, taxminan XIX asrning 30-yillarida tug‘ilgan Muhammad Solihxo‘ja Mir Qurbonshayx azizonni yaqindan bilmagan. U haqidagi ma’lumotlarni ancha yillar o‘tgach, XIX asrning 80yillarida suhbatdoshlaridan, ehtimol Zayniddinxon eshonning o‘zidan eshitganlari asosida yozgan. Shu sababli, Mir Qurbonshayx azizon haqidagi naql xonadonning Zayniddinxon eshondan keyingi vakillari davrida yuzaga kelgan degan fikrni ham aytish mumkin.
Bevosita tarixiy ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, vaqfnomada, Zayniddinxon eshon muhri hamda “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida kelgan Mir Qurbonshayx ismidagi “azizon” va “azizlar” atamasiga qaraganda, mazkur shaxs shahardagi yassaviya tariqatiga mansub mahalliy tasavvuf namoyandalaridan biri bo‘lgan. Sababi o‘rta asrlarda yassaviy shayxlarga nisbatan keng qo‘llanilgan “azizon” so‘zining ekvivalenti sifatida qo‘llanilgan “azizlar” so‘zi Toshkentdagi XVIII-XIX asrlarda shakllangan aksariyat yassaviya tariqati bilan bog‘liq mozorlarda ham kuzatiladi. Qolaversa, Mir Qurbonshayx azizon avlodlaridan Hodixon azizlar, Zayniddinxon eshon, Muhiddinxon eshonlar ham jahriya-yassaviya tariqatiga mansub bo‘lganlar.
Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida keltirilishicha, Beshyog‘och dahasining Yalangqari mahallasidan bo‘lgan Qurbonshayx azizlar (ya’ni, Mir Qurbonshayx azizon) ushbu mahallada o‘z masjidi bo‘lgan va u beshyog‘ochlik mashhur eshonlardan Yusufxon eshon Kamoloniy bilan bir vaqtda yashagan[7]. Agar, Yusufxon eshonning Muhammad Solihxo‘ja yozganidek, Qo‘qon xoni Olimxon (1798-1810) zamonidan to Muhammad Alixon (1822-1841) davrigacha hayot bo‘lganini e’tiborga olsak, Mir Qurbonshayx azizonning ham XVIII asr 2-yarmi va XIX asr 1-yarmi oralig‘ida yashab o‘tgani ma’lum bo‘ladi. Buni vaqfnomadagi dalillar ham tasdiqlaydi. Jumladan, vaqfnomada, hijriy 1223/1808 yil sanasi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u 1825-1831 yillardan so‘ng tasdiqlangan. Sababi vaqfnomadagi qozixona amaldorlari muhrlaridagi 1240/1824 va 1242/1826 yil sanalari vaqfnoma 1824-1842 yillar orasida tasdiqlanganini ko‘rsatadi.
Mazkur vaqfnomada Mir Qurbonshayx azizonning marhum sifatida tilga olinmasligi uning bu davrda hayot bo‘lganidan darak beradi. Demak, Mir Qurbonshayx azizonning haqiqatdan ham XIX asrning 30-yillari boshida hali hayot bo‘lgani aniq ekan, u holda masjid XVIII asr o‘rtalarida qurilgan degan fikr haqiqatdan yiroq. Masjidning qurilish sanasi Mir Qurbonshayx azizon o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan paytlarga, ya’ni XVIII asr oxirlari yoki XIX asr boshiga to‘g‘ri keladi.
Masjidning nomlanishiga kelsak, vaqfnomada masjid Yalanqari mahalla masjidi sifatida eslatilgan. Muhammad Solihxo‘janing XIX asr 70-80-yillari o‘rtalariga tegishli xotiralarida masjid nomi keltirilmagan. Uning Azizlarxon eshon nomini olishi XIX asrning 90-yillaridan keyingi davrga mansub arxiv hujjatlaridagina tilga olinadi. Azizlarxon eshon masjidining nomlanishi Mir Qurbonshayx azizon avlodlari – Hodixon azizlar yoki Zayniddinxon eshon nomi bilan bog‘liq. Sababi, ularning ikkisi ham xalq orasida “Azizlarxon” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
YUqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Yalangqari masjidi vaqfnomasi bugungi kunda saqlanib qolgan Azizlarxon eshon masjidi tarixiga doir ayrim masalalarga aniqlik kiritadi. Vaqfnomadagi va boshqa manbalardagi ma’lumotlar tadqiqi esa ushbu masjidning ta’mirlash ishlarida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘. Sultonov
О вакфном документе мечети Ялангкари
В статье исследуется вакфный документ мечети Азизлархан ишана, одного из историко-архитектурных объектов города Ташкента. На основе новых подходов в изучении вакфнаме, с привлечением данных других источников, а также устной информации дается новая интерпретация вопроса по истории вышеупомянутой мечети.
U. Sultanov
About the waqf document of Yalangqari mosque
The waqf document of Azizlarkhan ishan mosque, one of the historical-architectural buildings of Tashkent city is investigated in the article. On the basis of new approaches in studying waqfnamah, with attraction of given other sources, and also the oral information, new opinions in history above-mentioned mosques are expressed in the article.
[1] Jo‘rayeva G‘. Vaqf nima? // Sharqshunoslik. 1990. 2-son. 7-47 – betlar
[2] Masjid joylashgan mahalla XIX–XX asr boshlariga mansub yozma manbalar, vaqf hujjatlari hamda arxiv hujjatlarida “Yalangqari”, hozirgi aholi tilida esa “Yalangqor” shaklida qo‘llaniladi va turli ma’nolar bilan izohlanadi
[3] Булатова В., Маньковская Л. Памятники зодчества Ташкента XIV-XIX вв. Ташкент, 1983. С.53
[4] O‘zR MDA. 1-I-jamg‘arma, 17-ro‘yxat, 32663-ish, 31- varaq
[5] Zayniddinxon eshon o‘z davrining chuqur bilimli kishilaridan. N.Likoshinning yozishicha, imom Zayniddinxon eshon (t.y. 1833) jahriya tariqatiga mansub taniqli va badavlat eshonlardan bo‘lib, Toshkentning o‘zida 600 nafar, Toshkent viloyatida 100 nafar muridi bo‘lgan. 1870 yilda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati shayxlaridan Mehmonxon eshondan irshod olgan, o‘zi ham bir necha xalfa tayyorlagan. Arxiv hujjatlarida Zayniddinxon eshonning 1892 yilda Toshkentda yuz bergan vabo g‘alayoni yetkachilaridan bo‘lganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar ham talaygina. N.Likoshinning ta’kidlashicha, bu voqyeadan so‘ng isyonchilar tarafdori sifatida ayblangan Zayniddinxon eshon ko‘p o‘tmay oqlangach, obro‘yi yanada ortib ketgan. Qarang: Likoshin N. Toshkent eshonlari. Tashkent, 1996. 18-bet
[6] Mazkur naqlning qisqacha mazmuni o‘zini Azizlarxon eshonning yettinchi avlodi deb tanishtirgan Shayxontohur tumani Yalangqor ko‘chasi 25-uyda istiqomat qiluvchi Abzal Ismoilovdan (t.y. 1954) yozib olindi. Hozirda Azizlarxon eshon masjidiga A. Ismoilov hovlisidan kiriladi
[7] Muhammad Solihxo‘ja. Tarixi jadidayi Toshkand. O‘zRFASHI qo‘lyozmasi, №11073. 282a -varaq
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-yalangqari-masjidi-vaqfnomasi-xususida/