Post Views:
1 553
Hozirgi kunda insoniyat tamadduni jarayonida ilm-fan taraqqiyotiga Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda yetishib chiqqan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Ibn Kasir al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Rayhon al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy kabi buyuk allomalar ulkan hissa qo‘shganlari butun jahon ahli tomonidan e’tirof etilib, ularning ilmiy merosi har tomonlama chuqur o‘rganilmoqda va undan keng ko‘lamda foydalanilmoqda.
Ushbu buyuk allomalar sirasida Toshkent shahri va uning tarkibiga kiruvchi mintaqalarda tug‘ilib o‘sgan va voyaga yetgan olimu fuzalolar ham o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo hududidagi ilmiy an’analarini davom ettirib, ilm-fanning barcha jabhalari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganliklarini alohida ta’kidlash lozim.
Bu borada o‘rta asrlarda (X – XX asrlar) toshkentlik olimlar o‘z davrining ilmlari – hadis, fiqh kalom, tafsir, arab tili grammatikasi, she’riyat, tibb, falsafa, riyoziyot, tarix, xattotlik va boshqa sohalarda samarali faoliyat olib borganlarini qayd etish darkor.
Ilm-fanning qaysi sohasini olib ko‘rmaylik, ularning har birida toshkentlik olimlarning muvaffaqiyatli faoliyat olib borganlarini guvohi bo‘lamiz. O‘rganilayotgan davr olimlari bir vaqtning o‘zida bir necha ilmlarni egallab, ularning rivojiga munosib hissa qo‘shganlar. Biz ushbu maqolada toshkentlik olimlarning barcha sohalar emas, balki ba’zilari – she’riyat, fiqh, tarixnavislik, tibb va xattotlikdagi faoliyatlarini ilmiy asosda yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan mazkur sohalarga taalluqli qo‘lyozma asarlar asosida bayon etishni lozim topdik.
O‘rta asrlarda mumtoz adabiyot, xususan she’riyatga toshkentlik olimlardan Abu Muhammad Matroniy (X asr), Abu Omir Ismoil ibn Ahmad ash-Shoshiy al-Omiriy (X asr), Abd al-Karim Toshkandiy (XIX asr) bilan bir qatorda “Xolis” taxallusi bilan tanilgan va “Yusuf va Zulayxo” (qo‘lyozma №№ 9073, 8902, 9824/1, 3650/1) dostonini yozgan Shohakim Toshkandiy (XII–XIII asrlar), “Qasoid Badr” (qo‘lyozma № 151), “Devoni Badr Chochiy” (qo‘lyozma №233) va “Qasoid Badr Chochiy” (qo‘lyozma № 209/6) she’rlarining muallifi Badriddin Chochiy (XIV asr) hamda muammo janrida Abdurrahmon Jomiydan keyingi o‘rinni egallagan, zamonasining ulug‘ namoyandalari tomonidan tan olingan, Alisher Navoiy iltimosiga binoan “Sharhi muammosi Mirhusayniy” (qo‘lyozma № 1863)ni yozgan Mavlono Soniy ibn Yormuhammad ibn Pirmuhammad Toshkandiy (XVI asr) kabi shoirlar o‘zlarining yaratgan asarlari bilan she’riyatga munosib hissalarini qo‘shganlarini qayd etish darkor.
Fiqh ilmida yirik asarlar yaratgan va islom olamida mashhur bo‘lgan toshkenlik olimlar sirasida “Kitob al-usul” muallifi (qo‘lyozma № 3287/1) Ishoq ibn Ibrohim ash-Shoshiy as-Samarqandiy (X asr) hamda “Sharh risola ash-shofe’iyy fi al-fiqh ala mazhabihi” va “Sharh furu’ fi mazhab ash-shofe’iyy” asarlarini yaratgan Nizomuddin ash-Shoshiy (XIV asr)ni o‘rta asrlarda al-Mustahzariy ismi bilan tanilgan mashhur faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ash-Shoshiy (XII asr) bilan teng ravishda zikr etish kerak.
Bir necha ilm sohasida, alalxusus adabiyot va ilm al-jadal (dialektika)da Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil al-Qaffol ash-Shoshiy (X asr), uning faqih va muhaddis o‘g‘li Abu al-Hasan Qosim ibn Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali al-Qaffol ash-Shoshiy (XI asr), olim, tabib, shoir, musiqashunos va xattot Boqiy jarroh Toshkandiy (XVI asr) faoliyatlari e’tiborga sazovordir. Ular sirasida XIV-XV asrlarda ijod etgan olim va xattot Jamshid Shoshiy (XIV asr)ning Taftazoniy qalamiga mansub “Talmix fi kashf al-asror at-tavzih” (qo‘lyozma № 5776) kitobiga yozgan hoshiyasi va Mahmud az-Zamaxshariyning “Kashshof an haqoiq at-tanzil” (qo‘lyozma № 2423) asarini 1358 yilda nasx xati bilan ko‘chirgan nusxasi hamda ushbu davr namoyandalaridan yana biri, arab va fors tillarida ijod etgan olim va shoir Hamiduddin Toshkandiy (XV asr)ning arab tili grammatikasiga oid yaratgan “Hoshiyat al-hoshiyat at-talvih” (qo‘lyozma № 3040) asari ham madaniyatimiz tarixida alohida o‘rin tutadi.
Ayni paytda aksariyat toshkentlik olimlar o‘zlari uchun xorijiy bo‘lgan hamda o‘sha davrning ilm tili – arab tilida asarlar yozganliklari va nafaqat mazkur tilni mukammal egallaganliklari, balki uning rivojiga katta hissa qo‘shib, arablar uchun o‘nlab asrlar mobaynida o‘quv qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayotgan darsliklar yaratgan diyorimiz allomalarining an’analarini davom ettirganlarini zikr etish ayni muddaodir.
Tibb ilmida ham ko‘z kasalligiga oid fors tilidagi she’riy asar “ Zubdayi manzuma” (qo‘lyozma № 4935) muallifi Shoh Ali Kahhol (XVI asr), Mahmud ibn Chag‘miniyning “Qonuncha” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan (qo‘lyozma № 11083) Shoxo‘ja Hakim ibn Shofayzxo‘ja – Shohiy (XIX asr), “Qonun al-mabsut” (qo‘lyozma №№ 8921, 8922) va “Favoid ul-adviyya va mavoid ul-ag‘ziyya” (qo‘lyozma № 11256) muallifi, mashhur tabib Bositxon ibn Zohidxon ibn Muhammad Sodiqxon Shoshiyning (XX asr) tibb sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi o‘zidan oldin o‘tgan va zamonasida faoliyat olib borgan boshqa toshkentlik olimlar – Sharofuddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Iloqiy (XI asr), xuddi Ibn Sino Forobiyga shogird bo‘lganidek, Ibn Sinoga kitob orqali shogird bo‘lgan Muhammad ibn Ali al-Iloqiy (XII asr) Ubaydulloh al-Kahhol (XVI asr), Muhammad Yusuf Kahhol (XVI asr) erishgan muvaffaqiyatlariga tengdir.
Tarixnavislikda toshkentlik olimlar o‘zlaridan oldin o‘tgan olimlar asarlariga tayangan holda nafaqat qadimgi tarixni, balki o‘zlari yashagan davrning tarixini ham mufassal yoritganlar hamda keyingi davrlar va avlodlar uchun muhim tarixiy ma’lumotlarni qoldirganlar.
Shunday tarixchi olimlar ichida toshkentlik Abu Sulaymon Faxriddin Ali ibn Abulfazl Dovud ibn Muhammad al-Banokatiy (XIV asr), Hofiz Ko‘hakiy (XVI asr), Muhammad Solih Rahimxo‘ja (XIX asr) bilan bir qatorda “Tarixi Rashidiy” asari (qo‘lyozma №№ 1430, 10191) muallifi Mirza Muhammad Haydar ibn Muhammad Husayn Ko‘ragon (XVI asr), XV–XIX asrlar Farg‘ona, Qo‘qon tarixiga oid kitob “Ansob as-salotin va tavorix al-havoqin” (qo‘lyozma № 9841) va avtobiografik asar “Bayon hasbi holi Mullo Mirzo Olim Mirzo” (qo‘lyozma № 1314/2) muallifi Mullo Mirzo Olim ibn Domla Mirzo Rahim Toshkandiy (XIX asr) hamda Qo‘qon xonligi tarixiga oid avtobiografik “Xulosat ul-ahvol” (qo‘lyozma № 2084) muallifi, Eshon xo‘ja Qori Toshkandiy nomi bilan tanilgan Abu Ubaydulloh Muhammad ibn Sultonxo‘ja (XIX asr)ni zikr etish kerak.
O‘rta asrlarning ikkinchi yarmida ilmiy sohalarning biri bo‘lgan xattotlik Markaziy Osiyo, xususan Toshkentda juda taraqqiy etgan. Ushbu soha rivojiga hissa qo‘shgan ilm namoyandalari o‘rtasida toshkentlik xattotlar alohida o‘rin egallaganlar.
Ular sirasida Abdulvadud kotib – Abdul Vadud ibn Xo‘ja Abdulvasi’ Shoshiy (XV-XVI asrlar), Mavlono Obid xattot (XVI asr), Xo‘ja Ibodulloh ibn Odil xo‘ja Toshkandiy (XIX asr), Sotiboldi xo‘ja ibn Yunus xo‘ja Shoshiy (XIX asr), Abdul Hakim ibn Ne’matboy Shoshiy (XIX asr), Ibn Ahmad ar-Ra’iniy ash-Shotibiy Shoshiyning izdoshi Abu al-Qosim ibn Xayra ibn Abu al-Qosim (XIX asr), To‘ra xo‘ja ibn Xo‘jajon Toshkandiy (XVIII asr), Mullo Hakim Toshkandiy (XIX asr), Abd al-Hakim xo‘ja ibn Iskandar xo‘ja Toshkandiy (XIX asr), Abdulhakim ibn Iskandarxon Toshkandiy (XIX asr), Mullo Erg‘ozi Shoshiy (XIX asr), Mullo Sodiqbek ibn Oxund Domla Solihbek A’lam Shoshiy (XIX asr), Muhammad Shayx ibn Said xoji Toshkandiy (XVI asr), Muhammad Olim ash-Shoshiy al-kotib (XIX asr), Mullo Abdulloh ibn Mullo Ahmad Solih Toshkandiy (XIX asr), Solih xo‘ja Shoshiy (XIX asr), Ibodulla xo‘ja ibn Odil xo‘ja (XIX–XX asrlar), Muhammad Umar ibn Muhammad Majdi ash-Shoshiy (XX asr) kabi mashhur xattotlarni zikr etish joiz.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida toshkentlik qirqqa yaqin xattotlarning asarlari mavjud. Biz ulardan xattotlar sulolasining vakili, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Mahbub ul-qulub”, “Lison uttayr”, “Majolis un-nafois”, “G‘aroyib us-sig‘ar” asarlarining bir nechalab nusxalarini ko‘chirgan Muhammad Yunus kotib ( XIX asr), Amir Xisrav Dehlaviyning “Qissat chahor darvish” (qo‘lyozma № 7385/2) asarini ko‘chirgan Mullo Abd at-Tolibjon Toshkandiy (XIX asr) va tibb ilmining bilimdoni, tabiblar sulolasi vakili, mohir xattot va tobobatga oid “Qonun al-Mabsut” (qo‘lyozma № 12535/1), “Risolayi qabriyya” (qo‘lyozma № 12544/3), “Tashrih kitob tariq al-iloj dayn” (qo‘lyozma № 12535/3), “Jomi’ al-favoid” (qo‘lyozma № 12544/1) asarlarini ko‘chirgan Hamidxon ibn Zohidxon ibn Muhammad Sodiqxon ash-Shoshiy (XX asr) faoliyatlari va xattotlik san’ati borasida yaratgan bebaho asarlarini zikr etishni joiz deb topdik.
Zikr etilgan ma’lumotlarga asoslangan holda toshkentlik olimlar o‘rta asrlarda ilm-fanning barcha jabhalarida insoniyat tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shganlari va ba’zilarida esa, alalxusus xattotlikda ulkan zafarlar quchganlarini faxr bilan ta’kidlash kerak. Bu esa nafaqat arab alifbosi, balki ilm-fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar asarlari saqlanib qolishida ham yuksak ahamiyatga molik ilmiy muvaffaqiyatdir.
R.M. Bahodirov
Вклад ученых Ташкента в развитие наук в средневековье
В статье раскрыты основные моменты вклада ученых Ташкента в развитие наук в средневековье. Автор на основе источников, хранящихся в рукописном фонде ИВ АН РУз, дает анализ работ ученых, творивших в Х–ХХ вв. как в нескольких отраслях науки одновременно, так и в ее отдельных областях, т.е. в литературе, фикхе (мусульманское право), медицине, историографии и каллиграфии.
R.M. Bakhodirov
Contribution of Scientists of Tashkent Into the Development of Science in the Middle Ages
The article covers basic pillars of the Tashkent scientists’ contribution into the development of Science in Middle Ages. Author, based on the sources – kept in the manuscripts’ fund of Institute of Oriental Studies named after Abu Rayhan Beruni, Academy of Sciences of the Republic of Uzbekistan – presents an analysis of X-XX A.D. scientists simultaneous work in several areas of Science as well as in particular areas such as Literature, Fiqh (Islamic Right), Medicine, Historiography and Calligraphy.
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/toshkentlik-olimlarning-o-rta-asrlarda-ilmlar-rivojiga-qo-shgan-hissasi/