GOA — Hindistondagi shtat. Hindiston ya. o. ning gʻarbiy qismida joylashadi. Mayd. 3,7 ming km2. Aholisi 1344 mingdan ziyod kishi (2001), asosan, maratx va kannarlar. Maʼmuriy markazi — Panaji sh.
16-a. gacha bu hudud turli hind davlatlari (1312-y. dan Dehli sultonligi, 1370-y. dan Vijayanagar, 1449-y. dan Bahmaniylar davlati, Bijopur sultonligi) tarkibida boʻlgan. 1510-y. da Portugaliya bosib olib, oʻzining Sharqdagi mustamlakalari (Hoʻrmuzdan Aomingacha boʻlgan hudud) markaziga aylantirgan. Goa aholisi mustamlakachilarga qarshi bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtardi. Bu harakatlar Hindiston mustaqillikka erishgach, yanada kuchaydi va 1961-y. da hind qoʻshinlari hududni portugallardan ozod qildilar. 1962-y. dan Hindiston Respublikasi tarkibida.
Relyefi asosan tekislik, sharqda Gat togʻlariga tutashib ketgan. Iqtisodiyotining asosini q. x. tashkil etadi. Asosiy ekini — sholi. Shakarqamish, kokos ttalmasi, mango, banan yetishtiriladi. Temir, marganes rudalari, sohil boʻyidan tuz olinadi. Oʻrmonchilik rivojlangan. Baliq ovlanadi va qayta ishlanadi. Yirik porti — Marmagan. Chetga temir rudasi chiqariladi. Turizm rivojlangan.