Gruzin adabiyoti juda qadimiy tarixga ega boʻlib, u milodiy asrdan ming yillar avvalgi davrlarga borib taqaladi. Biroq qadimiy yozma adabiyot va ogʻzaki ijod namunalari bizgacha yetib kelgan emas. Ular IV asr boshlarida xristian cherkovi va mamlakatni koʻp asrlar davomida talab kelgan chet el bosqinchilari tomonidan yoʻq qilib tashlangan.
Gruzinlarda yozuv ham qadimdan mavjud. XI asrgacha ular xutsuri (cherkov yozuvi) deb ataladigan, XI asrdan boshlab mxedruli (fuqaro yozuvi) nomli yozuvlar bilan ish yuritganlar. Hozirgi gruzin yozuvi ana shu mxedruli yozuvining birmuncha ixchamlashtirilgan turidir.
Gruzin xalq ogʻzaki ijodi zaminida shakllanib, uzoq asrlar davomida gruzin xalqi tarixi bilan chambarchas bogʻliq ravishda rivojlanib kelayotgan gruzin yozma adabiyoti tarixi, odatda, quyidagicha davrlashtiriladi:
- Qadimgi gruzin adabiyoti – V-XVIII asrlar:
a) ilk feodalizm davri gruzin adabiyoti (V-XI asrlar),
b) feodalizm taraqqiy topgan davr gruzin adabiyoti (XI-XIII asrlar),
v) soʻnggi feodalizm davri gruzin adabiyoti (XIII-XVIII asrlar).
- XIX asr gruzin adabiyoti:
a) XIX asrning birinchi yarmi gruzin adabiyoti,
b) XIX asrning 60-70-yillari gruzin adabiyoti,
v) XIX asrning 80-yillari gruzin adabiyoti,
g) XIX asrning 90-yillari gruzin adabiyoti.
- XX asr gruzin adabiyoti.
Gruzin yozma adabiyoti oʻzining ilk bosqichida (XI asrga qadar) koʻproq diniy-cherkov xarakterida boʻlib, bu gruzin qabilalarining ijtimoiy mohiyati bilan bogʻliq edi. Gruzin qabilalarining Sharq va Gʻarbdan hujum qilib kelgan bosqinchilarga (IV asrdan VII asrgacha Vizantiya va Eron sosoniy podsholariga, VII asrdan XI asrga qadar arab-musulmon xalifalariga, XI asrda esa saljuqiy hukmdorlariga) qarshi kurashini uyushtiruvchi yagona kuch gruzin cherkovi edi. Shuning uchun feodal munosabatlar zaminida yuzaga kelib, mamlakatdagi yetakchi madaniy kuchga aylangan xristian cherkovi tarixiy hayotning maʼlum bosqichida gruzin yozma adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatdi.
Gruzin xalqining chet el bosqinchilarga qarshi, bir butun kuchli mustaqil davlat uchun olib borgan kurashi muvaffaqiyatli yakunlandi. XI-XII asrlarda Bunyodkor Dovud (XI asr), Georgiy (XII asr) va Tamara (XII asr) hukmronligi davrida Gruzin davlati davlati xalqaro miqyosda katta rol oʻynay boshladi. Bu davrda gruzin xalqining iqtisodiy va maʼnaviy hayoti yuksala boshladi: qishloq xoʻjaligi jonlandi, savdo-sotiq taraqqiy etdi; har xil inshootlar, yangi-yangi shahar, qishloqlar qurildi; adabiyot va sanʼat ravnaq topa boshladi. Diniy-cherkov adabiyoti oʻrnini dunyoviy adabiyot egallay bordi. Dunyoviy adabiyot asarlarida oxirat haqidagi xayoliy-mistik afsonalar emas, balki kishilarning yuksak axloqiy intilishlari, real hayoti aks ettirildi. Keyinchalik gruzin xalqining genial shoiri Shota Rustaveli ijodida yorqin ifodalangan gumanistik gʻoyalar kurtak ota boshladi.
XII asr – gruzin adabiyoti tarixiga klassik gruzin adabiyotining yaratilish davri boʻlib kirdi. Biroq bu davrning yuksak madaniy merosi moʻgʻullar istilosi natijasija yer bilan yakson qilinib, uning oz qismigina bizgacha aypim fermentlar shaklida yetib kelgan, xolos. Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” dostoni shular jumlasidandir. Bu doston oʻrta asr adabiyotining koʻp asrlaridan oʻzining dogmatizm, sxolastika va diniy fanatizmdan xoli ekanligi bilan farq qiladi. Doston sodda, xalqqa tushunarli til bilan yozilgan. Shota Rustaveli bu asari bilan Yevropada Uygʻonish davrida ijod qilgan mutafakkir-shoirlardan oʻzib ketib, chinakam insoniy ishq-muhabbat, gumanizm, mardlik va qahramonlik tuygʻularining kuychisi sifatida tanildi. Dostonning Tariel, Avtandil, Tinatin, Neston-Darajon kabi qahramonlari vatan oldidagi burchini, uning baxt-saodatini hamma narsadan ustun qoʻyadilar. Shu bilan birga, xalqlar doʻstligi gʻoyalari ularning siymosidp mujassamlashgandir. “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”dostoni dunyo adabiyotining noyob durdonalaridandir. U gruzin adabiyotining XII asrdan keyingi taraqqiyotiga barakali taʼsir koʻrsatdi.
Qadimgi gruzin adabiyotining yirik vakillaridan yana Vaxtang VI, Sulxan Saba Orbeliani, David Guramishvili, Mamuka Baratashvili, Taymuraz II, Besiki va Sayat Novalarni koʻrsatish mumkin. Bu adiblar oʻz ijodlari bilan Taymuraz I va Archil oʻrtasidagi bahsni davom ettirib, gruzin adabiyoti taraqqiyotiga maʼlum hissa qoʻshdilar.
I. Chavchavadze boshliq gruzin ziyolilarining xizmati shundaki, ular Gruziyadagi ijtimoiy-madaniy hayot talablariga javob beradigan ilgʻor dunyoqarashga ega boʻldilar va shu asosda asrlardan beri hukm surib kelayotgan krepostnoylik tuzumiga xotima berishga bel bogʻladilar. Ular koʻp masalalarda, masalan, gruzin tilini tozalash, undan eskirib qolgan yozuv qoidalarini chiqarib tashlash xususida gruzin ziyolilarining “Diskari” (“Tong”) jurnali atrofiga toʻplangan eski avlod vakillari bilan munozara boshladilar. (I. Chavchavadzening shu gazeta sahifalarida bosilgan “Bir necha soʻz…”, “Javob” maqolalari va boshqalar). “Yoshlar” va “keksa” lar oʻrtasida til va adabiyot masalalari yuzasidan boshlangan bu munozara sekin-asta siyosiy-ijtimoiy masalalarga koʻchib, yanada jiddiylashdi. Bu munozara oʻlib borayotgan eski patriarxal-krepostnoylik tuzumi tarafdorlari bilan yangi tugʻilib kelayotgan ijtimoiy hayot tarafdorlari oʻrtasidagi kurashga aylandi.
Ilya Chavchavadze isteʼdodli shoir va prozaik ham edi. Uning “Gado hikoyasi”, “Yoʻlovchining xatlari”, “Otarning bevasi” singari nasriy asarlari, “Shoira”, “Ishchi”, “Shudgorchi dehqon” kabi sheʼrlari realizmning eng yaxshi namunalari boʻlib, ularda dvoryanlarning maʼnaviy dunyosi qashshoqlana borayotganligi, shuningdek, mehnatkash dehqonlar ommasining olijanob fazilatlari aks ettirildi.
Gruzin yozuvchilaridan I. Chavchavadze, G. Mdivani, S. Chikovani, I. Abashidzelarning poetik va dramatik asarlari M. Shayxzoda, Uygʻun, Mirtemir, R. Bobojon tarjimalarida kitobxonlar qalbiga yoʻl topdi.
Gruziyada ham Hamza Hakimzoda Niyoziy va K. Yashin pyesalari, Oybek, A. Qahhor, Sh. Rashidovning povest va romanlari, Gʻ. Gʻulom, Uygʻun, Zulfiya, Mirtemir, A. Muxtor, Mirmuhsin, H. Gʻulom, R. Bobojonlarning poetik asarlari tarjima qilinib, nashr ettirildi.
Akram UZOQOV
“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gruzin-adabiyoti/