Shivirladi: “Ketaymi, bolam?”

* * *

 

Onam qarib qolgan. Tushida

Soʻzlashadi u otam bilan.

Koʻzlaridan oqqan yoshida

Men otamning aksin koʻraman.

 

Onam qarib qolgan. Qoʻrqaman,

Baʼzan azob boʻgʻzimni qisar.

Koʻzim yumsam uni koʻraman,

Shundan yoshga toʻladi koʻzlar.

 

Xat yozmayman. Baʼzan sim qoqib

Hol-ahvolin soʻrayman… Ammo

Yarim tunlar uygʻonib goho

Oʻy suraman shiftga jim boqib.

 

Dalalarda qoʻnarkan shudring,

Tongni qarshi olaman titrab,

“Ona, – deyman, – mani kechirgin”,

“Ona”, – deyman labim pirpirab.

 

 

ShOIRNING ONASI

 

Ona kelib olis qishloqdan

Oʻgʻli bilan yashay boshladi

Va dasturxon yozilgan choqda

Shirmoy nonning chetin tishladi.

 

Yuvib berdi bir bozor kirni,

Suvlar quydi soʻlgan gullarga.

Nevaralar bogʻchadan qaytgach,

Ertak aytib berdi ularga.

 

Avaylardi xonadon tinchin,

Suygan oʻgʻli uyning burchida,

Qogʻoz uzra egilgancha jim

Sheʼr yozgan payt tutun ichida.

 

Qadam bosib xavotir bilan,

Qoʻrqar edi nafas olishga.

Tunlar xurrak tortmay deya u

Bosh qoʻyardi tongda bolishga.

 

Ammo bir kun mazasi qochib,

Koʻz oldida yorugʻlik soʻndi.

Qoʻllaridan tushib ketdi-yu,

Chil-chil boʻlib piyola sindi.

 

Oʻsha zahot hushiga qaytdi,

Chayqalardi oʻngida olam.

U yugurib chiqqan oʻgʻliga

Shivirladi: “Ketaymi, bolam?”

 

Xurshid DAVRON

https://saviya.uz/ijod/nazm/shivirladi-ketaymi-bolam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x