“Onamga aylandi bu tuproq…”

ONA

(Turkum)

1

 

Onamning aytishicha:

Muqaddas-qogʻoz,

Uni xuddi non kabi

Etarlar eʼzoz.

 

Onamning aytishicha:

Muqaddas-tumor,

Uni xuddi jon kabi

Asrarlar bisyor.

 

Onamning aytishicha:

Muqaddas-laylak,

Muqaddas daraxtu tush,

Afsona, ertak.

 

Onamning aytishicha:

Neki muqaddas,

Uning qalqoni boʻlmoq

Kerak har nafas.

 

2

 

Onamni topshirdik tuproqqa,

Onamga aylandi bu tuproq.

Muqaddas sanalib quchoqqa,

Onaday joylandi bu tuproq.

 

Zaminga egilib tunu kun,

Unga baxsh etarkan rang, hayot,

Men bildim, Zaminni ne uchun

Ona-Yer atarkan odamzod.

 

Yuragim tob bermas firoqqa,

Ketmasman Zamindan hech yiroq…

Onamni topshirdik tuproqqa,

Onamga aylandi bu tuproq.

 

3

 

Qanday sendan olayin xabar,

Boshlanadi qaydan ostona?

Qay imloda yozsam xat yetar,

Arabiymi yo sugʻdiyona?

 

Maysalarda yoʻq erur zabon,

Maysalarning tilida titroq.

Etolmaydi holingni bayon,

Garchi mendan senga yaqinroq.

 

Boʻzlamayman yuragim toʻlib,

Qayda eshik, qayda erur yoʻl?

Koshki edi maysaday boʻlib,

Choʻzolsaydim sen tomonga qoʻl…

 

 

ONAMNI SOGʻINIB

 

Har kimarsa yoʻqolsa,

afsona boʻlib qolar,

Afsonalar qoʻyniga

sen ham ketdingmi, ona?

Har kimarsa yoʻqolsa

begona boʻlib qolar,

Begonalik qoʻyniga

sen ham ketdingmi, ona?

Shamol silar boshimni,

Yomgʻir toʻkar yoshimni,

Shamolu yomgʻir boʻlib

tashrif etdingmi, ona?

Armon boʻlmas deganding

men Haqqa yetgan zamon

Yoki oʻzing aytganday

Haqqa yetdingmi, ona?

 

 

ONAM VASIYATI

 

Sagʻanamning tepasida

Qushlar uchun yasang suvdon,

Har kelganda sepib turing

Sagʻanamning ustiga don.

 

Chunki qushlar sizdan koʻra

Koʻproq mendan xabar olgay,

Sizdan koʻra koʻproq kelib

Suhbatlashib bunda qolgay.

 

Sadriddin Salim BUXORIY

https://saviya.uz/ijod/nazm/onamga-aylandi-bu-tuproq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x