(Shu nomli turkumdan)
Onam Mastonbibi Madqosim qizining yorqin xotirasiga bagʻishlayman
I
Shu yorugʻ dunyoda shukrona aytsam,
Avvalo men sizni qilajakman yod.
Tushganda boshimga malomat va gʻam,
Sizni esga solar shundogʻam hayot.
Aziz ayyomlaru begim kunlarda
Tavof etadirman men sizni birdek.
Meʼyoru had ayon hamma narsada,
Lekin ehtiromim mening bilmas chek.
Axir, mehrdan ham ne bor ulugʻroq –
Yogʻduga chulgʻar u qalbdagi unni.
Sizga sadoqatda koʻraman har choq
Men oʻz umrimdagi teran mazmunni.
Onajon, yashadim demasman mutloq
Sizni yod etmayin oʻtkargan kunni.
II
Qoʻlimdan kelsaydi – quyoshni shu zum
Zanjirlab tashlardim osmon toqiga.
Toki tugamasin endi aslo kun,
Toki ketmasin u yoʻqlik chohiga.
Yer sharin, qoʻlimdan kelsaydi agar,
Toʻxtatib qoʻyardim joyida bir qur.
Toki almashmasin unda fasllar,
Toki oshiqmasin yugurik umr.
Qoʻlimdan kelsaydi – qudratli vaqtni
Oldga siljitmasdim bir soniya ham;
Koʻray kelajakda men nechuk baxtni,
Aksincha, dilimga bot-bot tushar gʻam.
Yil sayin onamning sochi oqarar,
Beshafqat vaqt qaddin dol etib borar.
III
Halol yashamogʻim shart endi mening,
Toki gʻururimga qoʻnmasin hech gard.
Oʻzimga masʼulman har qalay, lekin
Onam shaʼnini ham oʻylamogʻim shart.
Ont ichgum – boʻlurman hargiz ochiqqoʻl,
Lutfim ayamasman gʻanimdan hatto.
Garchi oʻzimga-ku emasdir maʼqul,
Bu ishim onamga xush kelar ammo.
Ezgulikni derman men endi minbaʼd,
Feʼlimda kaj xislat toki yoʻq boʻlsin,
Ham-malol chekmasin hech qachon men deb,
Toki onam koʻngli mendan toʻq boʻlsin.
Toki yaxshilar-la esh boʻlsin otim,
Onam iftixori boʻlsin hayotim…
IV
Onajon, u qandogʻ xush damlar ekan –
Siz hali navqiron, yosh boʻlgan chogʻlar!
Menga tuyuladi oʻsha kezlar shan,
Goʻyo yoʻqdek unda armonlar, dogʻlar.
Lekin siz u olis yillarni har gal,
Bilaman, eslaysiz koʻz yoshlar ila.
Bilaman, shu yorugʻ kunlarni mahtal
Kutgansiz toʻzimu bardoshlar ila.
Eh, men-chi xayolan qaytargim kelar
U qaytmas damlarni bir zum, onajon,–
Xususan, sizni dard qiynagan paytlar,
Xususan, xastalik xuruj qilgan on.
Yoshligingiz sizga – balki ogʻir tush,
Menga-chi, dardlarga oʻjarligi xush…
V
Tugʻilgan yurtimni muqaddas anglab,
Ona, nomingiz-la qoʻshib atayman.
Sizga topingandek har qandogʻ damda,
Men unga fidoyi boʻlib yashayman.
Tanhodir dunyoda moʻtabar elim,
Tonmoqlikka nahot bordir bahona?
Toabad men unga ehtirom qilib,
Nomingizni qoʻshib aytaman, ona.
Men uchun faxrdir na mulk, na bisot,
Ammo sizdan meros buyuk tilim bor.
Onajon, u menga – tiriklik, hayot,
Onam tili deya qilgum iftixor.
Yurtim, elim, tilim demas boʻlsam men,
O, arzir – yashashdan koʻra oʻlsam men!
VI
Men uchun moʻtabar bu qadrdon yoʻl,
Onam diydoriga chorlaydi har chogʻ,
Eʼzozlidir unda men-chun oʻngu soʻl,
Hatto ufq uzra yonboshlagan togʻ.
Ruhimni erkalar poyonsiz adir,
Entikib boqaman keng dalalarga.
Xayollarim ila singgandir bir-bir
Yuragim bu oshno manzaralarga.
Dunyo sirlaridan axtarib maʼno,
Togʻ qoshidan oʻylar surib oʻtaman;
Etdimmi farzandlik burchim deb ado,
Oʻz-oʻzim-la bahslar qurib oʻtaman.
Har gal bu qadrdon yoʻl-manzaralar
Mening tuygʻularim poklar, saralar.
VII
Qarilik qismati shundogʻ azaldan,
Koʻngilni sarafroz etmagay sira.
Uning dardlariga kor qilmas malham,
Xotira ham torta boshlarkan xira.
Zimdan termilaman baʼzan onamga
Dilgir, iztirobkash xayollar aro.
Koʻrinsalar hamki hali bardamday,
Soʻzidan adashib qolarlar goho.
Xotiraga qoʻngan yillarning zangi
Zahrin zohir etib qoʻyar bu damda.
Oʻtirsalar hamki, tursalar hamki,
Hargiz duosini qilmaslar kanda.
Ushbu odatlarin saqlab ziyoda,
Onam yanglishmaslar zinhor duoda.
VIII
Garchi yuragini chirmasa-da gʻam,
Ezsa-da bagʻrini dard-alam qat-qat.
Onam oʻylamaslar oʻzlarin hech ham,
Mening tashvishimni qilarlar faqat.
Derlar, uzoqlarda gʻamxoʻring yoʻq, bil,
Ojiz qolganingda seni qoʻllarga…
Shundanmi, nasihat qilarlar nuqul,
Kirib ketmagin deb yomon yoʻllarga.
Har gal kuyunarlar– ranglaring bir hol,
Gaplarim quloqqa ilmaysan taqir…
Deyman, bu pandlardan tuygandek malol,
Yosh bola emasman men endi, axir!
Lekin onam bu hech olmaslar tan,
Goʻdakman onam-chun qirqqa kirsam ham!
IX
Men asl damlarni boy beribman, eh,
Bebosh havaslarga boʻlib andarmon.
Endi pushaymonim dilda bilmas chek,
Kemirar bagʻrimni endi zil armon.
Bu kun roʻzgʻorim garchi yiroqda –
Sizga ichikaman, gʻamingiz yeyman.
Va gʻoʻr yillarimni tutib soʻroqqa,
Oʻzimni tergayman, soʻngsiz koyiyman.
Axir, nega gʻamu dardlaringizni
Bagʻringizda yurgan kezlar bilmadim?
Xok-poyingiz boʻlib, o, nega sizni
Boshga koʻtarmadim, eʼzoz qilmadim?
Men noshud oʻzimni kechirmasman hech,
Ona, qadringizni anglab yetdim kech!
X
Kecha xasta onam qoshidan qaytdim,
Yuragimni ezar bir gʻashlik hamon.
Tikilaman bahor osmoniga jim,
Zulmat gumbaz kabi koʻrinar osmon.
Qadamim buraman soʻng xilvat boqqa,
Dildan mashʼum gʻashlik tarqar deb, zora.
Lekin yoʻlak uzra toʻxtayman taqqa,
Peshvoz chiqar menga gullar – qop-qora.
Nehol bu, qay tomon tashlamay koʻzim
Borliq qora libos kiyar paydar-pay.
Xayolim kunjida koʻrinar shu zum
Qop-qora telefon – janglashga shay.
Telefon, oʻtinchim tingla bir safar:
Keltir qishlogʻimdan sen yorugʻ xabar!
XI
Oʻsha gʻamli ayyom hali yodimda,
Oʻltirardim onam boshida dilgir.
Bexos qulogʻimga chalindi shunda
Ichkari uydagi bir shivir-shivir.
Shu payt koʻzimga kun qora nur sochib,
His etdim dafʼatan men tubsiz jarni.
Yangalarim onam sandiqin ochib,
Yoymishdilar qora sarupolarni…
O, hayot yoʻrigʻi buncha beomon,
Tanidim oʻshanda ilk bor anduhni.
Bagʻrimga qon silqir eslasam hamon
Qalbda qolgan oʻsha bitmas chandiqni.
Taqdir, oʻtinaman – ochma hech qachon
Qora sarupolar tushgan sandiqni!
XII
Onajon, mehringiz sogʻindim juda,
Nafaqat mehringiz, koʻnglim ushbu dam–
Qoʻmsar oʻyinqaroq bolaligimda
Koʻp bor eshitganim pandlaringiz ham.
Qoʻrqib oʻylayman goh – meni vaqt battar
Qilib qoʻymadimi sangdil yo sipo?
Onajon, oʻzgarib qolgan boʻlsam gar,
Tergang va urishing, ayamang aslo!
Nomim pok saqlash-chun ont ichganman, lek
Qoʻngan boʻlsa agar unga gard-dogʻlar,
Meni qattiq koying koyiganingizdek–
Oppoq koʻylagimni kir qilgan chogʻlar.
Ona, pandlaringiz qoʻysayman bot-bot,
Ular meni asrar, qilar ehtiyot.
XIII
Hayhot! Sodir boʻldi oʻsha mudhish on:
Telefon yarim tun keltirdi xabar:
Banogoh darz ketdi yulduzli osmon,
Chekkan faryodimdan qoraydi sahar.
Angladim – alam ham bilmas ekan chek,
Chirmadi koʻksimni cheksiz anduh-gʻam.
Jaranglab ochildi motam bongidek
Qora sarupolar tushgan sandiq ham.
Bu ne yozugʻing, ey bagʻri tosh falak,
Onamni bersam-a, tuproqqa, hayhot!
Qachondir talpinib edim jonhalak,
Endi izlarin ham topmasam nahot!
O, endi onamni kuylab bearmon –
Bitgan sheʼrlarimni oʻqib yigʻlarman!
XIV
Beyupun, betoqat hovliga chiqdim –
Ich-ichimni oʻrtab onam azasi.
Kech kuz hasratlarin tinglayotgan tun –
Bagʻriga jo edi motam nafasi.
Ajib charaqlardi yulduzlar ammo,
Oyning oʻrogʻidan toʻkilardi zar.
Suqlanib boqardim bu fusunga, o,
Men onam pinjiga kirib bir kezlar.
Ushbu tun falakda huru farishta
Vaʼdalar qilardi goʻyo halovat.
Dorilbaqo sahni edi sarishta,
Kirgandi samoga sirli tarovat.
Balki taskin, yupanch boʻlsa deb zora,
Onam yulduzlarga bergandir oro…
XV
Netay, diydasi tosh, beshafqat oʻlim,
Oramizga mangu judolik soldi.
Endi menga yolgʻiz tasalli boʻlib,
Qalbimdagi oʻchmas siymongiz qoldi.
Garchi endi men-chun faxr ham taskin
Sizni koʻrganlarning ezgu soʻzlari,
Har gal ich-ichimdan yigʻlatar lekin
Opam va ukamning mungli koʻzlari.
Yoʻqlab yiroqlardan keldim men yana,
Ayriliq tigʻidan bagʻrim tilindi.
Qadrdon hovliga kirganim lahza,
Onajon, oʻrningiz qattiq bilindi.
Bir faryod qaytadan tildi jonimni:
“Endi qaydan topay mehribonim!..”
XVI
Durkun oilamiz tarovatiga
Rahna sololmasdi hech bir gʻam aslo.
Masʼud kunlarimiz halovatiga
Havasda boqardim men oʻzim hatto.
Hayhot, onam oftob yangligʻ botdi-yu,
Qalblarga gʻam-gʻurbat tashladi soya.
Togʻ ham parchalanib ketarkan, yohu,
Qulasa undagi eng baland qoya.
Shu hovli ulgʻaytgan zuryodlar endi
Nahot bir-biriga boʻlib borar yot?!
Shaffof qalblarimiz darz ketdi, sindi
Qonuningmi bu yo qahringmi, hayot?!
Ona ketsa baxt ham ketar ochundan…
Yetimlar boʻzlashi, ehtimol, shundan!
XVII
Doʻstimning boshiga tushdi musibat,
Shoʻrlik ohlar urar, kuyar damba-dam.
Bu nechuk qaygʻudir, bu nechuk hasrat –
Axir, menga koʻproq ayon hammadan.
– Na chora, bandalik… – yupatdim, quchdim,
Yoshli koʻzlaridan jismim titradi.
O, oʻzim shu nafas kechmishga uchdim,
Ogʻir dardga qayta chalingan kabi.
Doʻstim yozgʻirardi: – Mening onamdek
Yoʻq edi dunyoda mehri daryo zot…
Eshitar edim-u bu faryodni tek,
Koʻnglimdan oʻtardi: “Shundogʻdir nahot?!”
Yoʻq, boʻlmagan, deyman dard ichra yona,
Mening onamdayin gʻamgusor ona!
XVIII
Mening gʻam chekmogʻim mumkinmas hanuz,
Faryod xuruj qilsa, ichga yutaman.
Alamlar yoʻlimni toʻssa – burib yuz,
Xatarlar chohini chetlab oʻtaman.
Hayot bu – tosh soʻqmoq, qoqilsam bexos,
Yosh toʻkmogʻim mening mumkinmas sira.
Koʻksim ichra boʻron tursa ham roʻyrost,
Chehramni hech qachon tark etmas jilva.
Tiyra xayollardan chekmay deb ozor,
Har kech yolboraman: “Uyqu bergin, tun!..”
Oʻzimni oʻzim-chun asramam zinhor,
Bari azbaroyi yolgʻiz siz uchun!
Goʻyo siz hayoda borsiz hali ham,
Yozgʻirasiz rangim sargʻaytirsa gʻam.
XIX
Sizni koʻp axtardi bu yilgi bahor,
Chechaklar keltirdi, suyungaysiz deb.
Zora koʻrinsa deb sizga fusunkor,
Qishloq qirlariga berdi husn-zeb.
Soʻngra novdalarga gul taqdi shoyon,
Shomlar alvon shafaq boʻlib porladi.
Qushlar chuquriga qoʻshilib chandon,
Bogʻlar ogʻushiga sizni chorladi.
Lekin topolmadi, topolmadi, o,
Izlaringiz izlab holdan ham toydi;
Ostonamizdan u boqib benavo,
Yomgʻir sochlarini tun ichra yoydi.
Va nihoyat tong – shudringda muzlab,
Keltirdi gullarin qabringiz uzra…
XX
Goh kechar ruhimda shundayin holat:
Goʻyo ketmagansiz rihlatga zinhor –
Siz mudom olisda va men betoqat
Diydoringiz qoʻmsab sogʻinaman zor.
Uzilib ketolmam hargiz siz tomon,
Goʻyo muhim ishlar yoʻlimni bogʻlar.
(Avf eting, yolchitmas edim, onajon,
Oddiy burchimni ham siz tirik chogʻlar!)
Yoʻq, mudom tuymasman sizni hijratda,
Yoʻq, siz ketmagansiz – borsiz, hayotsiz.
Goʻyo qoshingizga yetgum, albatta,
Men muhim ishlarim yakunlagan kez.
Zotan bor umrga muqarrar yakun,
Diydor koʻrishgaymiz bizlar oʻsha kun.
XXI
Ilk bora oʻksidim shoirligimdan,
Afsus-nadomatlar chekdim men qattiq.
Yoningizda boʻlmoq istardim har dam,
Lekin boʻlolmadim, oʻzimdan ortib.
Joningizga ora kirdimmi bir bor?..
Endi shu soʻroqlar bagʻrimni ezar.
Koʻproq el-yurt uchun boʻldim-u dastyor,
Sizga-chi– sheʼr bitdim sogʻingan kezlar.
Xalqning dardi deya chekdim-u azob,
Sizning dardingizni soʻray olmadim.
Sizga qasidalar bitdim behisob,
Afsus, zeb-ziynatga oʻray olmadim.
Evoh, qabringizga tosh qoʻydim bu dam –
Qasidalarimning qalam haqidan!
XXII
Siz kenja zuryodim koʻrmay ketdingiz,
Turfa tuygʻularda boʻldim men talosh.
Bir yon – mujda, bir yon – achchiq hajringiz…
Bexos koʻzlarimdan tirqiradi yosh.
Norasta vujudga termildim bir on,
Yoʻrgakda yotardi parcha et, tiyrak.
Uni ulgʻaytirmoq uchun, begumon,
O, hali qanchalar kuymanmoq kerak!
Hali kutar oldda uyqusiz tunlar,
Ogʻrisa – qoʻshilib ogʻrish u bilan…
Onajon, men deb siz chekkan dard-munglar
Bir sidra oʻyimdan kechdi dafʼatan.
Bir zum hammasini esimga oldim,
Va koʻzim yoshlarin tiyolmay qoldim…
XXIII
Safar taraddudin koʻrarkan bu gul,
Ajab, yuragi hech gʻashlik bilmadi.
Hattoki manzilga koʻnganim mahal
Masofa vahmi ham bagʻrim tilmadi.
Bu gal uchqur xatlar yoʻllab damba-dam,
Bot-bot xavotirnok simlar qoqmadim.
Shomlar yot osmonga oy chiqqanda ham
Sizni yodga olib bedor boqmadim.
Bu gal hajr oʻtida qovrilmadi dil,
Koʻtarmadi yurak dafʼatan gʻovgʻa.
Va men yot shaharda tentib astoydil
Siz-chun axtarmadim biron-bir sovgʻa…
Oh, men hapqirardim sizni deb har on,
Endi u davrlar qaytmas hech qachon!
XXIV
Yillar buncha uchqur – oʻtar urib charx,
Kecha bahor edi, bugun gʻujgʻon qor.
Har fasl qilar-u xayollarga gʻarq,
Faqat qish koʻnglimga tashlar mung-ozor.
Oynadan qarayman, achchiq izgʻirin
Koʻchada oq yolin toʻzdirib yelar.
Dildirar ayozda dov-daraxt miskin,
Bu payt tosh-metindek muzlaydi yerlar.
Esimda: bolalik, kulba, qahraton…
Zotiljam qiynardi sizni tunu-kun.
Shundanmi, men qishni koʻraman yomon,
Shundanmi, u mudom dilim qilar xun.
Shundanmi, gʻashlanar koʻnglim shubhasiz,
Qishda goʻyo mudom siz dard chekasiz.
XXV
– Qara, toʻrt tomoning – togʻlar purviqor,
Shifobaxsh maskan bu – lojuvar havo!
– Bas, mening koʻnglimni yayratmas zinhor
Onamning qadami yetmagan maʼvo.
– Qara, bu buloqmas – hovuch-hovuch nur,
Undan ichgan tanda gʻubor yotmagan!
– Mening uchun qandogʻ moʻtabar boʻlur,
Axir, onam undan bir bor totmagan.
– Qara, bu ne shukuh – jarlar tubidan
Yol tarab yugurar yovvoyi soylar!
Faqat yuragingda sening qadar-gʻam,
Senga joʻndir mudom bu koʻrk-chiroylar…
– Oh, netay koʻnglimga berolmas malham,
Onamning nazari tushmagan joylar.
XXVI
Koʻksimda gʻam-hasrat junbushi tindi,
Mijjamni koʻz yoshlar kuydirmas bot-bot.
Ruhimga nihoyat halovat indi,
Balki taskin berdi, yupatdi hayot.
Eritdi nimadir koʻnglimning muzin,
Judolik hasrati – achchiq xotira.
Mungʻaysam, qoshimda girgitton qizim,
Meni yeru koʻkka ishonmas sira.
Hayot omadlardan garchi qismadi,
Garchi umr gʻaznam – olqish, hamd-sano;
Men-chun nurlanmasin nechogʻ qismatim,
Oddiygina shu baxt baridan aʼlo:
Ona, taqdir meni siyladi yuksak,
Qizim sizga oʻxshar, biram kuyunchak.
XXVII
Toʻkildi qogʻozga sheʼrlarim bir-bir,
Qoldimi yurakda aytilmagan gʻam?
Ammo hijronni men etib koʻp zikr,
Koʻnglim hamrozidan soʻz ochmabman ham.
Oltin ostonamiz u bosgan kezda –
Kelinlik libosin qay kun yopindi.
Ota makonimga, onajon, sizga
Mening qavatimda turib topindi.
Bildim umr – sinov, har kun – bir dovon,
Sochga oq qoʻnmoqda, dilda – hoy-havas.
Bizlar bir-birimiz avaylab har on,
Nurli ayyomlarga yeta olsak bas.
Shoyad sevganimdek men sizni, ona,
Boʻlsa bolalarim unga parvona.
XXVIII
Qabriston yonidan har gal oʻtganda
Sezdirmay koʻzimning yoshin artaman.
Ezgu odatimni qilmayin kanda,
Duo oʻqib kaftim yuzga tortaman.
Soʻnggi ruxsoringiz yodimda mangu,
Tasavvur qilaman shundogʻ har dafʼa.
Inson koʻz yumgach yoʻq boʻlar derlar, bu–
Xudosizlar oʻylab topgan falsafa.
Goh hapriqtirib qoʻyganda hayot,
Goho dil toʻlganda alam-angizga,
Soʻrab oʻzingizdan yoʻriq va najot,
Kelaman bosh egib sagʻanangizga.
Men uchun yoʻq boʻlib ketmassiz zinhor,
Qoʻllaysiz har ishda boʻlib madadkor.
Mirpoʻlat MIRZO
https://saviya.uz/ijod/nazm/onajon-2/