Jak Iv Kusto hikmatlaridan
- Imkonsiz tuyulgan ishlarni uddalashni muvaffaqiyat deyish mumkin.
- Agar mantiqqa bogʻlanib qolganimizda, kelajak bizga afsus-nadomatlar olib kelardi. Mantiqdan muhimroq narsalar bor. Biz odamlarmiz. Eʼtiqod va umidga egamiz, mehnat qila olamiz.
- Birinchi qadamni tashlashga qiziquvchanlik turtki beradi, uning ortidan esa ilm ergashadi.
- Haqiqiy boylik – hayotning oʻzi va qizgʻin faoliyatdir.
- Suvda yoki quruqlikda bajarayotgan amallarimizning qadr-qiymati boylikka intilish bilan emas, insonga hurmat koʻrsatish bilan baholanishi kerak. Dengiz ustida ham, tubida ham asosiy tashvishimiz insoniyatning kelajagi boʻlishi zarur.
- Bolalik – umrning eng mazmunli davri.
- Baliqning xatti-harakatlarini kuzatishning eng yaxshi yoʻli – baliq boʻlish.
- Girdob va hayot bir narsa ekanini unutib qoʻydik.
- Yer inson qoʻlidan butun tarixiga nisbatan XX asrda koʻproq aziyat chekdi.
- Odam ahmoqlik qilishni istaganidagina aqlidan foydalana boshlaydi.
- Dengiz – odamzotning yagona ilinji. Bu fikr har doimgidan koʻra bugun oʻz tasdigʻini topyapti – chunki barchamiz bitta qayiqdamiz.
- Men bir safar okean kasal, lekin hech qachon oʻlim toʻshagida boʻlmagan, degan edim. Okeanda oʻlik joy yoʻq – unda hamisha hayot hukmron. Lekin u yildan yilga kuchsizlanib boryapti.
- Agar tanlagan yoʻlimizdan ketaversak, bizni ochkoʻzlik adoyi tamom qiladi. Yoʻnalishni oʻzgartira olmasak, tez orada Yer yuzidan yoʻqolamiz, oʻrnimizni qurt-qumursqalar egallaydi.
- Qanchalik keng boʻlmasin, biror-bir akvarium, biror-bir sunʼiy suv havzasi dengizdagi tabiiy sharoitni yarata olmaydi.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 8-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/bolalik-umrning-eng-mazmunli-davri/