1
Andijon – Moskva poyezdi Toshkentga barvaqt kelarkan. Kechasi vagonda tanishgan xushqad, xushsurat, xushchaqchaq loʻli yigit Hikmatilloni uygʻotib, chamadonini vokzal maydonigacha koʻtarishib chiqdi. Xayrlasharkan, ogʻizdan tamaki va aroq hidini buruqsitib, yelkasidan quchdi:
– Xizmatdan qaytayotganingda Saratovga kirib oʻt, serjant! Partizan koʻchasi – 96. Qaynisinglimni koʻrding-ku, husnda tanho! Oʻziyam qizmisan qiz-da! Quyib qoʻygan oʻzbechka! Xotinlikka olsang keyin xursand boʻlasan. Sen emas, u seni boshiga koʻtarib boqadi. Labbay?
Loʻli yigit Hikmatilloning kaftini chap qoʻliga olib, oʻng qoʻli bilan sharaqlatib urdi-da, poyezdga qarab yugurib ketdi.
Gʻira-shira qorongʻilikda shahar aniq koʻrinmas, faqat harir tuman ortida olis-olislarga qanot yozgan ulkan shahar emas, hisobsiz yulduzlar sochilgan sokin dengiz mavj urar edi…
Salqin. Lekin sovuq emas. Hikmatillo xizmat qilayotgan Novosibirsk tomonlarda hozir qor tizzadan keladi, har holda ikki hafta oldin, u otpuskaga ketayotganda, shaharni qalin qor bosgan, bu yerda, Toshkentda esa hanuz kuylakchan yursa boʻlardi…
Shahar uygʻonmoqda edi. Ana, asfaltda ogʻir sirpanib, elektr simlarini vizillatganicha ketma-ket ikkita trolleybus keldi, qoʻngʻiroqlarini yoqimli jiringlatib tramvay oʻtdi, oqish tuman orasida yalt-yalt etgan simob qatralari – yengil mashinalar koʻpaydi…
Xikmatillo chamadonini qoʻliga oldi-yu, yana yerga qoʻydi. Anor, olmaga toʻla chamadon zil-zambil edi. Sandikday keladigan bu besunaqay chamadonni ham, olma-anorni ham oyisi olishga majbur qildi. Hikmatullo safar chogʻi ogʻir yukka sira toqati yoʻq, otpuskaga kelishda ham bejirimgina yengil chamadon sotib olgan edi. Lekin joʻnashda oyisi: “Qaytib borganingda yor-birodarlaring qoʻlingga qaraydi. Uyalmay ikki qoʻlingni burningga tiqib kirib borasanmi, bolam?” deb, shu besoʻnaqay chamadonni mevaga toʻldirib berdi… Hikmatullo Toshkentda faqat bir kun turmoqchi, shaharni tomosha qilib, texnikumda birga oʻqigan yor-birodarlarini koʻrib ertaga uchib ketmoqchi edi.
Poyezdda ketmaydigan boʻlgandan keyin chamadonni vokzalda qoldirgisi kelmadi, lekin aeroportga opchiqib qoʻyib, ovora boʻlib yurishga ham toqati yoʻq edi, oʻylab turib, Xosiyat ayanikiga borishga, – Hikmatullo sal kam uch yil ayaning uyida ijaraga oʻtirgan edi! – chamadonini kampirnikida qoldirib, keyin shahar aylanishga qaror qildi-da, navbatga turib taksiga mindi.
Xosiyat aya degan bu kampirning hovlisi Oqtepa dahasi tomonida boʻlib, studentlarga qulay, har qalay texnikumga bitta avtobus bilan borilar edi. Bu joyning daragini Hikmatilloga texnikumni undan ikki yil oldin bitirgan Begimqul degan hamqishloq ogʻaynisi aytgan edi. Kampir boshda Hikmatilloga uncha yoqmagan boʻlsa ham – aya unga birinchi kuniyoq “soʻyloq” deb laqab qoʻygan, bu laqab unga devorga otilgan loydek yopishib qolgan edi – keyinchalik inoqlashib ketib, ikki yildan koʻproq turgan, bultur kuzda, uchinchi kursdan armiyaga chaqirilganida ham shu uydan joʻnagan edi. Hikmatillo bilan birga turgan student joʻralaridan bittasi u bilan birga armiyaga ketgan, ikkinchisi, joyning daragini topgan oʻsha Begimqul edi. Begimqul texnikumni bitirganidan keyin shaharda qolgan, uning ishi besh, bultur uy-joylik boʻlib, uylanib ham olgan edi. Hikmatillo bugun shaharni tomosha qilib, birga oʻqigan yor-birodarlarini koʻraman deganida, birinchi navbatda shu Begimqulni-yu, ayniqsa uning xotini Nilufarxonni oʻylagan edi. Va buning juda chuqur, nozik sabablari bor edi…
Hikmatillo taksi oynasidan endigina uyqudan uygʻonayotgan va nimasi bilandir uyqusiragan odamlarni eslatgan kimsasiz koʻchalar, chiroqsiz uylarga tikilib borarkan, Xosiyat ayanikida boʻlib oʻtgan hangomalar, ayniqsa Nilufarxon bilan boʻlgan mojarolarni eslagisi kelmay, xayoldan ularga qoʻl siltadi-da, oʻzini orqa oʻrindiqqa tashladi.
Taksi Oqtepa massividagi koʻp qavatli yuksak binolar qurshovidan chiqib, pastga, Jarariq tomonga burildi. Shaharni chulgʻab olgan boyagi oqish tuman tarqab, tevarak-atrof charakdab ketgan, bu musaffo havoda oldindagi serdaraxt koʻchalar, toklar bilan toʻsilgan bir qavatli uylar, hovlilar shahar emas, goʻyo ulkan bogʻni eslatardi.
Suv sepilgan asfalt koʻchalariga xazon tushalgan boʻlsa ham, hali yaproqlari toʻkilib bitmagan olcha va giloslar, goʻyo qizil shoyiga oʻralganday tuyulgan qirmizi rang oʻriklar, hanuz sargʻayib bitmagan nim yashil, nim sargʻish tollar, tilla rang teraklar ertalabki begʻubor havoda nafis bir tiniqlik kasb etgan edi.
Hikmatillo ayani muyulishda, uyga yetib qolganda koʻrdi. Mahalla doʻkonida qorovullik qiladigan aya ishdan qaytayotgan boʻlsa kerak, oyogʻida ogʻir kirza etik, egnida paxtali fufayka, yelkasida miltiq, chollarday vazmin, bamaylixotir odimlab kelardi. Taksi tanish darvoza oldida toʻxtab, Hikmatillo chamadonini olguncha, aya ham halloslab yetib keldi.
– Hoy, bu kim desam, senmiding, suyloqqinam? Voy aylanib ketay darozginamdan? Kechasi bilan koʻzim uchib chiquvdi-ya! Voy boʻyginangdan ayang oʻlgirsin!
Aya pildirab kelib Hikmatilloning yelkasini qokdi, peshanasidan oʻpdi. Kechasi uxlamagandanmi, kampirning koʻzlari kirtaygan, katta choʻqqi burnining ikki chetidagi, peshonasidagi ajinlari chuqurlashgan, oʻziyam xiyol choʻkkan, eski tivit roʻmolidan chiqib turgan sochlarining oqi koʻpaygan edi. Eshikni koʻk triko kiygan, koʻkraklari lorsillab, kiyikday dik-dik sakrab turgan bir qiz ochdi, hovlining etagida yana bir triko kiygan yosh qiz xodaday uzun oyoqlarini navbatma-navbat koʻtarib, oqqushning boʻyniday nozik, oppoq qoʻllarini oʻynatib, mashq qilmoqda edi.
– Yigitlar ketib, kunim mana shu dikang-dikanglarga qoldi. Kecha-yu kunduz echkiday sakrashgani sakrashgan… – Aya Hikmatilloga oʻgirilib qaradi-yu, kirtaygan koʻzlarining atrofidagi ajinlarini qat-qat qilib, iljaydi… – Umringda qiz zotini koʻrmaganmisan, nima balo? Koʻzing bilan yeb qoʻyding-ku, annanaylarimni!.. Senlar ham hadeb suzilavermay kitoblaringga qaranglar! Bu mening oʻgʻlim boʻladi. Senlardan oldin shu oʻyda turgan. Istudent. Qani, yura qol, aynanib ketay, suylogʻimdan!
Ayaning “suyloq” degani gʻashiga tegsa ham, Hikmatillo qizlarga qarab, bir iljayib qoʻydi-da, kampirning orqasidan yurdi. Ular chap tomondagi oldi ayvon, oʻrtasi dahliz, ikki xonali uyga kirishdi. Xonalar Hikmatillo ketganda qanday boʻlsa shunday-hali ganch suvoq ham qilinmagan, jihozlar ham oʻzgarmagan, faqat… batareyalar oʻrnatilgan edi!..
– Topgan-tutganimning hammasini shunga yaratdim, – dedi aya, batareyalarni xuddi nevarasining boshini silaganday mehr bilan silab, AGV degan pechkasi boʻlar ekan… Voy bu oʻlgurni qidirib yurib topganlarimni aytib beraversam… misoli bir ertak deysan. Bormagan joyim, kirmagan idoram qolmapti. Axiyri bittasiga jindek pul qistirib, yoʻqni yoʻndirib oldim! Umrimda shu ishni qilmagan edim, shu safar qildim, soʻyloq…
Kampir bechora yuz ellik soʻm sarf qilib, bu “oʻlgur” AGV uchun alohida bir uycha ham qurdiribdi. Endi faqat bittayu-bitta ish azbest quvur oʻrnatib, pojarniydan spravka olishu, raygazdan master chaqirib yoqtirish qolibdi…
Aya buni gapirarkan, ovozidagi boyagi bolalarcha hayrat, uyqusiz koʻzlarida porlagan quvonch, batareyalarni silagandagi boʻlakcha mehr – hammasi birdan soʻnib, ovozida, hatti-harakatlarida kutilmagan bir xorgʻinlik paydo boʻldi.
– Gazga borsam navbat kutasan deyishadi. Bu navbati oʻlgur qish oʻtib, yozdayam kelmaydiganga oʻxshaydi. Quvur topib, bozordan usta opchiqa qolay desam… oʻz ustasi boʻlmasa pojarniysi bor boʻlgur ispravka bermasmish. Isparavkasi boʻlmasa raygazi tushmagur yoqib bermasmish!..
Aya, boshini sarak-sarak qilib, yana gʻalati kulimsiradi.
– Yemay-ichmay orttirgan besh-olti soʻm pulim bor, bitta-yarimtasining jigʻildonga ura qolay desam, oʻsha bittasi kim, bilmayapman!
Hikmatillo negadir yuragi zirqirab, ayaning iltijoli koʻzlaridan koʻzini olib qochdi.
Juda qiziq odam-da, bu kampir!
Uning tuppa-tuzuk joylarga tushgan qizlari bor, lekin aya ular bilan koʻp bordi-keldi qilavermaydi, “qiz bola birovning xasmi, iloyim borgan joyida oʻzidan tinsin”, deb, yordam ham soʻravermaydi, biri kichikroq, biri kattaroq ikki uydan iborat shu ota-meros hovlida kenja oʻgʻli bilan turadi.
Eri frontda halok boʻlib, tul qolgan aya urush yillaridan beri mahalla doʻkonida qorovullik qiladi, qahraton qish kechalarida oyogʻida piyma, egnida qoʻy terisidan tikilgan ogʻir poʻstin, yelkasida miltiq, doʻkon, doʻkongina emas, butun mahallani aylanib yuradi… Kenjatoy esa… oʻttizlarni urib qoʻygan jingalak soch, soxt-sumbati kelishgan Kenjatoy esa qaysi bir ekspeditsiyada ishlaydi, umrining yarmi dalada, togʻ-toshlarda oʻtadi, shaharga qaytgan paytlarida, nihoyatda sipo kiyinib, pardoz-andozni oʻrniga keltiradi-yu, lekin kampirga bir tiyin ushlatmaydi, balki undan, hatto ijaraga oʻtirgan studentlardan qarz olib yuradi, topgan-tutganining hammasini qizlarga, maishatga sarf qiladi. Aya bechora boʻlsa qorovullikdan olgan maoshi va studentlardan tegadigan pulni tishining kavagida asrashga tirishadi, bir tiyin topsa yemay-ichmay uy-joyiga sarf qiladi, qishin-yozin dam suvoqchi, dam duradgor, dam tunukasoz yollab, xalloslab yuradi, lekin uchastkasi qurmagur sira bitmaydi, bir ishni tugamasdan, ikkinchisi navbat kutib turadi…
Hikmatillo gazchi boʻlmasa ham, qurilish texnikumida bu narsalarni ozmi-koʻpmi oʻrgangan, kampirning ishi qiyin emasligini koʻrib turardi. Bitta uch metrlik azbest quvur bilan unga kiydiriladigan xomut deganlari-yu, quvurni yogʻochga tekkizmay ushlab turadigan toʻrttagina kalta temir boʻlsa bas, bir-ikki soatda hech bir gazchi nuqson topolmaydigan quvurkon yasab berish mumkin. Ayaga rahmi kelganidan bu fikr birrov koʻnglidan ham oʻtdi. Lekin… birinchidan, bor-yoʻgʻi bir kungina vaqti boʻlsa-yu, yor-birodarlarini koʻrish, sogʻingan shaharini tomosha qilish oʻrniga, kuni shu bemaza ish bilan oʻtsa… Ikkinchidan, boringki, bu ishga kirishsin, lekin dolzarbda materialni qayoqdan topadi? Eng muhimi… boya qizlar oldida “soʻyloq” degani uchunmi, yo eshikdan kirmasdan turiboq uchastka mashmashasini boshlagani uchunmi, ishqilib, aya uning gʻashini keltira boshlagan edi. Axir Hikmatillo oz-muncha kuch sarf qildimi bu uchastkaga? Ogʻzidan ona suti ketmasdanoq ota kasbi ustalikka mehr qoʻygan Hikmatillo bu uchastkaga ozmuncha ter toʻkdimi? Suvoq-puvoq u yoqda tursin, tandir-oʻchoqniyam oʻzi qurib berdi, ayaga! Aya ham uni shuning uchun yaxshi koʻradi, yaxshi koʻradi-yu, gulday qizlarning oldida soʻyloq deydi! Soʻylogʻim mayliya, “soʻyloqqinam”ga balo bormi?.. Hikmatillo gapni chalgʻitish uchun:
– Kenjotoyingiz qani? – deb soʻradi: – Yordam bersa boʻlmasmidi?
Kampir chuqur hursinib “AGV”ning eshigini yopdi.
– Kenjatoyim bor boʻlsin, ishqilib! Koʻklamda Qizilqumga ketgan. Oltin qidirarmish… Omon boʻlsin ishqilib, – takrorladi aya. U oʻziyam uchastka gʻavgʻosini boshlab, Hikmatilloning gʻashiga tekkanini sezdi shekilli:
– Moʻrisiyam qurib ketsin, – deb kuldi. – Kelmasingdan burun miyangni qoqib qoʻlingga berdim… Uyga kir, girgitton, hozir samovarga choʻgʻ tashlayman…
Hikmatillo soatiga qaradi: sakkizdan chorak oʻtgan, hovli etagidagi qirmizi rang olchalarga oftob tushib, ulkan gulxanday lovillab yona boshlagan edi.
– Rahmat, aya, vaqtim ziqroq, shaharga chiqay…
– Qachon kelasan boʻlmasa? Doʻppidakkina osh qilib qoʻyaman, aylanib ketay…
– Rahmat, ovora boʻlmang, – dedi Hikmatillo, lekin ayaning astoydil xafa boʻlishini sezib, barvaqtroq qaytishga vaʼda berdi.
Aya uni darvozagacha kuzatib chiqdi. Hikmatillo yana bir bor kechikmaslikka vaʼda berib, jadal yurib ketdi-yu, kampirning: “Soʻyloqjon!” deb chaqirganini eshitib, ensasi qotib toʻxtadi. Kampir unga tomon pildirab kelardi.
– Qaysisidan olay, girgitton?
– Nima? – tushunmadi Hikmatillo.
– Oqidanmi, qizilidanmi, qaysisidan olay deyman, ayang urgilsin?
Hikmatillo beixtiyor kulib yubordi.
– Keragi yoʻq, aya. Bilasiz-ku, ichmayman.
– Sallot boʻlib ham ichishni oʻrganmadingmi? – dedi kampir. – Voy oʻrgilib ketay sendan! Koshkiydi mening kenjatoyim ham senday boʻlsa…
Ayaning “soʻyloqjon”i bir boʻldi-yu, bu gapi bir boʻldi. Hikmatillo ichida yana bir kulimsirab qoʻydi-da, yengil odimlab ketdi. Faqat bir narsa koʻnglini sal xijil qilib turar, u ham boʻlsa ayaning gaz quvuri edi!.. Xikmatillo bir-ikki soat vaqtini ayamay, kampir bechoraning ogʻirini yengil qilib duosini ola qolsa boʻlardi! U ikki haftalik otpuskasini ham qishloqda ish bilan oʻtkazdi. Zotan, u otpuska soʻramoqchi emas edi, bundan yigirma kunlar muqaddam, qishloqdan dadasining ogʻir kasalligi toʻgʻrisida telegramma oldi, toʻgʻrirogʻi, telegrammani olgan batalon shtabi boshligʻi uni chaqirib, shu xabarni aytdi-yu, tayyorlab qoʻyilgan hujjatlar va hatto samolyot biletini qoʻliga tutqazdi. Hikmatillo shtab boshligʻining qoʻlidan hujjatlarni, ayniqsa oldindan taxt qilib qoʻyilgan samolyot biletni olayotgan paytidayoq vujudini sovuq ter bosib, titrab ketdi. Lekin to uylariga kirib borguncha, to eshiklari oldida namat yozilgan supani – bu supani dadasi rahmatlik oʻzi qurgan edi! – va supada xuddi kattalarday belini bogʻlab oʻtirgan oʻn toʻrt yashar ukasini koʻrmaguncha, mudhish shubhalarni dilidan quvib, oʻzini har narsaga alahsitib bordi… Lekin supada xuddi kattalarday belini bogʻlab, yolgʻiz mungʻayib oʻtirgan ukasini koʻrib yuragidagi bir murvati choʻrt singanday boʻldi-da, ovozini boricha oʻkirib yubordi…
Dadasi qishloqda mashhur usta edi. U hali oltmishga ham bormagan, qotmadan kelgan, miqti odam edi. Hikmatillo soʻnggi yillarda dadasining qon bosimi oshib, tez-tez xastalanib yurganini bilar, lekin bu kasal bunday ogʻir fojiaga olib keladi degan oʻy yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi!
Dadasi ishlab turgan joyida, yangi idora binosiga sarrov solayotgan paytida nimadir boʻlib tomdan yiqilib tushibdi…
Hikmatillo ukasini maktabga joʻnatib, bir-ikki kun belini bogʻlab eshikda, namat yozilgan supada oʻzi oʻtirdi. Soʻng, yeng shimarib ishga kirishdi. Boʻzchi belboqqa, temirchi taqaga yolchimas, deganlaridek, marhum dadasi ham, bor kuchini kolxozdagi qurilishlarga sarflab, oʻz roʻzgʻoriga deyarli qaramas edi. Hikmatillo eshik-romlarni tuzatdi, singan shiferlarni almashtirdi, yangi oshxona qurib berdi.
Hikmatillo qurilish texnikumida oʻqib yurgan chogʻlarida ham qora ishdan sira qochmas, yozgi taʼtil paytlarida toʻgʻri kelgan ishni qilib ketaverar, gʻisht desa, gʻisht terar, ganch suvoq desa, ganch suvoq qilar, eshik-derazalarni moylash kerak boʻlsa, moylab, pol qoqish boʻlsa, pol qoqib ketaverar edi. Hunar, hunardan unar, deganlaridek, hunari armiyada ham qoʻl keldi. Uni dab-durustdanoq qurilish bataloniga olishdi, besh-olti oy oʻtmasdanoq prorab boʻldi, “serjant” degan unvon oldi, bir-ikki oy boʻldi, oyiga yuz soʻmdan oshirib pul ishlaydi. Mana endi, dadasining vafotidan keyin, oyisi toʻrtta ukasi bilan yolgʻiz qolganini hisobga olib, uni xizmatdan ozod qilishlari ham mumkin. Har qalay, kolxoz rahbarlari voyenkom orqali uning qismiga murojaat qilishadigan boʻlishdi. Bordi-yu, xizmatdan boʻshatishmagan taqdirda ham, Hikmatillo oyisiga oyida ellik-oltmish soʻm yuborib turishiga qurbi yetadi. Ilgari bu pulni uning qoʻliga berishmas, tegadigan maoshidan ovqati bilan kiyim-kechagiga bosib qolishardi-yu, qolgan ellik-oltmish soʻmini uning omonat daftarchasiga oʻtqazib qoʻyishardi. Hozirning oʻzida Hikmatilloning omonat daftarchasida toʻrt-besh yuz soʻm puli bor. Xizmat joyiga qaytib borishi bilan u dadasining vafoti tugʻrisidagi xatni koʻrsatib, bu pullarni oyisiga joʻnatmoqchi… Ha, ishlagan oʻzar, ishlamagan toʻzar, deganlaridek, mehnat qilgan odam xor boʻlmas ekan… Ayaning quvurini oʻrnatib bera qolsa ham bir joyi kam boʻlib qolmas edi! Aya ham uning oʻz onasiday beva. Eri urushda halok boʻlgan mushtipar ayol.
Aya birinchi qarashda juda qoʻrs, gap-soʻzlari dagʻal tuyulsa ham, aslida koʻngli boʻsh, bebaho ayol. Bir tomondan, ayaning oʻrnida… qoʻrs boʻlmayam koʻrsin-chi, odam?
Hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan paytida umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan jufti halolidan ayrilib tul qolish, boshqa er qilmay, xotin boshiga qorovullik qilib, tirishib-tirmashib yurib, uch farzandini oyoqqa qoʻyish osonmi?..
Ha, Hikmatillo aya bechoraning mushkulini yengil qilib, duosini ola qolsa boʻlardi. Lekin… birinchidan, kampir bechoraning azbest quvuri-yu, boshqa ashqol-dashqollari yoʻq, ikkinchidan… bir kun, hammasi boʻlib bir kungina muhlati bor! Axir u Toshkentni, salkam uch yil yashagan, eng shirin, eng masʼul studentlik yillari oʻtgan bu bagʻri keng, tuqqan onaday mehribon, saxiy shaharni shunday sogʻingan, shunday sogʻingan!..
Hikmatillo “Boʻzsuv” koʻprigiga chiqib, temir panjaraga suyandi. Suv, xuddi koʻklamidagidek limmo-lim toʻlib, ariq boʻylaridagi majnuntol shoxlarini silab-siypab, sokin oqar, uning osmonday tiniq sathidan yuz xil – tilla rang, toʻq qizil, ggushti rang, nim yashil, nim sariq yaprokdar qalqib oqardi…
Ajabo, bundan ikki yarim-uch yil muqaddam, Hikmatillo texnikumga kirish niyatida imtihon topshirib yurgan paytlarida bu atrof bunchalik serbino, sershovqin emas, har holda sal nariroqlarda, “Boʻzsuv” boʻylarida, kishining bahri dilini ochuvchi yalangliklar, shoxlari dehqonlarning qoramtir qoʻllarini eslatuvchi oʻrik va oʻrikzorlar, sersoya yongʻoqzorlar, soʻlim jiydazorlar boʻlar, bolaligi kengliklarda oʻtgan Hikmatilloga oʻxshagan yosh-yalanglar kirish imtihonlari davrida oʻsha yalangliklarga, oʻrikzorlarga chiqib dars tayyorlashar edi… Qarang, atigi uch-toʻrt yil ichida hamma yoq bino, hamma yoq qurilish boʻlib ketibdi!..
Hozir, xuddi bahordagiday iliq oftobning allaqanday xushchaqchaq yogʻdusida koʻp qavatli binolar, koʻchalar, “Boʻzsuv”ning chap sohilidagi doʻngalak maydon – hammasi yashnab ketgan, binolarda rang-barang bayroqlar, hali yozuvlarining boʻyogʻi oʻchmagan tiniq matolar hilpirab turardi. Nega hamma yoq alvonga toʻlib ketgan? Ha, aytmoqchi, yaqindagina birvarakayiga ikki katta bayram oʻtdi-ku!
Ellik yillik toʻy-tantanalarini Hikmatillo oʻz qismida, televizorda tomosha qilgan edi. Oʻshanda, kechasi batalon klubida oʻtirib, soldatlar davrasida Toshkent koʻchalarini, gul-gul yashnagan Qizil maydoni va maydonni toʻldirgan qandaydir juda tanish, juda yaqin odamlar oqimini, ayniqsa karnay sadolari ostida oʻynab borayotgan atlas koʻylakli qizlarni koʻrganida va nihoyat doʻstlarining: “O-o, oʻzbechkalar ja boshqacha boʻlar ekan-ku! degan xitoblarini eshitganida, Hikmatilloning qalbi toshqinday jilovsiz bir quvonchga toʻlib, koʻzlaridan yosh chiqib ketgan edi! Oʻshanda Hikmatillo bu koʻrsatuv tong otguncha davom etishini istagan edi. Lekin koʻrsatuv tezda tugab qolgan va bundan ranjigan Hikmatillo boshqa koʻrsatuvlarni tomosha qilgisi kelmay, xonadan chiqib ketgan, sogʻinch tuygʻusidan yuragi orziqib tashqarida allamahalgacha tanho aylanib yurgan edi…
Kishi kindik qoni toʻkilgan, bolaligi va yoshligi oʻtgan joylarning qadrini olislarda, judolikda bilarkan. Mana oʻsha, Hikmatillo kechalari tushlarida koʻrgan, har eslaganda yuragi bir hapriqqan tanish koʻchalar, sohillar, maydonlar!.. Bugun u hammasini koʻradi. Birinchi navbatda oʻsha televizorda koʻrsatilgan va aytishlaricha juda oʻzgarib ketgan Qizil maydonga boradi. Anhor sohilini, oʻtgan yili shu mahalda, yoʻq, bundan sal oldinroq Nilufar bilan yetaklashib yurgan anhor boʻylarini aylanadi…
Nilufarni eslaganda yuragi bir oʻynab ketdi, – yana oʻzidan kulib qoʻydi. Endi unga baribir emasmi? Goʻyo oʻz polizidan yovvoyi oʻtlarni yulib tashlagan dehqonday, u ham Nilufarni oʻz koʻnglidan allaqachon uzib tashlagan emasmi? Uzib tashlagan! Garchi yuragi qon qaqshagan boʻlsa ham, uzib tashlagan! Nega boʻlmasa uni eslashi bilan, oʻz ixtiyoriga qarshi yana koʻngli bir xil boʻlib ketdi, Nega Begimqulni yoʻqlab boraman deb oʻzini aldaydi? Aslida Begimqulni emas, bu birda samimiy, birda nosamimiy, birda mard, birda nomard hamqishlogʻini emas, Nilufarni koʻrishga shoshayotgani yoʻqmi? Ha, shunga shoshyapti! Lekin… xudo ursin agar… uni sogʻingani uchun, yuragi unga qarab talpinayotgani uchun emas, qiziqqani uchun koʻrgisi kelyapti…
2
Nilufar bilan u bultur kuzda, armiyaga ketishidan bir-bir yarim oy muqaddam, paxtada tanishgan edi. Nilufar meditsina texnikumida oʻqir edi. Qurilish texnikumi bilan bu texnikum “Oʻzbekiston” sovxoziga tushgan, bir oy birga boʻlgan edi. Kimdir bu ishni xuddi bilib, xuddi ataylab qilganday boʻldi, chunki qurilish texnikumida qizlar juda kam, medtexnikumda esa, aksincha, yigit zoti anqoning tuxumi edi. Har ikkala tomon domlalarining, aniqsa medtexnikum domlalarining oʻz talablarini ehtiyotlashga, “yomon koʻzlardan asrashga” urinishlari zoye ketdi, ularning irodasidan zoʻrroq pinhoniy bir kuch ikkala tomonni bir-biriga tortar, kechalari qizlar yotogʻi qamalga olinar, yon-veridagi bogʻlar, daraxtzorlar, paxtazorlar yashirin uchrashuv, boʻgʻiq kulgi, sogʻingan qalblarning visol makoniga aylanardi…
Qurilish texnikumi yigitlariga xudo oʻzi inʼom etgan bu kutilmagan baxtdan Hikmatillo bebahra edi. U oʻz brigadasida oshpazlik qilardi. Sovxoz markazi olisroq boʻlgani uchun unga bitta ot-arava ajratilgan, u shu aravada ham oziq-ovqat, ham suv tashir, ham ovqat pishirardi. Kechqurunga borib, daladagi terimchilardan beshbattar charchab, sulayib qolardi-yu, yotoqqa qaytgach, bosh qashishga holi yoʻq, toʻshakka tappa tashlardi.
Suvni u odatda tushdan keyin tashir, bochkani aravaga ortib, toʻgʻri paykalga olib borar, ariq yoqalab yurib, terimchilarga bir bordoqdan suv ulashib chiqardi.
Bir safar Hikmatillo medtexnikum qizlari qurshoviga tushib qoldi-yu, hash-pash deguncha bir bochka suvidan ayrildi-qoldi. Birinchi boʻlib, suv soʻrab uning yoʻlini toʻsgan qiz shu Nilufar edi!
Oʻshanda, nozik boʻy-bastiga juda yarashgan koʻk triko va yengsiz guldor kofta kiyib, boshini novvot rang durra bilan tangʻib olgan, koʻzlari allaqanday chaqnab turgan bu shoʻx, yulduz issiq qiz paykaldan chopqillab chiqib:
– Akajon, bir krujka suv bering, – deb yoʻlini toʻsganda, Hikmatillo aravadan qanday sakrab tushganini bilmay qoldi.
Lekin qizi tushmagur bir bordoq suvni ichib boʻguncha, paykaldagi boshqa qizlar ham, xuddi oʻrikka yopirilgan bir gala chugʻurchikday chugʻurlashib kelib, aravani qurshab olishdi-yu, yuz ellik litrlik chogʻroq bochkani bir tomchi qoldirmay qurgʻatib berishdi!..
Shu-shu Hikmatillo, garchi qoracha yuzida doim kulgichlari oʻynab turadigan bu lobar qizni koʻrgisi kelsa ham, hamshira qizlar paykalini imkon boricha chetlab oʻtadigan, yoʻlini toʻsmoqchi boʻlgan qizlar paxtazordan yugurishib chiqayotganini koʻrgudek boʻlsa, otini qamchilab, choptirib oʻtib ketadigan boʻldi. Bunday qilmasdan chorasi ham yoʻq, suv ancha olisda edi!..
Bir kuni qiziq boʻldi: odatdagiday tushdan keyin aravada suv olib kelayotgan Hikmatillo yoʻl boʻyida bir toʻp qizlarni koʻrib qoldi. Ularni chetlab oʻtish qiyin edi. Hikmatillo, garchi, bochkadagi suv sachrasa ham, har safargidek otini qamchilab choptirib oʻta boshladi-yu, ariq yoqasidagi qizlarning:
– Akajon! Yordam bering, akajon! – degan xitoblarini eshitib beixtiyor otining jilovini tortdi.
Haqiqatan, yoʻl boʻyida, toʻgʻrirogʻi, katta oʻqariqning narigi tomonida, yuzi doka roʻmol bilan yopilgan bir qiz yerda chalqancha choʻzilib yotar, bir nechta qizlar atrofida parvona edi.
– Akajon, yordam bering! Oʻrtogʻimizni oftob urib, yiqilib qoldi. Yordam bering, akajon!
Aravadan sakrab tushgan Hikmatillo bir xatlab ariqdan oʻtdi.
– Nima qilish kerak?
– Suv bering! Yuziga suv sepamiz! – dedi qizlardan biri.
– Yoʻq, yoʻq, koʻtaring! Tez kasalxonaga oborish kerak buni! – dedi ikkinchisi. – Koʻtarib aravangizga soling. Oftob urgan bu bechorani!
Hikmatillo yerga tiz choʻkib, bir qoʻlini qizning belidan, bir qoʻlini tizzalarining ostidan oʻtkazib, uni dast koʻtardi, koʻtardi-yu, orqada arava tomonda yangragan zoʻr qahqahani eshitdi: bir gala qizlar, odatdagiday chugʻurchuqday chugʻurlashib, aravani qurshab olishgan, biri bordoqdan suv ichar, biri kranni ochib, yuzini yuvar, bir-birlarini quvlashib suv sepishishar edi!
Hikmatillo nima qilishini bilmay, ariq tomon yurdi. Shu payt qoʻlidagi qiz ham xandon otib kuldi-da, yuzidagi doka roʻmolni yulib olib, dik etib yerga tushdi. Bu oʻsha, doim noz bilan kulib turadigan, oʻynoqli, lobar qiz edi! U oftobda qoraygan yuzida yana ham oqroq tuyulgan sadaf tishlarini yarqiratib, bitta-bitta terilgan qoshlarini chimirib, shoʻx tikilib turardi!
– Shu ham ish boʻldi-yu, – dedi Hikmatillo, qoʻshilib kulishini ham, achchiqlanishini ham bilmay.
Qiz porlab turgan koʻzlarini sal suzib:
– Nahot bizdan bir krujka suvingizni qizgʻansangiz? – dedi yarim araz, yarim noz bilan. U Hikmatilloga shunday yaqin turardiki, yengsiz koftasini turtib chiqqan boʻliq koʻkraklari yigitning koʻksini tobora yondirib borar, umrida birinchi marta qiz quchgan sodda qishloq yigiti butun vujudi bilan hozirgina ogʻushida boʻlgan qizning allaqanday silliq, durkun gavdasini his etib, titroqqa tushgan edi!..
– Yoʻq, nega qizgʻanar ekanman? – dedi u entikib. – Bu bir bochka ekan-ku, yuz bochka suv sadaqa sizga!
– Rostdanmi, yoqib qoldimmi sizga? – Nilufar shunday deb, arava atrofida chugʻurlashayotgan dugonalariga yuzlandi:
– Qizlar! Qurilish texnikumining nozaninlari dod desin! Bugundan boshlab bu yigit bochkasi-yu, ot-aravasi bilan bizniki!
– Asir tushirdingmi, Nilu! Molodets! Ura!
Qizlar yugurishib kelib, oldin Nilufar, keyin Hikmatilloning yuziga suv sepishdi, ishdan bezgan takasaltanglarga bahona topildi, ikkalasini oʻrtaga olishdi.
Oʻsha oqshom Hikmatillo, birinchi marta, garchi ishdan charchab qaytsa ham – u yana bir marta suvga borishga majbur boʻlgandi oʻshanda – odatdagiday tappa tashlamadi, soqol-moʻylovini qirtishlab, sochini tarab, bitta-yu, bitta tuzukroq kostyumini kiyib, qizlar yotoqxonasi tomon ravona boʻldi…
Odatda, yigitlar ikki toifaga boʻlinadi. Birinchi toifa yigitlar uchun sevgi muammosi, yaʼni qizlar bilan tanishish, ularga muhabbat izhor qilish muammosi umuman yoʻq, ular qizlar bilan oson tanishib, osongina, iztirobsizgina ajrashib ham ketaverishadi. Ikkinchi toifa yigitlar uchun bir narsa nihoyatda qiyin muammo boʻlib tuyuladi, bolalikda qizlar davrasida kam boʻlgan, tabiatan tortinchoq, hatto qizlarga yaqinlashishini “uyat” deb tushunadigan bu toifa yigitlar, er yetganda ham qiz zotidan iymanib, ularga yaqinlashishdan choʻchib, dovdirab, qisinib yurishadi. Lekin bu toifa yigitlar bir tanishgan qizga qattiq koʻngil qoʻyib, qattiq sevib qolishadi. Shu sabab, ular uchun judolik ham katta iztirobga aylanadi. Hikmatillo shu ikkinchi toifa yigitlardan edi.
Nilufar bilan tanishgandan keyin dalada oʻtgan bir oy uning hayotidagi eng masʼud, mehrga tashna qalbini nurga toʻldirgan eng yorugʻ onlar boʻldi. Kechalari ular uchrashgan paxtazorlar Hikmatilloning tasavvurida oddiy paxtazor emas, goʻyo chaman ochilgan nafis gulzor, qurib-qovjirab qolgan gʻoʻzalar gʻoʻza emas, eng xushboʻy, eng tarovatli gullar, sovuq, zimiston kechalar eng iliq, eng nurafshon oqshomlarga aylangan edi… Nilufarning yoqimtoy qiliqlari, jozibali kulgisi, oppoq qoʻllarining qonni koʻpirtiruvchi mayinligi, dam suykanib, dam kiyikday xurkib qochishlari bir umr esida qoldi uning… Shuning uchun ham boshqalarga bir olam quvonch keltirgan paxtadan qaytish xabari unga motam kuyiday sovuq eshitildi…
Ular Toshkentga qayttanlaridan keyin ham tez-tez uchrashib turadigan, birga kinolarga tushadigan boʻlishdi. Ularning munosabatida bir qarashda hech narsa oʻzgarmagan, ayni zamonda nimadir oʻzgargan, boshqacha, Hikmatilloni iztirobga soluvchi yangi tomonlar paydo boʻlgan edi.
Hikmatillo nima boʻlayotganini oʻziyam tushunmas edi.
Nilufar unga ham yoqar, ham allaqanday choʻchitar edi. Dam qizning hamisha kulib, hamisha allaqanday suzilib turadigan koʻzlariday jon olguvchi koʻz, uning qiliqlariday yoqimtoy qiliq, shoʻxligiday shoʻxlik, kishining jon-dilini yayratib, oʻziga rom qilib quyadigan oʻxshovsiz noziday noz olamda yoʻkday, tanhoday tuyular, dam shu shoʻxliklarining oʻzi, gʻalati qiliqlari, koʻchalarda, hatto odam gavjum joylarda ham birovdan tap tortmay uning qoʻlidan sudrab erkalanishlari uni iymantirar, hurkitar, koʻzlarini loʻq qilib boshqa yigitlarga tikilishlari esa rashkini qoʻzgʻar, gʻashini keltirar, iztirobga solardi.
Nilufar texnikumning uchinchi kursida, farmatsevtika boʻlimida oʻqir, Hikmatilloning kayfi buzuq boʻlsa doim: “Dorim bor. Tonusingizni koʻtarib qoʻyaymi?” deb kulardi. U hamisha did bilan kiyinar, umuman nimaiki kiymasin, hammasi unga yarashar, hammasi husnini ochib, gul-gul yashnatib yuborardi. Bu ham Hikmatilloga bir yoqar, bir yoqmas, dilida pinhoniy shubha va rashk uygʻotardi. Hikmatillo, xiyol soddaroq tortinchoqroq boʻlsa ham, qaddi-qomatda bir yigitdan kam emas, Nilufar bilan tanishganidan keyin esa kiyim-kechak, soch, soqol-moʻylovga ham eʼtibor bera boshlagan, faqat tarki odat-amri mahol, tortinchoq va jurʼatsizlikdan, qoniga sut bilan kirgan bu nuqsonlardan sira qutula olmas edi. Shungami, boshqagami, ishqilib, Nilufar bilan shahar kezgan paytlarda oʻzini bir oz gʻarib sezar, nazarida oʻtgan-ketganlarning hammasi ularni bir-biriga solishtirib koʻrayotganday, goʻyo “shunday ketvorgan qiz shu lapashangni topibdi-da!” deyayotganday tuyulardi.
Eng yomoni – ular uchrashganlarida, koʻchalar, xiyobonlar, parklarda… birga yurganlarida gaplari uncha qovushavermas, aksariyat biri bogʻdan kelsa, biri togʻdan kelardi. Hikmatillo oralaridagi bu “boʻshliqni” kino bilan toʻldirmoqchi boʻlar, lekin bu masalada ham aytganlari bir joydan chiqavermasdi.
Hikmatillo serqoʻshiq, serkuy Sharq filmlarini yoqtirar, Nilufar esa, aksincha, bu kinolarni koʻp xushlayvermas, Hikmatilloday “kap-katta odam shunday chuchmal, bachkana, sentimental narsalarni” yoqtirishidan kular, baʼzan hatto jahli chiqardi. Gohida u Hikmatillo hech qachon oʻqimagan, hatto eshitmagan kitoblar haqida soʻz ochib qolar, Hikmatillo qizarib-qimtinib, oʻqimaganiga iqror boʻlsa birdan maʼyus kulib qoʻya qolar, birda yuziga qandaydir sovuq, kibor bir niqob kiyib olardi. Shunday paytlarda Hikmatillo uning oldida oʻzini yosh boladay sezib, esankirab qolardi.
Bir kun qiziq boʻldi.
Ular koʻlda uchrashishlari kerak edi. Hikmatillo borganda Nilufar, qoʻlida oq jildli koʻrimsizgina kitob, koʻlning eng xilvat joyida, majnuntol tagida… yigʻlab oʻtirardi. Shunchaki koʻziga yosh olib emas, yuzini kaftlari orasiga yashirib, yelkalari titrab, rostakam yigʻlab oʻtirardi!
Hikmatillo qoʻrqib ketdi, yoniga choʻkkalab qoʻlidan ushladi.
– Sizga nima boʻldi, Nilu?
Nilufar indamay tizzasida yotgan kitobni unga uzatdi. Bu – Xemingueyning “Alvido, qurol!” degan romani edi.
Hikmatillo shundagina gapga tushunib:
– Qiziqsiz-a, kitobgayam yigʻlaydimi, Nilu? – deb kulgan edi, Nilufar oʻrnidan irgʻib turdi, uning qoʻlidan kitobni yulib oldi-da, oʻzini majnuntollar orasiga urib, yugurib ketdi. Hikmatillo uni katta yoʻlga chiqqanida quvib yetdi, qoʻlidan ushlab toʻxtatmoqchi boʻldi, lekin Nilufar koʻz yoshi aralash:
– Tinch qoʻying meni! – deb qoʻlini tortib oldi-da, darvozaga qarab jadallab ketdi.
Bu voqeadan keyin Nilufar oʻzini Hikmatillodan opqochadigan, uchrashuvlarga kelmaydigan, kelsa ham yozilib gaplashmaydigan boʻldi. Ayni zamonda, Nilufar undan nimanidir kutayotganday, kutgan narsasi roʻyobga chiqmagani uchun ham qoʻrslik qilayotganday tuyulardi Hikmatilloga.
Bir kuni u Nilufarni turadigan uyiga, ayanikiga chaqirdi. Aya bir yoqqa ketgan, birga yashaydigan doʻstlari esa texnikumda navbatchilik qiladigan kun edi. Hikmatillo Nilufarning kelishiga ishonmas, shunchaki uni sinab koʻrish uchungina taklif qilgan edi. Lekin Nilufar keldi. Uyga ham kirdi. Chaqirishga chaqirib qoʻyib, nima qilishini bilmay qolgan Hikmatillo shunday dovdiradiki, na tuzukroq bir gap topa oldi va na tuzukroq muomala qila oldi.
Nilufar eshikdan kirgan joydagi karavotga omonatgina oʻtirdi, tizzasiga yetmagan koʻylagining etagiga charm sumkasini qoʻyib, jihozsiz, torgina xonani koʻzdan kechirdi. U doʻrdoq lablarini sal ximarib, kulimsiraganicha Hikmatilloning xatti-harakatlarini kuzatib oʻtirar, goʻyo undan gʻayri tabiiy bir narsani kutar edi. Uning kutgani boʻlmadimi, boshqami, koʻp oʻtmay, oʻrnidan turdi. Hikmatillo ham oʻrnidan turdi, yuragiga birdan quyilgan qaynoq tuygʻudan hansirab, qizning qoʻlini, erkaklarnikiday katta oltin soat taqilgan oppoq qoʻlini ushladi.
Nilufar qoʻlini tortib olmadi, tegrasiga koʻkish buyoq surtilgan charos koʻzlarini uning koʻzlaridan uzmay, indamay tikilib turar, uning nigohida na bir hadik, na bir hayajon sezilar, aksincha, “qani, yana nimaga qodirsiz”, degan bir savol bor edi. Har qalay, Hikmatilloga shunday tuyuldi-yu, uni oʻziga tortib oʻpdi. Lablari qizning lablariga emas, kulgichlariga toʻgʻri kelib, yana oʻpmoqchi boʻldi, lekin Nilufar oʻzini orqaga tortib:
– Qoʻying, oʻpishniyam bilmas ekansiz! – deb kuldi-da, goʻyo erkalaganday sochlarini tuzgʻitib yubordi.
Yigit kishining hamiyatiga teguvchi bu kesatigʻi bir boʻldi-yu, tirnoqlari boʻyalgan uzun barmoqlarning erkalovchi mayin harakati bir boʻldi. Goʻyo birining zahrini biri oldi.
Bu voqeaning ertasigami, indinigami, Hikmatillo texnikumda navbatchi edi, navbatchilikdan boʻshagach, yotoqda tunab qoldi. Ertalab barvaqt qaytib kelsa… oʻrnida hamqishlogʻi Begimqul yotibdi.
Umri bino boʻlib taroq tegmagan patak sochlarini tuzgʻitib, xurrak otib yotibdi…
Begimqul texnikumni bitirib ketganiga bir yildan oshsa ham, ayanikiga, birga yashagan eski hamtovoqlarini koʻrgani tez-tez kelib turar, aytishicha, qurilishda emas, qurilishdan ham yogʻliroq qaysi bir gazmontaj idorasida ishlar, har kelganida bir toʻrva mayda-chuyda koʻtarib kelib, “stipendiya kutib yotgan mulla mirquruq doʻstlarini mehmon qilib” ketardi.
Bu safar ham quruq kelmagan boʻlsa kerak, stolda konserva qutilari, bir-ikki boʻlak shokolad, boʻshagan shampan bilan yarmidan koʻprogʻi ichilgan shisha konyak turardi.
Hikmatillo oyoq uchida yurib, darsga ketgan sherigining karavotiga oʻtdi, mehmonni uygʻotib yubormay deb ehtiyot harakat qilsa ham, Begimqul karavot gʻichirlaganini eshitib qoldi chamasi, qovoqlari shishgan koʻzlarini ochib ishshaydi-da, qaddini rostladi. U Hikmatillodan ham boʻydor, lekin yelkalari keng boʻlgani uchun miqtiroq koʻrinar, oʻziyam kurashchi, sambo boʻyicha shahar yoshlari oʻrtasida chempionlikni olgan, agar shu qaddi-qomatiga yarasha ust-boshiga ham eʼtibor bersa yigitmisan-yigit boʻlardi!
Begimqul koʻrpani ochib tashlab, yostiqday koʻpchib turgan keng koʻkraklarini ishqadi.
– Qayoqlarda yuribsan, ogʻayni? Yigitmisan oʻzi?
– Nima qipti?
– Nima qipti deydi-ya! Qizing keldi…
– Qizim? – dedi Hikmatillo tushunmay. Begimqul patak sochlariga besh panjasini tiqib, xaxolab kuldi.
– Sendaqa oshiqi-beqarordan oʻrgilib ketdim. Nilufarxonni aytaman. Kecha kechqurun izlab keldi…
Hikmatillo birdan yopirilib kelgan mudhish shubhadan nafasi siqilib:
– Xoʻsh? – deb soʻradi.
Begumqul nimasi bilandir Nilufarning koʻzlariga oʻxshab ketadigan hayosiz koʻzlarini baqraytirib, yana uyni boshiga koʻtarib kuldi.
– Yoʻqligingni bildirmadik, ogʻayni. Shampan quyib berdim. Kinoga optushdim. Uylariga kuzatib qoʻydim. Yaxshi qippanmi?
Uning koʻzlarida, zotan, koʻzlarini loʻq qilib surbetlarcha gapirishida, goʻyo mohir usta tergan gʻishtday bir-biriga zich terilgan oppoq yirik tishlarining chaqnashida allaqanday shafqatsiz bir narsa bor edi. Shu topda Hikmatillo uni burdalab tashlashga tayyor, lekin unga kuchi yetmasligini bilar, surbetlarcha ishshayib turgan bu yigit uni qilichday yarqiragan shu tishlari bilan kulib turib, chaynab tashlashiga aqli yetar edi.
– Nima boʻpti shunga? – dedi Hikmatillo boʻshashib.
– Ha balli, mana bu boshqa gap! – Begimqul rangini bilib boʻlmaydigan, kir-chir, lekin yoshlar orasida yaqindagina rasmga kirgan jinsi shimini kiyarkan, toʻsatdan koʻzini qisib:
– Menga qara, ogʻayni, – dedi. – Bir gap aytsam xafa boʻlmaysanmi?
Hikmatillo indamay kravotga oʻtib oʻtirdi. U titrar, butun vujudi olov boʻlib yonar edi.
– Shu qizingni menga oshira qolsang-chi! Baribir, sen uni… evlay olmaysan…
Hikmatillo oʻrnidan qanday sapchib turganini, shampan shishasini qanday olib, qanday otganini bilmay qoldi. Shisha chap berib qolgan Begimqulning quloqlari tagidan oʻtib, devorga tegib chil-chil sindi. Yaxshiyam aya uyda yoʻq edi!
Begimqul qaddini rostlab, xuddi hech narsa boʻlmaganday yana xandon otib kuldi.
– Ana unisiniyam ot! Zora tegizsang! Hikmatillo boshini buqaday egib, oʻzini unga otdi.
Hikmatilloyam boʻsh keladiganlardan emas, qishloqda oʻz tengqurlari bilan kuch sinashib davraga tushib yurgan yigitlardan edi, lekin Begimqul boshidan oshirib karavotga bosdi-da, xuddi hazillashayotganday kulib turib, oʻynab turib piypalay ketdi… U kulgan sayin gʻazabi ortgan Hikmatillo poylab turib uning yapalogʻroq katta burniga bir mush tushirdi. Begimqul “xap senimi”, deb burnini bosganicha qoldi. Hikmatillo eshikni bir tepib, tashqariga chiqib ketdi…
Texnikumda tanaffus payti edi. Hikmatillo shitob bilan kirib borganida Nilufar odam aʼzolarining surati osilgan doska oldida bir guruh dugonalari bilan gaplashib turardi. Dugonalari Hikmatilloni tanib, Nilufarni turtishdi, “aravakash-aravakash”, degan shivir-shivir va piq-piq kulgi eshitildi. Hikmatilloning vajohatidan odam qoʻrqulik edimi, yo boshqa narsadan hadiksiradimi, ishqilib, Nilufar uni koʻrib oqarib ketdi, lekin darrov oʻzini bosib oldi, shekilli, hovliga chiqqanlarida chehrasida, koʻzlarida sovuq bir gʻurur paydo boʻlgan edi.
– Bu… bu nima qilganingiz? – dedi Hikmatillo hansirab.
– Nima qipman?..
– Nima qipman deysiz? – Haligi u nokas bilan shampan ichibsiz, kinoga tushibsiz…
Nilufarning tegrasi nafis boʻyalgan koʻzlarida toʻsatdan shoʻx uchqunlar oʻynab, oqargan yuziga anor suvi yugurdi.
– Voy, manu odamni – deb xitob qildi u. – Kinoga tushsam… nima boʻpti? Nima, men sizning xotiningizmanmi?
“Xotin” soʻzining Nilufarday yosh, nozikkina bir qizning ogʻzidan chiqishi Hikmatilloga shunday erish tuyuldiki, u dovdirab:
– Axir, – dedi. – Axir biz… oʻpishgan edik-ku! Nilufarning koʻzlaridagi shoʻx uchqunlar hayratga, hayrat zoʻr qahqahaga aylandi.
– Men… lablarimni artib tashladim! Nilufar xandon otib kulganicha, shartta burilib ketarkan:
– Xayr, Hikmat aka! – deb qoʻl siltadi. – Biz endi koʻrishmaymiz!
Hikmatillo keyinchalik bu uchrashuvni, oʻzining “axir bir oʻpishgan edik-ku!” degan soʻzlarini har eslaganida uyat va iztirobdan ingrab yuboray derdi, mana, hozir ham oldin yuzlari tirishib, keyin xaxolab yuborishiga oz qoldi, lekin oʻshanda… oʻsha kuni u umrida birinchi marta ichdi, shunday ichdiki, ertasiga boʻlgan voqealarning bittasini ham eslay olmadi. Bu voqealarni unga kula-kula doʻstlari gapirib berishdi. Goʻyo u gʻirt mast boʻlib yotoqqa (xayriyat ayanikiga emas!), texnikumning yotogʻiga borgan emish, “sevgilimdan ayrildim! Qiz zotida vafo yoʻq! Oʻzimni oʻldiraman!” deb, boshini devorga urib yigʻlagan, ochiq derazalarga intilib, ikkinchi qavatdan oʻzini otmoqchi boʻlgan, oxiri kursdosh doʻstlari uni karavotga bogʻlab zoʻrgʻa uxlatgan emish!..
Hikmatillo oʻshanda ikki kun boshini yostiqdan koʻtarolmay yotdi, uchinchi kuni esa… voyenkomatdan povestka keldi…
Bu povestka oʻshanda unga koʻk yuborgan bir najot, hamma musibatlardan qutqaruvchi baxt qushi boʻlib koʻrindi. Chunki oʻshanda u bu shaharda turishga ham, oʻqishga ham, Nilufarni koʻrishga ham toqati qolmagan edi! Lekin hayot ularni yana bir marta duch keltirdi. Chaqiriq qogʻozi kelgan kunning ertasigayoq uchrashtirdi.
Boʻlgan voqealardan hamon dili siyoh, hamon iztirobda yurgan Hikmatillo povestka tekkan kuni kechqurun Oʻrdaga kelib, trolleybusdan tushdi-da, anhor boʻylab sekin yurib ketdi.
U anhor boʻyiga jinday yozilish, yuragini qoplab olgan qora dudni jinday tarqatish umidida kelgan edi, lekin oʻrniga aksi boʻldi: atigi uch-toʻrt kun muqaddam Nilufar bilan qoʻl ushlashib borgan sohillarni, uning hamisha porlab turguvchi koʻzlariga tikilib, dam kulib, dam nozlanib gapirgan gaplarini eshitib, yonma-yon yurgan xiyobonlarini, oʻtirgan skameykalarini koʻrganida, olam koʻziga qorongʻi koʻrinib ketdi. U orqasiga qaytmoqchi boʻldi, lekin xuddi shu payt, endi qaytmoqchi boʻlib turganida… ularni koʻrib qoldi.
Begimqul bilan Nilufar, “Paxtakor” stadioni darvozasining roʻparasidagi qoʻsh tol tagida, bir mahallar choyxona boʻlgan joyning skameykasida qoʻl ushlashib oʻtirishar, Begimqul yoʻlovchilarga zigʻircha eʼtibor bermay, qizni bagʻriga bosib oʻpmoqchi boʻlar, Nilufar esa, boshini har tomonga olib qochar, toʻgʻrirogʻi, shunga oʻxshash harakatlar qilar, lekin Begimqul uni qoʻyib yubormas edi!
Hikmatillo buning hammasini shunday yaqin borib qolganda koʻrdi, koʻrdi-yu, orqasiga chekinishni ham, oʻtib ketishni ham bilmay, toʻxtab qoldi. Chunki Nilufar uni koʻrib, Begimqulni siltab tashladi-da, oʻrnidan turdi. Oppoq, muloyim yuzi gulxan taptida qizarganday lov-lov yonib, charos koʻzlari allaqanday porlab:
– Hikmatillo aka! – dedi. – Ogʻayningizni tartibga chaqirib qoʻying, hech uyalmaydi-ya!
Begimqul ham ishshayib oʻrnidan turdi, goʻyo xijolat chekkanday tomoq qirdi. Lekin Hikmatillo unga eʼtibor ham bermadi, rangi oʻchib, Nilufarga yuzlandi.
– Menga qarang Nilufarxon! – dedi, keyinchalik oʻziniyam hayratga solgan bir sovuqqonlik bilan. – Erkalikni Begimqulga qiling. Bu kishiga oʻpich berib… menga erkalanish… koʻchada qolgan sayoq qizlarga ham yarashmaydi!
Hikmatillo shunday dedi-da, shartta orqasiga burildi, burilarkan, Nilufar yuzini qoʻllari orasiga yashirib olganini, Begimqul esa hamon xaxolab kulib, uning qoʻllarini tortqilayotganini koʻrib qoldi.
Ertasiga, yelkasida buyum toʻrva, qoʻlida almisoqdan qolgan katta chamadon, ofitserlar boshchiligida vagonga chiqayotgan edi, kimdir yelkasidan turtdi. Oʻgirilib qarasa… Begimqul! Qoʻlida setkaga solingan ikkita qovun, hammomdan chiqqanday qip-qizarib ishshayib turibdi!
– Kechirasan, hamshahar… mana shu… arzimagan narsa… Yoʻlda yor-birodarlaring bilan baham koʻrarsan!..
Hikmatillo qovunlarni olmay shartta burilib ketmoqchi boʻldi-yu, koʻngli boʻsh odam, dagʻallik qilishga yuragi chopmadi. Qovunlarni olib vagonga tashlab chiqdi. Begimqul uni chetga tortdi, hamon xijolat chekib kuldi.
– Kecha ja… yomon qilding-ku, ogʻayni… Nilu mendan arazlab ketib qoldi…
– Qoʻrqmasang ham boʻladi, qaytib keladi…
Begimqul boshini qashib:
– Toʻgʻri, menam choʻchqalik qildim, – dedi. – Lekin… sen oʻylamaginki, men uni shunchaki… yoʻldan uryapti deb! Men unga uylamoqchiman…
– Baxtli boʻlinglar!..
– Sen xafa boʻlma, ogʻayni… Negaki, baribir foydasi yoʻq edi. Chunki mana, armiyaga ketyapsan. U seni ikki yil kutadigan qizlardan emas…
Hikmatillo koʻzlari oʻt chaqnab Begimqulga qadaldi.
– Shu bachkana gap kimga kerak?
– Toʻgʻri, keragi yoʻq, – dedi Begimqul yoʻtalib.
– Xoʻp, xayr.
– Xayr, doʻstim…
Bir-ikki oy oʻtdi… Shu yil qishda, bir kun, – bu payt Hikmatillo tizzadan qor kechib, Novosibirsk oʻrmonzorlarida, qalin qaragʻayzor orasida qurilishda ishlamoqda edi, – Begimquldan gʻalati bir xat oldi. U oʻzi Begimqulga xat yozmagan edi, adresimni qayoqdan topdi, deb hayron boʻldi. Xatdan maʼlum boʻlishicha, Begimqul uning adresini ayadan olibdi.
Begimqul, soxt-sumbatiga mos tushmagan, xuddi tishlariday bitta-bitta yozilgan yirik harflarni ipga tergan sadafday terib, undan, hamqishloq doʻstidan yana uzr soʻragan, yana maqsadi jiddiyligini aytib, Hikmatilloni yaqinda boʻlajak toʻyga taklif qilgan edi. Lekin eng qizigʻi, bu bemaʼni, ham bachkana, ham qandaydir oʻziga xos samimiylikdan xoli boʻlmagan bu gʻalati xatning gʻalati ilovasi ham bor edi. Qingʻir-qiyshiq qoʻl bilan yozilgan bu ilovada shunday deyilgan edi.
“Hikmatchik, azizim!
Siz mendan nega xafasiz? Bilmadim. Axir oʻrtamizda hech narsa boʻlmagan edi-ku? Siz hech tashvish qilmang. Mening goʻzal oʻrtoqlarim koʻp. Qaytib kelganingizda tanlaganingiz bilan tanishtirib qoʻyaman. Faqat bitta shartim bor: qizlar bilan muomala qilishni oʻrganib keling. Sizga bu sohada muvaffaqiyatlar tilab, Nilu…”
Garchi “Hikmatchik” degan soʻz gʻashini keltirsa ham, Hikmatillo bu xatni oʻqib, ichida kulib qoʻya qoldi. Chunki, birinchidan, oʻtgan bir-ikki oy ichida u Nilufarni dilidan tamom chiqarib tashlagan, ikkinchidan, Nilufar aytganday, qizlar bilan muomala qilishni oʻrgana boshlagan edi.
Hikmatillo xizmat qilgan joy nomiga Novosibirsk, deb atalsa ham, shahardan ancha yiroqda, qalin oʻrmonlar orasida edi. Atrofda, ham besh-olti chaqirim joyda bir qishloq bor, bu qishloqlarda yigitlarni kunduz chiroq yoqib topib boʻlmas, lekin qizlar serob edi!
Har shanba yo dam olish kunlari, soldatlar etiklarini koʻzguday yarqiratib, gimnastyorkalarining yoqalariga oq surpdan hoshiya taqib, kamarlarining taqinlari va quloqchinlarining yulduzchalarini qumga ishqab yaltillatib, shu qishloqlarga otlanishar, tomlarini qor bosgan, tor, lekin hammomday issiq klublarda garmon sadosi ostida yer depsinib tansa tushishar, yangi film qoʻyilsa, sahnadan koʻra yonlaridagi qizlarga koʻproq eʼtibor berishib, gʻira-shira zalda piq-piq kulishib, pinhona pichirlashib, kino koʻrishardi.
Dastlabki paytlarda Hikmatillo bu qishloqlarga borishga, borganda ham qizlarga yaqinlashishga iymanib yurdi. Bir kuni – bu oʻsha, Begimquldan xat borgan paytlar edi shekilli – nomiga posilka kelganligi haqida pochtadan qogʻoz oldi. Pochta idorasi qoʻshni qishloqda edi. Hikmatillo Oles Mayborada, degan ogʻaynisi bilan posilkani olishga bordi.
Pochta qishloq magaziniga yondosh torgina xonada edi. Xona koʻchadan ham sovuq, uyning toʻrida, derazaning oldida, qalin poʻstin kiyib, boshiga tivit roʻmol oʻrab olgan yoshgina bir qiz, ogʻir piymalarini bir-biriga urib, yer depsinib turardi. Qiz poʻstinining ichidan ham qat-qat kiyim kiygan boʻlsa kerak, matryoshka degan yum-yumaloq qoʻgʻirchoqqa oʻxshar, tugmadekkina burni, yupqa lablari, katta-katta koʻm-koʻk koʻzlari bu oʻxshashlikni yana ham kuchaytirar edi. Hikmatillo qogʻozni koʻrsatdi, qiz uning hujjatiga koʻz tashlab, peshtaxtaning tagiga engashdi-yu:
– Voyboʻ, xotiningiz sizni juda yaxshi koʻrar ekan! – deb tivit roʻmol oʻragan boshini likillatdi. – Yuborgan posilkasini men koʻtarolmayman. Oʻzingiz kirib ola qoling!
Qizning qiliqlari ham, kulgisi ham, soʻzlari ham Hikmatilloga shunday xush yoqib tushdiki, qizarib:
– Xotinim yoʻq mening! – dedi.
– Aldamay qoʻya qoling! – dedi qiz, tivit roʻmol bilan oʻralgan bir parchagina yuzida kulgichlari oʻynab.
– Bilamiz!
– Yoʻq, yoʻq rost, xotinim yoʻq! – dedi Hikmatillo va Olesning biqiniga turtganini sezib, unga yuzlandi. – Xudo ursin agar, yolgʻon soʻzlasam!..
– Qoʻy, shu xotiningni! Posilkangni ol! – dedi Oles, aftini burishtirib.
Hikmatillo ichkariga kirdi. Posilka haqiqatan ham juda ogʻir – kamida bir pud kelardi. Hikmatillo uni koʻtarib chiqayotib, qizga qaradi. Qiz qizargan qoʻllariga ufurib, Hikmatilloga tikilib turar, yoqimtoy nogohida har qanday yigitni ham eritib yuboradigan qandaydir iliq bir mehr bor edi. Hikmatillo posilkani ochib, qizga mevalardan – uydan hoʻl meva yuborganlaridan xabardor edi! – bergisi keldi-yu, iymandi.
Tashqariga chiqib, eshikni yopishlari bilan Oles uning yelkasiga urib:
– Nima balo, yoqib qoldimi? – deb soʻradi.
– Yaxshi qiz ekan, – dedi Hikmatillo.
– Yaxshi qiz boʻlsa shunday qilasanmi?
– Nima qildim?
– Xotining bor desa, xotinim yoʻq, deb ont ichasan!
– Yoʻq xotinni bor deymanmi boʻlmasa?
– U senga joʻrttaga aytyapti-ku buni, toʻnkamisan hazilni tushunmaydigan? Bitta emas, ikkita xotinim bor, ammo sizning bitta tabassumingiz uchun ikkalasiniyam qoʻyvorishga tayyorman, demaysanmi, kallavaram?
– Dabudurustdan-a?
Nima balo, sahroda oʻsgan yovvoyimisan? Shunday jonon qiz hazil qiladi-yu, bu boʻlsa: “Xotinim yoʻq!” deb ont ichadi. U joʻrttaga sening qitigʻingga tegyapti-ku, latta!
– Yoʻq-e, – dedi Hikmatillo ishonmay.
– Men bu qizni taniyman. Oti Nadya. Klubda kutubxonachi boʻp ishlaydi. Hozir bu yerda oyisining oʻrnida turgan boʻlsa kerak. Kechqurun tansaga kelamiz, oʻzim tanishtirib qoʻyaman…
Oles kun boʻyi unga qizlar bilan tanishish, ularning koʻnglini ovlash “uslubidan” saboq berdi. Bu saboq uncha mushkul emas, Olesning aytishicha, qizlar nima desa, shuning teskarisini aytish, hazilga hazil bilan javob berish, hozirjavob boʻlish kerak ekan, xolos!
Lekin juda oson koʻringan bu “uslub”ni qoʻllash oʻygʻay emas ekan, Hikmatillo tugul, shoʻxlikda batalonda tengi yoʻq Olesning oʻziyam kechqurun qizlar davrasida bu “uslub”ni qoʻllayman deb, rosa kulgi boʻldi. Lekin shu kulgi bahona Hikmatillo Nadya degan haligi kutubxonachi qiz bilan tanishib oldi.
Hikmatillo bolaligida kitob oʻqishni yaxshi koʻrsayam, texnikumga kirganidan keyin deyarli hech narsa oʻqimagan, darsdan tashqari kitob oʻqishga vaqtiyam yoʻq edi. Armiyada ham vaqt kam edi, lekin… u oldin Nadyadan uyalgani uchun, mazmunini soʻrasa oʻsal boʻlib qolmay, deb oʻqidi, keyin… kitob bahona diydor gʻanimat, deganlaridek, qizni koʻrgisi kelgani uchun olgan asarlarini tezroq oʻqiydigan boʻldi, oxirida esa oʻziyam shunday qiziqib ketdiki, soʻngti besh-olti oyda bir dunyo kitob oʻqib tashladi!..
Eng muhimi, bu quvnoq, hazilkash qiz bahona Hikmatillo umuman qiz-juvonlar davrasida oʻzini erkin tutishga oʻrgandi, oʻrgangandan keyin esa, ilgarigi tortinchoqligi, Nilufarga qilgan muomalalarini eslab kuladigan boʻldi…
Begimqul soʻnggi bir xatida Chilonzorda, ikki xonali alohida uyda turishini aytib, mehmonga taklif qilgan, “otpuskaga kelsang, eski ogʻaynilaring yodingdan chiqmasin, ayaning uyida qilgan jinniliklarimizni eslab, bir otamlashamiz”, deb yozgan edi. Bu “jinniliklari”, Nilufarni deb, Begimqul bilan mushtlashganlari endi Hikmatilloning oʻzigayam juda gʻalati tuyular, ayni zamonda negadir Nilufarni, umuman ularning turish-turmushlarini koʻrgisi kelardi.
Hikmatillo bugun dam olish kuni ekanini, barvaqtroq bormasa mezbonlar bir yoqqa ketib qolishlari mumkinligini oʻyladi-da, tramvayga mindi.
3
Eshik orqasida oldi ship-ship etgan yengil sharpa, soʻng uyqudan boʻlsa kerak, sal boʻgʻiq, tanish ovoz eshitildi:
– Bu kim?..
– Kechirasiz, bu men, Hikmatman…
– Hikmat? – goʻyo bir narsadan hurkkanday patir-putur sharpa, soʻng, sal nariroqdan sarosimali shivir-shivir eshitildi:
– Ayiqday agʻanab yotavermay, turing hoy, Hikmat keldi!
– Qaysi Hikmat? – doʻrilladi yoʻgʻon ovoz.
– Qaysi boʻlardi! Oʻsha, hamqishloq doʻstingiz-da!
– Topgan vaqtini qara! Endi bagʻrimga bosaman deb…
– Koʻp soʻyilavermang! Boring, eshikni oching. Men kiyinib olay…
Hikmat ketishini ham, ketmasligini ham bilolmay, turgan joyida serrayib qoldi.
Ichkarida karavot purjinasining ogʻir gʻichirlashi, chindan ham ayiq gʻingshiganday gʻingshigan, esnagan, kerishgan ovozlar eshitildi. Soʻngga kalitlar, zanjirlar shaqir-shuqur qilib, nihoyat, eshik ochildi.
– E-e, doʻstim, Hikmatillo! Olamda bormisan? Uyquni beliga tepdingu, ammo yoʻqlab kelganingga xursandman, humpar!
Ancha toʻlishgan, salobatlashgan Begimqul, egnida yoʻl-yoʻl ipak pijama, oppoq koʻkraklari qornigacha ochiq, patak sochlari burungidan ham hurpaygan, poygakda eshikni toʻsib turardi.
– Ostonada koʻrishishning xosiyati yoʻq deyishadi! Ichkariga kir! Qani, quchoqlashamizmi, ablah – Begimqul quloch yozib koʻrishdi. – Boʻydan beripti-ku, xudo! Boshingni eg, humpar, shiftni teshvorasan! Qaydasan, Nilu? Ja ketvorgan yigit boʻpti, bu lapashang?
– Rostdan-a?
Shundoq roʻparadagi eshik ochilib, Nilufar chiqdi. Egnida qandaydir yaltiroq matodan tikilgan keng xalat, shoshilinch turmaklangan sochlarining bir necha tolasi nafis egilib chakkasiga tushgan, surma qoʻyilgan koʻzlari xiyol suzilgan Nilufar, tirnoqlari nafis boʻyalgan nozik qoʻllarini berib, kulib koʻrishdi, koʻrisharkan, yuziga bilinar-bilinmas qizillik yugurdi.
– Chindanam shiftga tegadigan boʻpsiz!
Nilufar bir oz ozgan, yumaloq oppoq yuzi xiyol choʻzilgan, oʻziyam allaqanday maʼyus bir latofat kasb etgan, goʻyo bultur ichida lovillab yonib turgan qandaydir alanga soʻndirilganu, endi orom olib, tinchib qolgan…
– Xotinimga namuncha qadalasan, ablah! Bilasan-ku, rashkim yomon! – Begimqul qiziloʻngachigacha koʻrsatib, xaxolab kuldi.
Nilufar yana qizarib yerga qaradi:
– Bachkana boʻlmang! Ichkariga kiring… Yoʻq, yoʻq, etigingizni yechmang, artib kiravering! – u chap tomondagi devor shkafini ochib, Hikmatilloning oyoqlari ostiga hoʻl latta tashladi.
Hikmatillo, gard yuqmagan qip-qizil poyandozni iymanibgina bosganicha tor yoʻlakdan yurib, oʻng qoʻlidagi xonaga oʻtdi, oʻtarkan, koʻzi beixtiyor yotoqxonaga tushdi; qoʻsh tavaqali garniturga ilingan kiyimlar taxi buzilgan, qoʻsh karavotdagi atlas koʻrpa yigʻilmagan… Lekin mehmonxonadagi tartib bekami koʻst: chet ellik qora yaltiroq servantlardagi chetlariga tilla suvi yuritilgan piyola-choynaklar, idish-tovoklar, rang-barang koʻza va koʻzachalar, surat solingan mis buyumlar, nozik qadahlar, hammasi joy-joyiga qoʻyilgan, jigar rang kitob shkafidagi oq, qizil, qora jildli kitoblar bitta-bitta terilgan, yerdagi qirmizi gilam, eshik va derazalarga nafis harir toʻr ustidan tutilgan qalin ipak darpardalar, ekrani katta rangli televizor, tilla romga solinib, devorga osilgan ikkita tabiat manzarasi, shiftdagi katta billur qandil – hamma-hammasida nozik didli ayolning mehribon qoʻli sezilib turar, hammasi alohida qunt bilan yasatilgan edi.
– Namuncha ogʻzing ochilib qoldi? – dedi Begimqul, mamnun jilmayib. – Qalay, akang oʻrgilsindi qasri-oliylari yoqdimi? Buning hammasi kaminaning halol puliga kelgan! Hozir kimni qoʻli baland – quruvchi bilan gazchining qoʻli baland. Hasad qilma! Qaytib kelsang sen ham bir-ikki yildayoq boplab koshona qurib olasan!
– Kim hasad qilyapti?
– Gap-da, kallavaram!.. Xoʻsh, yaʼni… qachon kelding?
– Ikki hafta boʻldi. Qishloqda edim…
– E, ha… boboy olamdan oʻtibdilar. Joylari jannatda boʻlsin. Yaxshi odam edi, rahmatlik. Xafa boʻlma, hammaning boshida bor gap. Qani, yuqori oʻt, men yuvinib chiqay. Xohlasang sen ham yuvinib ol. Bitta vanna qurdirganman, koʻrsang ogʻzing ochilib qoladi. Koʻrasanmi?
– Yoʻq, rahmat…
– Boʻlmasa yuqori oʻt, damingni ol.
Begimqul ayiqday chayqalib, vazmin odimlab chiqib ketdi. Uning yurish-turishi, xatti-harakatlari, hatto “ablah” deb xaxolab kulishlarida ham gʻurur aralash zoʻr bir mamnuniyat, oʻz turmushidan qoniqish, baxtiyorlik sezilib turardi. Nega ham mamnun boʻlmasin? Shunday goʻzal, orasta xotini, shohona uy-joyi boʻlsa, hech narsadan kam-koʻsti boʻlmasa… u mamnun boʻlmay, Hikmatillo mamnun boʻlsinmi?
Bu nima? Hasadmi? Ichi qoralikmi? Yoʻq, hasad emas, lekin… lekin nima boʻlayotganini oʻziyam tushunolmagan, faqat tiniq kuyday hazin bir tuygʻu dilini chulgʻab olganini sezgan Hikmatillo bir-bir bosib, kitob terilgan shkaf yoniga oʻtdi…
Hoshiyasiga zar tikilgan guldor shippagi bilan gilamni unsizgina bosib, Nilufar kirdi. Oʻrtadagi yaltiroq stolga popukli qalin dasturxon yozarkan, bilinar-bilinmas kulimsirab:
– Xizmatlar yaxshi oʻtyaptimi, Hikmat aka? – deb soʻradi.
– Shukur… oʻzingiz qalay? Oʻqishlar tugadimi?
– Ha, koʻklamdan beri aptekada ishlayapman. Agar dori kerak boʻlsa… ishxonayam yaqin, shu uyning oʻzida… Yoʻq-e, dorini nima qilardingiz siz? Ja… otday boʻp ketibsiz! – Nilufar bu gapni aytishga ayti-yu, qizarib ketdi.
– Ha, endi… – Hikmatillo xijolat chekib yoʻtaldi. Nilufarning bulturgi odatlari, bir joyda bir zum tinch turolmay kiyikday sakrashlari qolgan, yurish-turishlarida, harakatlarida yosh kelinchaklarga xos yoqimli maʼsumlik, bosiqlik, nazokat paydo boʻlgan edi. Yo tavba! U chindan ham shunchalik oʻzgarganmi, yo boshdayam shunday maʼsum boʻlganu, faqat unga, rashkchil qishloqiga behayo va shaddod koʻringanmidi?
Hikmatillo eski munosabatlarini eslab oʻzidan qancha kulgan boʻlmasin, bugun yoʻlda kelayotib erkin gaplashishga oʻzini qanchalik chogʻlamasin, hozir unsizgina odimlab dasturxon yasayotgan bu yosh, goʻzal juvon oldida oʻzini erkin tutolmas, nimadir unga xalaqit berar, nimadir asablarini tarang tortib turar, eng yomoni yuragi nina sanchilganday betinim sanchib ogʻrirdi.
Nilufar servantdan toʻrtta likopcha, ogʻir kumush qoshiq, kumush vilkalar olib stolga qoʻyarkan:
– Xizmatdan qachon qaytasiz? – deb soʻradi.
– Hali bir yil bor…
Hikmatillo shkafni ochib oq jildli qalin kitobni oldi. Yo rab! Bu oʻsha mahallar koʻl boʻyida Nilufarning qoʻlida koʻrgan “Alvido, qurol!” degan kitob edi!
Dasturxon yozib boʻlgan Nilufar, xuddi nima qilishi yodidan koʻtarilgan odamday, xayolga tolgan edi. Nihoyat, u qandaydir ichki bir taraddudni yengib, chakkasiga tushib turgan soch tolalarini toʻgʻriladida, sharpasizgina odimlab, Hikmatilloga yaqinlashdi.
– Nimani oʻqiyapsiz?..
– Ha, shu… Xemenguey, – dedi Hikmatillo. – “Alvido qurol!” Chindan ham… gʻalati kitob ekan!..
Nilufarning koʻzlarida quvonch aralash bir hayrat porladi.
– Oʻqidingizmi?
– Hozir Xemingueyni oʻqimagan odam, ayniqsa biz tomonlarda, armiyada, kulgi boʻladi-ku! – dedi Hikmatillo va beixtiyor qizarib ketdi.
Uning yodiga kutubxonachi qiz Nadya tushdi. Nadya unga bu romanni navbat kutayotgan kitobxonlardan yashirib, ikki kunda oʻqib chiqish sharti bilan bergan edi. Hikmatillo esa kitobga sira kirisholmagan, romanning bosh qismi unga juda zerikarli tuyulgan edi. U bir oʻyida kitobni “oʻqidim” deb, qaytarib bergisi ham kelgan, biroq Nadyaning soʻrab qolishidan qoʻrqqan edi. Eng muhimi, shu kitob bahona Nilufar bilan koʻlda arazlashib qolgani yodida turgani uchun ham oʻqishga majbur etgan edi oʻzini. Va ajabo, birinchi kunlari kitobning yigirma-oʻttiz betini zoʻrgʻa oʻkigan Hikmatillo, uchinchi kuni qolgan qismini bir oʻtirishdayoq oʻqib chiqqandi. Oʻsha kuni Hikmatillo qurilishda navbatchi edi. U kechasi prorabning xonasiga kirib, eshikni yopib oldi-da, kitobni ochdi, ochdi-yu… U yogʻi nima boʻlgani yodida yoʻq, faqat tong palla kitobni yopib oʻrnidan turgani esida… Kitob qahramonlarining fojiali muhabbati, Ketrinning toʻlgʻoq azobida oʻlishi, sevgilisidan ayrilgan Genrining musibati uni titratib yuborgan edi!..
– Bechora Ketri! – dedi Nilufar. – Uning oʻlimi… xuddi Genrining koʻz yoshlariga oʻxshash tinimsiz quygan yomgʻir… esingizdami? Men yigʻlayverib esim ketuvdi…
– Ha, ha, – dedi Hikmatillo birdan yopirilib kelgan hayajonni yashirishga urinib. U koʻzlari allaqanday porlab, ovozi titrab gapirayotgan bu muloyim juvon bilan oʻzi oʻrtasida qandaydir nozik bir yaqinlik paydo boʻlganini his etdi, nazarida, Nilufar shu topda faqat oʻz koʻngli emas, uning, Hikmatilloning koʻnglidagi toʻfonni ham his etayotganga oʻxshardi!
– Bilasizmi, Hikmat aka? – dedi Nilufar va qoʻlini Hikmatilloning qoʻliga qoʻydi. – Ketrin oʻladi-yu, biroq… biroq men uni juda baxtli, juda baxtli ayol deb oʻylayman…
– Nega?
– Chunki… Genriday… ajoyib yigitning muhabbati… shunday pok tuygʻular, shunday samimiy… – Nilufar “qult” etib yutindiyu, koʻz yoshi aralash jilmaydi. – Kechirasiz, men juda… gʻalati…
– Yoʻq, yoʻq! – dedi Hikmatillo. – Men… tushunib turibman. Hammasiga tushunib turibman. Men oʻshanda… koʻlda… bilmagan ekanman…
Boyadan beri bir meʼyorda quyilayotgan suvning sokin shingʻillashi tinib, vannadan Begimqulning:
– Hoy, bu qanaqa shivir-shivir? Rashkim yomon manim! – deb qichqirgani va xaxolab kulgani eshitildi.
Nilufar, xuddi, bexosdan xunuk bir gap aytib yuborgan odamday qizarib ketdi-da, boshini bir tomonga egganicha, tez yurib, mehmonxonadan chiqdi.
Yoʻq, bu Hikmatillo bilgan bulturgi Nilufar emas, tamom boshqa odam edi!.. Yo bu bir yil ichida unga bir nima boʻlganu, juda oʻzgarib ketgan yo, aksincha, Hikma-tillo boshdayoq yanglishgan, boshdayoq u haqda notoʻgʻri xulosa chiqargan!
Ha, gap Nilufarda emas, uning oʻzida! Nilufar bultur ham birda yosh qizlarga xos shoʻxliklar qilib, rashkini keltirsa, birda u bilan, Hikmatillo bilan samimiy gaplashgisi kelib, muzika haqida, qandaydir notanish kitoblar haqida gap ochar, lekin u qizning suhbatiga joʻr boʻlolmas, u olamdan bexabar oddiy bir toʻpori edi. Durust, u-ku olamdan bexabar, toʻqim tabiat bir yigit ekan, Begimqul-chi? Begimqul qaysi fazilatlari bilan rom qildiykin bu nozik tabiat sanamini?
Hikmatillo yana boyagiday yuragi ohista bezillab, divanga oʻtib oʻtirdi.
Eshikda, vujudidan pagʻa-pagʻa issiq hovur taragan, yumaloq yuzi hozirgina boʻyalgan qoʻgʻirchoqning yuziday yaltillagan, mamnun-xushchaqchaq Begimqul koʻrindi.
– Qani, xotinjon, ovqat gatopmi, oʻrgilib ketay sizdan? Gatop boʻlsa opkeling. Ishtahalar karnay boʻp ketdi! Xolodilnikdagi konyakniyam oling, ogʻaynim bilan bir otamlashaylik!
Oshxonada boshlangan jaz-buz orasidan Nilufarning xiyol ranjigan ovozi keldi.
– Tong otmasdan turib konyakmi?
– Konyak boʻlmasa shampanxon toʻrani oling, oʻrgilsin. Siz ham yayraysiz, biz ham! – Begimqul Hikmatilloga koʻzini qisib, servantdan billur kadahlarni oldi.
Jizillab turgan bir tova quymoq koʻtarib Nilufar kirdi, kolbasa keltirib qoʻydi. Begimqul konyakka chiqdi shekilli, xolodilnikning eshigi gursilladi. Oshxonadan Nilufarning yana bir nima deb zorlangani, Begimqulning xushomad qilib kulgani eshitildi:
– Xotin zoti ikki toifaga boʻlinadi, xonim. Yaxshi xotinlaru, yomon xotinlar, – dedi Begimqul mehmonxonaga bir shisha konyak koʻtarib kirarkan. – Yomon xotinlar mehmonning oldida erlariga xuruj qilishadi. Yaxshi xotinlar, ichlaridan zil ketsayam, mehmonning oldida iljayib turib, mehmon ketgandan keyin egovlashadi. Mehmon ketgandan keyin boshimda yongʻoq chaqsangiz ham mayli, ungacha iljayib turing, oʻrgilay sizdan!
– Eski hammom, eski tos! – dedi Nilufar, boshini egib.
– Mayli, xotin, mayli. Siz nima desangiz biz xoʻp deb, koʻksimizga uramiz, akasi jonidan. – Begimqul qadahlarga konyak quyib oʻrnidan turdi.
– Xoʻp, doʻstim, Hikmatillo. Sen uchun. Eson-omon xizmatni bajarib kel. Kelganingdan keyin oʻzim ishga joylab qoʻyaman. Menga oʻxshab gaz boʻyicha master boʻp olsang – oshigʻing olchi!
– Sen qachon master boʻlding?
– Bir yildan oshdi. Nega koʻzingni loʻq qilasan? Hozir gazchi turganda quruvchiga yoʻl boʻlsin, ogʻayni! Ertalab idoraga bor, koʻrasan: manman degan yoʻgʻonlar “Gaz-24” mashinalarini koʻndalang qilib, “ukajon, bugun biznikiga tashrif buyurib, bir choʻqim osh yeb ketsangiz”, deb qoʻl qovushtirib turishipti! Toshkentda nima koʻp, uchastka koʻp. Gaz turganda kim qoʻlini kosov qilib koʻmir yoqishni xohlaydi deysan?..
– Gazdan boshqa gap yoʻqmi olamda? – dedi Nilufar. – Miyasini qoqib qoʻliga berdingiz-ku, Hikmatjonni!
– Hikmatjongayam kerak gap bu, xonim! Uyingizdagi mana bu servantlar, qoʻlingizdagi billur qadah, egningizdaga ipak xalat, hatto siz yaxshi koʻrgan ana u serbezak kitoblar – hammasi oʻsha sassiq gaz orqasidan kelgan, jonginam! Xoʻp, bas qildik, xonim, bas qildik… Qani, oldik, doʻstim…
Hikmatilloning esiga ayaning gaplari tushdi: “Gazga borsam… navbat kutasan deyishdi. Navbatchi oʻlgur oxiratdayam kelmasmish. Bozordan usta opchiqa qolay desam, pojarniysi bor boʻlgur, isparvka bermasmish…”
– Ayadan xabar oldingmi hech? – dedi Hikmatillo.
– Aya? Ha, kampirni aytasanmi? Nima qildi?
– Hech nima… Kampir bechora uyiga gaz oʻtkazmoqchi boʻlib, batareya qurdirgan ekan. Hammasi boʻpti-yu, quvurkon oʻrnatib senlardan ruxsat olish qopti. Yordam bervorsang boʻlarkan…
– Yordam ham gapmi? Sandiqning tagiga taxlab qoʻygan yuz soʻlkavoylardan chiqarsin, shu bugunoq yoqib beramiz! – Begimqul odatdagiday xaxolab kulmoqchi boʻldi-yu, ogʻzi toʻla quymoq, kulolmadi.
– Kampir bechora yuz soʻlkavoyliklarni qayoqdan olsin?
– Nima? – dedi Begimqul, ogʻzidagi quymoqni chaynashdan toʻxtab. – Sen ayani bilmas ekansan! Ilonni yogʻini yalagan kampir u! Koʻmma tillosi bor ayaning. Sen… haliyam qishloqiliging qomapti, ogʻayni!
– Sen qishloqi emasmisan?
– Menmi? Men… haqimni ajratoladigan qishloqilardanman! – Begimqul stulning suyanchigʻiga chalqayib, xotiniga qirgʻiy qarash qildi. – Mana, shaharning manman degan oliftalarini dogʻda qoldirib shunday jononni gah deb qoʻlimga qoʻndirdimu, sen boʻlsang qishloqi deysan-a! Labbay, xonim?
Boyadan beri dasturxonning popugini barmogʻiga oʻrab, yerga qarab oʻtirgan Nilufar non chaynashdan toʻxtab, “qult” etib yutindi-yu, indamadi.
– Chindan ham obi zamzam desa boʻladi, bu ichimlikni! Endi ter chiqay dedi! Qani, shunday narsani oʻylab topgan gurji xalqining salomatligiga yana bittadan olaylik, doʻstim!
– Qoʻying, yetar endi! – dedi Nilufar va goʻyo bu soʻzlari uchun Hikmatillodan uzr soʻraganday qizarib ketdi. – Men buni qizgʻanayotganim yoʻq, mashina haydashlari kerak. Dalaga chiqmoqchi edik…
– Hikmatniyam opketamiz! – Begimqul ogʻzini oq qogʻoz bilan artib oʻrnidan turdi. – Yaqinda “Jiguli” olganman. Bir kataysa qildiraman, doʻstim. Bugun boʻshmisan axir? Qachon ketmoqchisan?..
– Ertaga. Lekin hali bilet olishim kerak… Rahmat.
– Shu ham masalami? Yoʻl-yoʻlakay kassaga kirib oʻtamiz. Qani, xonim, dasturxonni yigʻishtirib, yasan-tusanni boshlang. Oʻn minut muhlat sizga – Begimqul ayiqday tebranib, mehmonxonadan chiqdi. Hikmatillo oʻngʻaysizlanib oʻrnidan turgan edi, Nilufar:
– Rost, birga boʻling! – dedi, allaqanday yolvorgan tovushda. – Dalada yaxshi joylar bor. Qoʻl bola osh qip beraman oʻzim!
Nilufar, goʻyo oʻz gapidan oʻzi uyalib ketganday toʻsatdan koʻzlari yoshlanib kuldi-da, tez yurib mehmonxonadan chiqdi.
Hikmatillo oʻrnidan turdi, hamon zil-zil ogʻriyotgan yuragiga qoʻlini qoʻyib, derazaning oldiga bordi. U juda koʻrkam, xushmanzara, lekin qandaydir havosi boʻgʻiq joyga kelib qolgan odamga oʻxshardi. Joy xushmanzara boʻlsa ham, bunday paytda boʻgʻilib ketayotganday tuyulib, tezroq sof havoga chiqqisi keladi kishi. Hikmatillo ham hozir shu ahvolda edi. Ayniqsa Begimqulning aya toʻgʻrisidagi gaplardan keyin, yarim hazil, yarim chin sandiq toʻla pullariga shama qilganidan keyin joyida oʻtirolmay qoldi. Attang! Bir tishlab uzib oladigan paytni boy berib qoʻydi! Tavba! Hikmatillo ayani bilmas emish! Ilonning yogʻini yalagan, shaytonni avragan kampir emish! Sandiq toʻla yuz soʻlkavoyliklar emish!.. Ha, bir boplaydigan payti keluvdi! Bor gapni yuziga aytib, shartta turib ketish kerak edi! Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi, – deganlari rost ekan! Laʼnati tortinchoqlik! Gʻazab va nafratdan tars yorilib ketay dedi-yu, bir ogʻiz gap topib aytolmadi! Doim shu! Payti kelganda bir nima deyolmaydi-yu, keyin mana shunaqa ich-ichidan zil ketib, figʻoni chiqib yuradi. Lekin… aytganda gap kor qilarmidi yulduzni benarvon uradigan bu olgʻirga? Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga!.. Yaxshisi birorta aeroflot kassasiga oborib qoʻyishlarini soʻraydi-da, xayr-maʼzur qilib qoʻya qoladi. Bor-yoʻgʻi bir kun vaqti bor. Bu bezbet bilan sayilga chiqib, bachkana qiliqlarini koʻrib qovurilib yurguncha… shaharni tomosha qil, oʻynab qol!.. Faqat… faqat Nilufar!.. Har bir harakati, boqishlari, har bir soʻzi yurakni timdalovchi maʼyuslikka toʻla bu maʼsuma juvonni tashlab ketish, ayniqsa negadir koʻzi yoshlanib aytgan soʻnggi taklifini yerda qoldirish!.. Lekin yerda qoldirmay birga sayilga chiqqanda nima boʻladi? Begimqulning bachkana hazillarini eshitish, xotiniga qilgan bemaʼni qiliqlarini va bu qiliqlardan iztirob chekkan Nilufarni koʻrib zil ketishdan boshqa nima boʻladi?.. Yoʻq, yaxshisi, biletni choʻntakka solib xotirjam boʻlib olgin-da, oʻz yoʻlingga ravona boʻl! Keyingi pushaymon, oʻzingga dushman. Endi bu gaplardan foyda yoʻq!..
Bilet esiga tushgani uchunmi, Hikmatillo beixtiyor hujjatlari solingan koʻkrak choʻntagini ushlab koʻrdi, soʻng, tugmasini yechib soldat daftarchasini oldi, oldi-yu, yuragi orqaga tortib ketdi: hamyonga solingan bilet puli yoʻq edi!..
Hammasi besh soʻmliklardan iborat toʻqson soʻm puli bor edi!.. Soldat daftarchasi, otpuska qogʻozi joyida, daftarchaga solingan pul yoʻq!
Hikmatillo jon holatda koʻkraklarini paypaslab, shimining choʻntaklarini kovlashtirdi. Gimnastyorkasining ikkinchi choʻntagidan har xil adreslar yozilgan mitti bloknot, shimining bir choʻntagidan roʻmolcha, ikkinchisidan amakisi bergan oʻn soʻmning – uning uch soʻmini ertalab taksiga toʻlagan edi, qolgan yetti soʻmi chiqdi, faqat alohida saqlangan bilet puli yoʻq!
Lop etib, kechasi vagonda boʻlgan voqealar esiga tushdi.
Hikmatillo chiqqan vagonning deyarli yarmini loʻlilar egallagan edi. Keyin bilsa, ular Saratov tomonlardan yaroqsiz otlarni opkelib, pullab qaytayotgan asbi jalloblar ekan. Loʻlilar hammasi boʻlib yigirma chogʻlik, uch-toʻrtta ayol – ular orasida boya vokzalda xayrlashgan xushchaqchaq loʻli yigitining ketvorgan singlisi ham bor edi – va besh-oʻnta erkak boʻlsa ham, butun vagonni shovqin-suronga toʻldirgan, hammasi kayfli, hammasi raqsga tushgan, garmon, hushtak, nagʻal qoqilgan etiklar dukuri, likopchadekkina mitti childirmachalarining darang-durungidan olam larzaga kelgan, tekin tomosha avjida edi!..
Hikmatilloni kuzatib chiqqan doʻstlari, qoʻyarda-qoʻymay vokzalda ungayam jinday musallas ichirishgan, u ham shirakayf edi. Shirakayf holda oʻsha tanish loʻli yigitlar davrasiga tushdi.
Ular Hikmatilloni xushnud qiyqiriq bilan kutib olishdi. Boya ertalab maydonga kuzatib chiqqan shoʻx yigitcha esa, tor vagonda charx urib, oʻzi childirma chalib, oʻzi raqs tushayotgan, qavat-qavat qizil koʻylagining oʻtovdek etaklarini gir aylantirib, qizil guldor roʻmolini havoda hilpiratib yer depsingan qaynisinglisini unga beradigan, toʻyni Saratovda qiladigan boʻlib, ust-ustiga ikki piyola sharob quydi. Hikmatillo ichmagan edi, piyolani qiz oldi va unga taʼzim qilib:
– Ol, serjant! – dedi, koʻzlari yonib. – Yuragingda yoding boʻlmasa qaytarib ber – oʻzim ichaman!
Loʻli yigit esa oʻrnidan sakrab turdi.
– Buni ichsam, men ham bir shishaga qarz boʻlaman, deb qoʻrqma! Folbinlik qilib pul topadigan iprindi-siprindi loʻlilardan emasmiz bizlar! Ot jallobi deydilar bizlarni! Pul kerak boʻlsa mana! – loʻli yigit doʻppayib turgan yon choʻntagidan bir dasta pul olib, havoga otib yubordi-yu, yerga sochilgan qogʻoz pullarni bosib, yer depsinib oʻynay ketdi:
Ey, lalu-lalu, la!
Lalu, lalu!
Oh, qora tunlar,
Loʻlining
Baxt tunlari,
Lalu!
Qancha pul kerak boʻlsa ol, serjant! Aspi jallob deydilar bizni!..
Hikmatillo noiloj uzatilgan piyolani boʻshatib berdi, qizil roʻmolchasini boshi uzra hilpiratib, qizil etikchasi bilan polni teshvorgudek depsinib raqs tushayotgan jononga uch soʻm pul qistirdi, soʻng boshi gir-gir aylana boshlaganini sezdi-da, ikkinchi qavatta chiqib choʻzildi…
Pul choʻt emas, aspi jallob boʻlgan ablah! Pulni yerga sochib, raqs tushadi-yu, dong qotib uxlayotgan odamning choʻntagiga qoʻl soladi! Yana chamadonini koʻtarishib chiqqanini, qaynisinglisini bermoqchi boʻlganini aytmaysizmi? Yoʻq, ayb uning oʻzida! Kim unga loʻli tutgan sharobni ol dedi? Kim dong qotib uxla dedi? Endi nima qiladi? Kimdan pul soʻraydi? Oyisiga telegramma berish toʻgʻrisida gap boʻlishiyam mumkin emas. Busiz ham oʻlim dogʻida jizgʻanak boʻlib oʻtirgan onaizoriga bu gapni aytib adoyi tamom qiladimi? Lekin vaqt ziq. Ertaga uchishi shart!..
Hikmatillo choʻntaklarini yana bir bor shap-shap ushlab chiqdi-da, yuragi muzlab:
– Begimqul! – deb yubordi.
Eshikda, boʻyniga galstuk bogʻlayotgan Begimqul koʻrindi.
– Ha, nima qildi?
– Bu yoqqa qara… eshikni yop!
– Nima gap? Tinchlikmi?
– Tinchlik. Pulimni oldirib qoʻyibman…
– Nima? – dedi Begimqul, galstugini bogʻlashdan toʻxtab. – Pulimni oldirib qoʻydim? Qanaqa qilib?..
– Ha, shu… kechasi poyezdda… bir vagon loʻlilar orasiga tushuvdim. Oʻshalar oldimi, boshqami, bilmadim, ishqilib, pulim yoʻq. Hozir biletga chiqamiz deb, choʻntagimni paypaslab koʻrsam… yoʻq! Hujjatlarim turipti-yu, pulim yoʻq!
– Latta! – dedi Begimqul! – Yosh boladay loʻliga pulini oldirib oʻtirsa! Necha soʻm edi?
– Toʻqson soʻm. Hammasi besh soʻmliklar!
– Hayronman… – Hikmatillo, koʻzlari javdirab, hamqishlogʻiga tikildi. – Oʻzing bir nima qilasan endi, doʻstim. Men… kassada pulim bor. Borgan zahoti joʻnataman. Xudo ursin agar…
– Begimqul ensasi qotib aftini burishtirdi.
– Gap unda emas! Men jonim bilan berardimu… buni qara! Aksiga olib, hozir mendayam pul yoʻq edi-da!..
Hikmatilloning aʼzoyi badanidan ter chiqib ketdi.
– Jon doʻstim! Bir ilojini top! Bu katta shaharda sendan boshqa tanish-bilishim boʻlmasa… kimga boraman? Xudo haqqi, ertaga yetib borsam, indinga joʻnataman!
Begimqul yana yuzini burishtirib qoʻlini siltadi.
– Qiziqsan-a, ogʻayni! Poʻlim boʻlsa… men senga tekinga berib yuborardim. Aytyapman-ku, aksiga olib… pulsiz paytimga toʻgʻri kelding deb! Tavba, Kap-katta odam! Serjant! Choʻntagidan pul oldirib oʻtirsa-ya…
– Menga qara, Begimqul. – Hikmatilloning ovozi titrab ketdi. – Bir ilojini qil, jon doʻstim… Qoʻni-qoʻshningdan qarz olsang ham bir balo qil…
– E-e, soddaliging qolmadi-qolmadi-da, ogʻayni! Shu koʻp qavatli uylarda qoʻni-qoʻshnichilik bormi? Bizni qishloq deb yuribsanmi betni? Odam odamni tanimaydi betta! Hayronman, nima qilish mumkin? Doim pul degan qalanib yotadigan uy, kelib-kelib, sen soʻraganingda bir tiyin boʻlmasa-ya! Ayb xotinda! Bilasan-ku, xotinlarni!
– Balki xotiningda bordir, Nilufarxonda… Hikmatillo bu gapni aytishga aytdi-yu, tilini tishladi. “Yoʻq! Nilufarni aralashtirish kerak emas bu ishga!” xayolidan oʻtdi uning.
Begimqul tajang boʻlib, boshini qashidi.
– E-e, xotin zotini bilmas ekansan! Pul turarmidi boʻlarda? Bir tiyin tushsa atelye modga yugurishgani-yugurishgan bular!” – dedi Begimqul, lekin Hikmatilloning javdirab turgan koʻzlariga koʻzi tushib, boshini qashidi:
– Xoʻp, soʻrab koʻray-chi, zora, baxtingga topila qolsa…
Hikmatillo “toʻxta”, deb qichqirib yuborishiga oz qoldi, lekin uning tili soʻzga kelguncha Begimqul uydan chiqdi.
Hikmatillo turgan joyida qulogʻini ding qilib qotib qoldi. U oʻzining naqadar ayanchli ahvolda ekanini sezar, chidab boʻlmas haqorat tuygʻusidan yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam der, ayni zamonda boshqa boradigan joyi, yalinadigan bir kimsasi yoʻqligini bilgani uchun, tishini tishiga qoʻyib, chidashga, yolgʻon gapirayotgani yuzidan, gap-soʻzlaridan bilinib turgan bu loʻttivozga yolvorishga majbur edi…
Yo tavba! Shu uy, shu jihoz, “Jiguli” mashinasi, shu turish-turmushiga toʻqson soʻm topib berolmasa! Bunga ishonib boʻladimi? Toʻqson emas, sakson, boringki yetmish soʻm boʻlsa ham yetar edi. Bir tiyiniyam yoʻq emish! Birga oʻqigan, bir mayizni boʻlib yegan hamqishloq doʻsti uning ahvolini koʻrib turib, ikki-uch kunga yetmish soʻm qarz berib turishdan bosh tortsa!..
Yoʻq, shoshma, balki topib berar. Balki Nilufarxon!..
Nilufarni bekor aralashtirdi shu ishga. Bildirmay qoʻya qolish kerak edi unga! Lekin… agar shu safar yordam berib yuborishsa, bu mushkul ishdan qutqarishsa edi! Hikmatillo abadul abad unutmas edi bu yaxshiliklarini! Bergan pullarini indindan qoldirmay telegraf bilan qaytarar, hatto ikki baravar qilib qaytarishga ham tayyor edi! Chindan ham uning omonat daftarchasida sal kam besh yuz soʻm puli bor! U axir qurilish batalonida prorab boʻlib ishlaydi. Har oyida yuz soʻm, baʼzi oylarda hatto yuz yigirma soʻmgacha pul oladi! Hikmatillo dadasining vafoti haqida qishloq Sovetidan olgan spravkasini koʻrsatib, endi bu pulni oyisiga yubormoqchi edi… Mayli, yuz soʻm kam yuborar. Aqalli ellik soʻm topib berishsayam mayli, ellik soʻmlarini yuz soʻm qilib, hatto yuz ellik qilib qaytarishga rozi. Yana bir umr minnatdor boʻlib yurardi. Bir umr!
Oshxona tomondan asabiy shivir-shivirlar, soʻng Nilufarning “Qoʻying! Bilganingizni qiling!” degan xitobi eshitildi, eshik ochilib Begimqul koʻrindi, koʻrindi-yu, qoʻllarini yozib, allaqanday ayanchli nosamimiy jilmaydi.
– Aytdim-ku, xotin zotida pul turarmidi deb! Tavba! Meniyam juda noqulay ahvolga solding-da, doʻstim… Menga qara! – dedi u, toʻsatdan esiga bir narsa tushgan odamday koʻzlari chaqnab. – Buyumlaring qani? Chamadon-pamadoning bormi oʻzi?
– Bor.
– Bor boʻlsa… balki chamadoningdadir? Hikmatillo boʻshashib boshini chayqadi.
Yoʻq, pulni chamadonga solmaganini u aniq biladi.
Chamadonda kiyim-kechak, olma-anor bor, xolos. Pulni choʻntagiga, soldat daftarchasiga solgani esida turibdi.
– Sen boshingni chayqama, doʻstim! Menam shunday odatim bor! Pulimni bir joyga qoʻydim, deb oʻylaymanu, doim boshqa joydan topaman. Chamadoning qayerda oʻzi? Oldin bir qarab koʻr…
Xonaga Nilufar kirdi. Sayilga tayyor shekilli, egnida atlas koʻylak, bir qoʻlida qirmizi jemper, bir qoʻlida qizil charm sumka… Oqarib ketgan yuzida, tegrasi boʻyalgan katta koʻzlarida hayajon aralash iztirob.
– Voy, nima boʻldi, Hikmat aka?
Nilufar kirib kelishi bilan Hikmatilloning ichki aʼzolarini siqib turgan qandaydir bir prujina yozilib ketdi-yu, qaddini rostladi.
– Xoʻp, mayli, bir gap boʻlar… Xayr…
– Shoshma! Chamadoning qayoqda oʻzi? Oborib qoʻyaman…
– Keragi yoʻq. Rahmat…
– Attang! Ja gʻalati ish boʻldi-da! Doim taxlanib yotadigan pul, shu safar… bunaqa boʻlganini qara?… Ja-a… noqulay boʻldi-da… Toʻxta deyman, oborib qoʻyaman…
– Ovora boʻlma…
– Toʻxtang! Axir siz… axir biz! – Nilufar, lablari pirpirab, bir eriga, bir Hikmatilloga qaradi. Uning koʻzlarida yana yosh tomchilari miltiraganday tuyuldi-yu, Hikmatillo tishini tishiga bosib, eshikni yulqib ochdi.
– Rahmat sizga. Xayr.
Hikmatillo, goʻyo Begimqul quvib kelayotganday, zinalardan hatlab-hatlab pastga tushdi.
Oftob charaqlab turar, toʻrt qavatli binolar bilan oʻralgan kattagina hovli bola-chaqaga toʻla, kulgi, qiyqiriq osmoni-falakka chiqqan edi.
Hikmatillo eshikda bir zum toʻxtab, koʻkragini toʻldirib nafas oldi, keyin koʻchaga chiqib, gʻiz-gʻiz uchib oʻtayotgan mashinalarga qoʻl koʻtardi: choʻntagidagi yetti soʻmni tejashning baribir foydasi yoʻq edi!..
Hikmatillo qarsillatib yopgan eshik goʻyo Nilufarning peshonasiga kelib tekkanday boʻldi-yu, koʻz oldi qorongʻilashib, devorni ushlab qoldi. Soʻng, bir-bir bosib, mehmonxonaga kirdi-da, shilq etib divanga oʻtirib qoldi.
– Xoʻsh, nima qildik, ketdikmi?
Nilufar indamadi. U tomogʻiga kelib tiqilgan achchiq faryod koʻksidan otilib chiqishidan qoʻrqib, tishini tishiga bosdi.
– Nima balo, ogʻizlariga talqon solib oldilarmi? – Begimqulning ovozi tahdidli yangradi. U vazmin odimlab, divanga yaqinlashdi. Nilufar boshini koʻtarmasa ham, uning dargʻazab vajohatini tasavvur etdi.
– Nima boʻp qoldi birdan?
– Oʻzim… boshim ogʻriyapti…
– Hmm… – dedi Begimqul. – Miltiqning oʻqidek odam… nechuk tuyqusdan boshlari ogʻrib qolarmish? Boshlari ogʻrisa… dalada… tabiat qoʻynida yozilib ketasiz. Men bosh injenerimizga vaʼda berib qoʻyganman…
Nilufar koʻzini yerdan uzmasdan sekin javob berdi?
– Yoʻq, men… chiqolmayman. Negadir… noxush sezyapman oʻzimni…
Begimqul goʻyo nima qilishini bilmagan odamday ancha jim qoldi. Lekin Nilufar bilar – uning bu sukutidan qoʻrqqulik edi!.. Nihoyat u qandaydir ogʻir pishillab:
– Menga qarang, xonim! – dedi. – Bosh-moshni bahona qilmay toʻgʻrisini aytib qoʻya qoling: eski jazmaningizga qarz bermaganim uchun koʻrsatayotgan oʻyiningiz emasmi bu?
Nilufar yalt etib qaradi. Uning yosh miltiragan koʻzlarida ifoda etish qiyin boʻlgan shunday zoʻr bir qahr yonib turardiki, Begimqul bir nima deb gʻuldiradi-da, eshikni taraqlatib yopib, uydan chiqib ketdi.
Eshik yopilishi bilan boyadan beri Nilufarni ip boʻgʻib olgan faryod koʻksidan otilib chiqdi-yu, yostiqni quchoqlab oʻkrab yigʻlab yubordi…
Nilufar yaqinda allaqaysi bir jurnalda oʻqigan edi; goʻyo, koʻz yoshi kishiga foyda keltiradi, degan gap shunchaki taxmin emas, balki ilmiy jihatdan asoslangan fikr emish, goʻyo yurakni chulgʻab olgan alam, koʻz yoshi bilan birga mayda tomirlar orqali sizib chiqib ketarmishu, kishi yengil tortarmish. Xullas, gʻam boʻgʻganda yigʻlamagandan yigʻlab olgan yaxshi emish!..
Nilufar hozir buni oʻylagani uchun emas, koʻpdan beri yigʻilib yurib, bugun birdan xuruj qilgan tizginsiz alamga bardosh qilolmagani uchun yigʻladi, divanga yuz tuban tushib, yostiqni quchoqlab, oʻzini tutolmaganidan uvvos tortib yigʻladi. Bu yigʻi chindan ham yuragidagi mislsiz iztirobni xiyol tarqatganday, xiyol yumshatganday boʻldi. Lekin buning oʻrniga xayolini oxiri koʻrinmagan tuganmas maʼyus oʻylar egallab oldi. Bu betaskin gʻam, oysiz tunday qorongʻi oʻylar uning xayoliga bugun kelayotgani yoʻq, ular sal kam bir yil oldin, toʻydan bir hafta oʻtmasdanoq boshlangan, lekin bugun, Hikmatilloni koʻrganidan keyin yangi bir kuch bilan xuruj qildi, jilovsiz toʻfon boʻlib yopirilib keldi.
Qiziq, bugun Xemengueydan gapirgan, eng muhimi, har bir soʻzi, qiliqlari, muomalasidan kishini rom qiluvchi bir samimiyat, odamiylik, gʻurur sezilib turgan bu yigit bultur Nilufarda tamom boshqacha taassurot qoldirgan edi.
Boshda, paxtada tanishgan mahalda Nilufarning dilida iliq mehr uygʻotgan boʻlsayam, keyinroq, shaharga kelganlaridan keyin, oʻta joʻn, oʻta sodda, ayni zamonda juda rashkchi va toʻpori boʻlib koʻringan edi.
Hikmatillo haqiqatan Nilufarni hammadan, koʻcha-koʻyda tikilib qaragan yigitlardan, texnikumdagi kursdoshlaridan, kinolarda yonma-yon oʻtirib qolgan erkaklardan, hamma-hammadan qizgʻanar edi. Oʻziyam na bir yaxshi gap, na bir shirin suhbatga qodir edi. Bolaligida muzika maktabida taʼlim olgan, bir olam kitob oʻqigan Nilufar birorta qiziq asar yo yangi kino haqida gap ochsa u yo soʻz topolmay gʻuldirab qolar yoki gʻalati gaplar aytib, Nilufarning kulgisini qistatardi.
Oʻsha mahalda Nilufarning nazarida yigit kishiga nomunosib koʻringan jurʼatsizligi, kulgili tuyulgan tortinchokdigi-chi? Hikmatilloning moʻmin-qobilligi faqat Nilufar emas, uning dugonalarini ham hayratga solar, ular: “Bu yumshoq supurgini qayoqdan topding?” deb kulishardi…
Yomgʻirdan qochib, doʻlga uchradim, deganlaridek, uning “yumshoq supurgidan” qochib, bu chaqir tikanga duch kelishiga shu kulgilar, kursdosh yigitlarning zaharxandasi-yu, dugonalarining pichinglari ham sabab boʻldi.
Mana hozir ham bir safar Hikmatillo dargʻazab boʻlib texnikumga kirib borgani, Nilufar: “Kinoga tushsam nima qipti?” deganda, koʻzlarini katta ochib: “Axir… axir biz oʻpishgan edik-ku!” deb xitob qilgani esiga tushib, koʻz yoshi aralash bir jilmayib qoʻydi.
Endi oʻylab qarasa… oʻshanda Nilufarga oʻta gʻalati, oʻta joʻn tuyulgan uning bu xitobida ham allaqanday soddadillik, gard yuqmagan bir samimiyat bor ekan…
Voy, tavba! Odam-degan ham bir yilda shuncha oʻzgaradimi? U-ku oʻzgaripti, oʻsipti, bu-chi, eri-chi? Ushanda oʻta ilgʻor, oʻta zamonaviy koʻringan, hatto eng dagʻal hazillari, pardasiz gaplari, hayosiz qiliqlari ham yigitlikning eng yaxshi belgilari boʻlib tuyulgan Begimqul-chi?
Begimqul qanday paydo boʻldi-yu, qachon uning koʻnglini rom qilib oldi – buni Nilufarning oʻziyam bilmasdi. U xuddi oftob charaqlab turganda toʻsatdan yopirilib kelgan qora bulutday, yozda, hech kim kutmagan bir paytda yoqqan doʻlday kutilmagan bir mahalda paydo boʻldi. Faqat bir narsa esida: texnikumda Hikmatilloning oʻrnida patak sochlari hurpaygan bu oʻktam, xushchaqchaq tanti yigit paydo boʻlganida, ilgari kulib yurgan dugonalarigina emas, hatto Nilufarga oshiq kursdosh yigitlar ham toʻsatdan jimib qolishdi.
Ilgarigi “oyim supurgi”, “aravakash”, degan pichinglar oʻrniga “chempion!”, “sambochi!” – degan hayrat aralash vahimali xitoblar eshitiladigan boʻldi. Nilufarning esida bor: bu xitoblar uning dilida ham hayrat aralash gʻurur uygʻotardi… Keyin… keyin Nilufar hushini yigʻib, bamaylixotir oʻylab koʻrishgayam fursati boʻlmadi. Xushchaqchaq, hazilkash chempion chempionchasiga ish tutdi. Tanishgan kunidan boshlaboq har kuni uni yoʻqlab boradigan, har kuni parklarga, kinolarga, kafelarga boshlab kiradigan, shisha tiqinlarini paqillatib, shampan deganni suvday oqizadigan, uylariga piyoda emas, taksilarda oborib qoʻyadigan boʻldi. Kafe tugul kinoga taklif qilishga iymanadigan, taksilarda belidan quchib oʻgirish u yoqda tursin, qoʻlidan ushlashga jurʼat qilolmaydigan Hikmatillodan keyin Begimqulning bu hatti-harakatlari chinakam mardlik, chinakam yigitlik boʻlib tuyulgandi Nilufarga!
Keyin… keyin Hikmatillo armiyaga ketdi. Ketganiga bir oy ham oʻtmadi. Bir kun… Begimqul bilan uchrashish uchun texnikumdan barvaqtroq qaytgan Nilufar darvozalari oldida qator turgan ikkita oq “Volga”ni koʻrdi. Xuddi oq qushlarday hech bir joyiga gard yuqmagan bu oq “Volga”larda Begimqulning otasi yuborgan andijonlik sovchilar kelgandi!
Nilufar oq “Volga”larning qudratini oʻshanda, yoʻq, sal keyinroq, mahallada koʻtarilgan shov-shuvni eshitganida bildi.
Rost, dadasi bechora “sinamagan toyning sirtmogʻiga ilinib qolmaylik, qudalar kim, qanday odamlar, oldin soʻrab-surishtirib koʻraylik”, dedi. Lekin oyisi…
Oyisi bir mahallar tuppa-tuzuk tashkilotlarda rahbarlik qilgan, lekin bir-ikki yil oldin nimadandir qoqilib, popugi pasayib qolgan, shu-shu oʻziyam qiynalib, oddiy muzika oʻqituvchisi boʻlib ishlaydigan dadasini ham qiynab qoʻygan edi. Shuning uchunmi, yo boshqa sababdanmi, eshiklariga qoʻsh “Volga”lik sovchilar kelishi oyisining tushkun ruhiga boshqacha taʼsir etdi…
Yoʻq, Nilufar aybni oyisiga toʻnkamasayam boʻladi. Begimqulning… mardligiga, saxiyligiga, sovchilar kelgan bu oq “Volga”larga oyisidan avval uning oʻzi uchmaganmidi? Toʻydan bir hafta oldin Begimqul Nilufarni shu uyga boshlab kelganida va u jihozga toʻla bu xonalarni, yerdagi qip-qizil gilamlar, hali gʻilofdan chiqarilmagan anavi servantlar, xolodilniklar, toʻrda turgan rangli televizorlarni koʻrganida yosh boladay sevinib, qimmatbaho buyumlarni qoʻllari bilan silab-siypab koʻrmaganmidi? Xonadan xonaga oʻtib, oshxonayu vannalarga kirib, zavqlanmagan hayoti haqida oʻylab, betoqat toʻlgʻanib chiqmaganmidi? Endi qaysi yuz, qaysi vijdon bilan aybni oyisiga toʻnkamoqchi boʻladi?..
Esida bor, oʻshanda, Begimqul uni boshlab kelib, mana shu xonalarni koʻrsatganida, Nilufar kulib:
– Hammasi yaxshi-yu, faqat… qandilingiz yarashmayapti! – deb kulgan edi. Chindan ham oʻshanda mehmonxonaning shiftiga qoʻpolroq yasalgan uch shamlik joʻngina mis qandil osilgan edi. Lekin Nilufar bundan ranjigani uchun emas, shunchaki hazillashib aytgan edi. Uning gapiga Begimqul ham hazillashib:
– Sizday sanamga yoqmasa yoqadiganini olamizda, akasi oʻrgilsin! – deb javob berdi. Ertasiga esa birinchi qilgan ishi uni Chilonzordagi eng katta xoʻjalik magaziniga boshlab bordi. Magazinda Nilufarga yoqadigan nozik qandil yoʻq, hammasi qimmatbaho billur qandillar yigʻilib qolgan ekan. Begimqul qimmatlarining ichidan eng qimmatini, uch yuz ellik soʻmlik katta, besoʻnaqay, lekin yonganda mayin koʻkimtir jilo sochib turadigan mana shu billur qandilni sotib oldi.
Yodida bor, oʻshanda Begimqul choʻntagidan taxi buzilmagan shaldiroq ellik soʻmliklarni chiqarib, kassaga toʻlayotganida Nilufar allaqanday choʻchib:
– Voy, pul fabrikasida ishlaysizmi? – deb soʻradi. Uning gapiga Begimqul:
– Mevasini yengu, bogʻini surishtirmang, jonidan! – deb kulib qoʻya qoldi. Biroq keyin, ogʻir qandilni birga koʻtarib chiqayotganlarida:
– Boboy omon boʻlsinlar! – deb qoʻydi, goʻyo Nilufarning dilida shubha qoldirgisi kelmaganady. – Boboy omon boʻlsalar siz bilan biz dard koʻrmaymiz, jonginam!
Begimqulning dadasi Asakadagi katta bir millioner kolxozda bosh buxgalter boʻlib ishlardi. Koʻrinishidan u Begimqulning tamom teskarisi, nimjongina, yuvoshgina, kamgap odam. Lekin bu yuvvosh odamning qoʻli yetmaydigan joy yoʻq. Toshkentda ham oshna-ogʻaynilari koʻp. U hammani hayratda qoddiradigan katta toʻy qildi, toʻy kechasi Nilufarlarning eshigida bitta-ikkita emas, yigirmadan ortiq yangi “Volga”lar saf tortib turdi…
Yo tavba. Yana hamma aybni ularga toʻnkayapti! Boshda, toʻydan oldin yengiltaklik qilib, Begimqulning tan-tili-yu, toʻy sarpolariga uchib, endi aybni unga toʻnkash insofdanmi? Bu xonadonga kelib tushib nima kamchilik koʻrding, nimalarga muhtoj boʻldingki, endi, toʻydan keyin nogʻora qoqasan? Ich-ichingdan zil ketib, pushaymon chekasan? Oʻz aybingni birovlarga toʻnkamoqchi boʻlasan?
Ha, toʻyda ham, toʻydan keyin ham Nilufar hech narsaga muhtoj boʻlmadi, xuddi ertaklardagiday hozir ham koʻngli nimani tusasa hammasi bir zumda muhayyo boʻladi. Hatto boshqalar oylab navbat kutadigan, yozilolmay dogʻda qoladigan noyob kitoblar, Nilufar koʻpdan beri orzu qilib yurgan jahon klassiklarining koʻp jildli asarlari ham uning bitta gapi bilan bir kunda paydo boʻladi, odamlar yillab yigʻadigan nodir buyumlar uning istagi bilan bir lahzadayoq yoʻqdan bor qilinadi. Buni koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlari, birga oʻqigan dugonalari unga havas, hatto hasad qilishadi. Nilufar esa… Nilufar esa istagan narsaga qoʻli yetadigan, har ishga qodir bu xonadonga kelin boʻlib xato qilganini toʻydan keyin… bir oy oʻtmasdanoq tushundi.
Toʻy kechasi tantanali holatda kaliti qoʻlga tekkan bu uyda chindan ham hamma narsa muhayo, hatto anqoning tuxumi desa topiladi, faqat bir narsa – samimiy gaplashadigan bir doʻst, kishi bir nimadan toʻlib ketganda oʻtirib dardlashadigan bir inson topilmaydi. Ajabo, dard, oddiy insoniy dard oʻzi yoʻq bu uyda!
Toʻy boʻlganiga sal kam bir yil boʻpti-yu, har kuni bir xil gap, bir xil qiliq, bir xil hazil-mutoyiba.
– Qalay, palovxon toʻra gatopmi, jonginam? Gatop boʻlsa shampanxondi oling, koʻpirtirib bitta olaylik! Yo besh yulduzligidan qittay-qittay qilib gijinglashamizmi, akasi jonidan? Xoʻp deya qoling, oʻrgilay! Hozir “Rohat”ni qoʻyib yuboraman, bir hoʻplam olib, haligi… akangiz yaxshi koʻradigan novvot rang ich koʻylakti kiyib, bitta qilpillab bersalar toabad qullari boʻlamiz, labbay? Ha, yoqmay oʻlsin! Saryogʻdek yoqib turipti-yu, yana qovoq-tumshuq qiladilar! Xa-xa-xa…
Qiziq, ilgari, toʻydan oldin ham Begimqulning gap-soʻzlari shampanxon toʻra bilan kurash uslublaridan nariga oʻtmas edi, lekin u paytlarda Begimqulning bu hazil-mutoyibalari bilan dagʻalroq qiliqlari dilidagi nozik tuygʻularni oshkora qilishni istamaydigan zamonaviy yigitlarning soxta qoʻrsligi boʻlib koʻrinardi, Nilufarga… Hayhot! Nilufar kutgan nozik tuygʻulardan asar ham yoʻq ekan unda!.. Nozik tuygʻu tugul sambo, chempionlik unvonini saqlab qolish istagi – hammasini yigʻishtirib qoʻydi. Zotan, shampanxon toʻradan boshqa istak qolmadi unda.
Nilufar miyasi gʻovlab ketayotganini sezib, sanchib ogʻrigan chakka tomirlarini siladi, bir nuqtaga tikilib, uzoq oʻtirdi. U oʻylayotgan oʻylarining butun adolatsizligini tushunar, erini emas, oʻzini ayblashi kerakligini sezar, biroq alamli oʻylar girdobidan chiqolmas edi. Qanday chiqsin, axir…
Soʻnggi paytlarda Begimqul yana bir qiliq chiqardi: har kuni boʻlmasa ham, haftada bir-ikki marta navbatsiz gaz olish payida yurganlar ziyofatini yeb keladigan boʻldi. Bu ziyofatlardan u doim shirakayf boʻlib, oʻz iborasi bilan aytganda, “gijinglab” kelar, har safar magnitofon qoʻyar, Nilufar uyda kitob oʻqib oʻtirgan boʻlsa kitobini, boshqa ish bilan band boʻlsa ishini qoʻlidan olib, darhol oʻyinga tushirar: “Qoʻying shu kitob-pitobingizni! Davr kelibdi oʻynab qolaylik-da, bu besh kunlik dunyoda, akasi jonidan!” deb, uyni boshiga koʻtarib kular, oʻziyam raqsga tushib, “jinnilik”lar qilardi. Eng dahshatlisi – bunday paytlarda Nilufar istasin-istamasin erining aytganini qilishga majbur boʻlar, u kulsa kular, oʻyna desa oʻynar, chunki “gijinglab” qaytgan kunlari uning aytgani-aytgan, degani-degan boʻlmogʻi kerak, aks holda hazillari qahrga, yolgʻon jinniligi chin jinnilikka aylanar edi!..
Ha, endi oʻylab qarasa Nilufar eriga bir ogʻiz gap qaytarolmaydigan, u nima demasin hammasiga, hatto eng tuban istaklari, bachkanaliklari, jinniliklariga ham lom-mim deyolmaydigan bir bechoraga aylanib qolibdi! Nilufar buni allaqachon sezar, sezib ich-ichidan ezilib yurar, biroq, hech kimga bildirmay, dardini ichiga yutib kelardi. U oʻzining qanchalik gʻarib, qanchalik ayanchli ahvolga tushib qolganini faqat bugun, toʻqson soʻm emas, toʻqqiz yuz soʻm topib berishga qodir erining Hikmatilloga qilgan pastligini koʻrgandagina bildi, bu tubanlikni koʻrib turib, bir ogʻiz bir nima deyolmagandagina tushundi…
Yo tavba! Zebi-ziynat haqida yo birorta qimmatbaho buyum haqida gap ketganda pulning yuziga qaramaydigan erining bunchalik xasisligini ham Nilufar bugun koʻrdi, koʻrdi-yu, bir ogʻiz eʼtiroz bildirishga, “Sizdan boshqa kimga boradi bu bechora, yordam berib yuboring!” deyishga qurbi yetmadi! Erining koʻngliga boshqa narsa kelishidan, rashk qilishidan qoʻrqib, ogʻiz ocholmadi!.. Erining inson shaʼniga nomunosib bu ishi, bu xasisligidan vujud-vujudigacha qaqshab, dod deb yuboray desa-yu, bir ogʻiz bir nima deyolmasa!.. Bundan ortiq xorlik, bundan ortiq gʻariblik bormi?
Bechora Hikmatillo! U nima qildiykin? Qarz soʻrab kimga bordiykin?..
Yoʻq, u bechora emas! Yigit kishi bir yoʻlini topgandir. Bechora deb uni, Nilufarni aytsa boʻladi!
Nachora, Nilufar hayotda qanchalik yanglishganini boya Hikmatilloni koʻrgandagina, uning bolalarcha samimiyat bilan javdirab turgan koʻzlariga koʻzi tushgandagina tushundi, tushundi-yu, yuragida koʻtarilgan toʻfonni zoʻrgʻa bosib oldi. Keyin, Hikmatilloda ham qandaydir oʻzgarish roʻy berganini, u ham toʻsatdan maʼyuslanib, indamay qolganini sezganida esa yodidan chiqqan esdaliklar qaytadan yopirilib kelib, bir zumda issiq koʻz yoshiga aylandi-yu, tomogʻini gʻip boʻgʻib oldi. Ha, boya ovqat pishirib, uyga kirib-chiqib yurgan, hatto Hikmatillo bilan gaplashishga urinib koʻrgan Nilufar burungi Nilufar emas, uning soyasi edi, xolos… Haqiqatan, u burungi Nilufarning, qizlik chogʻlarida butun bir texnikum yigitlari shaydo boʻlgan, ham shaddod, ham muloyim, samimiylarga samimiy, dagʻallarga dagʻal boʻla oladigan magʻrur Nilufarning quruq bir soyasi, qudratli hoʻjayinining tilsiz bir choʻrisi! Aks holda, boya erini insofga chaqirmasmidi? Eri odamgarchilik qilishni istamagan boʻlsa, uning oʻzida ham pul bor edi-ku. Xuddi mehmonxonadagiday yana bir qandil olasan deb, bir hafta oldin eri bergan uch yuz ellik soʻm pul shkafda turgan edi-ku? Shu pulni erining esiga solsa boʻlmasmidi?
Shkafdagi pul esiga tushishi bilan Nilufar oʻrnidan sakrab turdi-yu, yugurganicha yotoqxonaga chiqdi. Xonada hamon toʻshaklar yigʻilmagan, shkafdagi kiyimlar yerga sochilgan, hamma yoq algʻov-dalgʻov boʻlib yotardi. Lekin Nilufar bunga eʼtibor ham bermadi, u shkafning pastki qutisini sharaqlatib ochib, taxlab qoʻyilgan mayda-chuydalarni titkilab ketdi. Ha, bir kiyim atlasning orasiga qoʻygan uch yuz ellik soʻm pul qanday qoʻygan boʻlsa shunday turardi. Nilufar pulni olib sumkasiga soldi, soʻng negadir naqshinkor yogʻoch qutichani ochib, zebi-ziynatlarini titkilay ketdi! Lekin shu payt eshik taraqlab ochilganini eshitib, choʻchib oʻrnidan turdi.
– Shoʻttamisan, Nilu?
Ostonada paydo boʻlgan Begimqul bir Nilufarga, bir betartib sochilib yotgan buyumlarga qaradi.
– Nima qilyapsan?
– Shu… oʻzim… – dedi Nilufar.
– Bularni qoʻyib tur, jonginam. Mehmon keldi. Kutib ol!
– Qanaqa mehmon?
– Bosh injenerimiz! – Begimqul koʻzini gʻalati qisib jilmaydi. – Dalaga birga chiqmoqchi edigu, chiqmaganimizdan keyin… uyga taklif qildim. Sen bilan tanishmoqchi…
– Men bilan tanishib nima qiladi?
– Qiziqmisan? Men oʻzim aytdim. Xotinim bilan tanishib qoʻying, bordi-keldi qilaylik, dedim! – Begimqul unga qandaydir yopishmagan bir xushomadgoʻylik bilan yana ishshaydi. – Uyda hamma narsa gatopmi?
U gapini tugatmagan ham edi, tashqi eshik tiqirlab:
– Mumkinmi? – degan ovoz eshitildi.
– Ana, keldilar. Boʻla qol, jonginam! – Begimqul yana koʻzini qisib kuldi-da, eshikni yopdi. – E-e… kelsinlar, kelsinlar. Qadamlariga hasanot! Yoʻq, yoʻq, yechmang-yechmang. Mana, latta! Artib oʻtavering! Qani, marhamat…
– Xoʻjayka koʻrinmaydilar?
– Xoʻjayka… xotinlarni bilasiz-ku: pardoz-andoz, yasan-tusan, xa-xa-xa… Qani, bu yoqqa…
Nilufar birdan yuragi gurs-gurs urib eshikni tovushsizgina ochdi, dahlizda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, yuragi qinidan chiqqudek boʻlib, oʻzini ohista tashqariga oldi…
6
Aya eshikda paydo boʻlgan Hikmatilloni koʻrib, angrayib qoldi.
– Senga nima boʻldi, bolajonim? Tinchlikmi?
– Chamadonim qaniya, aya?..
– Kenjatoyning uyida. Nima qildi? Tinchlikmi oʻzi?
– Tinchlik, aya, tinchlik.
Hikmatillo kenjatoyning xonasiga kirib, chamadonni karavot tagidan sugʻurib oldi. Chamadonning qulfi yoʻq, qoq belidan yoʻgʻon tasma bilan chandib qoʻyilgan edi. Hikmatillo tasmani yechib, chamadonni ochdi, olma-anor ustiga taxlangan kiyim-kechaklarini titib, choʻntaklarini kovlab chiqdi. Pul yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas edi!
Aya uning qoʻlidan ushladi.
– Hoy, ogʻzingga talqon soldingmi, soʻyloq! Aytsang-chi!
– Yoʻq, shunchaki… bir narsani qidirdim, ayajon…
– Rangingda rang yoʻq… Ayajoningdan yashirmay qoʻya qol, aylanib ketay!..
Hikmatillo chamadonni yopib, oʻrnidan turdi, xijolat chekib peshonasini ishqadi.
– Yoʻl kira pulimni yoʻqotib qoʻyibman, aya…
Ayaning serajin yuzidagi, kirtaygan koʻzlaridagi sarosima norozilik bilan almashdi.
– Nima boʻpti debman-a? Joning omonmi ishqilib? Necha pul edi, boʻtam?
– Toʻqson soʻm…
– Toʻqson ming emas, toʻqson soʻm ekan-ku! Oʻtakamni yorib yubording-a, bolam!
Hikmatilloning lablariga alamli tabassum yugurdi.
– Toʻqson soʻmga alam qilyapgani yoʻq, ayajon. Yoʻl kirasiz qoldim, shunga hayronman.
– Ha-ya! – dedi kampir. – Boshqa puling yoʻqmi?
– Bir tiyinim ham yoʻq…
– Endi nima qilasan?
– Shunga boshim qotib turipti-da…
– Unda qiyin boʻpti, – dedi kampir. – Nima qilasan? Yo uyingga borib kelasanmi?
– Vaqt boʻlsa-ku, borib kelardim-a? Ertaga xizmat joyimga yetib borishim kerak… Hayronman… Kampir birdan toliqib qolganday, karavotga oʻtirdi, ham kuyingan, ham jerkkan tovushda:
– Tuyadek yigit! – dedi. – Sallot! Qissangdagi pulingni yoʻqotib oʻtirsang… Uyat emasmi? Gaz quvurga saqlab yurgan biri kam yetmish soʻm pulim bor edi, ola qol shuni…
– Siz nima qilasiz?
– Yetim qoʻzichoqday koʻzing moʻltirab tursa… men nima qilay? – dedi aya, yana jerkinqirab. – Bir yil gaz yoqmasam, choʻyan pech yoqarman! Koʻchada qolganim yoʻq, qoʻni-qoʻshni, el-yurt bor, bir gap boʻlar axir, yur!..
Aya kuymalanib, narigi xonaga chiqdi. Bu xona hali ganch suvoq ham qilinmagan, faqat tagiga pol, shiftiga chiy qoqilgan, endigina somon suvoqdan chiqqan edi.
Aya taxmondagi sandiqqa yigʻilgan koʻrpalarga imo qildi: “Olishvor!”
Hikmatillo koʻrpalarni bir chekkaga olib taxlagach, sandiqni koʻrsatdi – “buniyam koʻtar!”
Sandiqning osti taxta bilan yopilgan oʻracha ekan. Kampir taxtani surib, oʻrachadan yumaloqqina xoʻqaloqcha, xoʻqaloqchadan kichikroq boʻgʻcha, boʻgʻchadan mittigina tuguncha olib, uni tishi bilan yecha boshladi. Tugunchadan bir dasta besh soʻmlik, uch soʻmlik, bir soʻmliklar chiqdi. Hammasi gʻijimlangan, ezilgan, lekin silab-siypab, bitta-bitta qilib taxlangan edi.
– Ma, bir kam yetmish soʻm. Sanab ol, aylanib ketay…
Hikmatilloning esiga Begimqulning gapi tushdi: “Sandikdagi yuz soʻlkavoylarni chiqarsin, shu bugunoq yoqib beraman gazni!”
Hikmatilloning tomogʻini bir narsa gʻippa boʻqqanday boʻlib bir zum jim turib qoldi.
– Ayajon. Ertaga yetib borishim bilanoq pochtadan joʻnataman. Yuz soʻm qilib qaytaraman, ayajon!..
– Qayoqdagi gaplarni gapirma! – dedi kampir, oʻrachaning ogʻzini yoparkan. – Bir oyogʻim yerda, bir oyogʻim goʻrda turganda sening haqingni nima qilay? Oʻz pulimni qaytarib bersang boʻldi! Qani, sandiqni joyiga qoʻyib, koʻrpalarni yigʻ, ilgarigi quvvat yoʻq ayangda. Ishqilib, oʻzingga insof bersin…
“Ayajon! Haqingiz manda ketmaydi. Sizdan koʻp yaxshiliklar koʻrganman. Bu yaxshiliklaringizni to abad unutmayman”.
Hikmatillo qalbidan qaynab chiqqan bu gaplarni aytgisi kelar, lekin tomogʻiga tiqilgan allanima tobora qattiqroq boʻgʻmoqda edi…
U soʻnggi koʻrpani taxmonga otdi-da, jadallab uydan chiqdi, chiqarkan, ayaning:
– Hoy, soʻyloq, – deganini eshitdi. – Biletingni olgin-da, hayallamay qaytib kel. Bir siqimgina osh qilib qoʻyaman, aynanib ketay…
Hikmatillo javob bermadi. U ayvondan tushayotganda “AGV” uchun qurilgan uychaga koʻzi tushdi, uychaning hali eshigi yoʻq, ichkarida yashil rang “AGV” koʻrinib turar, garchi gaz pechkaning quvuri oʻrnatilmagan boʻlsa ham, uychaning tepasi shifer bilan yopilgan edi…
“Vaqt boʻlganda… quvurkon oʻrnatib, kampirning ishini bitirib berganda-ku, koʻp savob ish boʻlardi-ya! – dedi Hikmatillo ichida. – Lekin… vaqt topilgandayam… azbest truba bilan uning dardisar homutini qayoqdan topadi?”.
Hikmatillo kechi bilan indinga ertalab oʻz qismida boʻlishi kerak. Agar ertaga ertalabki samolyotga bilet olsa, tushda Novosibirskka yetib boradi, u yogʻi elektrichkada bir soat-bir yarim soatlik yoʻl, undan u yogʻiga yo harbiy qismlar, yo lespromkombinatning mashinasiga oʻtiradi-yu, kechqurun oʻz qismida boʻladi. Agar kechqurunga samolyotda uchsa… Novosibirskka tong payti boradi, ertalabgacha elektrichka kutadi, undan u yogʻiga mashina duch kela qolsa nur ustiga nur, kelmasa… bir oz kechikishiyam mumkin…
Hikmatillo buning hammasini yoʻlga chiqmasdanoq rejalab qoʻygan edi. Lekin endi, kampirning muomalasidan keyin, ikkilanib qoldi. Albatta, u borgan zahoti pulni yuboradi. Oddiy pochta orqali emas, telegraf bilan yuboradi. Kampir uch-toʻrt kunda bu pulni oladi. Lekin gap pulda emas! Kampirning yaxshiligiga yarasha bir yaxshilik qilmogʻi kerak! Balki pulni olganda ham quvurni oʻrnatolmay, kuni yana choʻyan pechkaga qolar! Ilgarigi quvvati qolmagan ayajoni yana uzun qish azob chekib chiqar!.. Bir yoʻlini topib, ayaning ishini bitirib berishi kerak. Shu arzimagan ishni udla qilolmasa, u nima degan odam, nima degan yigit, nima degan soldat boʻldi?
Haqiqatan, agar u biletni ertaga kechqurungi samolyotga olsa nima boʻladi? Kechasi Novosibirskka yetib boradi. Ertalab soat beshda elektrichka yura boshlaydi. Elektrichkadan naryogʻi ellik-oltmish chaqirim yoʻl… Birorta mashina topilib qolar axir?.. Lekin ertaga kechqurunga qolgandayam azbest quvur bilan boshqa mayda-chuydalarni qayoqdan topadi? Toʻxta, agar u ertaga qolib barvaqtroq Begimqulga borsa, pul masalasida nomardlik qilgan odam, nahot bitta azbest quvur topib bermasa?
Yoʻq, Begimqulning uyini endi yelkasining chuquri koʻradi! Lekin, nima boʻlgandayam, ayaning ishini bir yoqlik qilishi kerak! Shart!
“AGV” pechkasiga koʻzi tushganda koʻngliga kelgan bu gap, aeroflot kassasiga yetguncha qatʼiy qarorga aylandi.
Lekin kassaga borganida yangi muammo tugʻildi: ertaga kechqurun toʻgʻri Novosibirskka uchadigan samolyot yoʻq, faqat Toshkent-Irkutsk samolyoti Novosibirskka qoʻnib oʻtar ekan. Hikmatillo tavakkal qilib biletni shu samolyotga oldi-da, koʻchaga chiqdi.
Oftob charaqlab turar, kun iliq, hatto bir oz issiq, hali bayram libosini yigʻishtirmagan koʻchalar, xiyobonlar, maydonlarda erkaklar bitta kostyum, ayollar yengil jemperlarda yurishar, odamlarning rang-barang kiyimlari bayramga bezatilgan shahar koʻchalarining tiniq boʻyoqlariga qoʻshilib, koʻzni qamashtirar edi…
Hikmatillo piyoda yurib, “Rossiya” mehmonxonasi yonidan havo rang gumbazlar xiyoboniga, undan Qizil maydonga oʻtdi. Soʻnggi yillarda Toshkent chindan ham ochilib ketgan, oʻziga xos bir koʻrk, kenglik, ulugʻvorlik kasb etgan edi.
Xuddi sharsharaday shovullagan ulkan favvora va uning marmar sarhovuzi atrofida suratga tushishga kelgan, oppoq koʻylak kiyib, yuzlariga harir ipak narda tutgan boʻlgʻusi kelinchaklar va ularni yetaklab olgan qora libosli yigitlar, yangalari, yor-doʻstlari qurshovida toʻp-toʻp boʻlib yurishar, ipak soʻzanalar yopilib, gullar bilan bezalgan yangi “Volga”lar qatorlashib turardi…
Boʻlgʻusi kelinlarga xos iffat bilan boshlarini xiyol egib, bir-bir bosib borayotgan bu qizlarni, yangi chust doʻppilarini peshanalariga qiya qoʻndirib, qayliqlarini avaylabgina qoʻltiqlab olgan yosh kuyovlarni koʻrganida yana Nilufar esiga tushib, yuragi zirqirab ketdi. Yoʻq, yana emas, Begimqulning uyidan chiqqanidan beri, Nilufar bir minut ham koʻz oldidan ketmadi. Bir minut ham! Eng yomoni – bugun Nilufarni koʻrganda anglagan haqiqat qayta-qayta esiga tushib, uni tinimsiz ezmoqda edi. Ha, yuragini allaqanday iinhoniy dard kemirgan bu gʻamgin juvon u bilgan va negadir yengiltak deb oʻylagan Nilufar emas, bu tamom boshqa, unsiz iztirob chekayotgan pok, samimiy, goʻzal bir ayol edi. Yo shu bir yil ichida Nilufarning qayotida mudhish bir voqea roʻy bergan, nimadir uni sindirib, insofga keltirgan, yoxud u boshdayoq shunday iok, oq koʻngil boʻlganu, Hikmatillo buning qadriga yetmagan, kaltabinlik va rashk tuygʻusi koʻzini bogʻlab, qizning nozik qalbini koʻrolmay qolgan!
Hikmatillo horgʻin odimlab, Qizil maydonga chiqdi, undan Gagarin parkiga oʻtmoqchi edi, lekin bu parkda Nilufar bilan birga yurgan xiyobonlari, oʻtirgan skameykalari, qoʻl ushlashib kezgan anhor boʻylarini koʻrsa battar ezilishini oʻyladi-yu, ikkilanib toʻxtadi.
Haqiqatan, endi bu iztiroblardan foyda yoʻq, vujudini qaqshatgan bu tizginsiz gʻamni jilovlay bilmoq, nima bilandir ovunmoq kerak! Ha, aytmoqchi, ayaning quvurkoni turipti-ku! Shu ishni bitirib, ayaning mushkulini yengil qilib ketmoq kerak! Lekin azbest quvurni qayoqdan oladi? Begimqul yordam berishi mumkin edi, biroq… Yoʻq, Hikmatillo endi unikiga bormaydi, pulini oldirib arosatda qolgan hamqishloq doʻstiga toʻqson soʻm qarz berib turishni lozim topmagan bu nokasni koʻrishniyam istamaydi u!
Toʻsatdan, Hikmatillo texnikumni eslab qoldi. Balki u bilan oʻqigan yigitlardan birortasi uchrab qolar. Yigitlar, odatda, yozgi taʼtil paytlarida qurilishlarda ishlashadi. Balki ulardan bir maslahat chiqar?..
Hikmatillo orqasiga qaytib, tramvay bekatiga oʻtdi. U toʻgʻri yotoqqa bordi. Lekin dam olish kuni boʻlgani uchunmi, kursdoshlari u yoqda tursin, birorta tanish student ham uchramadi. Hikmatillo hech qachon yotoqda yotmagani uchun, hech kim uni, u ham hech kimni tanimadi. Yotoqdagilar undan: “Qarindoshingiz bormi? Kimni qidirib yuribsiz, soldat?” deb soʻrashar, u esa nima deb javob berishini bilmas edi.
Aya bir siqimgina osh qilib, kutib oʻtiradigan vaqt yaqinlashmoqda edi. Hikmatillo avtobusga chiqdi, Agar quvur topilmasa, u kampirning oshini yeb, Sverdlov teatrida boʻladigan “Katta konsert”ga tushishga ahd qildi. Uzoqda yurib, oʻzbek raqsini, qoʻshiqni, muzikani juda sogʻingan edi.
Avtobus Oqtepaga yaqinlashib, Hikmatillo tushishga hozirlanayotgan edi, kimdir nogahon yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
– Hikmatmisan, ogʻayni?
Hikmatillo oʻgirilib qaradi: shundoq oldida egnida ohak yuqqan ishchi jomakori, qoʻlida andava blan bolgʻacha solingan eski sumka, burni puchuq, pakanagina bir yigitcha, xuddi armiyadan qaytgan oʻz akasini koʻrganmay, xushnud jilmayib turardi. Hikmatillo uni qayerdadir koʻrgan, bu miqti, pakana yigit boshqa gruppada boʻlsa ham, shubhasiz texnikumda birga oʻqigan, lekin xotirani qarang, ismi yodidan koʻtarilgan edi!
– Otpuskaga keldingmi, ogʻayni?
– Otpuskaga…
– Boʻydan xudo beribdi! Jaa… jirafa boʻp ketibsan!..
– Oʻzing qalaysan? Oʻqishlar tutadimi?
– Qayoqda? Hali bir yil bor-ku! Ketganingga bir yil boʻldimi, axir? – kuldi puchuq yigit. – Yo qancha yil xizmat qilganing yodingdan koʻtarildimi?
– Yoʻq… – Hikmatillo uning ismini eslashga urinib, peshanasini tirishtirdi, lekin eslay olmadi. – Ishdan kelyapsanmi? Bugun dam olish emasmi?
– Quruvchiga dam olish bormi? Mardikorlik qilib yuribman!
– Yozdayam ishladilaringmi?
– Boʻlmasam-chi! Gosbanka qurdik, ogʻayni. Pul koʻpayadi endi!
– Qanaqa qilib?
– Yangi gosbank qurgandan keyin pul koʻpayishi kerakmi, axir? Yo bankaga shaftoli qoqi solishadimi?
Hikmatillo bu hazilkash yigitchaning puchuq boʻlsa ham, allaqanday yoqimtoy chehrasiga qarab turib, esiga yana quvur tushdi.
– Menga qara, doʻstim, men ertaga ketyapman. Shunga… zarur bir ish chiqib qoldi. Bitta… ammam bor edi. Eri frontda oʻlib ketgan, beva, hech kimi yoʻq. Shuning gazini toʻgʻrilab berish kerak edi. Bitta azbest quvur kerak boʻp qoldi. Iloji boʻlsa xomuti bilan. Yordam berolmaysanmi, doʻstim?..
Puchuq yigit sumkasini oʻrindiqqa qoʻyib, boʻynini qashidi.
– Azbest quvur… bittasi yetadimi?
– Bilmadim… uzunligi necha metr boʻladi oʻzi?
– “AGV” gami axir? Podvalda emasmi?
– Yoʻq, hovlida. Alohida uychasi bor.
– Unda bittasiyam yetib ortadi!
– Xomut deganiyam boʻlsa…
– Yoʻq, quvurni topsa boʻladi-yu, xomuti yoʻq… Lekin xomutni nima qilasan? Xomut yogʻoch toʻsinga truba tegmasin, deb quvurga kiydiriladi. Uning oʻrniga temir ishlatsang ham boʻlaveradi. Ikkita temirni toʻsinga qoqib, orasiga quvurni qoʻyasanu, yana ikkita temir bilan qisib, sim bilan qotirib bogʻlaysan, vassalom!
– Pojarniklar qildan qiyiq qidirishmasmikan?
– Tavba! – dedi puchuq yigitcha. – Qurilish texnikumida oʻqiganmisan oʻzi? Hammasi qonuniy boʻlsa pojarniklarning nima haqi bor bir nima deyishga?
– Xoʻp. Quvur topishga yordam berasanmi, xullas kalom??
Pakana yigitcha puchuq burnini ishqab:
– Yarimta boʻlsa-ku, topiladi-ya! – dedi. – Ammo yoʻlkirasiyam bor-da, ogʻayni!
– Yoʻlkirasi necha pul boʻladi?
– Kamida oʻn soʻm.
– Ie! – dedi Hikmatillo. – Quvur yarimtaga topilsa-yu, opkelish oʻn soʻm boʻlsa.
– Hozir ishlar shunaqa! – pakana yigitcha munchoq koʻzlarini mugʻombirona oʻynatdi. – Eshagidan tushovi qimmat. Shofyor zoti oʻn soʻmdan kamiga yurmaydi. Bitta truba boʻlsayam oʻn soʻm, yuztasigayam oʻn soʻm!
– Boʻpti, mana! – Hikmatillo choʻntagini kovlashtirib, toʻrt soʻm chiqarib berdi. – Yarimtaning puli. Kira haqini oborganda olasan. Lekin ertalab soat toʻqqizga yetkazib berasan!
– Toʻqqizga vaʼda berolmaymanu, toʻqqiz yarimga yest qilaman. Adresni choʻz!
Hikmatillo adresni aytgan edi, “puchuq yigitcha boshini liqillatdi.
– E, bilaman, bilaman. Bu koʻchadayam bittasining uyini boʻr suvokdan chiqarib berganman. Ertalab gatop qilamiz, ogʻayni!
…Hikmatillo qaytib borganda aya “doʻppidekkina” osh damlab, ayvonga joy solib, kutib oʻtirgan ekan, oʻchoqqa qarab pildiradi. Hikmatillo ayani toʻxtatib:
– Uyda qolgan-qutgan temir topiladimi? – deb soʻradi. Aya hayron boʻlib oʻchoq yonida toʻxtadi:
– Qanaqa temir, annanib ketay? Batareydan bitta truba yotuvdi… nimagaydi, soʻyloqjon?
– Ertaga quvurkon yasab beraman. Qani, trubangizni koʻrsating!
Kampir aytgan gaz truba hovlining oxirida zang bosib yotar, uni kamida toʻrtga boʻlish kerak edi. Hikmatillo poʻlat arra topib keling deb, ayani qoʻshnilarnikiga chiqarib yubordi-da, oʻzi kenjatoyning eski kiyimlarini kiyib, ishga kirishdi: “AGV” uchun qurilgan uychaning shiferini koʻtarib, toʻsinlarining orasini oʻlchab koʻrdi. Boyagi puchuq yigit haq – quvurga xomut kiydirish shart emas, uni temir bilan mustahkamlasa ham boʻlaveradi.
Bir siqimgina osh yeyilib boʻlgach, Hikmatillo aya topib kelgan arra bilan temir trubani arralashga kirishdi. Kampir uning atrofida parvona – goh choy damlab kelar, goh ishga yordamlashaman, deb unga xalaqit berar, dam quvonar, dam “pojarniy bor boʻlgur ispravka berarmikin” deb, tashvishga tushar edi.
– Koʻp tashvishlanavermang, aya, – dedi Hikmatillo. – Spravkasiyam toʻgʻri boʻladi. Begimqul esingizdami?
– Qoʻy, oʻsha ayiqpolvonni gapirma! – aya serajin yuzini teskari burdi. – Uyimda yaxshi-yomon bir-ikki yil turgan edi-ku, esida bordir deb, bir safar yoʻqlab bordim. Shunaqa-shunaqa, umid bilan gaz oʻtkazuvdim, qariganimda qolgan besh kunim tinchroq oʻtsin, desam… “aya, gaz yoqaman desangiz, xumga koʻmgan oltinlaringizdan op keling” deb, hiringlab kulsa boʻladimi. Voy tilginangga chipqon chiqsin buving tengi kampirga uyalmay shu gapni aytgan! Oltinim boʻlsa, yurarmidim sochim oqarganda qorovullik qilib, dedim ichimda! Bir oʻyim, kattalarga kirib aytay dedimu, ke, qoʻy, oshimni oshab, yoshimni yashab boʻlganimda… chaqimchilik qilib yuramanmi dedim, boʻtam…
Kampirning gapi Hikmatilloga yana boyagi voqealarni eslatdi-yu, qoʻlidan arrasi tushib, oʻrnidan turib ketdi. U ertaga Begimqulga borishga, borib koʻnglidagi hamma gapni yuziga shartta-shartta aytishga ahd qildi.
Hikmatillo hovlini bir aylanib kelib, yana ishga kirishdi. U ertaga Begimqulga aytadigan gaplarini oʻylarkan, temir qirqayotgan arraning harakati tezlashar, qoni joʻshib, yuragi gurs-gurs urardi.
Arra oʻtkir boʻlsa ham, temir trubani qirqish oson emas edi. Payvand qilinsa birpaslik ish, anchaga choʻzildi-yu, konsert vaqti ham oʻtib ketdi. Bu orada, ertalab dikanglashib, gimnastika qilgan qizlar oʻqishdan kelishdi. Ulardan xabar olgani ketgan aya zum oʻtmay, qaytib keldi:
– Seni bir qiz yoʻqlayapti, soʻyloq!
– Qanaqa qiz?
– Tanimasam! – dedi kampir. – Ishqilib, qiz boʻlsa… bekning qizi, xotin boʻlsa poshshoning xotini.
– Poshshoning xotini bizday fuqaroni boshiga uradimi?
– Bilmasam endi, qidirib kepti-yu, annanib ketay!..
Hikmatillo shosha-pisha qoʻlini artdi-da, allaqanday ichki bir sezgidan yuragi uvishib, tashqariga chiqdi. Koʻchada, darvoza oldidagi olcha tagida… Nilufar turar, nariroqda och yashil taksi koʻrinardi. Egnida yangicha tikilan kalta xonatlas koʻylak va oq momiq jemper, oyogʻida toʻngʻiz tumshuq, poshnasi baland tufli, qoʻlida tilla halqali qizil charm sumka, Nilufar boshini bir tomonga sal egib, olcha yaproqlarini oʻynab turardi…
Hikmatillo vujudidan oʻt chiqib ketganday boʻlib, eshikda toʻxtadi.
– Nilufar?!
– Ajablanyapsizmi? – Nilufar qizarib kuldi-da, olcha tagidan chiqdi. – Boya… toʻsatdan boʻlganiga… shoshib qopmiz. Shunga haligi… soʻragan pulingizni opkeldim… – Nilufar itoatsiz barmoqlari bilan qizil charm sumkasini ochdi-da, negadir qoʻllari qaltirab, doʻppaygan konvert oldi.
– Yuz soʻm, Hikmat aka…
– Bekor ovora boʻpsiz…
– Ovorasi yoʻq… Iltimos qilaman, oling, Hikmat aka! – Nilufar qoʻlini choʻzganicha bir qadam oldinga yurdi, ovozi titrab, duduqlanib gapirdi. – Koʻnglingizga hech narsa kelmasin. Boya… Siz ketgandan keyin oʻylab qarasak… Juda xunuk ish boʻpti… Mayli, qachon desangiz shunda qaytararsiz…
Hikmatilloning qalbida bir-birida zid ikki tuygʻu olishardi, biri qandaydir iztirob toʻla minnatdorlik, biri xudbinlik aralash shodlik!
Nilufarning, bundan bir yil muqaddam uni haqoratomuz gaplar bilan rad etgan bu goʻzal sanamning endi yalinganday boʻlib kelishi Hikmatilloning izzat-nafsini qitiqlamoqda, bir mahallar poymol boʻlgan yigitlik gʻururiga taskin bermoqda edi. Ayni zamonda uning yuziga qarashgayam jurʼat etolmay, yerga tikilib turgan bu juvonning hozirgi ruhiyati yuragini zirqiratmoqda, u Nilufarning holiga tushunib turar, lekin u choʻzgan pulni ololmas edi!
– Yoʻq, rost aytaman, Nilufarxon, men pul topdim, mana, biletniyam oldim… – Hikmatillo shoshqaloqlik bilan koʻkrak choʻntaklarini paypasladi va shun-dagana kenjatoyning eski, kir-chir kiyimida ekani esiga tushib, qizarib ketdi. – Rahmat, Nilufarxon, lekin men bu pulni… rahmat!..
Nilufarning boshi pastroq egildi.
– Ha, ha, albatta-albatta. Keragi yoʻq… – u “qult” etib yutindi. – Kechirasiz…
Nilufar lablari pirpirab, sekin burildi-da, olisroqda turgan yashil “Volga”ga qarab ketdi. U oldin boshini koʻtarmasdan bir-bir bosib bordi, keyin nimagadir qoqilib ketib, sim yogʻochni ushlab qoldi-da, yuzini qoʻllari bilan bosganicha yugurib ketdi. Hikmatilloga u goʻyo oʻkirib yigʻlab yuborganday tuyuldi-yu, beixtiyor mashina tomon talpinib:
– Nilufar! – deb qichqirdi.
Nilufar uning chaqirganini eshitmadimi, yo eshitsa ham oʻzini eshitmaganlikka oldimi, Hikmatillo buni bilolmay qoldi. Eshigi qarsillab yopilgan “Volga” shitob bilan joyidan qoʻzgʻaldi. Hikmatillo gʻildiraklar tagidan koʻtarilgan changga tikilganicha koʻchaning oʻrtasida serrayib qoldi.
7
Begimqul jahl bilan eshikni ochdi, ochdi-yu, lol boʻlib qoldi: Nilufar yoʻq edi! Hozirgina shkaf oldida qizil charm sumkasini ushlab turgan Nilufar qayoqqadir gumdon boʻlgan, xuddi uyga oʻgʻri kirganday hamma yoq ostin-ustin boʻlib yotardi.
Begimqul hayron boʻlib oshxonaga chiqdi, vannaga qaradi, hatto taraq-turuq qilib, devor shkaflarini ochib koʻrdi – Nilufar xuddi suvga choʻkkan toshday nom-nishonsiz yoʻqolgan edi.
Mehmonxonadan bosh injenerning ovozi keldi:
– Nima boʻlyapti oʻzi, ogʻayni?
– Hech gap! Xotin… qoʻshnilarinikiga chiqib ketganga oʻxshaydi…
– Nima balo, arazlashib qoldilaringmi? – dedi bosh injener. – Yo bizni yoqtirmay juftakni rostlab qoldilarmi kelin poshsha?
– Yoʻgʻ-e, nega yoqtirmas ekan! Men hozir qoʻshnilarnikiga qaray…
Yoʻq-yoʻq, ovora boʻlmang. Bizga ruxsat berasiz, boradigan joylarim bor, – dedi bosh injener, lekin Begimqul uning gapiga quloq solmay, uydan chiqdi.
Nilufarni yon qoʻshninikiga, keyin aptekaga kirib surishtirdi. Nilufar qoʻshninikidayam, aptekadayam yoʻq edi!
Begimqul yomon bir shubhadan koʻngli orqaga tortib, koʻchaga chiqdi. U bir oʻyi mashina toʻxtatib, qaynotasinikiga borib kelmoqchiyam boʻldi-yu, mehmonxonada qolgan bosh injener esiga tushib, orqaga qaytdi. Lekin u zinadan chiqayotganida tepadan tushib kelayotgan bosh injener koʻrindi.
– E-e, nega qoʻzgʻaldingiz?
Bosh injener, yoshgina, xushbichim yigit, pillapoyada toʻxtab:
– Xoʻsh, kelin topildimi oʻzi? – deb kuldi.
– Topilmay qayoqqa ketardi? Doʻkon-poʻkonga chiqqanga oʻxshaydi. Qani, yuring…
– Rahmat! – Bosh injener kinoyali jilmayib, qoʻlini uzatdi. – Oldin kelin poshsho bilan yarashib, keyin mehmon chaqiring-da, ogʻayni. Yoʻq, yoʻq, ovora boʻlmang, kelgan yoʻlim esimda. Bu yogʻini oʻzim topib olaman.
Bosh injener birinchi qavatga tushib, koʻchaga chiqib ketguncha Begimqul oʻrnidan jilmadi, soʻng, horgʻin odimlab, uyga kirdi. Oʻzi eng yomoni ham shu, bosh injener oldida nomusga qolgani boʻldi!..
Institutni kechagina bitirgan bu yosh, lekin oʻziga juda zeb qoʻygan, ancha manman yigitning bosh injener boʻlib kelganiga hali bir oy ham boʻlmadi, ammo shu bir oy ichida u Begimqulni bir necha marta tanqid qildi, “tirnoq ostidan kir qidirish” qabilida yoʻl tutib, mayda-chuyda ishlariga tumshugʻini suqaverib, jonidan bezor qilib yubordi. Shunga Begimqul bugun uni dalaga opchiqib mehmon qilmoqchi, uy-joyini, mashinasini, Nilufarni koʻrsatib, eng muhimi, dadasidan gap ochib, u ham “koʻchada qolganlardan” emasligini bosh injenerga koʻrsatib qoʻymoqchi edi!.. Aksiga olib, “koʻrsatib qoʻyish” u yoqda tursin, oʻzi sharmandai-sharmisor boʻldi!..
Nilufarsiz uy qandaydir boʻm-boʻsh boʻlib, huvillab qolganday tuyuldi Begimqulga. U stoldagi ochilmagan konyakka, toʻgʻralmagan kolbasa, ushatilmagan patirlarga koʻzi tushib, ichkari kirdi, shishani ochib ust-ustiga ikki piyola konyak ichdi-da, bir burda non chaynab, divanga yonboshladi.
Ey, darigʻ! Tinchgina, tuppa-tuzuk kechayotgan hayot birdan bunaqa agʻdar-toʻntar boʻp ketsa? Toʻxta! Oʻzi nimadan boshlandi bu gʻavgʻo?
Ha, hamma balo Hikmatdan boshlandi! Ogʻzidagi oshni evlab icholmagan bu landovur… kelib-kelib shu bugun paydo boʻlganini qarang!
Yoʻq! Hikmat emas, uning oʻzidan ham oʻtdi! Shu arzimagan toʻqson soʻmni bera qolsa… oʻlib qolmas edi Begimqul! Shu pulni bermadi-yu, bir balo boʻldi Nilufarga!..
Yoʻq, gap puldayam emas! Bu pulsiz ham xotiniga bir balo boʻlganini sezardi Begimqul! Lekin bu kasal qachon boshlandi, uning sababi nima, Begimqul shuni bilolmay dogʻda.
Begimqul hayron edi: bu xotinning turmushdan norozi boʻladigan nima kamchiligi bor? Unga nima yetmaydi oʻzi? Yegani oldida, yemagani ketida! Kiygani atlasu ipak! Hech narsadan kam koʻsti yoʻq! Nima tilasa – hammasi muhayyo! Qishloqda u tengi qiz-kelinchaklar, qoʻllari kosov, sochlari supurgi, qishin-yozin tinim bilishmaydi! Qishloqni aytadi, shu yerlik, shaharlik yor-birodarlarining turish-turmushiniyam biladi-ku Begimqul. Hammasiyam unga, xotinlari esa Nilufarga havas qilishadi! Bu boʻlsa… arshi-aʼloda yashaganday yashaydi-yu, sira chehrasi ochilmaydi! Na unga, Begimqulga kulib boqadi, na oʻzi oʻynab-kuladi!
Begimqul uni urishib ham koʻrdi, soʻkib ham koʻrdi, boʻlmadi. Alamidan ichib kelib, toʻpolon ham qildi – foyda bermadi. Kechayu kunduz bir nimalarni oʻylagani oʻylagan, qovogʻi solingani solingan. Bittayu bitta topgan ovunchogʻi – kitob! Ertalab ham kitob, kunduz ham kitob, kechasi toʻshakka kirgandayam kitob! Bir nima desa koʻziga gʻilt-gʻilt yosh oladi, lekin oʻlib ketsa ham ichidagi dardini aytmaydi, yorilay demaydi. Ichimdagini top deb, bezrayib turgani-turgan!
Begimqul baʼzan jonidan toʻyib ketib, bor-e deb, javobini berib qoʻya qolay desa… yaxshi koʻradi! Eng dahshatlisi – Nilufar qiliq chiqargan sayin uning koʻngli sovish oʻrniga, tobora muhabbati ortib borar, u hatto Nilufar ketib qolishidan qoʻrqar, buni oʻylasa vahima bosardi!..
Baʼzan u yomon tushlar koʻrar, bu tushlarida Nilufar yo arazlab ketib qolgan, yo boshqa bir yigit bilan yurgan boʻlar, shunday paytlarda qora terga botib uygʻonib ketgan Begimqul yonida tinchgina uxlab yotgan Nilufarni koʻrsa mudhish jardan sakrab oʻtgan odamdan yengil tortar, soʻngra tong otguncha uning qoʻlini qoʻyib yubormas edi.
Mana endi uni vahimaga solib yurgan narsa roʻy berdi! U ketdi! Lekin qayoqqa? Oyisinikigami yo eski jazmani… Hikmat lapashangni qidirib ketdimikin?
Hikmatilloni eslashi bilan Begimqul xuddi ari chaqqanday irgʻib oʻrnidan turdi, yana ust-ustiga ikki piyola konyak ichdi, soʻng qayta joyiga oʻtirib, uzoq, ogʻir xayolga toldi.
Yoʻq, Nilufar boshiga urarmidi ogʻzidagi oshini evlab icholmaydigan, qoʻlidagi pulini qayoqdagi qalangʻi-qasangʻilarga oldirib oʻtirgan bu lapashangni? Qidirgandayam qay goʻrdan topardi uni? Bir boʻlsa… oyisinikiga ketgandirda arazlab? Oyisinikida boʻlsa… qayoqqa ham borardi! Ertaga oʻzi pesday boʻlib qaytib keladi! Kelmasa Begimqul oʻzi borib opkeladi! Qaynanasi omon boʻlsa… Begimqulning gapi ikki boʻlmaydi bu oilada!
Qaynatasi mazasi yoʻq odam! Unga bitta gʻijjagu, bitta shaxmat boʻlsa bas. Gʻijjagini gʻiyqillatib, shaxmatini taqillatib oʻtirsa boʻldi olam guliston! Lekin qaynanasi… koʻpni koʻrgan, yaxshi ishlarda ishlagan xotin, insonning qadrini biladi u. Qaynanasi omon boʻlsa, gapi yerda qolmaydi Begimqulning. Nega ham yerda qolsin. Koʻmir yoqib, qora qurum bosib yotgan uchastkalariga benavbat gaz oʻtkazdirib berdi. Qaynatasiday yayovlar tugul, otliqlarga topilmaydigan “AGV” pechkani topib, oborib oʻz qoʻli bilan oʻrnatib berdi. Xullas, oʻtkazib qoʻygan joyi bor! U hozir borsayam qoʻlidan sudrab opkeladi Nilufarni! Lekin… nimadan norozi bu… fohisha? Nima yetmaydi unga? Boshqa bir insofli xotin boʻlganda oyogʻini oʻpardi Begimqulning! Soyasiga koʻrpacha yozardi uning! Bu boʻlsa… odamni qon qilib yubordi-ku, axir? Uyga birov kirdimi yo unga shunday tuyuldimi? Yoʻq, kirdi. Dahlizda chiroq yondi. Nahot shunaqa… kech boʻp qolgan boʻlsa?
Begimqul yuragi uvushib oʻrnidan turdi, alpang-talpang yurib borib, chiroqni yoqdi. Eshikda… Nilufar turardi!..
Qoʻlida sumka, katta ochilgan koʻzlarida taraddud, yuzida qandaydir ayanchli ifoda, oʻziyam qimtinib, gʻujanak boʻlib turipti. Uning yuzidagi bu ayanchli ifoda, koʻzlaridagi taraddud Begimqulning dilida zoʻr bir zaharxanda uygʻotdi.
– Xoʻsh, tun yarimda qayoqlarda sangʻib yuriptilar, oyimcha?
Nilufar Begimqulning qon talashgan koʻzlaridan koʻzini olib qochdi.
– Tun yarmi emas…
– Gapir! Tilingga chipqon chiqsayam gapir deyapman senga! Jonim halqumimga keldi-ku seni deb! Darding boʻlsa ayt, axir!
Nilufar boshini pastroq egdi.
– Dard? Dard nima qilsin menda?
– Nima? – dedi Begimqul. – Nima yetmaydi oʻzi senga? Kim uchun jonimni jabborga beryapman men? Kim uchun yigʻdim bu mol-dunyo, bu zeb-ziynatni?. Yolgʻiz menga kerak deb oʻylaysanmi bu mulk, bu jihoz, bu oltin qandillar? Senga kerak boʻlmasa mengayam kerak emas! Oʻt qoʻyaman hammasiga, oʻt! – Begimqul lablaridan tupuk sachrab atrofiga alangladi, koʻzi stoldagi boʻsh shishaga tushib, uni yulib oldi-da, qulochkashlab shiftga otdi. Billur qandilning sumalaksimon shishachalari qandaydir shoʻx jaranglab yerga duv toʻkildi, servantning oynasiga sochilib nozik qadahlar chil-chil sindi. Bu toʻs-toʻpolon, sharaq-shuruq, darang-durung ovozlar Begimqulga yangi kuch, yangi ilhom berganday, u stoldagi piyola-choynak, rang-barang likopchalar, bilur qadahlar, qoshiq-vilkalar, – qoʻliga nima duch kelsa shuni otib, stoldagi buyumlarning hammasini sindirib boʻldida, ogʻir hansirab orqasiga qaradi.
– Xoʻsh, endi xursandmisan? Koʻngling oʻrniga tushdimi endi?
Nilufar boshini koʻtardi. Uning koʻzlaridagi boyagi taraddud qandaydir shafqatsiz bir ifoda bilan almashgan, oʻziyam hamla qilishga chogʻlanganday qaltiroq bosib, yonib turardi.
– Bu mol-dunyo, bu jihoz, bu zeb-ziynat meniki emas! Hammasi sizniki! Xohlang sindiring, xohlang hammasiga oʻt qoʻying – ixtiyor oʻzingizda! Faqat… faqat meni tinch qoʻying!
– Yoʻq! Qoʻyib boʻpman! Ketib boʻpsan! – Begimqul alpang-talpang odimlab borib, dahlizga chiqqan Nilufarning qoʻlidan ushladi.
– Qayoqa shoshayaptilar, jonon?
– Qoʻying, qoʻyib yuboring yo hozir dod solaman! Qoʻni-qoʻshnilarni chaqiraman!
– Chaqir! Jumlai moʻmin koʻrib qoʻysin! Bu turmush, bu boylik, bu zeb-ziynatlar seni quturtirib yuborganini hamma koʻrsin! – Begimqul Nilufarning qoʻlidan “shap” ushlab, tomogʻiga chang soldi. Nilufar jon holatda bor kuchini toʻplab, bir siltandi-yu, quchogʻidan chiqib eshikka otildi, otilarkan, qoʻlidagi katta soatining oltin zanjiri uzilib, soat qayoqqadir uchib ketdi…
– Toʻxta! Toʻxta deyman senga! – Begimqul qoʻllarini silkitib uning ketidan talpindi, biroq oyoqlari ostida yotgan kolbasa parchalariga sirgʻanib ketdi-da, ayiqday zil-zambil gavdasi bilan polga gursillab yiqildi.
8
Nilufar qizlik chogʻida kinogami, teatrgami tushib, uylariga kech qaytgan paytlarida dadasini uygʻotib yubormaslik uchun oshxonalarining derazasini uch marta sekin taqillatar edi.
Oyisi, ukalari bilan oshxonaga yondosh xonada uning qaytishini poylab, “tiq” etgan tovushga quloq solib yotar, Nilufar derazani chertishi bilan sharpasizgina yurib chiqib, eshikni ochar, birda kech kelgani uchun lablari pichirlab koyir, birda “shu mahalgacha qayoqlarda yuribsan, yurakkinam yorilib ketdi-ku, voy. Niluginam-ey, Niluginam-ey” deb nolib qoʻya qolar edi.
Turmushga chiqqandan beri Nilufar kechasi deraza chertib kelmagan boʻlsa ham, onaizor uning bu odatini unutmagan ekan. Deraza tiqirlashi bilan pardaning cheti koʻtarilib, oyisining uzunchoq yuzi koʻrindi, qorongʻida tilla tishlari “yarq” etdi. Zum oʻtmay, hovlida ship-ship ovoz eshitilib, eshik zulfinlari shiqirladi…
– Voy, bir oʻzing… tun yarmida nima qilib yuribsan, Nilu?
– Qoʻrqmang, oyijon, shunchaki… oʻzim keldim… Dadamlar uydamilar?..
– Dadang… Bugun otdix-ku, oftobim. Choyxonada osh qilib, oʻtirishgandir, shaxmatlarini taqillatib!.. Nima qildi, tinchlikmi? Yo ering bilan arazlashib qoldilaringmi?..
Nilufar biladi: oyisi uni juda baxtiyor deb hisoblagani uchunmi, qizining eri bilan urishib, uylariga qaytib kelishidan, qaytib kelib, beva boʻlib oʻtirib qolishidan qoʻrqadi.
– Tinchlik, oyijon. Tinchlik… – Nilufar oyisining sovuqdanmi, qoʻrquvdanmi titrab turgan yelkasidan quchdi. – Keyin aytib beraman. Hozir juda sovuq yedim. Joy solib bersangiz yotaman…
Nilufar oyisining hamma savollariga “keyin, keyin aytib beraman. Qoʻrqmang, tinchlik, tinchlik, oyijon” deb javob berdi-da, ukalarini bezovta qilmaslik uchun oshxonaga raskladushka qoʻydirib, yotib qoldi.
Nilufar Chilonzordan to bu eski mahallalarigacha piyoda kelib, chindan ham dildirab qolgan edi. U gʻira-shira koʻchalar, tanish va notanish joylardan bir-bir bosib, tanho yurib kelarkan, oʻy oʻylayverib boshlari gʻovlab ketdi. Lekin qiziq; u hozirgina oʻz uyi, bir yil bir yostiqqa bosh qoʻygan erini tashlab chiqib ketgan boʻlsa ham, bu haqda negadir kam oʻylar, uning xayoli koʻproq Hikmatilloda, toʻgʻrirogʻi, kunduz boʻlib oʻtgan uchrashuvda edi. Nilufar boya kunduz Hikmatilloga nega borganini, unga pul berish fikri xayoliga nega kelganini oʻziyam bilmaydi. Bu ishi qanchalik oʻrinsiz, qanchalik nojoʻya boʻlganini rad javobini olganidan keyingina tushundi.
Oʻsha daqiqada, Hikmatillo uning qoʻlini qaytargan mahalda yer yorilmadiki, Nilufar kirib ketsa… U Hikmatilloning oldidan qanday ketdi, Chilonzorga qanday yetib bordi – bittasiniyam bilmaydi.
Nilufar koʻnglining bir chetida Hikmatillo haq ekaniga, oʻzini hurmat qilgan hech bir yigit bu vaziyatda undan pul ololmasligiga iqror boʻlar, umuman ahmoqona ish qilganini tushunar, lekin tahqirlangan hislari, poymol boʻlgan gʻururi bu oddiy haqiqatni tan olishga qoʻymas, miyasida isyonkor fikrlar uygʻotardi… Axir nahot uning koʻngliga yomon fikr kelgan boʻlsa? Nahot uning, Nilufarning samimiyligiga tushunmagan boʻlsa? Uning ahvol-ruhiyasini sezmagan boʻlsa?
Nilufarning xayoli, xuddi juvozga qoʻshilgan hoʻkizday, faqat shu bitta fikr atrofida aylanar, bu oʻylar miyasini burgʻi bilan burgʻilaganday vujud-vujudigacha zirqiratar edi. Hozirgina tashlab chiqib ketgan oʻz uyi, Begimqul esa… Nilufar endi bu uyga qaytib bormasligini, hamma narsadan – Begimquldan tortib, qimmatbaho jihozlargacha, kiyim-kechaklariyu, sevikli zeb-ziynatlarigacha – hammasidan voz kechganini, hammasidan koʻngil uzganini bilar edi. Faqat bir narsani eslasa sal yuragi achishar, u ham boʻlsa kitoblar edi! Lekin bu uyni qayta koʻrmaslik uchun hatto sevikli kitoblaridan. ham voz kechishga tayyor edi. Mayli, omon boʻlsa kitoblarni oʻzi topib oladi, bitta-bittalab oʻzi sotib oladi.
Qoʻshni xonada chiroq oʻchdi, qorongʻida oyisining: “E xudo, ishqilib, oʻzing beobroʻ qilmagaysan!” deb shivirlagani eshitildi.
Oyisining pichirlab aytgan bu soʻzlari Nilufarning dilida oldin iliq mehr toʻla iztirob, keyin allaqanday mudhish bir qoʻrquv uygʻotdi.
Nilufar suratlardan bilardi: oyisi yoshligida nihoyatda koʻhlik boʻlgan, lekin nimadir boʻlib, birinchi eri bilan murosalari kelishmagan, shundan keyin hozirgi dadasiga turmushga chiqqan. Oyisi bundan besh-olti yil oldin, savdo tashkilotlarida ishlab yurgan chogʻlarida ham oʻz husnini yoʻqotmagan, bir soʻzli, oʻktam xotin edi. Nimadir boʻlib, ishdan tushdi-yu, birdan qandaydir choʻkib qoldi. Ilgari mayda-chuyda narsalarga parvo qilmaydigan odam, endi chaqimchilikdan boshqa ishi yoʻq mahalla oyimchalarining gapsoʻzlaridan ham choʻchiydigan boʻp qoldi… Nahot oyisining taqdiri yana takrorlansa?..
Nilufar boya uyimni, Begimqulni yelkamning chuquri koʻrsin dedi. Lekin oʻz uyiga qaytib bormagan taqdirda, Begimqul bilan orani ochiq qila olgan taqdirda bu uyda qanday yashaydi? Mahalla-yurt, qarindosh-urugʻlari nima deydi? Ishxonadagi yor-doʻstlari-chi?
Ishxonadagi yor-doʻstlari-ku, tushunishar. Lekin qiz bolaning eridan chiqib, ota xonadoniga qaytib kelishini azaldan eng katta nomus deb bilgan mahalla-yurt-chi? Kechagina “darvozamiz tagida yigirmata “Volga” tizilib turdi deb, hovliquvdilaring, oxiri nima boʻldilaring”, deb zaharxanda qilishmasmikin?
Nilufar-ku, ogʻziga kuchi yetmagan bu oyimposhshalarning sassiq gaplaridan yuqoriroq boʻlishga qurbi yetar, oyisi bechora nima qilar ekan? Busiz ham koʻngli yarim boʻp qolgan mazluma, ogʻzi bilan yuradigan mahalla korchalonlari oldida bosh egib qolmasmikan? Oyisi bilan dadasini aytadi, hali Begimqul nima deydi? Uning ketaman deganiga “xoʻp, ixtiyor oʻzlarida, xonim”, deb uni oʻz holiga qoʻyib berarmikan hali? Hamma ishni xamirdan qil sugʻurgandek qilib silliq bitiradigan, sizlab turib, kulib turib, jon oladigan qaynatasi-chi? Erta-indin bu gaplardan xabar topsa, odatdagidek qoʻli koʻksida: “Assalomu alaykum! Borakallo, sizga, borakallo!” deb kirib kelib, oyisini qoʻlga olmasmikan, hamma yoqni sovgʻa-salomga toʻldirib, unga qarshi qayrab solmasmikan hali?
Tavba! Yana aybni oyisiga toʻnkamoqchi! Yoʻq, oʻzi yemay, senga yedirgan, oʻzi kiymay, senga kiydirgan onaizoringda nima ayb?.. Dadang bechora boʻlsa sening koʻngling oʻksimasin deb, gʻijjagini qoʻltiqlab, maktabma-maktab chopganini unutdingmi? Seni muzika maktabida oʻqisin deb, oʻzi qoʻshimcha darslar berib: kechayu-kunduz tinim bilmaganlari yodingdan chiqdimi?
Sen endi, topgan eringning kimligini bilganingdan keyin bu koʻrksiz, jihozsiz, joʻngina uyda oʻtgan damlarning qadriga yetyapsan. Kechalari dadangdan dutor oʻrgangan chogʻlaring, sevikli kitoblaringni oʻqib, totli xayollar ogʻushida suzgan onlaring umringning eng maʼsud onlari ekanini, zotan, baxt degan narsa oʻzi shu ekanini tushunyapsan. Bultur bu mahalda esa, uning devorlari nozik kafellar bilan bezatilgan, shiftiga billur qandillar osilgan, poliga qimmatbaho gilamlar toʻshalgan uyini koʻrganingda esa… koʻzlaring yonib, betoqat entikmaganmiding? Endi nima qilasan aybni onaizoringga toʻnkab?
Ha, nima boʻlsayam dardi-alami ichida! Chunki hammasiga oʻzi aybdor. Begimqulni unga ota-onasi topib bergani yoʻq, oʻzi topdi. Nima qilsayam hammasini oʻzi qildi, endi jafosiniyam oʻzi tortadi!..
Tuyqusdan koʻcha eshik kattiq taqilladi, hovlida, koʻchada kuchuklar vovilladi.
“Begimqul!”
Nilufar aʼzoyi badani muzlab, koʻrpada gʻujanak boʻlib oldi.
Oldin dadasi yotadigan katta uyning chirogʻi yondi, gurs-gurs qadam tovushlari eshitildi, soʻngra hovliga chiqqan oyisining yengil ship-shipi quloqqa chalindi. Oʻrdaday katta hovli qandaydir ogʻir, notinch sukutga choʻmdi.
– “Dadamlar… choyxonadan qaytdilar, shekilli. Boʻldi. Uxlash kerak!”
Nilufar chap tomoniga agʻdarilib, boshini koʻrpaga oʻrab oldi. U koʻzi ilindimi, yoʻqmi, bilmay qoldi, hovlida, xuddi derazasining tagida dadasining ingichka, asabiy ovozi eshitildi.
– Qizing kepti – nega aytmading?
– “Har kuni kelib yurgan qizingiz, kelsa nima boʻpti?
– Bir nima boʻlmasa… bu ayiqpolvon nima qilib yuripti tun yarmida? Nima shivir-shivir boyadan beri?
– Nima boʻlardi? Ikkisi jinday arazlashib qolishipti. Er-xotinning urushi, doka roʻmolning qurishi… Qoʻying, siz aralashmang shu ishga!
– Haliyam aralashmoqchi emasman. Ammo lekin… gulday qizimning umriga zavol boʻlding-da, xotin…
– Voy, manu kishini! Qizingizga nima boʻpti? Yegani oldida, yemagani ketida, kiygani ipagu atlas! Qoʻlida oltin soatu tilla bilaguzuk, tagida mashina!..
– Koshkiydi gap mashinada boʻlsa!..
– Sizga qolsa hamma gap gʻijjakda! Gʻijjagingizni qoʻltiqlab oʻn yil yugurganda” bitta gaz plitaga kuchingiz yetmadi. Bir oyda hammasini toʻgʻrilab berdi kuyovingiz. Rohat qilib yoqib oʻtiribsiz. Hayronman, shu kuyovingizni koʻrsangiz jiningiz qoʻzgʻaydi. Maqsadingiz nima? Qizingizni ajratib, uyingizga op-kep olmoqchimisiz? Qarindosh-urugʻ, mahalla-yurt nima deydi?
– Mahalla-yurt deb kimni aytyapsan?? Ogʻziga kuchi yetmagan uch-toʻrtta satanglaringnimi? Padariga laʼnat oʻsha… ogʻzi bilan yuradigan otinchalaringni!.. Oʻzim gaplashib qoʻyaman oʻsha suyukli kuyoving bilan!
– Toʻxtang! Qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarasiz! Toʻxtang deyapman sizga!
Ovozlar uzoqlashdi.
Nilufar boshini koʻrpaga oʻrarkan, yuragiga quyilib kelgan cheksiz mehrdan oʻpkasi toʻlib:
– Dadajon! – dedi pichirlab. – Toabad unutmayman bu gaplaringizni. Qizingizman, dadajon!..
9
Begimqul kechasi tomogʻi quruqshab uygʻondi: tili tinglayiga yopishib qolgan, ogʻzi kakra chaynaganday taxir edi.
Odatda, Begimqul birorta ziyofatdan qaytganda, kechasi bosh tomonidagi tumbochkaga bir kosa sut, bir choynak koʻk choy yo bir shisha Toshkent suvi qoʻyib yotar, kechasi bilan uyqu aralash shularni simirib chiqardi. Bu safar ham koʻzini ochgisi kelmay qoʻlini tumbochka turadigan tomonga choʻzdi, choʻzdi-yu, bosh barmogʻi chayon chaqqanday jaz etib, oʻrnidan turdi.
Chiroq oʻchirilmagan, u yotoqxonada emas, mehmonxonada, divanda yotib qolgan, hamma yoq ola toʻpolon, singan qandil, piyola-choynak, pachaq boʻlgan qadah siniqlaridan gilamda oyoq qoʻyadigan joy yoʻq, uning qoʻlini “jaz” etib chaqqan “chayon” ham qandil parchasi edi.
Hammadan burun negadir Nilufarning gaplari, uning koʻksidan itarib, uydan qochib chiqib ketgani esiga tushdi. Bu esdalik uni qandaydir dahshatga soldi. U yotganda ham yechmagan tuflisi bilan gilamda koʻkish jilo sochib, bodrab yotgan qandil sumalaklarini, billur qadah siniqlarini patir-putur bosib, yotoqxonaga chiqdi.
Nilufardan nom-nishona yoʻq, yotoqxonayam agʻdar-toʻntar, hatto tashqi eshik ham qiygʻoch ochiq qolgan edi!
Begimqul birdan tizzalari qaltirab, karavotga oʻtirib qoldi.
U endigina, Nilufarsiz allaqanday huvillab qolgan bu toʻs-toʻpolon xonani koʻrgandagina tushundi: Nilufarsiz yashay olmaydi! Nilufarsiz hayot hayot emas unga!..
Bu uy, bu mol-dunyo, bu zebi ziynat – Nilufarsiz bularning bir tiyinlik qimmati yoʻq! Agar dunyodan umidi boʻlsa, agar Nilufarning dardida umrbod iztirob chekib oʻtaman demasa… uni qaytarmoq kerak!
Padaringga qusur Hikmatillo! Poyqadami yoqmadi dayusning! Lekin hozir Hikmat lapashangni oʻylab oʻtiradigan paytmi? Nilufarni oʻylamoq kerak hozir. Uni qaytarib olib kelish yoʻllarini oʻylamoq darkor hozir!
Ha, qaysi yoʻl bilan boʻlmasin, nimalar qilib boʻlmasin, qaytarmoq kerak uni! Hamma mol-dunyosini sochib boʻlsayam, hatto oyogʻiga yiqilib boʻlsayam, qaytarmoq kerak Nilufarni!..
Bir tomoni uning oʻzidan ham oʻtdi! Nilufar avvaldanoq boshqalarga oʻxshamaydigan qandaydir gʻalati qiz edi. Birda oʻta shoʻx, olov boʻlsa, birda… juda injiqlashib, noziklashib qolar, uncha-muncha odamning aqli yetmaydigan narsalar, hech kim oʻqimaydigan kitoblar haqida gapirishni yaxshi koʻrardi. Begimqul xotinining husn-latofatini, qizlik jozibasini, vaqti chogʻ paytlaridagi oʻzgacha shoʻxliklarini qanchalik xushlasa, uning bu odatlarini shunchalik xushlamas edi. Lekin, “mayli, qizligida erkalanib qolsin” deb, xushlamaganini bildirmas, “erta bir kun qoʻlimga tushgandan keyin bu donoliklari oʻz-oʻzidan qolib ketar, qolib ketmasa qitigʻini oʻzim bosib qoʻyarman, deb oʻylagan edi. Yoʻq, bosilmadi! Lekin bosilmasa nima qipti? Yaxshi koʻrgandan keyin uncha-muncha noziniyam koʻtarib, faqat maishatni oʻylayvermay, yolgʻondan boʻlsa ham “Siz yaxshisiz, xotin” deb alday qolsa, koʻngil uchun oʻzini zoʻrlab boʻlsa ham, bitta-yarimta kitobini oʻqiy qolsa, baʼzan-baʼzan u yaxshi koʻrgan kinolarga, konsertlarga op tusha qolsa bir joyi kamayib qolmas edi! Mana endi nima degan odam boʻldi? Yoʻq, uni qaytarib opkelish kerak! Qanday boʻlmasin, aldab-suldabmi, qaysi yoʻl bilan boʻlmasin qaytarib opkelish kerak. Chunki usiz hayot hayot emas! Ha, avvalambor adasiga telegramma berish kerak. Darhol, hozir chiqib telegramma berish yo telefon qilish kerak. Kelsin. Qudalari bilan oʻzi gaplashsin. Dadasi bitirolmaydigan ish yoʻq!
Begimqul yuragida joʻshqin bir istak sezib, vannaxonaga kirdi.
Vajohatidan odam qoʻrqqulik! Yuzlari, qovoqlari shishib ketgan, koʻzlari qontalashgan, sochlari hurpaygan edi!
Begimqul biror joydan kayfi oshibroq kelgan kunlari doim vannaga tushar, iliq dush tagida turib uzoq yuvinar, suv unga doim yordam berar, birpasda hushiga keltirib qoʻyardi. Bu safar ham shunday boʻldi. Bir soatcha iliq dush tagidan chiqmay, jir bita boshlagan boʻliq gavdasini ishqalab, ayiqday pishillab, huzur qilib yuvindi. Dushdan chiqqanida chindan ham yuzlarining, qovoqlarining shishi qaytgan, koʻzlari xiyla tiniqlashgan, bosh ogʻrigʻi ham ancha pasaygan edi.
Begimqul mamnun boʻlib, kunduzgi kiyimlarini kiya boshladi-yu, oʻylab turib, qayta yechindi. Yotoqxonaga chiqib, shkafdan yaponcha kul rang yaltiroq kostyum-shimini, hali bir marta ham kiyilmagan, nim sariq ipak koʻylagini, koʻylagi rangida tuguni mushtdek keladigan yangi guldor galstugini, yangi qizil noskisi bilan bir martagina kiyilgan qora import tuflisini olib kiydi, kiydi-yu, oʻzini oynaga solib, mamnun jilmayib qoʻydi.
Katta toshoynadan unga gaz masteri Begimqul emas, kamida fan kandidati, hatto yosh professorlarga oʻxshab ketadigan, qaddi-qomati ketvorgan, salobatli va ayni zamonda xushsurat bir yigit magʻrur jilmayib qarab turar edi! Silliq taralgan va toʻlqinlanib yelkasiga tushib turgan qop-qora qalin sochlari esa uni hatto yosh rassom yo xotini taniydigan kibor kompozitorlarga oʻxshatar edi!..
Eng muhimi, bu oʻxshashlik, chiroyini ochib, salo-batiga salobat qoʻshgan bu yangi qimmatbaho libos Be-gimqulning dilidagi boyagi iztirob, boyagi ishonchsizlikni toʻzgʻitib yubordi.
Haqiqatan, buncha iztirob chekadigan nima gunoh qildi u? Aybi… Hikmat lapashangga toʻqson soʻm qarz bermaganimi? Bermasa nima boʻpti? Bu lattachaynar shumshukning unga oʻtkazib qoʻygan joyi bormi? Agar xotini shu ishni deb, undan arazlagan boʻlsa… E, undan nariga ketmaydimi! Begimqul unga yalinadigan joyi yoʻq! Oʻn gulidan bir guli ochilmagan yigit, Nilufardan yuz marta yaxshi, yuz marta koʻhlik, hali onasi oʻpmagan qizni topib oladi! Hali istagan qizni “gah” deb qoʻliga qoʻndira oladi Begimqul! Faqat… hozircha uni qaytarish kerak. Chunki… agar mabodo ajrashadigan boʻlsayam, bugungiday u Begimqulni emas, Begimqul uni rad etmogʻi, avval tiz choʻktirib, tavbasiga tayantirib, keyin uyidan haydab chiqarmogʻi kerak uni!
Begimqul galstugini toʻgʻrilab, koʻzgudagi oʻz aksini yana bir koʻzdan kechirdi-da, polda bodrab yotgan shisha siniqlarini patir-putur bosib, uydan chiqdi.
10
Oʻsha kuni Hikmatillo ham uxlay olmadi. Hech kutilmagan bir paytda Nilufarning kelishi, pul taklif qilishi, u rad etgandagi ayanchli holati, birdan oʻksib koʻziga yosh olishi… buning hammasi uning xayolini algʻov-dalgʻov qilib yuborgandi…
Toʻgʻri, Hikmatillo uning pulini ololmas edi. Agar aya quvurkonga asrab qoʻygan yetmish soʻmini bermaganda ham, agar pulsiz va biletsiz qolganda ham, Hikmatillo Nilufardan pul olmas edi! Lekin… hoʻkiz boʻlmasang shunday muomala qilasanmi axir? Dardi yoʻq kesak, ishqi yoʻq eshak deganlaridek, uning holi-ruhiyasini koʻrib turib, ayollik gʻururi, izzat-nafsini poy-mol qilib boʻlsa ham, uni deb kelganini sezib turib, toshbagʻir bir toʻnka boʻlmasang, pulini olmasang ham tuzukroq gaplashmaysanmi? Koʻnglini ogʻritmay, ehtiyotkorlik bilan javob bermaysanmi? “Rahmat?! Pul topdim. Bekor ovora boʻpsiz” emish! Qoyilman-e, senday yigitga!
Hikmatillo ertaga uchib ketmasa ham bir sari edi. Bir kun boʻlmasa bir kun payt topib, kechirim soʻrar, koʻnglini ovlar edi. Lekin u ertaga ketadi. Ketguncha uni qayoqdan topadi? Topganda ham… Yoʻq, endi qulay bir payt kelmaguncha u bilan gaplashishning iloji boʻlmaydi. Kecha shunday payti kelganda… chindan ham hoʻkizlik qildi, chindan ham qishloqilik qildi!
Hikmatillo tong otguncha shu alpozda oʻzi bilan oʻzi olishib, oʻz yogʻida oʻzi qovurilib chiqdi. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, kecha tramvayda uchragan puchuq yigit ertalab azbest quvurni olib kelganda… xuddi suvga gʻarq boʻlayotgan odam choʻpga yopishgandek, Hikmatillo ham ishga yopishdi.
Kampirning uyida turadigan qizlar hali oʻqishga ketmagan edi. Hikmatillo ularni ham ishga soldi. Puchuq yigitcha aytgandek, quvurni oʻrnatish qiyin emas edi. Hikmatillo oldin stropil yogʻochlarini arralab, quvurni qattiq siqib turadigan qilib ikkita temir qokdi, soʻngra qolgan ikki temirni ikki yoniga koʻnda-lang qoʻyib, sim bilan chandib oʻradida, ombur bilan mahkam tortib qotirdi, keyin shiferlarni qoqdi-da, quvurga tunuka qalpoqcha kiydirib, atrofini yaxshi-lab sementladi, vassalom! Bu orada aya sabzi-piyoz toʻgʻrab, yana oshga kirishib ketdi. U dam oʻchoq boshiga chopar, dam qaytib kelib, Hikmatilloning ishini kuzatar, “Voy, aylanib ketay, soʻyloqqinam, qoʻli gulda boʻtamning, qoʻli gulda!” deb aylanib-oʻrgilar, yana har safar: “Qogʻoziga qarab ishla, pojarniy mehnatingni yoʻqqa chiqarib, qayta buzdirib yurmasin, soʻyloqjon!” deb, qoʻshib qoʻyishni ham unutmas edi. Qizlar:
– Ayajon! Nega akamlarni soʻyloq deysiz, qiyshiq tishlari yoʻq-ku! – deb kulishardi.
– Hozir boʻlmasayam, kelganda bor edi! – derdi aya. Oʻshanda tishlari soʻyloq, oʻzi nimjongina, zangday qop-qora, koʻrimsizgina bir bola edi, mana endi fildek yigit boʻldi. Bittang etagidan ushlanglar, soʻyloqqinamni!
Qizlar qotib-qotib kulishar, Hikmatilloning oʻzi ham bu safar kampirning “soʻyloq” deganiga ranjimay, qizlarga qoʻshilib iljayib qoʻyardi.
Xullas, soat birga qolmay ish tugab, betinim kulgan yoqimtoy qizlar davrasida osh yeyilib boʻldi.
Samolyot Toshkent vaqti bilan kechqurun toʻrt yarimda uchar, aeroportga bir soat oldin chiqilgandayam hali sal kam uch soat vaqt bor edi.
Nima qilish kerak? Hikmatillo oʻylab turib, Begimqulga borishga qaror qildi.
Hikmatillo, garchi kecha aya masalasida xayolan Begimqul bilan bahslashgan boʻlsa ham, pul voqeasidan keyin uni koʻrishga sira toqati yoʻq edi. Ayni zamonda savob qilsang butun qil, deganlaridek, ayani tinchitib ketgisi kelar, “nahot u noinsof, aya bechoradan ham bir narsa umid qilsa”, degan fikr unga tinchlik bermas, lekin eng muhimi – Nilufar haqida bir narsa bilib ketgisi kelar, buni esa Begimquldan boshqa hech kim aytib berolmas edi!
Hikmatillo juda tortinchoq boʻlsayam, qoʻrqoqlardan emas. Tortinchoqlik boshqa, qoʻrqoqlik boshqa. Lekin uning yomon bir odati bor – kattalarning oldiga kirib bir narsani iltimos qilishni sira xushlamas, odatda shunday paytlarda beixtiyor dovdirab qolardi. Buning ustiga raygazning koʻrimsizgina binosi oldida, kecha Begimqul aytgan yengil mashinalar, “Moskvich”, “Jiguli”, hatto yangi “Volga”lar saf tortgan, qimmatbaho palto va shlyapa kiygan salobatli odamlar eshik oldida navbat kutib turishardi. Shu boisdanmi, Hikmatillo olisroqda ikkilanib toʻxtadi. Navbat kutishdan foyda yoʻq, bu salobatli odamlar turganda navbatsiz kirish esa oson emas lekin ayaga vaʼda berib qoʻyib, endi “odam koʻp ekan, kirolmadim”, deb qaytib borish undan ham ogʻir edi!
Hikmatillo furajkasini toʻgʻriladi, gimnastyorkasining etaklarini tortib, qaddini rostladida yuragi gurs-gurs urganicha, shitob bilan yurib bordi. Odamlar, hatto shlyapa kiygan salobatli kishilar ham bostirib kelayotgan serjant oldida beixtiyor chekinishib, yoʻl berishdi, lekin eshikka borganida, yoʻlakda turgan yoʻgʻon erkakshoda xotin yoʻlini toʻsdi:
– Buqaga oʻxshab, hammani suzib, oʻtib ketaman deyapsanmi? Navbating qani?
– Men… boshliqqa aytadigan bir ogʻizgina gapim bor!
– Hammayam bir ogʻiz gap uchun turipti bu yerda! Navbatsiz kiradigan… boshingda tojing bormi?
Hikmatillo bir zum gap topolmay dudukdanib qoldi-yu, keyin koʻkrak choʻntagidan shartta hujjatlarini chiqardi.
– Oʻrtoqlar… Men ikki soatdan keyin Sibirga… Uzoq Sharqqa uchishim kerak. Mana, samolyot biletim! Bir minutlik ishim bor, iltimos qilaman, oʻrtoqlar!
Orqadan: “Ruxsat bering!”, “Soldat ekan, mayli kirsin!” – degan xitoblar eshitildi. Erkakshoda xotin bir nima deb toʻngʻilladi-da, yoʻl berdi.
Uzun, tor yoʻlak gʻira-shira, eshik tepasidagi yozuvlar yaxshi koʻrinmas, lekin yoʻlakda ham odam koʻp edi. Tepasiga “starshiy master B. Qulajonov” deb yozilgan eshikning oldida, ayniqsa odam gavjum edi. Hikmatillo yana hujjatlari bilan samolyot biletini dastak qilib, zoʻrgʻa ichkariga kirdi.
Begimqul bitta stol, bitta shkaf bazoʻr siqqan torgina xonaning toʻrida, tirsaklarini bir dasta qogʻozga tirab, boshini changallab oʻtirar, uning qarshisida novcha bir odam, qoʻltiqtayoqqa suyanib, gʻoz turardi.
Hikmatillo Begimqulni bir tanib, bir tanimay qoldi. Uning egnidagi qimmatbaho kul rang kostyumi, faqat kostyumi emas, oyogʻidagi tuflisi, koʻylagi va galstugigacha qandaydir yaltillab turar, odatdagi patak sochlari silliq taralgan, oʻziyam raygazning xodimi emas, sahnaga chiqishga hozirlik koʻrgan mashhur artistga oʻxshar, faqat qosh-qovogʻi bir oz shishinqiragan edi.
Eshik ochilganda boshini koʻtargan Begimqul Hikmatilloni koʻrib oʻrnidan turdi, soʻng negadir qayta joyiga oʻtirib, qoʻltiqtayoqli odamga yuzlandi:
– Xoʻp, siz boravering. Ertaga pojarniy inspektorni yuboramiz…
Novcha odam qoʻltiq tayogʻi bilan polni duk-duk urib:
– Juma kuni shanbada yuboraman deb vaʼda qiluvdingiz, – dedi ranjib. – Shanba kuni dushanbada dedingiz. Endi yana ertaga deysiz! Sizda lafz degan narsa bormi oʻzi, oʻrtoq master?
Begimqul rangi oʻchib, bir Hikmatilloga, bir novcha odamga qaradi.
– Ogʻzingizga qarab gapiring, aka!
– Siz ham doʻq urmang. Kekirdagimga keldi! – dedi novcha odam, yana qoʻltiqtayogʻini toʻqillatib.
– Hadeb, invalidligingizni pisanda qilavermang! Koʻrib turibmiz!
– Hey, noinsof! Men pisanda qilyapganim yoʻq. Ammamning toʻyida otdan yiqilib ayrilganim yoʻq men bu oyoqdan! Borim shu boʻlsa nima qilay? Ayt, nima qilay? Oʻsha hammadan olgan jigʻildon pulingni men ham bersam boʻladimi?
Begimqul qon talashgan koʻzlari olayib oʻrnidan turdi.
– Qanaqa jigʻildon puli? Nima deyapsiz oʻzi?
– Koʻzingizni loʻq qilmay qoʻya qoling, uka! Inspektoringizni yuboring, u yogʻini men ham yurt qatori bir nima qilarman!
– Aytyapman-ku, ertaga yuboraman deb! – Begimqul uf tortib Hikmatilloga yuzlandi. – Mana, koʻryapsanmi, ahvolni? Xoʻp, siz boravering, amaki, – dedi u, toʻsatdan negadir past tushib. – Iloji boʻlsa yuboraman inspektorni. Yordam beramiz, amaki…
– Shunday boʻlsin, uka. Umringizdan baraka toping, inim… – novcha odam qoʻltiqtayogʻini doʻqillatib, xonadan chiqdi.
– Koʻrgan kunimiz mana shu! Jonga tegib ketdi! – Begimqul yoʻgʻon panjalarini sochlariga suqib, joyiga oʻtirdi. – Xoʻsh, xizmat?
– Xizmat… men ham shu ish bilan keldim, ogʻayni.
– Qanaqa ish?
– Gazni aytaman. Aya gaz oʻtkazib uyiga batareya qurdirgan ekan. Kecha azbest truba topib, quvurkon oʻrnatib berdim. Hammasi qonuniy! Endi… yo oʻzing borib, yo odamingni yuborib, gazni yoqtirib bersang…
– Rahmat! Endi bir kamim ayaning gaz quvuri edi! – dedi Begimqul aftini burishtirib. – Oʻzim jonimdan toʻyib turibmanu, sen boʻlsang…
– Menga qara, Begimqul. Nahot shu bechora kampirdan ham bir narsa umid qilsang?
– Nima? Nima deding? – Begimqul qoʻllarini stolga tirab, qaddini rostladi. Hikmatillo ham oʻrnidan turdi.
– Lekin bilib, qoʻy, senga beradigan bir tiyin puli yoʻq. Biroq… shu bugun, hozir… xohlasang borib koʻr, xohlamasang… koʻrmasdanoq ishini toʻgʻrilab berasan. Gap shu! Mana hujjatlari!
– Agar toʻgʻrilab bermasam-chi? – dedi Begimqul. U ayiqday besoʻnaqay gavdasini stulga tashlab, Hikmatilloga taajjub aralash nafrat bilan tikildi.
– Agar toʻgʻrilab bermasang… hozir, oldingdan chiqamanu, boshligʻingga kiraman. Oʻzing bilasan. Men soldatman. Ikki soatdan keyin uchishim kerak. Qabul qiladi! Hammasini gapirib beraman!
– Masalan, nimani gapirib beradilar? Bilsak boʻladimi? Nima, pora ustida tutib oldingmi?
– Tutib oldimmi, yoʻqmi, nima deyishimni oʻzim bilaman! Lekin aytib qoʻyay – yaxshi boʻlmaydi!
– Yopiray, a? – Begimqul shishgan qovoqlarini uqalab iljaygan boʻldi. Lekin uning bu kulgusida kechagi manmanlik emas, allaqanday ayanchli bir narsa bor edi. Hikmatillo ayaning hujjatlarini yigʻishtirib olib, choʻntagiga soldi.
– Shoshma! Hujjatlarini koʻray-chi?
– Mana! – Hikmatillo changallab olgan qogʻozlarni qayta stolga tashladi.
– Mayli, aya uchun… Sening bu… qoʻpolligingga kabinetdan haydab chiqarish kerak edi-yu, aya bechoraning tuz-noni uchun!
Begimqul kampirning arizasiga bir nima deb yozdi-da, Hikmatilloga uzatdi. – Ma. Ertaga oltinchi xonaga kelib uchrashsin. Borib yoqib berishadi. Xoʻsh, tagʻin nima gaping bor?
Hikmatilloning boshqa hech qanaqa gapi yoʻq, u oʻzi Begimquldan gap kutar, butun qalbi, butun vujudi bilan Nilufar haqida bir nima deyishini kutardi. Biroq Begimqul yana boyagiday boshini changallab, ayiqday besoʻnaqay gavdasi bilan stulni gʻichirlatib, ogʻir tebranib oʻtirardi.
– Xoʻp, xayr boʻlmasa…
– Toʻxta!
Begimqul rangi oʻchib, oʻrnidan turdi. Baquvvat qomatini oldinga tashlab:
– Kecha… – dedi salmoqlab. – Kecha nima maqsadda boruvding mening uyimga?
Hikmatillo bir nafas soʻz topolmay duduqlanib qoldi.
– Gapingga tushunmadim. Axir… sen oʻzing…
– Nimasiga tushunmaysan? Kecha sen ablah borib, uyimni buzib ketding! Kim chaqiruvdi seni? Seni deb… oʻsha laʼnati toʻqson soʻmni deb… xotinim ketib qoldi!
Hikmatillo beixtiyor oldinga talpinib:
– Qachon? – deb yubordi.
– Kechasi… Ha, nega ishshayasan? Xursandmisan yo? – dedi Begimqul. – Lekin bilib qoʻy: agar sen uni… agar oralaringda bir gap boʻlsa… yaxshilik kutma mendan! Bilasan-ku, meni!
Begimqul burun kataklari pirpirab, oyogʻi bilan stulni bir chetga surib, stolni aylanib oʻta boshladi. Yaxshiyam shu payt eshik shitob bilan ochilib, xonaga bir guruh odam yopirilib kirdi.
– Uyat emasmi, soldat? Bir ogʻiz gapim bor deb, bir soat kutdirdingiz-ku?
– Sizga kirish ministrga kirishdan ham qiyin boʻp ketdi-ku, oʻrtoq master?
Begimqul sochlari hurpayib, bir Hikmatilloga, bir yopirilib kirgan odamlarga qaradi, soʻng, oldinda turgan erkakshoda xotinning qoʻlidagi qogʻozni yulib oldi.
– Nima kerak sizga? Gazmi? Mana! – u arizaga bir nima deb yozdida, ikkinchisining qoʻlidagi qogʻozni yulib oldi.
– Sizgayam gazmi? Mana! Qani, op kelinglar! Tagʻin kimga gaz kerak? – Begimqul, xuddi talvasaga tushib qolgan odamday, gʻalati harakatlar qilar, oʻzicha ishshayar, koʻzlarini qisar, odamlarning arizasiga pala-partish imzo chekib, yuzlariga otar edi…
Hikmatillo negadir yuragi bezillab xonadan chiqarkan, Begimqulning:
– Qani, tagʻin kim bor? – deb xirillaganini eshitib qoldi. – Bu dunyoda hamma yaxshi, hamma pok! Yolgʻiz Begimqul iflos! Hech kimda jigʻildon yoʻq. Yolgʻiz menda bor jigʻildon! Hammang farishta, yolgʻiz starshiy master ablah! – derdi Begimqul.
11
Hikmatillo soatiga qaradi: vaqt ikki yarimdan oshgan, aeroportga yetib borishga bir soatgina fursat qolgan edi!
Hikmatillo katta koʻchaga chiqib qoʻlini koʻtardi. Baxtiga gʻiz-gʻiz uchib oʻtayotgan mashinalarning birinchisiyoq yonginasiga kelib toʻxtadi. Labiga sigareta qistirib olgan yoshgina yigitcha kabinadan boshini chiqarib qichqirdi:
– Qayoqqa, soldat?
– Aeroportga.
– Uch soʻm!
– Xoʻp. Gap pulda emas, uka. Faqat… oldin mana bu yerda bir joyga kirib, chamadonimni olamiz… Keyin… Chilonzordagi bir aptekaga shundoy bosh suqib oʻtamiz!
Shofyor yigitcha ogʻzidagi sigaretasini toʻgʻrilab, hushtak chalib yubordi.
– Gap pulda emas deysizu, uch soʻmga butun shaharni aylanib chiqmoqchisiz, soldat!
Hikmatillo, xuddi mashinani ushlab qoladiganday uning eshigiga tirmashdi.
– Xoʻp, ukajon, uch soʻm emas, toʻrt soʻm beray.
– Besh soʻm! – dedi yigitcha. – Shundayam soldatligingiz hurmati.
– Boʻpti. Ketdik! Hikmatillo eshikni shaxt bilan ochib, oʻzini orqa oʻrindiqqa otdi. Shofyor yigitcha mashinaga gaz berarkan, orqasiga bir qarab qoʻydi.
– Devdek soldat… aptekada nima qilasiz?
– Ha, shu… bir ish bor edi… – Xikmatillo yigitchaning gapdonligini xushlamay koʻzini yumdi.
“Ha, u hoʻkiz! Dardi yoʻq kesak! Toʻnka! Toʻnka boʻlmasa kecha shunaqa muomala qilarmidi? Axir Hikmatillo kecha Begimqulni yoʻqlab borganida uning, Nilufarning ahvoli-ruhiyasini bildi-ku?
Uning xuddi qafasga tushgan qushday mungʻayib qolganini koʻrdi-ku?
Mungʻayib qolganini!.. Mungʻayib qolsa… kim unga boshda Hikmatilloning eng yaxshi tuygʻularini poymol qilib, bu… toʻngʻiz tabiat olgʻirning tilyogʻlamaliklariga, yeoxta marddiklariga uch degan? Kim unga?..
Yana boshladi! Oʻsha toshbagʻirligi, oʻsha ahmoqona qaysarligi yana boshlandi! Axir kim yanglishmaydi bu dunyoda?
“Bolam! – deguvchi edi marhum otasi. – Benuqson parvardigor! Xato qilmaydigan odam boʻlmaydi. Hamma yomon, yolgʻiz men yaxshiman, deb gerdayaverma, oʻgʻlim…”
Yoʻq, u xumkalla kecha hech narsaga tushunmagan ekan. U faqat endi, Nilufar kechagi shohona uy-joyi, begʻam-betashvish tuyulgan turmushi, har qanaqa odamning havasini keltiradigan jihozlari – hammasini tarq etib, tashlab ketdi, degan gapni eshitgandagina uning qalbi, uning dardlariga tushunganday boʻldi!
Negadir yana kitob haqidagi kechagi gap esiga tushdi Hikmatilloning:
“Ketrinning toʻlgʻoq azobida oʻlishi… Genrining koʻz yoshlariday tinimsiz yoqqan yomgʻir… Men yigʻlayverib esim ketuvdi… Biroq… Bilasizmi, Hikmat aka, Ketrin oʻladi-yu, shunday boʻlsayam u menga eng baxtli, eng baxtli ayol boʻlib tuyuladi…
– Nega?
– Chunki shunday… olijanob yigit! Shunday… pok sevgi!”
Ha, u toshbagʻir! Oʻjar bir toʻpori!
– Nima – dedi shofyor yigitcha, koʻzlarini katta ochib. – Kimga gapiryapsiz, aka?
– Yoʻq, yoʻq, oʻzim… mana, keldik, toʻxtang. Hikmatillo chamadonini qanday olib chiqqanini ham, aya bilan qanday xayrlashganini ham bilmaydi, faqat lablarida kampirning nordon koʻz yoshi-yu, qulogʻida yigʻlab aytgan soʻzlari qoldi:
“Umringdan baraka top, oy borib omon kel, aynanib ketay sendan, soʻyloqjon!”
U bir parcha qogʻozga aptekaning adresini yozib berdi-da, orqa oʻrindiqqa oʻtirib, yana xayolga toldi. Bu safar, nazarida, bir daqiqa ham oʻtmadi, shofyor yigitcha mashinaga tormoz berdi.
– Mana, keldik, akajon. Ammo iltimos – kutdi-rib qoʻymang. Hozirning oʻzida besh soʻmlik yoʻl yurdingiz…
Kechagi tanish koʻcha, tanish uyni koʻrganda Hikmatillo yuragi bir hapriqib, eshikni ochdi, ochdi-yu, oʻng qoʻldagi katta yaltiroq vitrina orqasida dori-darmonlar toʻla shkaflar yonida, koʻzoynakli keksaroq bir ayol bilan gaplashib turgan Nilufarni koʻrdi.
Nilufar, egnida oq xalat, boshida oq qalpoqcha, qoʻlida qandaydir quticha, bir koʻzonakli ayolga, bir toʻsmaning bu tomonida turgan cholga qarab nimanidir tushuntirmoqda edi.
Hikmatillo, goʻyo uning koʻrib qolishidan qoʻrqqanday, sal orqaga tisarilib, trotuarga chiqmoqchi boʻldi, lekin xuddi shu payt, Nilufar boshini koʻtarib, u tomonga qaradi…
Hikmatillo turgan joyida qotib qoldi.
Nilufar qoʻlidagi qutichalarni cholga uzatganicha, bir zum koʻzlarini katta ochib, unga tikilib turdi, soʻng yonidagi koʻzoynakli ayolga bir nima deb tez-tez gapirdi-da, qutichalarni toʻsmaga qoʻyib, shkaflar panasida gʻoyib boʻldi…
– “Chiqadi!” – yarq etdi Hikmatilloning miyasida.
Nilufardan keyin keksa ayol ham Hikmatillo tomonga tikilib qaradi, lekin uni koʻrolmadi shekilli, koʻzoynagini artib, burniga qayta qoʻndirdi.
– Hoy, aka! – shofyor yigitcha zaharxanda bilan boshini kabinadan chiqarib qaradi. – Kelgan joyingizni taniyapsizmi oʻzi? Yo vaʼda qilgan vaqtlariga yetib kelmadilarmi?
– Kim?
– Kim boʻlardi, oʻsha aptekaning oldida kutib turaman deb, vaʼda bergan jononni aytaman-da!
Hikmatillo unga javob bermay shiddat bilan yurib aptekaga kirdi.
Ichkarida odam koʻp emas. Toʻsmaning orqasida qalin daftarga nimanidir yozib oʻtirgan koʻzonakli ayol eshik ochilishi bilan boshini koʻtarib, Hikmatilloga qaradi.
Hikmatillo toʻgʻri uning oldiga bordi.
– Mumkin boʻlsa menga… Nilufar… Nilufar Qosimovani chaqirib bersangiz…
– Nilufar… – ayol koʻzoynagini tagidan Hikmatilloga diqqat bilan razm soldi. – Nilufarxon… juda band edilaru…
– Menga bir minutga, bor-yoʻgʻi bir minutga, opa… Ayol yelkasini qisdi-da, ruchkasini daftarga tashlab, ichkariga kirib ketdi.
Hikmatillo doriga kelganlar unga hoʻmrayib, kassir bilan tayyor dorilar boʻlimida ishlayotgan yosh juvon esa nihoyatda qiziqsinib qarayotganlarini sezib, teskari burildi.
Koʻzoynakli ayol sal oʻtmay qaytib chiqdi.
– Kechirasiz, uka… Nilufarxon juda band ekanlar, chiqolmayman dedilar…
Kimdir piq etib kuldi, kimdir yoʻtaldi…
“Ha, albatta, chiqmaydi, albatta band… Kechagi muomalangdan keyin oʻzini hurmat qilgan qaysi odam sen bilan gaplashgisi keladi, qaysi qiz basharangni koʻrgisi keladi?…”
Hikmatillo tishini tishiga bosib, shartta burildi, burildi-yu, beixtiyor orqasiga tisarildi. Ostonada, oyoqlarini kerib, Begimqul turardi!
Rangi devor, koʻzlari qisilgan Begimqul Hikmatillo burilib qarashi bilan, suzishga chogʻlangan buqaday boshini egib:
– Sen! – dedi xirillab. – Sen ablah qachon tinch qoʻyasan xotinimni?
U bir sakrashda Hikmatilloga yetib kelib, yoqasiga chang soldi.
Torgina xonani xotin-xalajning qiy-chuvi tutdi.
Bir yil avval ayaning uyida boʻlgan mana shunday olishuvda Begimqul Hikmatilloni sambo uslubida bir siltashda agʻdarib, kulib turib, piypalab tashlagan edi.
Bu safar ham u Hikmatilloning boʻynidan olib sambochasiga boshidan agʻdarib otmoqchi boʻldi. Lekin armiyada bu uslublarni oʻrgangan Hikmatillo agʻdarilayotib, oʻzini oʻnglab oldi-yu, tisarilib borib, devorni ushlab qoldi. Xuddi shu payt, Begimqul Hikmatilloni boshidan oshirib otgan paytda Nilufarning:
– Hikmat! Hikmat aka! – degan achchiq faryodi tor xonani zir titratdi.
Boshini buqaday egib, yana hujumga chogʻlangan Begimqul yalt etib toʻsma oldida paydo boʻlgan Nilufarga qaradi.
– Haa… Hikmat akalariga yordamga keldilarmi? Sen… Sen fohisha!.. – Begimqul ogʻir tebranib borib Nilufarning sochiga chang soldi.
Hikmatillo jon holatda unga otilib yelkasidan quchoqlab oldi. Lekin Begimqul qoʻlini bir siltab, Nilufarni otib yubordi. Nilufar uchib borib, boshi bilan oynavand kassaga urildi-yu, sement polga chalqancha quladi.
Singan oyna parchalari yomgʻirday yogʻilib, xona qiy-chuv boʻlib ketdi. Kimdir eshikka otildi, kimdir: “Tez yordam!” deb qichqirdi.
Boyagi koʻzoynakli ayol qoʻllari qaltirab, toʻsma orqasidan yugurib chiqdi.
– Nilu! Azizim, Voy, kim bor, “Tez yordam!” “Tez yordam”ga chopinglar!
Hamon Begimqul bilan olishayotgan Hikmatillo bu nidoni eshitib, bor kuchi bilan raqibini chetga otdi-da, Nilufar tomon intildi.
Nilufar, koʻzlari yumuq, sekin ingrab yotar, uning oʻng qulogʻidan sizib chiqqan qon, jingalak sochlari orasidan boʻyniga oqib tushmoqda edi.
Koʻzoynakli ayol, hamon qoʻllari titrab, Hikmatilloga qaradi.
– Boring, choping! “Tez yordam”ni chaqiring! Yoʻq, toʻxtang, Valya… telefonga chop! Mashina chaqir!
– Menda mashina bor. Tayyor mashina bor! Hikmatillo polga tiz choʻkib, Nilufarning qoʻlini oldi. – Nilu!
– Bor boʻlsa… koʻtaring! Tezroq koʻtaring buni! Shu payt eshik ochilib, xonaga militsioner, militsioner bilan birga unga nimalarnidir tushuntirgan, bir-birini boʻlib gapirgan bir guruh xotin-xalaj kirib keldi.
– Bu nima toʻpolon? Nima boʻlyapti oʻzi bu yerda? Hikmatillo bu oʻktam ovozga eʼtibor bermay, Nilufarni dast koʻtarib oʻrnidan turdi. Nilufarning qulogʻidan sizib chiqqan qonni koʻrganda birdan jimib qolgan Begimqul militsionerga qarab talpindi.
– Oʻrtoq militsioner. Men xotinimni… oʻynashi bilan tutib oldim! Mana shu serjant… xotinimning oʻynashi! Ushlang uni, oʻrtoq militsioner!
Militsioner bir Nilufarni dast koʻtarib olgan Hikmatilloga, bir Begimqulga qarab:
– Oʻrtoq serjant! – dedi jurʼatsizlik bilan. – Mumkin boʻlsa…
– Koʻrib turibsiz-ku, ahvolni! Men buni kasalxonaga qoʻyib, aytgan joyingizga boraman. Ayting, qayoqqa boray?
– Militsiyaga. Chilonzor militsiyasiga! – Hikmatillo militsionerning gapiga bosh irgʻab javob berdi-da, eshikni tepib ochdi, ocharkan, Begimqulning:
– Yoʻq, kechirasiz! – deb xirillaganini eshitdi. – Oʻynashlarni qoʻyib yuborib, biz begunohni opketasizmi? Yoʻq, ketmaydi bu ishingiz, aka, ketmaydi!
Nilufar hushidan ketgani yoʻq, u boʻlgan gaplarning hammasini bilib yotdi. Faqat oʻng qulogʻi shangʻillab, boshining bir tomoni tinimsiz gʻuvillab turgani uchunmi, boʻlgan voqealar xuddi tushida roʻy berayottanday, qulogʻiga chalingan uzuq-yuluq gaplar ham oʻngida emas, tushida eshitilayotganday tuyulardi unga.
Koʻz oldini qoplab olgan bu tuman, kasalxonada ust-ustiga ikki marta ukol qilganlaridan keyingina xiyol tarqadi, boshining gʻuvillashi ham sal pasayganday boʻldi, faqat oʻng qulogʻining sanchib ogʻrishi tinmas edi.
Uni jarrohlik boʻlimining toʻrt kishilik palatasiga joylashtirilgan, xonadagi karavotlarning bittasi boʻsh, qolgan ikkitasini avtomobil tagida qolib oyogʻi singan semiz bir xotin bilan tizzasini bogʻlab, qoʻltiqtayoqda kirib-chiqib yurgan yoshgina qizcha egallagan edi.
Qabul boʻlimining vrachi bilan ust-ustiga ikki marta ukol qilgan hamshira xotin: “Qoʻrqmang, bir haftadan keyin turib ketasiz, faqat bir-ikki kun boshingizni qimirlatmay yoting”, deb chiqib ketishgandan keyin Nilufar, xuddi kechagiday yana birdan oʻpkasi toʻlib, piq-piq yigʻlab yubordi. Lekin bu yigʻi koʻpga choʻzilmadi; uning xoʻrligini keltirgan haqorat tuygʻusi sal oʻtmasdan tarqab, qandaydir ruhiy yengillik bilan almashdi.
Ha, uning insoniy qadrini, ayollik gʻururini shafqatsiz toptab, shafqatsiz kaltaklashdi, tanish va notanish odamlar oldida, birga ishlaydigan yor-doʻstlari oldida eng yomon soʻzlar bilan xoʻrlashdi, haqorat qilishdi. Lekin chuqurroq oʻylab qarasa, bu haqoratlar uning, Nilufarning xatolari uchun qaytgan bir jazo ekan! Bu jazo uni yoshlik xatolaridan, Begimqulning soxta mardliklari, shohona uy-joylari, zeb-ziynatlariga uchib qilgan yengiltakligidan – hammasidan qutqargan, bu jazo bilan u goʻyo oʻz gunohlarini yuvgan edi.
Ha, u xuddi oʻgʻrilik qilib qoʻlga tushgan kissavurday, yomon yoʻlga kirgan sayoq xotinday kaltak yedi, “oʻynash” degan tuhmat gap eshitdi, lekin buni eshitish qanchalik ogʻir boʻlmasin, bu kaltak, bu haqorat uni Begimqulga bogʻlab turgan soʻnggi rishtalarni uzdi! Kechasi Begimqul izlab borganini bilganida Nilufar oʻzini xuddi oʻrgimchakning toʻriga tushgan pashshaday ojiz sezgan edi. Endi bu toʻr uzildi. Pixini yorgan usta oʻrgimchak oʻzi toʻqigan toʻrni oʻzi uzdi.
Kechasi oyisi qancha urishmasin, dadasi qancha yalinmasin, Nilufar Begimqul bilan gaplashishni istamadi. Ertalab esa unga bildirmay, devor-darmiyon qoʻshnilarining eshigidan chiqib qochdi.
Keyinroq Begimqul uni izlab aptekaga ham keldi, lekin Nilufar yana chiqmadi. Erining tinch qoʻymasligini-ku, Nilufar bilar edi. Biroq, Hikmatillo…
U nega keldi, nega uchib ketmadi – Nilufar shuni bilolmay arosatda edi!
Nilufar Hikmatilloning qanday kelganini, mashinadan qanday tushganini, uni koʻrib koʻchada toʻxtab qolganini – hammasini koʻrgan edi. Lekin baribir chiqmadi, kechagi voqeadan keyin Nilufar Hikmatillo bilan uchrashishni, u bilan gaplashishni istamas edi. Agar u eshik tirqishidan Hikmatilloni kuzatib turmaganida, agar toʻsatdan koʻchadan kirib kelib, Hikmatilloga chovut solgan Begimqulni koʻrmaganida u hech qachon yugurib chiqmas, Hikmatillo bilan hech qachon uchrashmas edi!
Mana endi nima boʻldi? Begimkul-ku, mayli! Yoʻq, Nilufar faqat Hikmatillo emas, Begimqulga ham yomonlikni ravo koʻrmaydi. Unga hech qanday daʼvosi yoʻq, hamma ayb uning oʻzida. Oʻzi boshda yengiltaklik qildi. Jazosiniyam oʻzi tortyapti. Shu jazo, shu haqorat bilan oralari ochiq boʻlsa bas, boshqa hech narsa kerak emas unga. Lekin… Hikmatillo nima boʻladi? Begimqulning boyagi tuhmati bilan nadomatga qolmasmikan hali? Tergov deb, boshqa deb ushlanib qolmasmikan, ushlanib qolib, armiyadagi boshliqlari oldida yuzi shuvut boʻlmasmikan?
Xonaga qoʻlida quchoqqa sigʻmaydigan katta paket, hamshira xotin kirdi.
– Ishxonangizdan qizlar kelishdi. Mana, xat be-rib yuborishdi.
“Nilu! Jonginamiz Nilu! Qalaysan, tuzukmisan? Vrachlar tuzuk deyishdi. Xafa boʻlma, Nilu! Senday pok, senday mehribon qizga qoʻl koʻtargan bezori oʻz jazosini tortajak!
Tezroq tuzalib chiq. Seni qattiq oʻpib, doʻstlaring”.
Aptekaning hamma xodimlari qoʻl qoʻygan bu xatning tagiga:
“Kerak boʻp qolar deb, sumkangni ham op keldik. Ehtiyot boʻl, ancha pul bor ekan ichida” deb yozib qoʻyilgan edi.
– Qizlar kutib turishipti. Ularga aytadigan gapingiz yoʻqmi, singlim?
– Yoʻq… – Nilufar “qult” etib yutindi. U bir oʻyi Hikmatilloni soʻrab xat yozib chiqarmoqchi ham boʻldi, lekin uyaldi.
Qizlar yozib kiritgan ikki ogʻizgina bu xat Nilufarga xuddi moʻjaz bir malhamday taʼsir etdi-yu, tarang tortilgan asablari moylanganday yumshab, uxlab qoldi.
U qancha uxladi, bilmaydi. Bir mahal quloqlari tagida: “Singlim, ha, singlim”, degan ovozni eshitib koʻzini ochdi. Xona xira koʻkish shuʼlaga choʻmgan, narigi karavotdagilar uyquga ketgan, tepasida tanish hamshira xotin turardi.
– Bir soldat yigit kep turipti. Koʻrmasam boʻlmaydi deb yalinib qoʻymayapti… Nima qilay, singlim?..
Hamshira xotin gapini tugatmagan ham ediki, ostonada… yelkasida kaltagina oq xalat, qoʻlida qogʻoz qutiga solingan tort, Hikmatillo koʻrindi.
Hamshira xotin unga stulni surib berdi-da, labiga barmogʻini bosib, oyoq uchida yurib chiqib ketdi.
Hikmatillo, xuddi gunohkor odamday koʻzlari javdirab, stulga omonatgina oʻtirdi.
– Qalaysiz, Nilu?
Nilufar indamadi, uning bir nima deyishga majoli yoʻq edi.
Hikmatillo hamon koʻzlari gunohkor javdirab, qoʻlini uning qoʻliga qoʻydi, narigi karavotdagilarga qaray-qaray, qandaydir duduqlanib, hayajonlanib, shivirladi:
– Mendan oʻtdi, kechiring, Nilu. Kecha men… Siz ketgandan keyin… hammasiga tushundim. Hammasiga… Eshityapsizmi, Nilu?
Nilufar birdan quyilib kelgan koʻz yoshini arang toʻxtatib qoldi, lablari bilinar-bilinmas qimirlab:
– Oʻzingiz… – dedi. – Sizga bir nima deyishmadimi?
– Meni nima qilishardi? Hammasi… ahmoqona gap!
– Nega boʻlmasa uchib ketmadingiz?
– Ertaga… ertalab uchyapman.
– Biletingiz nima boʻldi?
– Kuydi. Yarim puli kuydi.
– Voy, pul… pulni qayoqdan oldingiz?
– Sahroda emasmiz-ku! Aya degan bir kampir bor. Bilasiz-ku, biz ijaraga turgan uyning egasi…
– Toʻxtang. Menda pul bor. Tumbochkamin oching. Sumkam bor.
Hikmatillo: “Rahmat, keragi yoʻq!” demoqchi boʻldi-yu, Nilufarning yuzidagi hayajonni koʻrib, itoatkorlik bilan tumbochkadan tanish qizil charm sumkani oldi. Sumkada chindan ham yigirma besh va ellik soʻmliklardan iborat bir dasta pul bor edi.
– Ana, kecha aytsam ishonmovdingiz. Men juda… pulim koʻp. Qandil puli!
– Nima? – dedi Hikmatillo tushunmay.
– Yoʻq, shunchaki… qandil puli deyman. Billur qandil! – Nilufar maʼyus kulimsiradi. – Oling. Qancha kerak boʻlsa – shuncha oling.
– Rahmat. Mana ellik soʻm oldim. Borgan zahoti qaytaraman! – Hikmatillo ostonada paydo boʻlgan hamshira xotinni koʻrib, oʻrnidan turdi. – Umuman… men xat yozaman… Hammasini… hammasini aytaman, Nilu! Adresingiz…
– Adresim… adresimni oʻzim ham bilmayman…
– Mayli. Men Glavpochtamtga yozaman xatimni. Oʻzingiz borib olasiz. Oʻshanda… hammasini tushuntirib yozaman. Eshityapsizmi, Nilu, hammasini?
Nilufar indamay koʻzini yumdi. U oʻzi bilan oʻzi olishar edi…
Odil YOQUBOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/billur-qandillar/