Musiqa sanʼati bizda azaldan ilm sifatida chuqur oʻrganilgan. Abu Nasr Forobiy bobomiz maxsus risola yozib, muayyan kuy kunning qaysi qismida qay pardalarda chalinganda tinglovchiga qanday taʼsir qilishigacha batafsil bayon etgan.
Musiqa biz uchun shifo boʻlgan. Abu Ali Ibn Sino bobomiz bemor qontomirini ushlab, yurak urishiga mos ohang bilan xastaliklarga davo topgan.
Musiqa koʻhna Sharqda shonu shavkat ifodasi sanalgan. Sohibqiron bobomizning dovyurak navkarlarini gʻalabaga chorlagan karnay-nogʻora sadolari gʻanimlar qalbiga gʻulgʻula solgani ayon. Yoxud Samarqand bogʻlarida uyushtirilgan musiqa bazmlari Amir Temur saltanatining mahobatini namoyon qilgani bor gap.
Bizda musiqa koʻngil ehtiyoji, goʻzal tuygʻularni tarannum etuvchi latif sanʼat namunasi sifatida yuksak qadrlangan. “Koʻngil quvvati – xushnavozdin, ruh quti – xushovozdin”, deb yozadi hazrat Alisher Navoiy bobomiz “Mahbub ul-qulub” asarida.
Yuqoridagi toʻrt tasnif musiqaning kundalik turmushimizdagi, madaniyatimizdagi oʻrni qanchalar muhim ekanligini yaqqol anglatadi. Mazkur sanʼat namunasi boshqa turlarga qaraganda hayotimizga, ruhiyatimizga, kelajak avlod tarbiyasiga biz oʻylagandan koʻra chuqurroq taʼsir koʻrsatayotgani sababli ham davlatimiz rahbari uning bugungi ahvoli va ertangi istiqboliga hamisha alohida eʼtibor qaratib kelyapti. Shu yil 3 avgust kuni boʻlib oʻtgan ziyolilar bilan uchrashuv va ayni anjumanda bildirgan mulohazalar fikrimizni tasdiqlaydi. Prezidentimizning “Oʻrtada begona yoʻq” lutfi asosida oʻtgan samimiy suhbat chogʻida musiqa sanʼati vakillari oldida turgan katta masʼuliyat borasidagi jiddiy tanqidiy tahlili hammani yana bir bor chuqur oʻylashga chaqiradi.
Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, “Albatta, sanʼatkorlarimiz oʻrtasida xalqimiz oldidagi maʼnaviy va ijtimoiy burchini, farzandlik qarzini chuqur anglab, oʻzini ayamasdan mehnat qilayotgan, jamiyatimizning oldingi saflarida boʻlib kelayotgan insonlar oz emas”. Lekin “Yurtimizdagi bugungi ijodiy muhitni kuzatsak, u qandaydir turgʻunlikka tushib, bir joyda depsinib turganday, koʻpchilik ijodkorlarimiz oʻz tashvish va muammolari bilan oʻralashib qolganday taassurot qoldiradi”. “Ayniqsa, madaniyat sohasidagi tijoratlashuv, shaxsiy manfaatning birinchi oʻringa chiqayotgani, gʻoyaviy-badiiy jihatdan sayoz asarlarning bozori chaqqon boʻlib borayotgani tashvish uygʻotmasdan qolmaydi”. Bu holatning sabablari haqida fikr bildirarkan, davlatimiz rahbari yaratilayotgan asarlarni prinsipial baholash, matbuotda xolis va haqqoniy retsenziyalar, xulosalar bildirish tobora kamyob hodisaga aylanib borayotganiga urgʻu berdi. Shu kunga qadar Gʻarbdan kirib kelayotgan xatar deya ayyuhannos solayotganimiz “ommaviy madaniyat” tahdidi baʼzi klip va qoʻshiqlar, raqslar misolida oʻzimizda urchib borayotganiga hammaning eʼtiborini qaratdi.
Mazkur muammolarni koʻrib koʻrmaganga, bilib bilmaganga olib ketaversak, ertaga oʻzbek sanʼatidan, madaniyatidan asar ham qolmay, duragay tushunchalar taʼsirida ulgʻaygan avlod kimlarningdir yetoviga tushishi va bu qaramlik oxir-oqibat mamlakat qismatini hal qilib qoʻyishi hech gap emas. Hozirda sanʼat olamidagi jaholat diniy mutaassiblikdan ham xatarliroq tus olayotganiga koʻz yumib oʻtyapmiz. Mavridi kelgani uchun bir misol aytay. Shu yil “Istiqlol” sanʼat saroyida berilgan konsertlarning birida sahna madaniyatidan mutlaqo bexabar qizning ogʻzidan behayo soʻzlar chiqib ketadi. Sanʼat saroyi rejissyori, yoshi oltmishga yetgan jonkuyar ustoz unga “hay-hay”lab bildirgan eʼtiroziga javoban qizaloq hammaning oldida “toshingni ter” deb javob beradi. Oʻsha lahzada hech kim ustozning yonini olmaydi, adolat, madaniyat, sanʼat yakkalanib, mulzam boʻlib qoladi. Mana shu emasmi jaholat! Ne-ne ustozlar koʻziga toʻtiyo qilgan tabarruk sahnalarimizni nima uchun alifni kaltak deydigan johillarga qoʻsh-qoʻllab topshirib qoʻydik? “Istiqlol” sanʼat saroyida xalqqa peshvoz chiqayotganlarning bunga maʼnaviy haqqi bor-yoʻqligini qachon jiddiy oʻylab koʻramiz? “Falonchi toʻraning pistonchisi konsert qoʻyishiga ruxsat beringlar” kabi iltimos ohangidagi buyruqlarga qachon qatʼiy yoʻq deyishni oʻrganamiz? Davlatimiz rahbari ziyolilar oldiga qoʻygan hayotiy savollarning mantiqiy davomi shu tarzda jaranglayveradi.
Prezidentimiz taʼkidlagan yana bir ogʻriqli jihat ijodiy dangasalik masalasidir. “Estrada sanʼatidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Koʻpchilik qoʻshiqchilar masʼuliyatni unutib, oʻz ustida ishlamay qoʻygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy gʻoyalar bilan yashash, sanʼat dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona boʻlib qolgan, desak, qanchalik achchiq boʻlmasin, bu ham haqiqat”.
Ushbu tanqid tasdigʻini “Oʻzbekkonsert”dagi litsenziya olish jarayonida ham kuzatish mumkin. Ayni muassasa huzuridagi ijodiy koʻmaklashuvchi vakillar guruhi oldida jonli ijro asosida layoqatini koʻrsatishga kelgan yosh ijrochilarning aksari kitobbexabar. Qoʻshiq deb aytayotgan yaratigʻining matni ham, musiqasi ham oʻziniki, ijrochi ham oʻzi. Sanʼatga, ustozlarga, tinglovchilarga hurmatni, ijodiy izlanish yoʻqligini shu birgina misol aniq-tiniq koʻrsatib turibdi. Agar ularga matnni oʻzlari yozmay, kitobdan yoki professional shoirlardan olish zarurligini aytsangiz, darhol ijod erkinligini roʻkach qilishadi. Shundaylarga donishmand Kaykovusning “Qobusnoma”sini qayta-qayta oʻqitging keladi: “Hofizlik qilsang, sheʼr yozmoqni ham bilsang, oʻz sheʼringni aytmoqqa haris (berilib ketuvchi) boʻlmagʻil, nedinkim, sening sheʼring oʻzingga xush kelsa ham, boshqaga xush kelmasligi mumkin, chunki hofizlar xalq sheʼrining roviysidir, oʻz sheʼrining roviysi emas”.
Eng yomoni, aksar ijrochilar sanʼat rivojini koʻzlab emas, qoʻpol qilib aytganda, jigʻildonini oʻylab, mashhurlikni, yengil-yelpi shuhrat qozonishni istab harakatga, aniqrogʻi, talvasaga tushgan. Prezidentimiz uqtirganidek, bundan buyon sanʼatni shou-biznesga qorishtirayotganlar bilan murosasozlik yoʻq: “Oʻzbekistonda adabiyot va sanʼat, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz.
Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda koʻrish maqsadida kirayotgan boʻlsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beryapmiz – shu sohaga oʻtib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, oʻzini ham, sanʼat degan muqaddas tushunchani ham beobroʻ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yoʻq”.
Teran tarixiy ildizlarga ega sanʼatimizni, madaniyatimizni zavolga boshlayotgan eng katta omillardan biri toʻylar boʻlib qoldiki, bu masalaga ham davlatimiz rahbari alohida toʻxtalib oʻtdi. Xonandalar muntazam toʻy olish, davradagilarni koʻproq oʻynatish maqsadida turkcha, eroncha, arabcha kuylarga hamda Lotin Amerikasi musiqalariga almoyi-jalmoyi soʻzlar qoʻyib kuylashga odatlanishgan. Nima deyayotganlarini na oʻzlari, na shataloq otib oʻynayotganlar tushunadi. Davrada shovqin-suron avjga chiqsa bas, hamyon qappaysa boʻldi! Shunday paytda yana “Qobusnoma” oʻgitlari yodga tushadi: “Hofiz boʻlsang arbada (toʻpolon, qiy-chuv) qilgʻuvchi boʻlmagʻil, toki arbada sababidin hofizlik tangasi qoʻlingdan ketmasin va boshing yorilib, toʻning yirtilib, tanburing sinib, uyingga qaytib bormagʻil…”. Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Albatta, sanʼatkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam toʻgʻri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan sanʼat shafqatsiz oʻch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin isteʼdod ham soʻnib, el-yurt nazaridan qoladi”.
Ziyolilar bilan uchrashuvda koʻtarilgan mavzular orasida yana bir muhimi borki, bu borada har kun, har soat gapirish va amaliy ishlar qilish mahali allaqachon yetgan. “Gap sanʼatkor odobi, yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga oʻrnak boʻlishi zarurligi haqida bormoqda”. Bu borada davlatimiz rahbari teleekranda ham, sahnada ham iboli oʻzbek qizi timsolini yaratgan Sanobar Rahmonovani yoshlarga ibrat qilib koʻrsatarkan, qaysi soha vakili boʻlishidan qatʼi nazar hayo-andisha ayollarning eng birinchi fazilati ekanligini asoslaydi. Bugun televideniye orqali berilayotgan baʼzi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib boʻlmay qolgani haqida ochiq eʼtirof etib, taassuf bilan taʼkidlaydi: “… har bir harakatida Gʻarbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni koʻrib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari boʻlsa, deb oʻylab qolasan kishi”.
Aytib oʻtilgan muammolarga faol munosabat bildirib borish, navqiron ijrochilarni chinakam sanʼatga daxldor avlod sifatida tarbiyalash maqsadida “Oʻzbekkonsert” qoshida “Oʻzbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish taklifini bildirdi Prezidentimiz. Ushbu taklif ustoz sanʼatkorlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinib, ayni paytda yangi klub oʻz faoliyatini boshladi. Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov boshchilik qilayotgan jamoa yurtimiz va jahon sanʼat olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilish, diyorimiz musiqa dunyosidagi mavjud kamchilik va muammolarni yechish, yosh isteʼdodlarni tarbiyalash, madaniyatimizni ravnaq toptirish jarayonida sidqidildan ishtirok etishiga ishonamiz.
Anjumanda ham qayd etilganidek, mamlakatimizda ijodkorlarga juda koʻp imkoniyatlar yaratilgan. Davlat mukofotlari, unvonlar, soliq imtiyozlari, eng eʼtiborlisi, davralarning, koʻngillarning toʻri sanʼat ahliga topshirilgan. Muhtaram Prezidentimiz uqtirganidek, endi “salomga yarasha alik ham boʻlishi kerak. Xalqimiz sanʼatkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta”.
Azizbek ANVAR
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/hayot/nigoh/salomga-yarasha-alik-bormi/