Yer yuzida bir shoir tugʻilsa, Xudoning bir chirogʻi yoqilganday boʻladi, bir shoir dunyodan oʻtsa, bir chiroq oʻchganday boʻladi. Ammo, chiroqning nuri qoladi. Suzib yuraveradi. Oʻsha nurga ruh parvonaday talpinaveradi. Tilak Joʻra hayotligida ham unga talpinar edik, oʻtgandan keyin ham talpinyapmiz. Uning sheʼriga, uning begʻuborligiga, uning darveshligiga, uning bu dunyoning odami emasligiga… Tilak Joʻrani eslasang, koʻngling yorishib ketadi. Bu oʻsha chiroqning nuri.
Suyumli shoirimizning oʻgʻli Orif koʻp yillardan buyon otasi haqidagi yodnomalarni yigʻib keladi. Har bahor Toshkentdagi tahririyatu nashriyotlarning eshigi oldida uchrataman: “Yaqinda dadamning tugʻilgan kuni, biror narsalarini chiqaraylik”. Koʻzlariga tikilaman – bolalarcha sodda, hayratlarga toʻla, ishonuvchan Tilak Joʻra qarab turganday. Xotiralar, dil soʻzlarini toʻplayveramiz. Vaqt shafqatsiz. Yodnoma yozganlarning ayrimlari haqida bugun yodnomalar bitilmoqda. Masalan: Muhammad Yusuf, Sadriddin Salim Buxoriy, Omon Muxtor, Said Shermuhammedov…
Hayot chogʻlarida Tilak Joʻraga talpingan, bugun oʻz nuriga bizni talpintirayotgan ruhiyat chiroqlaridan biri – Maʼruf Jalil. Tilak akani “Mening ukam, doʻstim, rahnamom” deb alqagan, eʼtirof etgan shoirimizning yodnomasini “Yoshlik” jurnali oʻquvchilariga havola etyapmiz. Ilohi, bir-birini eʼzozlab, qoʻllab-quvvatlab yashagan marhum ustozlarimizni Alloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin!
Uni koʻrgan odam “Armoni yoʻq yigit” derdi. Chunki doim kulib, hammani kuldirib yurardi. Quvnoq edi. Uni koʻrgan odam “Boladay koʻngli pok, buloq suviday begʻubor” derdi. Birovdan noliganini, gina qilganini hech kim eshitmagan boʻlsa kerak.
Uni koʻrgan odam “Tilak begʻam, beparvo. Hech tashvishi yuq” deb oʻylardi. Lekin uning gʻami, tashvishi koʻp edi. Lekin hech kimga bildirmasdi. Koʻp odamlarning dardi-hasrati tilidan har lahza, duch kelgan davrada, huda-behuda otilib, sochilib turadi. Tilak esa bir gapirib, besh kulardi. Kulganda ham dafʼatan shagʻal toʻkilganday emas, buloqning jildirashiday quvnoq va samimiy kulardi. Baʼzilar yolgʻondan kuladi. Tilakning kulgusi shu qadar samimiy, begʻubor va toza ediki, uni koʻrgan odam beixtiyor maftun boʻlardi.
Uning bu kulgusi odamlarni chalgʻitardi. Bu bir goʻzal niqob edi. Uni sodda va begʻam koʻrsatuvchi niqob edi. Koʻplar uni hayotga jiddiy qaramaydigan, chuqur fikrlamaydigan chapani, begʻam deb oʻylardi. Lekin yaqindan bilgan, tushungan odamlar uning qanchalik nozikfahmligini, taʼsirchan koʻngli borligini yaxshi bilardi. U duch kelgan joyda dardini dasturxon qilib yozmasdi, chuqur oʻylardi. “Umidlarning etagiga osildim” deb boshlanadigan sheʼrining shu birinchi misrasiga eʼtibor bering. Shoir nima demoqchi? Bola onasining etagiga osiladi. Nima uchun? Erkalik qilib osilishi mumkin. Bir narsadan qoʻrqqanidan yoki xavotirdan boʻlishi mumkin. Ona uning uchun himoyachi. Tayanch, mehribon, u eng ulugʻ, eng sadoqatli, eng ishonchli, eng saxovatli bir zot. Shuning uchun unga talpinadi, undan ayrilishdan qoʻrqadi. Yolgʻizlik, umidsizlik nimaligini bilmasa ham, tabiiy bir sezgi tufayli uning yomonligini tuyadi. Shoir katta ijtimoiy fikrlarni, kechinmalarni shunday ixcham va bir qarashda juda beozor qilib ifodalaydi. Bu soddalik oddiy bir tuzoq, sheʼrni yuzaki tushunadigan odamlar uchun oddiy bir narsa.
Shu sheʼr yozilgan davrni bilgan, shoirlar ahvolini tasavvur qilgan odam uning tagiga (mohiyatiga) yetishi mumkin. Dorilomon zamonda, koʻpchilik shoirlar “Baxtiyorman!” deb hayqirib yurgan zamonda, nega u “Umidlarning etagiga osildim” deb turibdi. Chunki mustamlaka tuzumi eng gullagan davrda haqiqatni aytish mumkin emasdi. Shiorlar, qonunlar boshqa-yu, amaldagi turmush boshqa edi. Soʻz bilan amal bir emasdi. Shoir yaxshi zamonlar umidi bilan yashardi. Haqiqat yuzaga chiqishini, bosqinchilar oyogʻi ostida toptalgan Vatan bir kun ozod boʻlishini istardi. Shuning uchun nochor qolganda umid unga dalda, taskin berdi. Shuning uchun hasrat, alam bilan: “Umidlarning etagiga osildim”, deydi.
* * *
Shu soʻzlarni yozib oʻtiribman-u, xayolimga bir voqea keladi. Bir kuni Tilakning Sogʻbon koʻchasidagi hovlisiga bordim. Avgustning oʻrtalari edi, shekilli. Darvozani taqillatdim. Tilak chiqdi. Quchoqlashib, koʻrishib ketdik. Men qishloqda bir yilcha yashadim. Shu orada koʻrishmagan edik. Hovliga kirdik. Chorpoyada toʻrt-besh yosh shoir oʻtirardi. Tilakning tengdosh doʻstlari. Quyuq koʻrishdik. Ilgari ham ularni koʻrib yurardim.
Tilakning koʻngli keng. Shuning uchun boʻlsa kerak, doʻstlari koʻp. Doim darvozasi ochiq, dasturxoni yozilgan. Uyidan mehmon arimasdi. Hamma uni yaxshi koʻrardi. Xotini ham bunga koʻnikib ketgandi. Hech ogʻrinmay xizmat qilar, erini xijolatga qoʻymasdi. Ikkovining tuprogʻi bir yerdan olingan, bir-biriga mos edi. Dasturxon tuzar, ovqat pishirar, choy damlab uzatar, lekin hech qachon mehmonlar yoniga kelib oʻtirib olmasdi. Bu jihatdan u juda koʻp kelinlarga, shoirlarning xotinlariga ibrat boʻlarlidir.
Xullas, oʻsha kuni yoshlar mendan qishloqda shuncha vaqt nima qilganimni, u yoqda nima yangiliklar borligini soʻrashdi.
– Yegan-ichganingiz oʻzingizga tan, koʻrgan kechirganingizdan gapirib bering, – dedi Tilak.
– Aytadigan qiziq gap yoʻq. U yerdayam ahvol shu yerdagiday, – dedim.
– Siz toʻgʻringizda xotira yozganda kerak boʻladi, – dedi Tilak.
– Goʻsht, sut, tuxum soligʻidan shikoyat qilib kelganlar boʻldi. Odamlar shoirni katta amaldor deb biladi, shekilli, – dedim.
Qisqasi, men qirq yoshdan oshgan, ular hali oʻttizga ham bormagan edi. Bevafo dunyodan umidlari koʻp edi. Hech kim oʻlishni istamasdi. Xayoliga ham keltirmasdi. Hammalari sogʻlom, baquvvat yigitlar edi. Oʻsha kuni davrada Abdulla Matyoqubov ham bor edi. Oradan yigirma yildan oshiq vaqt oʻtibdi. Qolganlarini eslolmadim. Abdulla ham olamdan oʻtdi. Tilak soppa-sogʻ edi, biror joyim ogʻriyapti, kasalman, deganini eshitmagandim. Kasalxonaga tushganini, yuragi xastaligini eshitib, rost, hayron boʻldim. Doim kulib, shoʻxlik qilib yuradigan, alam, iztirob nimaligini bilmaydigan odamning ham yuragi xasta boʻladimi? Oʻshanda ham kasalligini bildirmas, quvnoq kulgusi bilan dardini yashirib yurarkan.
U men haqimda xotira yozmoqchi edi, bilmadim, nimalarni yozgan boʻlardi, nasib qilmagan ekan. Juda erta ketdi. Juda yosh ketdi. Koʻp yaxshi ishlar qilmoqchi, bolalarini oʻqitib, tarbiyalab, uyli-joyli qilmoqchi, rohatini koʻrmoqchi edi. Faqat toʻngʻich qizi Nodirani universitetga oʻqishga kiritdi-yu, uning bitirganini ham koʻrolmadi. Oʻgʻillari, Orif bilan Nozim boʻzlab qoldi.
Men yosh ketgan ukam, doʻstim haqida yozib oʻtiribman. Koʻp oʻyladim. Nimadan boshlashni bilmay qiynaldim. Tilakni taniganimga yigirma besh-oʻttiz yil boʻlgandir-ov. Shu yillar ichida boshimizdan ne-ne voqealar oʻtmadi. Ularning qaysi birini yozsam ekan?
U sadoqatli doʻst edi. Men uni birinchi marta Toshkent davlat universiteti gazetasi tahririyatida koʻrgan edim, shekilli. Aniq esimda yoʻq. Lekin gazeta tahririyati joylashgan ikkita xona gʻira-shira esimda. Talabalar shaharchasidagi binoning ikkinchi qavatida edi. Eshikdan kiraverishdagi xona sigaret tutuniga toʻlib ketgan. Bir yigit tik turibdi, ikkinchisi ustolda oʻtirib, qoʻlda yozilgan qogʻozdagi sheʼrni oʻqiyapti. Bir qoʻlida sigaret, dam-badam chekib, kulib qoʻyadi. Boʻyi oʻrtadan pastroq, peshonasi keng, qop-qora sochi toʻzigan.
– Boʻladi, – dedi sheʼrni oʻqib boʻlib, – chiqaramiz.
Tik turgan yigit xursand boʻlib chiqib ketdi. Oʻtirgan yigit meni koʻrib, oʻrnidan turdi. Hali bir-birimizni tanimas edik.
– Tilak Joʻra, – deb qoʻlini uzatdi.
Men otimni aytdim. Sirtdan oʻqirdim. Imtihon paytlari edi. Oʻsha kuni Tinchlik koʻchasidagi Tilak turadigan hovliga bordik. Keng, shinam hovli ekan. Mevali daraxtlari koʻp.
Bu hovlida Abdulla Sher, Muhammadali Qoʻshmoqboy, Saʼdulla Ahmad, Ergash Muhammad, yana kimlardir birga ijara turisharkan. Xonalari koʻp. Sheʼrxonlik boʻldi. Kitoblar haqida, adabiyot, sheʼr haqida qiziqarli suhbat boʻldi. Juda bilimdon, oʻziga ishongan bolalar ekan. Menga yoqib qolishdi. Tilak tufayli men ular bilan tanishdim, doʻstlashdim. Hali-hanuz oʻsha doʻstlik, ixlos davom etadi.
Yaxshiga doʻst boʻlsang, doʻsting koʻpayarkan. Oilaviy hayotimda mushkulliklar paydo boʻlgani sababli toʻrtinchi kursdan oʻqishni tashlab yuborgandim. Boshingga tashvish tushmasin. Bir tashvish tushsa, oyogʻing toyib ketsa, yo yiqilasan, yoki toyib ketaverasan. Shunday paytda bir iliq gapga, bir yaqin doʻstga muhtoj boʻlasan. Hamma ham yaxshi gapning gadosi. Lekin oʻzing ichdan ezilib, oʻz yogʻingga qovrilib yuragingda, sen doʻst deb, taskin izlab borganingda, u senga malomat toshini otsa, boshingni qayga urasan?! Baʼzi doʻstlarni qora qilib borganimda koʻnglim choʻkib, borganimga pushaymon boʻlib qaytardim. Tilak bilan koʻchadami, ishxonadami uchrashsam, butun dilxiraliklarim tarqab, oʻzimni yengil his qilardim. Unga dardu hasratlarimni aytmasdim. U mening xafaligimni bilganday nuqul yaxshiliklardan gapirar, qiziqchilik qilib sheʼrlar oʻqirdi. Koʻngil ogʻritadigan, hamiyatingga ogʻir botadigan hazil qilmasdi. Beozor hazillashardi. Shuning uchun ham, balki, koʻpchilik yaxshi koʻrgandir uni.
Tilak uylanib, Sagʻbon koʻchasidan torgina bir hovli sotib olgandan keyin bir kuni uyiga taklif qildi. Borsak, onasi ham kelgan ekan. Meni “akam” deb tanishtirdi. Onasi biram mehribon, biram dilkash ayol ekan.
Bu hovliga tez-tez borib turadigan boʻldim. Tilak mening uchun eng aziz, eng samimiy doʻst, tugʻishgan jigarimday yaqin edi. Onasini onamday, Tilakning bolalarini tugʻishganday hurmat qilardim. Bu xonadonda hamma bir-biriga mehribon, hech qachon achchiq-tiziq gap, janjal boʻlganini koʻrmaganman. Haqiqatan, havas qilsa arzigulik oila. Bu ularning dili pokligi, bagʻri kengligidan boʻlsa kerak. “Uy tor boʻlsa ham, har kuni mehmon boshlab kelaverasiz. Uyda nima bor, nima yoʻq, deb soʻramaysiz. Bularning oldiga nima qoʻyaman”, deb janjal qilardi boshqa xotin boʻlsa. Chunki faqat Tilak ishlab, maosh olardi. Oʻqituvchi, yosh oʻqituvchining maoshi haminqadar. Qoʻli barakali, uddaburon, sabr-qanoatli xotin erini xijolatga qoʻymas, baholi-qudrat bir ovqat tayyorlab, dasturxonga keltirardi.
Yuqorida ilgaridan Tilakning ijara uyiga borib yurganimni aytdim. Oʻsha kunlarning birida mening oʻqishni tashlab ketganim haqida gap ochilib qoldi. Diplom kerak, oʻqishni davom ettiring, deyishdi. Oradan olti-yetti yil oʻtib ketdi. Birov qayta tiklasa boʻladi, desa, boshqasi koʻp yil oʻtibdi, boʻlmaydi, dedi. Oxiri universitetga bordim. Maqsadimni aytdim. U yerda: “Oradan koʻp yil oʻtibdi. Bir yil, ikki yil boʻlsa, rektor hal qilardi. Endi oliy taʼlim vazirligiga uchrashing. Vazir ijozat bersa, tiklanasiz”, deyishdi. Bular hammasi Tilak sababli. U gap ochdi. “Diplom kerak”, deb. Xullas, universitetga tiklandim. Toʻrtinchi kursdan (sirtdan) oʻqiy boshladim. Bitirib, diplom oldim, Tilak Joʻra sababli. Shundan keyin unga yana ham mehrim oshdi. Tilak: “Yaxshilik qil, suvga tashla, baliq bilar. Baliq bilmasa, Xoliq bilar”, deguvchi odamlar toifasidan edi. Lekin bu maqolni Tilak biror marta ham aytganini eshitmaganman.
* * *
Badiiy adabiyot nashriyotining sheʼriyat boʻlimida muharrir boʻlib ishlardim. “Navoiy, 30”da. Toʻrtinchi qavatda. Bir kuni Tilak Joʻra boʻlimimizga kirib keldi. Hamishagiday quvnoq. Yonida ikki kishi bor edi. Tilak tanishtirdi. Biri Gʻaybulla Salom, ikkinchisi Najmiddin Komilov ekan. Ularning gazeta, jurnallarda bosilgan maqolalarini oʻqigan, lekin oʻzlarini koʻrmagan edim. Ular – Tilakning ilmdagi ustozlari.
“Seni oʻylab” degan sheʼriy toʻplamim bosmadan chiqqan edi, dastxat yozib berdim. Bu oqibatli, bilimdon olimlar bilan shunday tanishganman.
Oradan ikki hafta oʻtib, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetida oʻsha toʻplamimga kattagina taqriz bosildi.
Qarasam, Gʻaybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Tilak Joʻra imzolari. Hamma ham oʻz kitobi haqida iliq soʻz eshitishni istaydi. Hamma ham “Nima deb yozishgan ekan”, deb qiziqadi. Men ham ichki bir titroq bilan oʻqib chiqdim. Xursandman. Doʻstlarim tabriklashdi. Oʻsha kuni ham Tilakning uyiga bordim. Odatdagiday uy toʻla mehmon. Mazmundor taqriz bilan tabriklashdi. Soʻng yana sheʼrxonlik, kitoblar va shoirlar haqida odatdagiday qizgʻin, qiziqarli suhbat boshlandi.
Tilak Joʻra universitetda, tarjima kafedrasida ishlardi. Boshligʻi – Gʻaybulla Salom. Tilak Nozim Hikmat ijodi, umuman, turk sheʼriyatining ashaddiy muxlisi edi. Shu mavzuda nomzodlik ilmiy tadqiqotini olib borardi. Husayn Oʻzboy, Ali Oqbosh kabi turk olim va shoirlari haqida, ular bilan uchrashganlari toʻgʻrisida faxrlanib, hayajon bilan gapirardi. Shayxzoda, Mejelaytes, Uitmen, Mayakovskiy ijodini yaxshi koʻrar, oʻrganar, tarjima qilar edi. Dogʻlarjaning koʻp sheʼrlarini tarjima qilgandi. Oʻsha yillari Gʻaybulla aka tashabbusi bilan “Tarjima sanʼati” bayozi tashkil qilindi. Har yili chiqadigan boʻldi. Borib-borib, uni jurnalga aylantirib, har ikki-uch oyda chiqadigan qilishmoqchi edi. “Tarjima sanʼati”ning bir necha kitobi bosilib chiqdi. Bu oʻzbek tarjimachiligi tarixida birinchi, tabarruk ish edi. Tez ogʻizga tushdi. Oʻqiladigan boʻldi. Uning toʻplovchisi Tilak Joʻra edi.
* * *
“Tarjima sanʼati” tufayli Tilak nashriyotga tez-tez keladigan boʻldi. Undan avval ham goh-goh kelib turar, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Omon Matjon kabi shu yerda ishlaydigan shoirlar bilan gurunglashib ketardi.
Shunday kunlardan birida Tilak biz ishlab turgan xonaga keldi. Hamma oʻz qadrdonini koʻrganday bir iliq gap aytib, quvonib salomlasha ketdi. Keyin Tilakni yonimdagi oʻrindiqqa oʻtiring, deb chaqirdim.
– Tayyor toʻplamingiz bormi? Yangi sheʼrlardan…
– Bor. Topamiz, – dedi.
– Kelgusi yil rejasi tuzilyapti. Tezroq toʻplamni olib kelib topshiring. Hozir direktor nomiga ariza yozing. Keyin toʻplam mavzusi, mazmuni haqida yarim bet maqsadingizni ham yozib bering, – deb toza qogʻoz bilan qalamni oldiga surib qoʻydim.
U nima yozarini bilmay, qalamni ushlab, oʻylanib qoldi.
Shoirlar sheʼru dostonlar yozishga qiynalmaydi-yu, ariza yozishga qiynaladi.
– Toʻplamning nomi nima? Shundan boshlang, – dedim.
– Hali, nomini oʻylamagan edim.
Siz sarbastchi shoirlarni, modernchilarni yaxshi koʻrasiz-a, “Yulduzlar tabassumi” deb qoʻysangiz nima boʻladi?
– Mana shu boʻladi. Yulduzlar tabassumi. Yaxshi, – dedi-da, oʻrnidan turib, sigaret chiqardi. Cheksa, fikr harakatga keladi.
Oʻsha toʻplam bosilib chiqdi. Tilak sarbast sheʼrlar yozadigan shoirlarni, Yevropa modernchi shoirlari ijodini yaxshi koʻrar, oʻqirdi. Lekin oʻz sheʼrlarida mutlaqo ularga ergashmasdi. Mutlaqo deganim uncha toʻgʻri emasdir. Shaklda sarbast sheʼrlari bor, faqat shaklda. Mazmunda, ifodada uning sheʼrlari juda milliy. Tashbehlar ham, qayroqi gaplar ham oddiy, mazmundor, oʻzbekona.
“Yurak” degan sheʼrida yozadi:
Zahil boʻlgan qovunday
Koʻp ham berkinma
mening bagʻrimga
Bu yorugʻ dunyoda
Alamlar berkinar
Armonlar berkinar
Darmonlar berkinar
Sen vatansan bariga,
Axir, vatan qanday
berkinar?
Koʻp ham berkinma
mening bagʻrimga.
Qancha samimiyat, armon, alam va lutf bor bu misralarda. Hech kim aytmagan gaplar.
Hech kim Tilakni isyonkor shoir deb oʻylamagan. Lekin, uning bir qancha sheʼrlarida isyonkor ruh chaqnab turadi. Masalan, “Atirgulning shoxin qayirib” deb boshlanadigan sheʼrida bunday misralar bor:
Men koʻksimda
armonni emas,
Koʻtarmogʻim kerak isyonni…
“Ona niyati” sheʼrida bunday yozadi:
Ot choptirib chiqding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim,
Qoʻlingdagi jiloving kabi
Erking boʻlsin oʻzingda doim.
Tilak Joʻraning sheʼrlari oʻziga xos. Xalq qoʻshiqlari yoʻlida yozgan sheʼrlari ham, sarbast shaklidagi sheʼrlari ham oʻzbekona ruhda. Buloq suviday tiniq. Fikr, mazmun aniq. Lekin sodda va teran maʼnoga egadir. 1994 yil oktyabr oyida shoir Miraziz Aʼzam bilan Istanbulga, Fuzuliy tavalludining besh yuz yilligiga bagʻishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun bordik. Men Turkiyaga birinchi borishim edi. Bunga ham Tilak Joʻra sabab boʻldi. “Unda Tilak Joʻra yoʻq edi-ku. Olamdan oʻtgan edi. Qanday yordam berishi mumkin?” dersiz. Ha, azizlar, yaxshi odam oʻlimidan keyin ham yaxshilik qilishi mumkin. Gap shundaki, Istanbuldagi anjumanga taklifnomaning biriga Tilak Joʻra nomi yozilgan edi. Ular Tilak Joʻraning vafot etganidan bexabar boʻlishsa kerak.
Tilak Joʻra oʻrniga men bordim. Bizni kutib olgan Husayn Oʻzboy bilan Ali Oqbosh Tilak Joʻrani soʻrashdi. Biz uning bevaqt vafot etganini aytdik. Ular koʻp afsuslanishdi. Tilak bilan uchrashganlari, suhbatlarini eslashdi. Uch kunlik ilmiy kengashdan keyin bizni Turkiya boʻylab sayohat qildirishdi. Istanbul, Anqara, Bursa, Koʻnyo, Balikesar kabi olti viloyatga bordik. U yerdagi hayot, yozuvchilar, noshirlar bilan tanishdik. Osori atiqalarni, ajoyib manzaralarni koʻrdik. Tilak qancha orzular bilan yashardi. Turk shoirlari sheʼrlarini tarjima qilganda, Nozim Hikmat ijodi ustida tadqiqot olib borganda necha marta xayolan Turkiyaga borgan ekan: dengizlar, kemalar, saroylarni koʻz oldiga keltirgan ekan. Bu ham uning qalbida armon boʻlib ketdi.
* * *
Yana bir voqea esimdan chiqibdi. Tilak Joʻraning uyi yonib ketibdi. Men Toshkentda yoʻq edim, kelgan kunim eshitdim. Raufmi, Shavkatmi, bittasi aytdi. Hozir aniq esimda yoʻq. Oʻsha kuni Sagʻbondagi hovlisiga bordim. Yaxshi odamning hamkorlari koʻp. Hamma unga yomon kunda yordam bergisi keladi. Uning doʻstlari oʻzi kabi shoirlar, talabalar edi. Oʻshanda ham turmushi judayam farovon emasdi. Shoir bilan talabaning esa moddiy ahvoli yomon. Qanday yordam berishi mumkin?! Uy qurib berishga mablagʻ yetmasdi. Lekin hamma nima bilandir yordam berishni istar, hamdardlik bildirardi. Boloxona kuygan edi. Men borganimda koʻplashib, ancha tartibga keltirishgan ekan. Tilak Joʻra odatdagiday quvnoq, yongʻin haqida gapirib, askiya qildi. Xudo yorlaqab, Al-Xorazmiy mavzesidan Tilak Joʻraga yangi qurilgan uydan joy berishibdi. Ular koʻchib borishdi. Men ham ularga qoʻshni uyga koʻchib oʻtdim. Har kuni, kunora koʻrishar, dardlashib, suhbatlashardik. Koʻp oʻtmay men u yerdan koʻchib ketdim. Anchadan keyin Tilakning kasal boʻlib shifoxonaga tushganini eshitdim. Yangi ToshMI shifoxonasida ekan. Borib xabar oldim. Rangi-roʻyi tuzuk, lekin xastaligi bilinib turardi. Keyingi borganlarimda oʻgʻli Orifni koʻrdim. Otasidan xabar olib turarkan, baraka topkur. Lekin Tilak Joʻra ozib ketibdi. “Umidlarning etagiga osildim” degan oʻsha sheʼrini yana esladim. Xudo shifo beraman desa, hech gap emas. Kasal boʻlgan odam oʻlaveradimi, degan xayol koʻnglimdan oʻtdi. Keyin “Tilak kasalxonadan chiqibdi: qishlogʻiga ketganmish” degan xabarni eshitib, rosti, bezovta xayolim taskin topganday boʻldi. Ammo bu uning qishlogʻiga oxirgi safari ekan. Koʻnglimda xotiralarim koʻp. Tilak bilan uchrashgan, soʻzlashgan har kun haqida bir kitob yozsam arziydi. U mening ukam, doʻstim, rahnamom edi. Doʻstlarim koʻp. Mard, sadoqatli… Lekin Tilakday koʻngli ham, qoʻli ham ochiq, oʻzi kambagʻal boʻlsa ham, saxovatga boy, tanti odam dunyoda boʻlmasa kerak.
Aziz SAID
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/hayot/nigoh/umidlarning-etagiga-osildim/