Bu galgi soʻzlar Buxoroning Olot tumani shevasidan tanlandi. Olot Turkmaniston Respublikasi va Xorazm viloyati bilan chegaradosh. Shu bois aholisi asosan oʻgʻuz lahjasiga yaqin tilda soʻzlashadi. Bu hududdagi koʻpgina soʻzlar sof turkiy hisoblanadi. Ishonmasangiz, “Devonu lugʻatit-turk”ni varaqlang.
Gʻulva – ariqdan ekinzorga suv oʻtadigan uzun quvur.
Gechchi – echki. Gechchini tutib kel.
Nova – tarnov. Tomga yangi nova qoʻydik.
Mattiq – bemaʼni, huda-behudaga gapiradigan odam. Shu odam juda mattiq-da!
Joʻrob – supurgi.
Bilgashli – atayin, joʻrttaga. U bilgashli shunday dedi.
Soʻvsalamoq – biror narsaning ilinjida gapni uzoqdan boshlamoq. Bekorga kelmagansan, ochigʻini ayt, soʻvsalama!
Qayish – kattaligi kaftdek kesilgan xamirli ovqat; beshbarmoq. Bugun kechki ovqatga qayish pishirildi.
Hoʻkki – bukri, yelkalari turtib chiqqan. Gulshan momo hoʻkki boʻlib qolibdi.
Jilop yoki julop – paypoq.
Moʻkki – jundan toʻqilgan qishki paypoq.
Hoʻjak – sigirning bolasi.
Jirriq – tugʻilganiga besh-oʻn kun boʻlgan qoʻzichoq.
Inak – sigir. Bizning inagimiz juda qari edi.
Vagʻir – shovqin, baqiriq ovoz; toʻpolon. Bolalar hovlida vagʻir qilishardi.
Hoʻpiqmoq – choʻkmoq, suv tagida havo yetmaslik. Choʻmilgani borgandim, hoʻpiqishdan qoʻrqib choʻmilmadim.
Majji – sergap, ezma odam. Shukur chol borgan sari majji boʻlyapti.
Noʻvqon – gʻalla oʻrimidan keyin dalada qolgan arpa yoki bugʻdoy boshogʻi.
Tursh – nordon, taxir. Qatiq juda tursh ekan.
Poʻrsi – badboʻy, yoqimsiz hid.
Mijona – shoʻrdanak. Toʻyga mijona ham qoʻyiladimi?
Shona – yelka, kift.
Sayisxona – somon, xashak solinadigan yoxud qishning ayozli kunlarida qoramollar saqlanadigan katta ayvon, ogʻilxona.
Gʻoʻlagir – uy tomiga xas-xashak yopilgach, birinchi bor qilinadigan loysuvoq. Bugun yangi uyni gʻoʻlagir qilamiz.
Zomi – handalak. Daladan zomi uzib kel, oʻgʻlim.
Salqi yoki salqa – boʻsh, mahkam qilinmagan. Sigirning ipi salqi bogʻlangan ekan.
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/olot-tumani-shevasiga-oid-sozlar/