Anvar Eshonov 1937 yilda Toshkentda tugʻildi. Toshkent Davlat universitetida taʼlim oldi. Mehnat faoliyatini 1960 yilda respublika radiokomitetida muharrirlikdan boshlagan Anvar Eshonov keyinchalik respublikamizning markaziy gazetalarida muxbir boʻlib xizmat qildi. 1972–1975 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotni targʻib qilish byurosida, 1975–1976 yillarda “Guliston” jurnalida faoliyat koʻrsatdi.
Anvar Eshonovning birinchi sheʼriy toʻplami “Bir ogʻiz soʻz” (1963) deb nomlanadi, bu haqda shoirning oʻzi shunday yozadi: “Bir ogʻiz soʻz bilan odam poshsho boʻlishi mumkin, bir ogʻiz soʻz bilan odam gado boʻlishi mumkin. Men adabiyotga bir ogʻiz soʻz aytgani keldim. Shuning uchun kitobimni “Bir ogʻiz soʻz” deb nomladim”.
Adibning “Dutor” (1967), “Registon” (1971), “Yevropada qolgan qabrlar” (1975), “Yigirma million oppoq kabutar” (1976), “Non isi” (1977), “Bu yillar” (1982) kabi sheʼriy va nasriy toʻplamlarida oʻzi aytib ketmoqchi boʻlgan ana shu bir ogʻiz soʻzning jilosi, maʼno-mazmuni mujassamlangan.
Ayniqsa, uning sheʼrlariga yarashib turgan badiiy “libos” – tashbehlar faqat Anvar Eshonov qalamiga, uslubiga, tuygʻusiga monandligi bilan ajralib turadi.
Qayda yalpiz boʻyligim, qayda buloq koʻzligim,
Yillar ayri tushganda unutdim-ku oʻzligim.
Yonib oʻtdi hajrida bolaligim ‒ boʻzligim,
Turnalarday qaytmasmi oʻshal otash koʻzligim.
Shoir sheʼriyatida soʻzlar marjondek terilib, qalbida uygʻongan va kechinmalarida toʻlgʻongan turfa ranglarni ifodalab turadi. Anvar Eshonov hayotda ham, doʻstlar davrasida ham ana shunday samimiy, xushchaqchaq va kamtar inson edi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/anvar-eshonov-1937-1996/