Katalizator

Otaboy qiridan bir boʻz yigit baqirdi:

“Noʻmon akanikiga toʻyga…Toʻydan keyin kurash boʻladi”.

Elomon shoterakning tagini moʻljalga olib, boltani unga urarkan, koʻnglidan oʻtkazdi: “Davraga chiqib, yelkamni yerga bosadigani chiqsa, boshqa kurash tushmayman. Oʻtgan toʻydagi chala yonbosh yetadi. Endi, yigit bormi, meni otadigan”.

U dastani changallab, toʻgʻri daraxtning jon joyiga bolta boʻgʻzini qadab urdi, shoterak qattiq silkinib, “qirs” etib ogʻilga egildi. Elomon shartta daraxt uchiga oʻralgan arqonni ushlab koʻcha tomonga tortdi, daraxt kuch bermay yana molxonaga ogʻdi, u tishlanib, chiranib arqonni siltadi. Daraxtning boshi koʻchaga qayrildi.

Yoʻlda ketayotgan boboy gap tashladi:

– Buncha tirtanglading, azamat! Bitta jonsiz terak joningni olsa, jonlisi…

Cholning hazili Elomonni ham terlatdi, ham qizartirdi.

– Bizning davrimizda jonlini oʻtin yorib berardi.

– Oʻtin maydalashdan ham qochmaymiz, Neʼmat bobo! – dedi u kulimsirab.

– Ha, yaxshi kurashdan-chi? – dedi u doʻppisini koʻtarib boshini shamollatarkan. – Akang yoʻqmidi?

– Hasharga ketgan, Yangiyerga.

– Obbo, – dedi chol doʻppisini kaftiga urib qoqib. – Hashar bugunga tiqilibdimi? Usiz kurash kurash boʻladimi?! Ishonganimiz sen boʻlsang…

Elomon boshini quyi soldi.

Bobo uning oriyatini qoʻzgʻatdi:

– Endi akangning nomi uchun ham kurashishing kerak.

 

***

Yangiyerda Muhsin domla Karim dallolga kuyunib uqtirdi:

– Duvlon davra koʻrib yuribdi. El “Qani” deb soʻraydi. Kurashdan qochgan yigit yigitmas. Ogʻziga kuchi yetmagan koʻp; “Duvlon qoʻrqib-pisib yurgandir” desa uyat emasmi?

– Oʻnta qishloqdan polvon kelsayam, Elomonning oʻzi, bas! Oʻtgan safar shoʻrbuloqlik qassobning oʻgʻli shumlik qildi-da! Bakovul ham ogʻzidan suvi oqqan ekanmi…yo Xolboʻtaboy ogʻzini yopganmi indamadi-ya!

Dallol ariq tozalayotgan besh-olti yigitga bir muddat tikilib, imlashga chogʻlanib qoʻlini koʻtardi-yu, yana tilini yutib toʻxtadi.

Duvlon dallolning qoʻl sermaganiga hayratlanib, quyoshga qaradi va tushlikka talay vaqt borligini bilib, choʻkichni ushladi. Uning negadir koʻngli gʻash, bezovta edi. Xayolni qurshagan oʻy tinchlik bermasdi: “Qoʻshni qishloqda Xolboʻta degan boy bari polvoningni sotib olaman deganmish. Kurashchi deganiyam sotilib ketaverarkan-da! Oʻzi sotilmagan shu qoluvdi. Moli koʻpning solimiyam katta – tuya, ot, hech gapmas. Ishqilib, solimiga uchmasin-da! Davraga xiyonat qildi, degan gap oʻlim. Normatboyning urugʻi davradan boshini egib chiqmagan”.

U choʻkich uchini toshloq ariqqa botirib tiqib kovlab borar, miyasini ukam yutqazib qoʻymasin-da, degan oʻy parmalar, ishni tez bitirish istagi zoʻraygandan zoʻrayardi.

Boʻz chopib ariq boʻyini tekislayotgan Rahim peshanasidagi terni artib, uni tezladi:

– Ey, Farhod boʻp ket-yey! Kurash kunda boʻlyaptimi? Qishloqqa bir oʻtib kelmadik-da!

U ketmonni yotqizib dastaga oʻtirdi.

– Ish qochmaydi, hayda! Kech tushsayam, kelib ishlaymiz. Qaytanga ish unadi. Tiling qisiq boʻlmasin, tur. Dallolga oʻzim aytaman, traktorini qoʻshadi.

Ariq boshidan Karim dallol hushtak chalib, imladi. Yigitlar asbob-anjomini yigʻishtirib, oʻsha tarafga yurishdi.

– Sharmanda qilib, oʻtirma tagʻin! Charchasang, ayt.

– Yoʻq…

 

***

Bakovul shoʻrbuloqlik Alim polvonning qoʻlini baland koʻtarib, davrani aylantirdi:

– Talabgor bormi, Alimga?

Bakovulning ovozida noodatiy bir hadik bor edi. Goʻyo unga talabgor chiqsayam, bas kelishi gumon.

Neʼmat bobo bezovtalandi.

– Eh, yoshligim-a! Hozir turib ketaman, oʻtiraver pisinib. Menga uyatda, “bitta yigit topilmabdi, cholning oriyatiga” deydi. Yigitmisan, yigitdek yasha-da, endi!

Elomon sapchib oʻrnidan turdi va choponini oʻrab cholning yonboshiga tashlab, oʻrtaga yurdi.

– Yiqilgan kurashga toʻymaydi, degandek…

Kulgu koʻtarildi, Elomon tishlandi.

Bakovul ikki polvonniyam oʻrtaga yetaklab, kurashni boshladi.

Elomon Alimning bilagidan changallab, shunday siltadiki, u chir aylanib bakovulning oldiga koʻkragi bilan yotdi.

Davra qiyqirdi.

 

***

Karim dallol traktorini qirga toʻxtatdi. Ichidan dallol, Muhsin domla tushdi, telachkadan Duvlon, Rahim va yana toʻrt yigit sakradi. Olomonni koʻrib barining aqli shoshdi.

Ularni Xolboʻtaboy qarshiladi. El lom-mim demay tinch turarkan, u kekirib dimogʻlanib gapirdi.

– Ovora boʻp kepsan, endi kurash tush. Boyagi polvonni bossang, chori qoʻchqor seniki! Suruvdan tanlab olasan.

Duvlon davradagi polvonni koʻrmay bosh silkidi.

Neʼmat bobo soʻkinib, boshini chayqadi:

– Esi yoʻq, yigit-ey! Ukang-ku! Bitta koʻkrakni emgan aka-uka…

Xolboʻtaboy boboga qarab oʻshqirdi:

– Aralashmang! Uka boʻlsa, nima boʻpti. Solimini olaveradi-da. Gap berdi, endi tushmasa…

Duvlon atrofga alangladi. Olomon hayqirdi, tezladi: “Qani Duvlon polvon, aka-uka bir koʻringlar-chi!”. Duvlon kim qichqirayapti – doʻstlarimi, hamqishloqlarimi yo begona – tuzuk anglolmadi.

Xolboʻtaboy olishuv narxini oshirdi:

– Yana bitta qoʻchqor…

“Ikki qoʻchqor” degan tovush atrofni tutdi.

Elomon akasiga angrayib tikildi. Butun vujudini allaqanday tuygʻu chulgʻab, boʻshashdi.

Duvlon choponini yechib, Neʼmat boboning egniga yopdi-da, ukasiga yaqin yurdi.

Olomon hali-hanuz baqirardi.

U Elomonni mahkam quchoqladi-da, dast koʻtarib yelkasiga oldi, birdan ovoz tindi, qichqiriq toʻxtadi.

Duvlon uni yanayam balandroq koʻtarmoqchidek joyida tik qotdi. Elomonning rangi tetildi, vujudini ajib titroq egalladi. Aka-uka davradan magʻrur chiqdi.

 

***

Ular ikki qoʻchqordan quruq qoldi. Neʼmat bobo Elomonga toʻn yopdi.

 

Olim Jumaboyev

https://saviya.uz/ijod/nasr/katalizator/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x