Til tashvishi kimni qiziqtiradi?

Savodi chatoqligidan uyalmaydiganlar oʻqimasin

Yuzlab adabiyotu kitoblarimizda, maqolayu boshqa asarlarda milliy tilimiz faxrimiz, boyligimiz, istiqlolimiz timsoli ekani yozilgan. Rostdan ham bunga aslo shubha yoʻq. Biroq nazarimda, tilimiz bugun eng ogʻir nuqtamizga, ojiz tarafimizga aylanganday, millat ziyolilari va butun xalqimizning mehriga, eʼtiboriga muhtoj holga kelib qolganday tuyuladi.

Bugun istagan yoʻl yoqasidagi reklama afishalariga qarang, ekranga nigoh tashlang, uncha-muncha gazeta-jurnalni, hatto darsligu adabiyotlarni varaqlang  — imlo xato ochiq-oydin koʻrinib qoladi. Internet, ijtimoiy tarmoqlarni-ku, aytmay qoʻya qolaylik: oʻqigan sari qon bosimingiz oshib ketadi. Tilimizning xor boʻlayotganini koʻrib achinishdan boshqa narsa qoʻlingizdan kelmaydi. 

Fikrimcha, buning muhim bir sababi bor. Bugun hamma soha tartibga tushmoqda: iqtisodiyot ham, siyosat ham, madaniyatu maʼrifat ham taraqqiy etyapti. Hamma jabhada qonunlar qabul qilinyapti, davlatimiz ularning ijrosini taʼminlashga butun kuch-gʻayratini, salohiyatini, imkoniyatini sarf etmoqda. Qayerdaki qonunbuzilish holatlari aniqlansa, darrov chora koʻrilyapti. Bir misol: poytaxtimizda koʻz ochib yumguncha yoʻl harakati qoidabuzarliklari keskin kamaydi. Bir kunda necha minglab odam yoʻl harakati qoidasini buzgani uchun jaraq-jaraq jarima toʻladi. Chunki bu boʻyicha qattiq nazorat oʻrnatildi-da…

Boshqa sohalarda ham vaziyat shunday. Lekin shaxsan men shu paytgacha oʻzbek tili qoidalarini buzgani, koʻcha-koʻydagi reklamalarni notoʻgʻri bitgani yo idorasi peshtoqida tashkiloti nomini notoʻgʻri yozib qoʻygani uchun biror kimning jarimaga tortilgani haqida eshitmaganman. Holbuki, aslida kimdir yurish-turish yoki yoʻl qoidalarini buzsa, jamiyat oldida davlat tili meʼyorlariga amal qilmaganichalik ijtimoiy xavfi yuqori boʻlmaydi.

 

Talab qilinsaginami?

Oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish zarurati tufayli poytaxtimizga yondosh hududda joylashgan notarial idoralardan biriga ishim tushdi. Notarius band, unga yordamchi bir qiz tezda shartnomani tayyorlab, tanishib chiqib, imzolash uchun menga berdi. Matnning birinchi abzatsini oʻqiganimni bilaman, hadeb gʻashimga tegaverdi: «q», «gʻ», «oʻ», «h» harflari umuman yoʻq! Imlo xatolari, tinish belgilari haqida-ku, gapirmay: rasvo!

Haligi qizdan ruchka olib, erinmasdan, bittalab imlosini toʻgʻrilab chiqdim. Soʻng tuzatishlarini kiritish uchun qaytarib berdim. Notarius yordamchisining ensasi shunchalik qotdiki, oʻzim xijolat boʻlib ketdim. «Nima, oʻqituvchimisiz, deyman, — dedi u piching qilib. — Bu hujjat necha yildan beri «shablon» boʻp turadi. Faqat ism-familiya, shartnoma muddati va summasi oʻzgaradi, xolos. Shu paytgacha hech kim gʻing demagandi…»

Mening tuzatishim unga yoqmagani kunday ravshan edi: ishi koʻpaydi uning. Mingʻirlab-mingʻirlab tuzatishlarimni matnga kiritib chiqdi. Lekin meni boshqa narsa hayron qoldirdi: u davlatning rasmiy idorasida ishlab turib, davlat tili haqidagi qonun talablarini, ona tilini ochiqchasiga buzgani yetmaganday, oʻz savodi va imlosidan zigʻircha ham uyalgani, jilla qursa, xijolat tortgani yoʻq! 

«Mayli, harna, bitta hujjatini toʻgʻrilatdim, endi mendan keyingilarning hujjati risoladagidek boʻladi», deb oʻyladim ichimda mamnun boʻlib. Qizigʻi, notariusni kutib oʻtirib, mendan keyin navbatda turganlardan birining qoʻlidagi shartnomani oʻqib koʻrdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, eski hammom — eski tos deganlaridek, avvalida qanday boʻlsa, oʻsha-oʻsha xatolar bilan toʻldirilgan edi. Bildimki, faqat men uchun, talab qilganim uchungina toʻgʻrilab berishgan ekan. 

 

Ikki kitobda ikki xil

Bir ajoyib shoira doʻstimiz bor. Ikki yilcha burun kitobchasini sovgʻa qilganida xursand boʻlgan edim. Oʻqib koʻrib, asabim buzildi. Muallif haqidagi ikki enlik maʼlumotning oʻzida naqd sakkizta imlo xato va gʻaliz jumla bor ekan. «Tafakkur» nashriyoti chop etgan «Koʻngilga yoʻl» nomli oʻsha kitobda imlo xatolar u yoqda tursin, muallifning familiyasi ham notoʻgʻri yozilgan edi: «Holiqova».

Muallifning oʻziga aytsam, «Aka, men ozroq imlo xato bilan yozishim mumkindir, lekin nashriyotda musahhih, muharrir degani bor, ulardan ham oʻtib ketgandir-da», deganday gap qilgandi.

Yaqinda shu shoiraning yana kitobi chiqdi. Birinchi navbatda ­eʼtibor berganim uning familiyasi boʻldi. Harqalay, «Akademnashr»da savodga, imloga qattiq eʼtibor berishadi, shekilli, muallif «Holiqova»dan «Xoliqova»ga oʻzgaribdi. Demak, kimdir eʼtiborli boʻlsa, kitob imlo xatosiz ham chiqishi mumkin ekan-ku, a?

Bejiz bu haqda gapirmadik. Tilimiz haqida gap ketganda, hammamizni charchatgan bir jihat bor: ism-familiyalardagi xatolar. Bu borada imlo savodsizligimiz kitobu gazeta-jurnaldan, maktab sinfxonalariyu koʻcha-koʻydan ham chiqib, hatto, qabristonlarga ham yetib borganiga nima deysiz… Ajab, baʼzan ayrim qabristonlarda hatto qabrtoshlarida ham ­«Djurakulov», «Chariyev», «Rovshan» kabi ism-familiyalarga koʻzimiz tushadi. Bilgichlardan soʻrasangiz, «Pasporti boʻyicha yozilgan-da», deydi. Hech aqlim yetmaydi: odamzod tirikligida ism-sharifini pasport boʻyicha yozishini, bu hujjatbozlikda zarurligini tushunish mumkindir. Biroq u olamdan oʻtgach, soʻnggi manzilga yetgach, bir umr hujjatida xato qayd etilgan ism-familiyasini, hech boʻlmasa, qabrtoshiga toʻgʻri yozishsa boʻlmasmikan? Yo birorkim qabrtoshi bilan pasport nusxasini solishtirib, bir xil boʻlsa, duoi fotiha qilarmikan?.. Yoki oʻqilgan duolar notoʻgʻri manzilga ketib qolarmikan?..   

Ha, ana shu ogʻriqli nuqtamiz haqida koʻp bosh qotirmaymiz. Millatni millat sifatida xarob qiluvchi narsalardan biri uning oʻz ismlarini buzishidir. Mustabid tuzumi davrida yangi tugʻilgan necha millionlab oʻzbek bolasiga «ZAGS» idoralarida ataylab ajnabiy talaffuzda ism berilgan: ota Rahmon deb qoʻygan ism tugʻilganlik haqidagi guvohnomada «Roman», Nosirxoʻja esa «Nasirxadja» deya qayd etilavergan. Oʻz ori, milliy gʻururi boʻlmaganlar  hozirgacha shu gʻalizlik botqogʻiga botgan ismlarni yelkasida koʻtarib kelyapti. Nima emish, «barcha hujjatlarida ismi shunday yozilgan, endi iloji yoʻq». Kechirasiz, muhtaram «Nasirxodja» aka! Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunida «Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, oʻz millatidan qatʼi nazar, oʻz ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy anʼanalarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar», deb belgilab qoʻyilgan. Siz bitta ariza bilan pasportingiz, diplomlaru boshqa hujjatlaringizni oʻzgartirib, ajnabiy bir zotdan duppa-durust oʻzbekka aylanishingiz mumkin. Buning uchun ozgina istak va milliy gʻurur, oʻzingizga hurmat kerak, xolos, degim keladi.

 

Tabibning oʻzi bemor…

Ijtimoiy tarmoqdagi mashhur guruhda bir ota yozgʻirib qoldi. Qizi maktabdan yigʻlab kelibdi: aʼlochi qiz diktantdan past baho olibdi.

Ota qizining daftarini tekshirib koʻrsa, ona tili oʻqituvchisi tushmagur diktantni obdan boʻyagan. Qiz xato yozgandir-da, dersiz. Qani edi shunday boʻlsa. Oʻsha ota diktantni suratga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylagani uchun biz ham koʻrdik: oʻqituvchi mushtday bola toʻgʻri yozgan soʻzlarni qizil ruchkada «tahrir» qilib, oʻzi xato soʻzga aylantirib chiqqan!

Bunga nima deysiz endi? Mashhur gap esga tushadi: xasta holda tabibga borsam, netay, tabibning oʻzi xasta…

Darhaqiqat, ustozning oʻzi xato qilgach, uning qoʻlida tarbiya topgan bolalar ertaga kim boʻladi?

 

Bugungi Beysik tili

…Informatikada Beysik tili (BASIC, inglizcha «Beginner’s All-purpose Symbolic Instruction Code»ning qisqartmasi) degan tushuncha bor. Tili nihoyatda murakkab dastur edi, chogʻi. Oʻquvchilik paytimiz uni qancha oʻqimaylik, kompyuterda mustaqil ravishda atigi ikkita raqamni qoʻshish yo ayirish amalini bajara olmasdik. Buning uchun necha-necha kod terish kerak edi-da.

Hozir xalqimizning eng katta qatlami — yoshlarimizning imlo savodxonligi haqida oʻylasam, ular faol boʻlgan ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarni oʻqisam, ana shu Beysik tilidagi noʻnoqligim esga tushaveradi. Boisi Beysik tilini qanchalik tushunmagan boʻlsam, hozirgi tengquru bizdan yoshlarning ham tilini shunchalik anglashim qiyin.

Tahririyatimizga kelayotgan maktublardan yoshi ulugʻ insonlarning imlo xatosiz, chiroyli husnixat bilan yozishini bilaman. Kamsonli maktub bituvchi yoshlar qatlami esa bu borada mutlaqo teskari. Xulosam olamshumul emas, albatta: ilgari odamlar qoʻli qabarguncha yozgan, bitigi chiroyli chiqishi uchun husnixatni egallagan. Hozir yosh avlod faqat uyga vazifani bajarayotgandagina toʻrt enlik yozuv yozar, ehtimol. Biroq telefonda betinim SMS yozadi, ijtimoiy tarmoqlarda kuni bilan tuturuqsiz gaplar qoldiradi. Na maʼni, na matra bor bunday yozishmalarda imlo, husnixatga hojat yoʻq…

Nega bugun koʻchalardagi eʼlonlaru afishalarning ahvoliga hech qarab boʻlmaydi? Ulardagi oʻzbekcha soʻzlarning holiga maymunlar yigʻlaydi. «Tandur somsa», «Ona er saxovati», «Zakas – 2 lt li Termizda Choy», «Poʻlka non bor», «Medvejonok», «OITS — ASR VABOSI», «UINCHOQLAR» kabi oʻta savodsizlarcha yozilgan yarmi oʻzbekcha, yarmi ruscha, yarmi kirill, yarmi lotin alifbosidagi reklamayu eʼlonlarni yoshi kattalar emas, aynan ana shunday savodsiz, imlo koʻchasiga kirmagan yosh-yalanglar yozganiga yuz foiz kafolat beraman.

Toʻy-maʼrakalarga taklifnomalardagi savodsizliklar hammaga maʼlum. Ularda yoziladigan matnlarni ham ana shular yozadi. Sababi, siz ming olim, tilshunos boʻlmaysizmi, taklifnoma uchun toʻppa-toʻgʻri yozib bergan matni­ngizni poligrafiyada ishlaydigan besavod yigit-qizlar oladi-da, oʻz imlosi va talaffuziga moslab, baribir xato-notoʻgʻri terib, chop etib yuboraveradi. Ularning ishini toʻgʻrilashga intilishingiz befoyda: behuda ketgan pulingiz, asabingiz va vaqtingiz qoladi. 

 

Nima qilmoq kerak?

Ona tilimiz sofligini asrash haqida gapirmagan, yozmagan ijodkor qolmadi hisob. Biroq amalda baribir hayot oʻz «qoʻshigʻi»ni aytmoqda: tilimizga munosabat, imlomizga eʼtiborimiz borgan sayin susayib ketmoqda. 

Xoʻsh, bunday sharoitda nima qilmoq kerak?

— Milliy tafakkur tadrijida, tarixida shunday voqealar boʻladiki, ularni unutish, sabab va oqibatlariga beparvolik katta yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin, — deydi taniqli ijodkor Rahmon Qoʻchqor. — Nazarimda, hazrat Navoiy xulosani ham aniq-tiniq aytib qoʻyganlar: «Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz»! Demak, milliy tilni asrab-avaylash, uni pisand qilmaydigan, xohlagan koʻyga solish mumkin, deb oʻylaydiganlar tajovuzidan qoʻriqlash faqat ulugʻlarning emas, oʻzini, tilini, millatini hurmat qiladigan har bir fuqaroning burchi, kundalik tashvishi boʻlmogʻi lozim.

Men esa Rahmon Qoʻchqorning fikriga qoʻshimcha qilib aytmoqchiman:  odamlar qachonki bu «tashvish»ni qorin gʻamiyu, oʻtkinchi hoyu havaslar tashvishidan ustun qoʻya olsa, oʻshandagina vaziyat yaxshi tomonga oʻzgara boshlaydi. Bandasi ust-boshi, mingan mashinasi abgorligidan emas, savodi chatoqligidan uyala boshlasa, oʻshanda tilimiz oʻz qaddini rost tutadi. 

 

Jasur KENGBOYEV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/til-tashvishi-kimni-qiziqtiradi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x