YIGʻLAR I
Ergash boboning birga oʻsib, birga unib, bir-birlarini sensirashib gaplashadigan uzangi yoʻldoshlaridan biri – Eshqobil ogʻa bir kuni oʻzaro gaplashib oʻtirib debdi:
– Ergash deyman?
– Nima deysan?
– Sen aytmagan gap qolmadi. Endi shu enalar haqida ham bir narsa desang.
– Senda oʻzi kalla bormi? Ena haqida nima ham deb boʻlar edi, ena ena-da.
– Seni kim aytadi shoir deb, ena haqida bir baytu gʻazal bitolmasang?
– Aytsam aytarman, dersam derman. Biroq kashtasini keltirolmay qolib gunohkor boʻlib qolishdan qoʻrqaman.
– Qoʻrqma. Sening gunohingni men moʻynima[1] olaman.
– Sening qaysarliging qolmadi qolmadi-da. Axir tushunsang-chi, ena haqida baytu band bitish Momo Havo haqida bayt bitishminan barobar.
Oqinning joʻrasi ham uncha-bunchaga yon bermas, oʻz soʻzidan qaytmas bir balo ekan. Yana debdi:
– Senam qiziq ekansan. Seni kim aytadi ulamo deb, shoir deb. Bu jurgan xotinlarning hammasini Momo Havoga tenglashtirib nima qilasan. Oʻzingni oʻzing osiy qilib. Bu dunyoda kim koʻp – koʻchabop xotin koʻp, toʻshakbopi undan koʻp. Yori turib yor talabi, ori turib armon talabi undan koʻp. Men senga chinakam enalar haqida biron narsa ayt deb jatippan.
– Voy bachchagʻar-yey, hali shunday chaqa xotinlarni ham bilaman degin. Jamanning aybini birgina jer jashiradi. Sen aytgan xotinlarning ham. Goʻroʻgʻli Sulton, Alpomishga oʻxshagan jigitlarni tuqqan ayollar tuvrisida qancha madhu sano bitsa arziydi.
– Sen meni esi joʻq jigitlar qatoriga qoʻshma. Men ham ana shunday enalar haqida biron narsa de, deb edim-da.
Shunda Ergash bobo, bu boshqa gap, deb tahorat olib, toat-ibodat qilib boʻlganidan soʻng ona haqida bunday degan ekanlar:
Nelardandir koʻngil boʻlib gʻash,
Ham egilib bu egilmas bosh,
Koʻzlarimda qalqib tursa yosh,
Bu holimga berolmay bardosh
Mushtipar bir onam yigʻlaydir,
Qolganlari yolgʻon yigʻlaydir…
YIGʻLAR II
Nazarkarda oqinning ona haqidagi “Tangriga tavallo”sini eshitib boʻlgan haligi Eshqobil degan jon ayamas tobutkash doʻstining koʻzlaridan shashqator yoshlar oqib, har soʻz, har bandi yoqqandan yoqib, shoirning yuziga oʻzgacha bir mehr-muhabbat bilan boqib debdi:
– Olmaning tagiga olma tushadi. Eshqobil ham tushmaydi, Boshqobil ham tushmaydi. Qumrining bolasi – Qumri, Umrining bolasi – Umri. Sherning bolasi ham sher. Boyqushning bolasi – qora jer. Nima boʻlganda ham Jumanbulbulning ulisan-da. Ota bolasisan-da. Odamning jurak-bovruni ezib jubarding. Endi sendan yana bir iltimosim bor, joʻra.
– Yana qanday iltimos ekan u?
– Otangning bulbul laqabini qanday olganini aytib bersang.
– Eshitmaganmiding?
– Oʻlay agar, eshitgan boʻlsam.
Ergash bobo moʻyinsasiga hazillashib debdi:
– Joʻq, sen oʻlmaysan. Eshitmaganmiding “yaxshi”ga oʻlim joʻq, deb.
Eshqobil ogʻa ham boʻsh kelmabdi:
– Hali-beri oʻladigan ahmoqning oʻzi joʻq. Yaxshisi qoʻy, shu oʻlimni gapirma. Men oʻlganminan qaro jer toʻyib qolarmi edi. Gapni aylantirmay haligi savolimga javob ber.
Ergash bobo, endi aytmasam boʻlmaydi, bu balo holi-jonimga qoʻymaydi, deb otasining “bulbul” laqabini qanday olganini qisqagina qilib aytib beribdi:
– Muzaffarxon otamni saroyiga chaqirtiribdi. Otam rahmatlik ne oʻy, ne xayollarminan boribdi. Xon boboydi izzat-ikromminan kutib olibdi. Oqshom xon saroyida bazm boʻlibdi. Ovozali hofizlar, bir qoshiq suvminan jutib jubargulik, jon olib, jon bergulik barno sanamlar davradagilarni junbushga keltirgulik darajada oʻz hunarlarini namoyish etibdilar. Navbat otamga kelibdi. Otam esa tunni tongga ulabdi. Ertalab nonushta qilajatgan paytlarida xonning eshik ogʻasi otamga:
– Sizning taʼrifingizni eshitib yurar edik. Sizday shoiri bor el har bir mamlakatda ham boʻla bermaydir. Endi xon hazratlarining soyai saltanatlari haqida ham bir narsa desangiz.
Shu payt (choshgoh)da Mohi xossaning atrofidagi juvari[2]ga chumchuqlar yopirilib qoʻnib, ularni besh-olti kishi nagʻara urib qoʻrib jatqan ekan. Otam chumchuqlarni yov, qoʻruvchilarni oʻz elini himoya qiluvchi sallot, juvarizorni janggoh oʻrnida koʻrib peshingacha yangi bir doston aytib bergan ekanlar. Shunda xon otamning goʻyandaligiga tan berib, tasannolar aytib otamga boshdin-oyoq sarupo kiydirib, bellariga kumush kamar bogʻlatib, arabi argʻumoq mindirib, “bulbul” laqabini bergan ekanlar. Shu-shu otam elda “Juman shoir” emas “Jumanbulbul” laqabiminan dong qozonib ketganlar.
– Oqqan daryo oqadi, deb shuni aytadi, – deya Eshqobil ogʻa gapida davom etibdi:
– Joʻra, sen ham otangdan kam emassan. Faqat, eshikdan oqqan suvning qadri joʻq, deganday hali sening kimligingni bu beklar, bu toʻralar, bu jurgan odamlar yaxshi bilmaydi. Endi gap bunday, doʻstim, elimizning hozirgi ahvolini koʻrib turibsan. Uch xonning boshi birikmay uchavi ham uch mozorga, mamlakat mol bozorga aylandi. Samarqandning muhtasham minoralari oʻris sarkardalari tomonidan toʻpga tutildi. Machit-madrasalardan odam oyogʻi uzildi. Buxoroyi sharif gʻarib holiga keldi. Qoʻqon qoʻldan ketdi. Xeva beva boʻlib qoldi. Erlar yer, ayollar sher boʻlib borajatir. Eng jamani qay bir jer, qay bir shaharlarda oʻzimizding eski maktablar, madrasalar jovilib, oʻrniga oʻris tuzum[3] maktablari ochilib jatqan emish. Hali bu kunlarimiz ham kam boʻlib qolar-ov, deb qoʻrqajatippan. Bir baytingda oʻzing ham shunday deganing esimda qolgan:
Boshi birikmagan elning aygʻogʻi koʻp, taygʻogʻi koʻp,
Oʻz ichidan oʻt chiqarar qayrogʻi koʻp, sayrogʻi koʻp,
Bosh boshiga qozikalon – olaquroq bayrogʻi koʻp.
Uyogʻi esimda joʻq. Bu koʻrgiliklarning hammasi oʻz qilmishimizdan. Oʻzing aytganday, hozir yurt jalovsiz[4], el egasiz. Etik oʻkchalari chegasiz. Turkiston chegarasiz. Eshak otdan, bezot zotdan ustivor. Boz ustiga, bosqinchilar olqovda, orli, norli bosmachilar – jigitlarimizding satta shakamanlari qargʻovda. Endigi holimiz ne kechadi?
Shular haqida ham bir narsa de.
Ergash bobo bir muddat oʻyga tolib, gapni nimadan boshlashni bilmay xayollanib, bu bachchagʻar ogʻir gaplarni aytdi, deb bir aytar-bir aytmas boʻlib taysallanib, soʻngra oh urib, oʻzini oʻnglay turib, aytar gaplarini armon bilan qolipga solib, bir yonib, bir tovlanib, qalbi joʻsh urib olovlanib ikkinchi “Yigʻlar”ini boshlabdi:
Bir Ollohga iltijo qib boshlasam baytimni,
Oʻzing xoru zor etma deb bu el-elatimni,
Yetti iqlimda tengi kam mulk-mamlakatimni,
Magar qabul etmasa Tangri ibodatimni,
Meningdek bir bandasi qusib qora qon yigʻlar.
Mushkul bir kunga qolgan butkul musulmon yigʻlar.
Qishloqma-qishloq kezib aftoda elni koʻrdim,
Mehr-oqibatga tashna ogʻrigan dilni koʻrdim.
Machitsiz, madrasasiz aynigan tilni koʻrdim,
Ona turib qiz soʻylar, bepadar ulni koʻrdim.
Oʻz eliga oʻzi yot el-yurt beomon yigʻlar.
Kundin kunga battar deb yomondin yomon yigʻlar.
Oqposhshoning itlari ketma-ket kelib tursa,
Oldiga neni qoʻysang… surishtirmay yeb tursa,
It tekkan bu oʻlkada davrini surib tursa,
Mulkni egallab olib ganjni sovurib tursa,
Toʻlib borib boʻsh qaytar tumanlab vagon yigʻlar,
Gʻoz, laʼlidin ayrilib koʻl yigʻlar, ummon yigʻlar.
Halol nadir? Harom ne? Buning farqi yoʻq yerda,
Uvol nadir? Savob ne? Buning narxi yoʻq yerda,
Toʻrt tomoni ham birday – qibla, sharqi yoʻq yerda
Oʻz uy-oʻlan toʻshagi, tartib, tarhi yoʻq yerda.
Odamzoddin ayrilib eʼtiqod, imon yigʻlar,
Qayga oqarin bilmay Sayhun, Zarafshon yigʻlar.
Oʻzgalar argʻumoqda, oʻzimiz yursak yayov,
Oʻz uy, oʻtovimizga egalik qilsa birov,
Qizlarga ham koʻz tikib, xoʻrlasalar beayov,
Boz ustiga, bu oʻzbek emas, qul desalar-ov,
Bu xorlikka chidolmay borliq tirik jon yigʻlar,
Ne deyishin bilolmay shoir bezabon yigʻlar.
Eshon, xoʻja halolmas, haromga royish qilsa,
Birda-birda xonimlar qoʻyniga borish qilsa,
Saxiy oʻz saxiyligin elga namoyish qilsa,
Beklar yoʻqsillar turib borga navozish qilsa,
Och arvohday chirqillab yoʻq yoqavayron yigʻlar,
Haq yoʻlini tutganlar yillab beomon yigʻlar.
Saidlar osiy boʻlib saidligin unutsa,
Paygʻambar avlodiga oidligin unutsa,
Muslim ahli islomdin tonib, oʻzga yoʻl tutsa,
Ollohning qahri kelib odamzodni yer yutsa,
Arshi Aʼloga qayta borib bir Qurʼon yigʻlar,
Oy, Oftob ters aylanib, Yer yigʻlar, osmon yigʻlar.
Doʻstlar tarqalib, dushman yigʻilib turgan yerda,
Sherdan sher emas, tulki tugʻilib turgan yerda,
Hakam harom boʻlib, mard boʻgʻilib turgan yerda,
Eshak oʻzib, tulporlar qoqilib turgan yerda,
Qayga borib, qoʻnarin bilolmay sarbon yigʻlar,
Koʻzlaridan yoshmas qon oqib olomon yigʻlar.
Yuzman[5] deganning yuzi oq boʻlmay, qora boʻlsa,
Oʻzgalarni toʻydirib, oʻzi bechora boʻlsa,
Rangi-roʻyi sargʻayib, bagʻri sadpora boʻlsa,
Taxti-tojini toptab yot kas umaro boʻlsa,
Orli-nomusli har bir qiz yigʻlar, oʻgʻlon yigʻlar.
Oh urib, faryod chekib zoti Koʻragon yigʻlar.
Oʻz nonini doʻkondan navbat kutib ob tursa,
Kandik, oʻralar donsiz, boʻm-boʻsh boʻlib qop tursa,
Xirmon boshida qoʻli egri noinsof tursa,
Is chiqqan yer, moʻridin itday moʻralab tursa,
Uyga kelgan mehmonni kutolmay mezbon yigʻlar,
Yetti nomusi yerga kirib qadrdon yigʻlar.
Bosmachini dushman deb, bosqinchini doʻst dedik,
Bosqinchiga erk berib, bosmachini os dedik, –
Suyangan togʻimizni baland emas, past dedik,
Gubirnatir ne desa yolgʻon emas, rost dedik,
Oq – qora, qoralar – oq boʻldi deb qoʻton yigʻlar,
Qunduz, qulunsiz qolgan soy yigʻlar, sayhon yigʻlar.
Shoir shu yerga kelganda Eshqobil ogʻa oqinga debdi:
– Ergash, oʻzi sen nimalar deb jotibsan. Bu gaplaring gubirnatirding qulogʻiga jetib borsa, katta xolangdi Uchqoʻrgʻondin koʻrsatib qoʻymasin yana!
Ulkan sannovchi ham:
– Sening katta xolang ham quruq qolmasa keragov, bundan koʻngling toʻq boʻlsin, – deb “yigʻlar”ni “yigʻlar”ga ulab ketibdi:
Turkiy ellar birlashib, uyushmas boʻlsa magar,
Oʻzlari qoʻy boʻlurlar, yogʻiy – qoʻychibon, sardor,
Soʻngra xorlik koʻrgusi davri qiyomat qadar,
U yogʻin ne boʻlishin bilur bir Parvardigor,
Ungacha koʻhna Turon, qadim Turkiston yigʻlar,
Togʻi-toshi, qalʼasi, boyligi talon yigʻlar.
Endi taqvo tazyiqda, biylar uryon boʻlar-ov,
Turkiyman deganlarning holi yomon boʻlar-ov,
It egasin tanimay ajab zamon boʻlar-ov,
Yer usti-ostidagi maʼdan talon boʻlar-ov.
Oʻz yeri, xirmonidin ayrilib dehqon yigʻlar,
Bogʻ yigʻlar, bogʻbon yigʻlar, yaylovsiz choʻpon yigʻlar.
Ismi Iso boʻlsa-yu asli nafsigʻor boʻlsa,
Tagi, tubi nahs bosgan, benomus, beor boʻlsa,
Boz ustiga, bek boʻlib elni boshqarar boʻlsa,
Shaharlar bedarvoza, kentlar molbozor boʻlsa,
Dodin kimga aytolmay ulus bearmon yigʻlar,
Har qadamda aldanib, hayrondin hayron yigʻlar.
Oʻgʻri turib toʻgʻrini jazolar zamondir bu,
“Yer, suv dehqonlarniki!” – soxta bir farmondir bu[6].
Sherdan quyon ustivor – oʻt ketgan oʻrmondir bu.
Daryo boshi boʻtana – aymoqqa armondir bu.
Nodonlarga baribir… donishlar pinhon yigʻlar,
Nasl-nasabi toza ahli Aldashmon[7] yigʻlar.
Eling ayrilib tursa oʻz urf, alifbosidin,
Har kim qoʻrqib yashasa oʻz sharpa, soyasidin[8],
Yigitlar roʻzgʻoridin, qizlar tamannosidin,
Qozoq, qirgʻiz, turk, turkman oʻz manzil, maʼvosidin[9],
Bir-biridan ayrilgan behisob tuman yigʻlar,
Uylar qorongʻu tortib sham yigʻlar, shamdon yigʻlar.
Endi boʻlgʻay bu elning madhu sanosi soxta,
Amaldor zotlarining vaʼzi, vaʼdasi soxta,
Taxtu tojidan chiqqan farmon, imzosi soxta,
Navozandalarining savti, sadosi soxta,
Senga qolgan kunning… deb bir Sohibqiron[10] yigʻlar,
Tonglar tunga aylanib subhidam Choʻlpon yigʻlar.
Har elning oʻz muftiysi, qozikaloni boʻlsin,
Oqinlarining ham oʻz aytar oʻlani boʻlsin,
Maydontalab erlari, alp, pahlavoni boʻlsin,
Qargʻa, quzgʻun qoʻnolmas qoʻshin, qoʻrgʻoni boʻlsin,
Magar qoʻrgʻonsiz qolsa, tunqator nolon yigʻlar,
Oyoq osti qilingan xarobat makon yigʻlar.
Amir Temurday ulugʻ zot dunyoga kelmasa,
Tugʻ, tuzugi, oʻroni[11] qaytadan tiklanmasa,
Qirqilgan qizlar sochi qayta kokillanmasa,
Or talashib yigitlar maydonga shaylanmasa,
Shoh oʻrnida Boyoʻgʻli oʻtirgan qoʻrgʻon yigʻlar,
Ruhi koʻkda chirqirab Goʻroʻgʻli Sulton yigʻlar.
Shunda Eshqobil ogʻa shoir doʻstiga:
– Ergash deyman, sen oʻzi odammisan yo boʻlmasa toʻlib-toshib oqib jatqan bir daryoi azimmisan? Sen otangdan ham oʻtkazib jubording-ov. Agar men taxtli-tojli xon boʻlgʻanimda senga bulbuligoʻyo degan laqabni bergan boʻlar edim. Boy-badavlat boʻlgʻanimda edi, senga xondan ham, sultondan ham oshirib-toshirib sarupo bergan, Boychibardan qolishmas duldul mindirgan boʻlar edim. Ayoqlaringni ostiga oltinlar sepgan boʻlar edim. Egnimdagi toʻnimni jelkanga yopay desam, oʻzim chopansiz qolaman. Endi oʻzing ayt, nima qilay? – debdi.
Shunda Ergash bobo hamdard, hamnafas, tengqur desa tengqur, yovqur desa yovqur joʻrasiga hazillashib, debdi:
– Oʻzingni oʻzing os!
Toʻra SULAYMON
“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.
[1] Moʻynima – boʻynimga.
[2] Juvari — oq joʻxori.
[3] Oʻris tuzum — rus-tuzem.
[4] Jalov – bayroq.
[5] Toʻqson toʻqqiz bovli oʻzbeklarda yuz urugʻi bor.
[6] Yer-suv islohoti koʻzda tutilib, yer-suv dehqonlarniki boʻlmay, rus knyazlarining katta xolasiniki boʻlarmi edi, demoqchi.
[7] Qishloqning nomi.
[8] Qatagʻon yillari.
[9] Maʼvosidin – Turkiston hamda Oʻrta Osiyoning parcha-parcha qilinib, chegaralanishi nazarda tutilyapti, shekilli.
[10] Amir Temur.
[11] Oʻroni – yalov, qonun, faxriya (davlat qoʻshish).
https://saviya.uz/ijod/nazm/tangriga-tavallo/