Yulduzday jimirlar hayot ziynati

Alibekni yaxshi bilaman. U adabiyot qadrlanadigan oilada oʻsib ungan. Bobosi va otasi filologiya fanlari doktorlari – taniqli odamlar. Shu sabab bu yigitning adabiyotga mehr qoʻyishi meni ajablantirmagan. U ilk sheʼrlarini menga koʻtarib kelganiga ham toʻrt-besh yil boʻldi. Bu bosiq, kamgap yigit sheʼrlari haqidagi fikrlarimni jiddiy, ogʻrinmay, dars olayotganday sidqidildan tinglagani menga maʼqul boʻlgan.

Uning sizga tavsiya qilinayotgan sheʼrlari mening qoʻlimga kelib tushishiga esa Alibekning aloqasi yoʻq. Jurnaldagi ukalarim “bir askardan sheʼrlar kelgani”ni, uni oʻqib koʻrishimni soʻrashdi. Ular muallif bilan tanishligimdan tamoman bexabar ekanlar.

Sheʼrlarini oʻqidim. Alibek shoir sifatida oʻsibdi. Yurakdagi his-hayajonni soʻzga koʻchirishni uddalay boshlabdi. Satrlar erkin, tabiiy. Zoʻriqish yoʻq. Endi uning sheʼrlarini jurnalxonlarga bemalol tavsiya etsak boʻladi. Alibek izlanish va oʻqib-oʻrganish bir umrlik ish ekanligini yodda tutsa boʻldi. Oʻzini oʻzi rad etib ijod qilish ham unga hamisha yoʻldosh boʻlishini juda istar edim. Chunki ijodkor shu tarzda yangilanadi.

Usmon AZIM,

Oʻzbekiston xalq shoiri


 

***

Kutubxonachi qizga

 

Quroldan boʻshagan qoʻllarim horgʻin,

Sekin taqillatar eshigingizni.

Mayin jilmayasiz. Boqasiz yorqin.

Koʻrganday boʻlasiz qoʻshigʻingizni.

 

Men alik olaman. Oʻtaman toʻrga,

Javonlar tirilar – entikar sassiz.

Barcha kitoblarni yogʻduga burkab,

Qarshimda olovday yonib turasiz.

 

Tokchadagi qizil – gul emas, hayo,

Nafosat sirpanar qadamingizda.

Soʻzlasam, moʻrchalar yugurar goʻyo,

Chinning chinnisiday badaningizda!

 

Qarang, sahifalar aro goʻzallik!

Mana, mening chala qolgan izhorim!

Mana, umrim uchun buyuk afzallik:

Qalbimni poyiga eltganim – yorim!

 

Varaqlar ichidan taralar ifor,

Mangu yashillikda tovlanar visol.

Faqat muhabbatni tan olgan bahor

Yoʻlimga toʻshalar poyandoz misol.

 

Yoʻq! Oʻlib boʻlmaydi bunday farahda,

Sevinchlar karvoni ketmaydi izsiz.

Mening koʻnglim shu bir parcha varaqda,

Bir qoshiq qonimdan keching, oyimqiz!

 

Tush

 

1.

Tun. Kazarma. Jimlik. Yuz yetmish toʻshak.

Yuz yetmish xil orom. Yana shuncha tush.

Jonim, oʻngimizda ayriliq beshak,

Faqat tushda kelar yoʻllarimiz duch.

 

Zinhor oʻlchay olmas “Sogʻinch” degan soʻz,

Adogʻsiz tuygʻumning qulochlarini.

Topolmam choralar aro tashlab koʻz,

Uygʻonmay yashashning ilojlarini.

 

Safdoshlar qolipdan koʻchgan gʻisht misol,

Yuz yetmish xil orom. Yana shuncha tush.

(Ular tush koʻrishni bilmas, ehtimol)

Men-chi, kaftlaringdan tutaman baxtxush.

 

2.

Tugmaday yechildi bedor hislarim,

Koʻnglimni koʻtardi lahzalik epkin.

Saboday oʻynaydi soching islari,

Kipriging yuzimni siypalar sekin.

 

Na qadar tirildim! Behiboʻyginam,

Oʻngimdan ortiqdir bu tush qiymati.

Sening koʻzlaringda, mushfiqroʻyginam,

Yulduzday jimirlar hayot ziynati.

 

Nelar soʻylaganim qolmagan yodda,

Ammo tabassuming chiqmas esimdan.

Sening ohang kabi diltortar, sodda

Lutfing mehr boʻlib choʻgʻlanar zimdan.

 

Mana, oʻzimizning qadrdon anhor!

Oʻq yangligʻ otilar yomgʻir oqimga.

Yomgʻirpoʻsh ostiga chekingan izhor

Iforday qoʻshilib ketar ruhimga!

 

3.

Tun. Kazarma. Jimlik. Jami quroldosh

Goʻyo qoʻrib yotir laziz tushimni.

Kulgiching sehriga berolmay bardosh,

Tushda ham yoʻqotdim aqlu hushimni.

 

Dudoqlar joʻr boʻlar shu on navoga,

O, qoʻshiq! Kechirgil… yurak qonmadi.

…Posbon qichqiradi: “Vzvod, Trevoga!!!”

Uygʻonishdan boshqa choram qolmadi!

 

***

 

“Payqamaydi”, deb oʻylar shamol,

Koʻz yoshimga turtinib oʻtdi.

– U sezmaydi, – dedi, – telbahol. –

Jiyda gullar iforin tutdi.

 

“Sheʼr yozaylik”, – imlar bulutlar:

“Koʻz yoshingga boʻlay qofiya…”

Guldiraklar koʻnglimni qutlar,

Ufq lavhida siniq hoshiya!

 

– Meni sez! – der keskin manzara,

Savalanar bir chetda yalpiz.

– Meni sez! – der lablari yara, –

Sezganimdek men seni yolgʻiz.

 

Tarnovlardan oqqan tarona,

Mungiga joʻr boʻlmogʻim istar.

Yuragimga anduh parvona,

Qogʻoz-qalam olmoqqa qistar.

 

Bir sidraga sizilar borliq,

Bir martaga poklanar qalbing.

Men ketaman boshimni olib,

Men ketaman, lahzalar… qalqing!

 

Men ketaman, hayrat hududi,

Turgil ortda qolmoqlikka shay!

Men ketaman, labingdan xuddi

Hech narsani payqamaganday!

 

Intervyu

 

Bu sigaretning yarmini

shamol chekdi.

Bu orzuning yarmiga

armon tegdi.

 

Bu tushlarning yarmini

hijron koʻrdi.

Bu davronning yarmini

sogʻinch surdi.

 

Bu oʻyinning yarmidan

boshladi qismat,

Bu umrning yarmini

yashadi gʻaflat.

 

Alibek ANVARIY

 

“Yoshlik”, 2017 yil 9-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/yulduzday-jimirlar-hayot-ziynati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x