Duoga ochilgan qoʻllar

… Bodomga havas qilib oʻrik gullagan. Koʻklam yomgʻiri dashtu dalalarga yashil gilam toʻshab, bolalarning qiyqirigʻiga esh qoʻy-qoʻzilarning barashi koʻngillarga kenglik baxsh etgan.

Izilloqning adogʻidan sharqirab oqayotgan Tagisaroy arigʻi boʻyida uch-toʻrt yosh yigit yer kovlayotgani qoʻshni lolazorliklarga ham koʻrinib turadi. Tolmas tegirmonchi peshonasiga qoʻlini qoʻyib, uzoq tikildi, tin oldi: “Izilloqliklar yilboshi saylini boshlabdi-da. Biznikilar nega haligacha jim?” deya xayolidan oʻtkazdi va oʻz hamqishloqlarini koyigan boʻldi…

Yer kovlayotganlar qatori kengayib, oʻtin yorishga tushganidan ayon boʻldiki, ular oʻchoq qazishayotgan ekan. Qishloqdan ikki-uch odam boʻlib kelayotganlarga bolalar ham ergashgan, “ha” deguncha qishloq ahli jam boʻldi.

Tol choʻpdan ot mingan bolalardan biri “tulporini kishnatib” chopib ketdi. Ortidan ikkinchi, uchinchisi “bedov”ini choptirdi. Koʻz ochib-yumguncha qishi bilan egnidan tashlamay kelgan issiq choponi uloqqa aylandi.

Oʻchoq boshidagi oshpazlardan biri qurbonlik qilingan jonliqning qulogʻini moʻylovi sabza urgan oʻsmirlar tomon “Quloqchoʻzma”, deya otib yubordi. Bu tomoshani qarang! Biri quloqni olib qochgan, qolganlar uning ortidan quvgan. Kim yetsa, qochganning qulogʻidan tortadi – toki quloqni yerga tashlamaguncha. “Quloqchoʻzma”ga tashlangan quloq eng chaqqon, eng chopqir oʻsmirning qoʻlida qoladi. Gʻolibni el taqdirlaydi. Qoʻlni duoga ochib qutlaydi.

Buni qarangki, duo berib gʻolibni mukofotlagan bobolar ham shu kuni bolaga aylanib, nevaralari bilan “chillik”, “oshiq” oʻynaydi. Qizigʻi, nevara chillik ursa, sakson yoshli nuroniy uni olib kelgani loʻkillab yuguradi. Oshiq oʻynab farzandlariga yutqazayotgan bobolarning: “Biz-ku umrimiz davomida goh gʻolib, gohida magʻlub boʻlib oʻtdik. Hoy, sizlar hech qachon magʻlub boʻlmanglar!” degan tilagida ham ezgu niyat, ham talab balqib turadi.

Jajji bolakayni varragi tortib ketadi. Bolalarning shodon hayqirigʻidan el koʻzi musaffo osmonga qadaladi. Osmon toʻla varrak, yoʻq, varrak emas – orzular, umidlar, ezgu niyatlar!

Chillik oʻynagan bobolar chanqaydi. Koʻpkari chopgan “chavandoz”ning qorni ochadi. Varragi koʻkka parvoz etayotgan bolakay onasini turtkilay boshlaydi… Kimdir: “Yiloshi pishdimi? Peshin boʻldi-ku!”, deya ovoz beradi.

Taom dasturxonga tortiladigan chogʻda butun qishloq – momolardan tortib kelinlarga qadar, boʻyqizlardan to azadorlargacha shu yerga jam boʻladi. “Osh kattadan, suv kichikdan” deganlariday taom yoshi ulugʻlardan boshlab bolakaylargacha tarqatiladi. Tamaddi qilganlardan birortasi ham qishloq imomi Sultonmurod maxsum, aziz-avliyolar va ajdodlarining ruhlariga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilib, “Qishloq ahliga ahil-inoqlik, insofu diyonat, sihat-salomatlik, yurt tinchligi-yu toʻkinligini, bu yilgi dehqonchiligi-yu chorvasiga, jamiyki hosiliga qut-baraka” soʻramaguncha joyidan jilmaydi.

Bu odatdagi bir ehson oshi emas, balki azal-azaldan koʻklamni uygʻonish, olamning yangilanish va yasharish, tabiatning qayta tugʻilish chogʻi, hayotning yangi bir mavsumi boshlanish pallasi deb bilgan elning anʼanasi. Shuning uchun farzandtalab kishi ham, bemor ham, biror ezgu ishni boshlayotgan tadbirkoru ishbilarmon ham, zurriyotlarining iqbolidan umidvor ota ham bunday fursatni qoʻldan chiqarmay, el duosini olishga shoshiladi.

Qishloq oqsoqoli Mahmud aka tashabbusni boy bermasdan elni kengashga chaqiradi: “Ey ahli Izilloq, bugun bir necha masalani kengashib olishimiz zarur. Sizlarga, avvalo, qishloq faollari, imomi, maktab maʼmuriyati va fermerlarning aytar soʻzi, talab va istagi bor. Qishloqimizga ekinlarni sugʻorishga keladigan suv uch qishloqdan oʻtadi. Buni barchangiz bilasiz. Ammo shu ariqni qazish va tozalash ishlarida hamma barobar qatnashmadi. Oʻzini orqaga tortib turganlar, bir kun vaqt ajratmagan kishilar ham ertaga shu ariqdan suv ichadi. Bu uyat!”

– Hasharga chaqirdim, – deb gap boshlaydi Tursunpoʻlat polvon. – Oʻtgan yili togʻdan suv kelgani yoʻq, hasharda nima qilaman, deganlar ham oramizda bor. Shukrki, bu yil qish yaxshi keldi. Xudo xohlasa, suvimiz moʻl, ekinlarimiz serhosil boʻladi. Avvalo, niyatni yaxshi qilib, el yumushidan qochmay qatnashish kerak.

Oqoqol yana soʻz oladi:

– Quvondiq ukamiz oramizdan yosh ketdi. Oʻgʻli Yodgorbek hali maktabga chiqqani yoʻq. Uning oilasiga mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan yordam koʻrsatilayapti. Biz-chi? Biz nima yordam qila oldik? Yosh oʻsmir yigitlardan talabim – uning tomorqasini sugʻorishga!

– Toʻgʻri taʼkidladingiz, oqsoqol! Mana, Qulmirza ukamiz ham ikki yildirki, xorijda. Bolalari yosh. Kelin tomorqasiga poliz yetishtirolmay, oʻt ekib qoʻygan. Pomidor, bodringdan tortib sabzi, piyozni ham shaharliklarday bozordan sotib oladi. Negaki, shu ekinlarni tomorqasida eksa, moli yozning kunida och qoladi. Biz boʻlsak, Qulmirzaning ayoli, bolalari bir kunlik choʻponlik navbatini oʻtkaza olmasligi sabab, ularni navbatga qoʻshmaganmiz. Uning molini koʻplashib boqsak, roʻzgʻorining butligiga, dasturxonining toʻkisligiga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Toʻy qilsa, yaxshi kunlarni nishonlasa, shu elga beradi, – deb soʻziga yakun yasadi Hoshimxon.

– Yaxshi eslatdingiz, Hoshimxon. Shu toʻylarimiz toʻgʻrisida gapim bor edi, – deya davom etadi Sultonmurod maxsum. – Oʻtgan yili qishloqda bir-biridan chiroyli, tartibli toʻylar qatorida dabdababozlikka berilish holatlari, kimoʻzarga, men sendan kammi qabilida toʻy oʻtkazishlar, ichkilikni haddan ziyoda, hatto yoshlar oldiga ham qoʻyishlar boʻldi. Bu bilan oʻz farzandlarimizni, ortimizdan qoladiganlarimizni ichkilikka, uning ortida turgan ahloqsizlikka undamayapmiz, deb qani, kim ayta oladi? Bu yilgi toʻylarimizda bunday holatlarga aslo yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Bu, avvalo, toʻy oʻtkazadigan kishining foydasi. Undan soʻng shu elning.

– Odam salomatligiga tamaki va spirtli ichimliklarning salbiy taʼsir koʻrsatishi azaldan maʼlum. Yosh avlodni bu illatdan xoli qilish uchun sogʻlom turmush tarziga erishish lozim. Buning uchun maktab va kollej oʻquvchilarini darsdan boʻsh paytlarida sportning ommaviy turlariga jalb etsak, maʼqul boʻlardi, – dedi Kamoliddin muallim.

Shu tariqa bir necha maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha qishloqdoshlar kengashib olishdi. Bundan keyingi yilboshilarda fermer xoʻjaliklari rahbarlari qatorida, qishloq vrachlik punkti shifokori, tuman elektr taʼminoti boʻlimi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning vakillarini ham jalb etish, pirovardida el farovonligi, totuvligi, oilalar mustahkamligi, navqiron avlod vakillari orasida sogʻlom turmush tarzining qaror topishiga zamin yaratish borasida qishloq faollari, nuroniylar tomonidan qimmatli fikr-mulohazalar bildirildi, rejalar kengashib olindi.

Dono xalqimizning “Er yigitni el qoʻllaydi”, “Koʻpning duosi Xizrning nazaricha bor”, degan naqllari, balki shunday shukuhli kunlar sabab aytilgandir. Yakkabogʻ tumani “Yangi hayot” qishloq fuqarolar yigʻini tarkibida ahil-inoqlik bilan bir-biriga maslakdosh, hamfikr, suyanch va tayanch, qavmu qarindosh boʻlib kelayotgan Izilloq ahlining yilboshisiga havas qilgan Tolmas tegirmonchi lolazorliklarni yilboshi oʻtkazishga, oʻz eli bilan yil davomida qilinadigan ezgu amallar xususida kengashishga undadi.

 

Nurilla ChORI

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/duoga-ochilgan-qollar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x