Forsa

Umar SAYFIDDIN

 

Oʻrta dengizning qahramonliklar makoni boʻlmish soʻngsiz ufqlariga qaragan kichik tepalik moʻjazgina chamanzor edi. Ingichka uzun novdali bodom daraxtlarining olachalpoq soyasi sohilga engan soʻqmoqqa tushar, koʻklamning mayin shabadalaridan sarxush chagʻalaylar savdoyi chuqur-chuqurlari bilan samoda shovqin solardi. Bodomzorning yoni keng uzumzor edi. Oq toshlardan tiklangan qisqa devor ortidagi xaroba vodiyga tutashib ketgandi. Uzumzor oʻrtasidagi vayrona kulbaning eshiksiz ogʻzidan bir chol chiqib keldi. Uning soch-soqoli oppoq edi. Xuddi bukrisini toʻgʻrilamoqchidek kerishdi. Qoʻllari, oyoqlari qaltirardi. Osmon qadar boʻsh, osmon qadar sokin dengizga uzoq tikildi.

– Xayrlidir, inshaalloh, dedi oʻz-oʻziga.

Devor tagidagi toshlar uyumiga choʻkdi. Boshini qoʻllari orasiga oldi. Egnida yirtiq bir qop bor edi. Yalang oyoqlari tuproqdan qorilgandek, nimjon qoʻllari esa kir jez rangida edi. U yana boshini koʻtardi. Koʻk bilan dengiz tutashgan ufqqa tikildi, ammo koʻzga tashlanadigan hech nima yoʻq edi.

Bu chol har kecha tushida oʻzini qutqarish uchun yelkanli kemalarning kelayotganini koʻradigan bechora sobiq turk forsasi* edi. Asirga olinganidan beri qirq yil oʻtibdi. Malta qaroqchilari qoʻliga tushganida, oʻttiz yashar baquvvat, azamat, pahlavon qahramon edi. Yigirma yil ularning kemalarida eshkak eshdi. Yigirma yil ikki oyogʻidan ikki zanjir bilan rutubatli kema tubiga bogʻloqliq yashadi. Yigirma yilning yozlari, ayozlari, shamollari, dovullari, quyoshlari uning metindek vujudini bukolmadi. Zanjirlari zangladi, chiridi, uzildi. Yigirma yil ichida bir necha marta halqalari va mixlarini almashtirishdi. Ammo uning poʻlatdan ham mustahkam oyoqlariga hech nima kor qilmadi. U faqat tahorat ololmagani uchungina xafa boʻlardi. Quyosh chiqadigan tomondan oʻngroqqa burilar, koʻzlarini qiblaga qaratib, besh vaqt namozni sirli imo-ishora bilan ado qilar edi.

Ellikka kirganida, “Endi eshkakni yaxshi esholmaydi”, deb, qaroqchilar bir orolda uni sotib yubordi. Xoʻjayini bir dehqon edi. Oʻn yil qattiq non yeb, uning qoʻlida ishladi. Ollohga shukr qilardi. Chunki endi oyoqlari zanjirband emas, tahorat ola bilar, toʻgʻridan-toʻgʻri qiblaga roʻbaroʻ turib, esida qolgan oyatlari bilan namoz oʻqib, duo qila olardi. Butun oʻy-xayoli tugʻilgan yurtiga, Edremitga qaytish edi. Oʻttiz yil ichida bir lahza ham umidsizlikka tushmadi. “Oʻlganimdan soʻng tirilishimga qanchalik ishonsam, ellik yillik asirlikdan keyin ham Vatanga qaytishimga shunchalik ishonaman”, derdi. U eng dongdor, eng mashhur turk kemachilaridan edi. Yigirma yoshidayoq Jabal al-Tariq boʻgʻozidan oʻtgan, shimol shamoliga qarab haftalab, oylab qirgʻoq koʻrmay suzgan, duch kelgan egasiz orollardan soliqlar undirgan, katta-kichik dengiz flotlarini bir oʻzi yengil kemasida yenggandi. Oʻsha paytlar turk elida uning nomi tillarda doston edi. Hatto podshoh saroyga chaqirtirib, sarguzashtlarini maroq bilan tinglagandi. Chunki u Hizr alayhissalom kezgan diyorlarda sayr etgandi. Shunday dengizlarga borgan ediki, unda togʻlardan, orollardan katta muz parchalari suzib yurardi. U tomonlar umuman boshqa bir dunyo edi. Olti oy kunduz, olti oy kecha boʻlardi. Xotinini ham oʻsha – bir yili bir kecha-kunduzdan iborat sirli oʻlkadan topgan edi. Kemasi oltin, kumush, inju, olmos va asirlar bilan toʻlib, vatanga qaytar ekan, dengiz oʻrtasida uylangan, oʻgʻli Turqut Chanoqqalʼadan oʻtayotganda tugʻilgandi. U hozir qirq besh yoshga kirgan boʻlsa kerak. Tirikmikan-a? Qiyofasini ham unutib yuborgani, qordan ham oppoq ayoli sogʻ-salomatmikan? Qirq yilki, faqat poytaxtning, Istanbulning minoralari, ufqi xayolidan hech ketmaydi. “Bir kemam boʻlsa, koʻzimni shart yumardim-u, Kabatoshning oldiga langar tashlardim”, deya orzu qilardi… Oltmish yoshdan oʻtganidan keyin xoʻjayini uni goʻyoki ozod qildi. Bu ozod qilish emas, koʻchaga haydash, nochorlikka tashlash edi, aslida. Keksa tutqun shu qarovsiz uzumzordagi xaroba kulbani topdi. Ichiga kirib, joylashib oldi. Hech kim hech nima demadi. Ora-sira qishloqqa tushar, qariligiga achinib berilgan sadaqalarni yigʻib qaytardi. Oradan yana oʻn yil oʻtib ketdi. Endi juda holdan toygan, uzumzor egasi ham uni yoqtirmay qolgandi. Qayoqqayam borar edi?

Ammo endi avvalgi tushlarini yana koʻrayotgandi. Qirq yillik tush… Turklarning, turk kemalarining kelishi… Qoq suyak qoʻllari bilan koʻzlarini ishqadi. Dengiz koʻk bilan tutashgan ufqqa qaradi. Ha, albatta kelishadi, bu – aniq! U bunga shunchalar ishonardiki…

– Qirq yil koʻrilgan tush yolgʻon boʻlmaydi! – dedi oʻz-oʻziga. Kulba devorining tagiga choʻzildi. Sekin koʻzlarini yumdi. Koʻklam umid uchquni kabi atrofni nurga toʻldirardi. Chagʻalaylarning “Kelayaptilar, kelayaptilar, seni qutqarishga kelayaptilar” deganga oʻxshash shirin ovozlarini tinglay-tinglay uxlab qoldi. Devor toshlarining orasidan chiqqan kaltakesaklar uning ustida kezib yurar, dagʻal kiyimining ichiga oʻrmalar, qalin oppoq soqollari orasida oʻynardi. Keksa tutqun tushida ogʻir turk dengiz flotining bandargohga kirganini koʻrardi. Qasabaga boradigan yoʻlga bir necha boʻluk askar tushgan edi. Qizil bayroqni uzoqdan tanidi. Xanjar va qalqonlar quyosh nurida yaltirardi.

“Biznikilar! Biznikilar!” deya baqirib uygʻondi. Qaddini rostladi. Ustidagi kaltakesaklar tumtaraqay qochib ketdi. Bandargohga qaradi. Haqiqatan ham, qalʼaning qarshisida dengiz floti koʻrinardi. Kemalarning, yelkanlarning, eshkaklarning shakliga eʼtibor berdi. Rangi oqarib ketdi. Koʻzlarini kattaroq ochdi. Yuragi hapaqa boshladi. Qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. Qirgʻoqqa yaqinlashayotgan turk kemalari edi. Koʻzlariga ishonmadi.

“Ajabo, tushimmi, oʻngimmi?” – shubhaga tushib qoldi. Uygʻoqlikda ham tush koʻriladimi? Ishonch hosil qilish uchun qoʻlini tishladi. Yerdan oʻtkir tosh parchasini oldi. Peshonasiga urdi. Ha, ogʻriqni his qilayapti. Uygʻoq ekan, koʻrganlari ham tush emas. Hoynahoy, kemalar u uxlayotganda burun orqasidan chiqib kelgan boʻlsa kerak. Sevinib ketgani, shoshib qolgani bois, oyoqlaridan mador ketdi. Oʻtirib qoldi. Qirgʻoqqa chiqqan boʻluklar qizil bayroqlar koʻtargancha toʻgʻri qalʼaga qarab kelayotgandi. Qirq yillik kutishdan ortgan eng soʻnggi gʻayratini yigʻib olgʻa intildi. Birdan suyaklari qisirlab ketdi. Bodomlarning gulli soyalari tushib turgan yoʻldan ildamladi. Qirgʻoqqa qarab yugura ketdi. Askarlar oqsoqol cholning oʻzlari tomon chopib kelayotganini koʻrib:

– Toʻxta! – deya baqirdilar.

Qariya toʻxtamadi, u ham baqirdi:

– Men turkman, oʻgʻillarim, turkman!

–…

Askarlar uning yaqinroq kelishini kutdi. Chol turklarga yaqinlashayotib, birinchi uchraganini quchoqlab, oʻpa boshladi. Koʻzlaridan duvillab yosh oqardi. Uning ahvolini koʻrganlar ham mutaassir boʻldilar. Cholning hayajoni biroz bosilgach, soʻradilar:

– Qanchadan beri asirlikdasiz?

– Qirq yildan beri!

– Qayerliksiz?

– Edremitlik.

– Ismingiz nima?

– Qora Memish.

– Kapitanmidingiz?

– Ha…

Cholning atrofidagi askarlar orasida gʻala-gʻovur boshlandi. Bir hayqiriq yangradi: “Beyga xabar bering!” “Beyga xabar bering!” deya baqirishib qolishdi. Cholning qoʻltigʻiga kirdilar. Dengiz boʻyiga qushdek uchirib borishdi. Bir qayiqqa oʻtqazdilar. Keyin katta kemaga olib chiqishdi. Askarlar orasida uning qahramonlik sarguzashtlarini bilmagan, dovrugʻini eshitmagan kimsa yoʻq edi. Qariya kema sahnida biroz turib qoldi. Sevinganidan shoshib qolgan, oʻzini yoʻqotgan edi. Unga shalvor kiygizishdi. Yelkasiga zarbof toʻn tashladilar. Boshiga dastor kiygizdilar.

– Qani, beyning yoniga, – dedilar.

Uni bu yerga olib kelgan askarlar bilan birga ulkan kemaning quyrugʻiga qarab yurdi. Harbiy kiyimi ustidan temir, poʻlat zirh kiygan shopmoʻylov odamning qarshisida toʻxtadilar.

– Siz kapitan Qora Memishmisiz?

– Ha!

– Hizr alayhissalom kezgan joylarga borgan sizmisiz?

– Menman.

– Rost gapirayapsizmi?

– Nega yolgʻon gapirayin?

– Yeching oʻng yengingizni, koʻray.

Chol qoʻlini toʻnidan chiqardi. Yengini shimardi. Beyga uzatdi. Bilagida xoch shaklida chuqur chandiq bor edi. Bu chandiqni olti oy tun boʻladigan oroldan xotinini olib qochayotganida orttirgan edi. Bey cholning qoʻlini quchdi, oʻpa boshladi.

– Men sizning oʻgʻlingizman! – dedi.

– Turqutmisan?

– Ha!..

Keksa asir sevinchdan hushini yoʻqotdi. Oʻziga kelgach, oʻgʻli unga:

– Men jang qilish uchun qirgʻoqqa tushayapman. Siz kemada damingizni oling, – dedi.

Sobiq qahramon koʻnmadi:

– Yoʻq. Men ham sizlar bilan jangga kiraman.

– Keksayib qolgansiz, ota.

– Ammo hali ham yuragim baquvvat!

– Dam oling! Bizni kuzating!

– Qirq yilki urushni sogʻinganman…

Oʻgʻli otasining qoʻllaridan tutdi: “Vataningizni, yaqinlaringizni koʻrmasingizdan, sizni yana yoʻqotmaylik, ota”, deya yolvorib oʻpdi.

Chol boshini koʻtardi, qaddini rostladi: u yana yoshargandek edi. Bayroqqa ishora qilib dedi:

– Shahid boʻlsam, buni ustimga yopinglar! Qizil bayrogʻim hilpirab turgan joy ham vatanim emasmi?

 

1910

 

Turk tilidan Davronbek TOJIALIYEV tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/forsa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x