Asqar Qosimov 1946 yilda Toshkent shahrida tugʻildi. Hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olib, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida xizmat qildi. “Favvora” (1974), “Moviy osmon” (1977), “Zamin koʻrki” (1979), “Tolbargak” (1980), “Koʻnglim kabutari” (1982), “Sirlar” (1985) kabi sheʼriy toʻplamlari chop etildi. “Obida” (“Turdi Farogʻiy”), “Sirlar” nomli dramalari eʼlon qilindi. Tarjimon sifatida buyuk yunon dramaturglari Esxilning “Zanjirband Prometey” va Yevripidning “Medeya” tragediyalarini mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirib, alohida-alohida kitob holida nashr ettirdi.
Asqar Qosimov sheʼrlaridagi samimiyat, tabiiylik, soddalik, xalqona tiniq ohanglar sheʼriyat muxlislariga tezda manzur boʻldi. Xalq ohanglarida bitilgan “Yor-yor” sheʼriga kuy bastalanib, koʻpchilik sevib tinglaydigan qoʻshiqqa aylanib ketdi.
Asqar Qosimov ozod fikrlar shoiri edi. U yonib ijod qilgan paytlarda dilda borini bemalol soʻzlash, jamiyat hayotidagi haqiqiy ahvolni ochiq aytish mumkin emas edi. Buning uchun ham katta dadillik, ijodiy jasorat zarur edi. Asqar Qosimov ana shunday jasur shoirlar jumlasiga kiradi.
Asqar Qosimov 1985 yilda ayni ijodi gullab-yashnagan paytda hayotni erta tark etdi. Uning otashin ijodi muxlislari qalbida barhayot yashab kelmoqda.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/asqar-qosimov-1946-1985/