Hayotxon Ortiqboyeva 1946 yil 10 oktyabrda Sirdaryo viloyati, Guliston tumanining Yulduz qishlogʻida dehqon oilasida tugʻildi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi (1964–1969). Dastlab maktab oʻqituvchisi, bogʻcha mudirasi, keyinchalik “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga ishga oʻtib, boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari (1979–1989), “Guliston yangiliklari” ‒ “Gulistanskiye novosti” gazetalari bosh muharriri (1989–1990) vazifalarida ishladi.
1991 yildan Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisining mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (oʻrindoshlik asosida), 1998 yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimining rahbari sifatida faoliyat koʻrsatib keladi. 2002–2005 yillarda Sirdaryo viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining oʻrinbosari lavozimida ham xizmat qildi.
Hayotxon Ortiqboyeva 1989 yildan buyon Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati, 2004–2009 yillarda Oʻzbekiston respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Shoiraning “Feruza oqshomlar”, “Koʻklam ertaklari”, “Humolari qaytgan yurt”, “Ne baxt bu diydor”, “Oy qoʻngan ayvon” sheʼriy toʻplamlari chop etildi. Shuningdek, respublika va viloyat gazeta va jurnallarida muntazam ravishda sheʼrlari, hikoyalari, publitsistik maqolalari chop etib kelinadi.
Hayotxon Ortiqboyeva Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni (2004), “El-yurt hurmati” ordeni (2008) bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/hayotxon-ortiqboyeva-1946/