Anvar Obidjon (1947)

Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlogʻida tugʻildi. U sheʼr yozishni maktabda oʻqib yurganidayoq boshladi; dastlabki sheʼrlari “Gʻuncha” jurnalida eʼlon qilindi. Mehnat faoliyatini ham erta boshlab, yettinchi-sakkizinchi sinflarda oʻqib yurganida chekka mahallalar aholisiga tekin xizmat koʻrsatuvchi sayyor kinochiga shogird tushib, kasb oʻrgandi, paxta tayyorlash zavod-punktida traktorchilik qildi, konda burgʻulovchi boʻlib ishladi, Polosondagi kutubxonani boshqardi, Samarqand Moliya texnikumini tugalladi, 1966–1969 yillarda harbiy xizmatni oʻtadi…

Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida sirtdan taʼlim oldi (1974–1979).

Anvar Obidjon 1981 yili Toshkentga kelib, hozirgi “Yangi asr avlodi”, “Choʻlpon” nashriyotlarida, “Mushtum”, “Yosh kuch” jurnallarida, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritdi.

U bolalar uchun ham, kattalar uchun ham qator qissalar, sheʼrlar, dostonlar, hikoyalar, pyesalar yaratdi. Hozirga qadar “Ona Yer” (1974), “Bahromning hikoyalari” (1980), “Ey, yorugʻ dunyo…”, “Olovjon va uning doʻstlari” (1983), “Alamazon i yego pexota” (1984), “Bezgakshamol” (hajviy gʻazallar, 1985), “Ketmagil” (1985), “Masxaraboz bola” (1986), “Akang qaragʻay Gulmat”, “Juda qiziq voqea” (1987), “Dahshatli Meshpolvon” (1989), “Yerliklar” (1990), “Meshpolvonning janglari” (1994), “Bulbulning choʻpchaklari”, “Odobli boʻlish osonmi” (2001), “Tanlangan sheʼrlar”(2006), “Oʻq oʻtmas bolakay yoxud oltin yurak” (2011), “Ajinasi yoʻq jinkoʻchalar” (2015) kabi oʻttizdan ortiq kitoblari nashr etildi.

Anvar Obidjonning dramaturg sifatidagi faoliyati “Qoʻngʻiroqli yolgʻonchi” komediyasi (1983) Yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilganidan boshlandi. Shundan eʼtiboran ushbu teatrda hamda Fargʻona, Qarshi, Qoʻqon, Guliston teatrlarida uning “Pahlavonning oʻgʻirlanishi”, “Topsang – hay-hay” (“Qorinbotir”), “Samozvanets” (“Qoʻngʻiroqli yolgʻonchi”ning ruschasi), “Navroʻz va Boychechak”, “Alamazon” kabi pyesalari qoʻyildi. Oʻzbekfilm kinostudiyasida adib ssenariylari asosida “Tilsimoy ‒ gʻaroyib qizaloq”, “Dahshatli meshpolvon” komediyalari tasvirga olindi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 1997 yilda “Shuhrat” medali, 2011 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/anvar-obidjon-1947-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x