Otayor (1947–2001)

Otayor (Nahanov Otayor Ibrohimovich) 1947 yilning 19 yanvarida Samarqand viloyati, Narpay tumanidagi Oqtosh shahrida tugʻildi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1967–1972).

Mehnat faoliyatini “Toshkent oqshomi” gazetasida boshlab, keyinchalik “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bilan ishlash boʻlimida, ayni choqda folklor kengashi rais oʻrinbosari vazifasida xizmat qildi.

Otayorning “Ishqim bayoni” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1975 yilda chop etildi. Shundan soʻng shoirning “Lolarang ertak” (1978), “Oʻsha koʻzlar” (1984), “Oq fasl” (1989) kabi sheʼriy majmualari, “Doʻmbira” dostoni (1980), “Quyoshni koʻrgani keldim” (1991),”Dunyoga tengdosh xazina” (1994), “Odamlar uchun yashayman” (1979) kabi esse va ocherklar kitoblari nashr etildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi folklor kengashi rais oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritarkan, Oʻzbekistonning barcha viloyatlarini kezib chiqdi. Islom shoir, Bola baxshi, Yodgor baxshi, Umarqul Poʻlkan, Chori baxshi Xoʻjamberdi oʻgʻli va Qodir baxshi Rahim oʻgʻli toʻgʻrisida tadqiqot maqolalar yozdi. Uning saʼy-harakatlari natijasida “Islom shoir zamondoshlari xotirasida” nomli toʻplam dunyoga keldi.

U tarjimon sifatida karelo-fin xalqlari eposi boʻlmish “Kalevala”ning bolalarga muvofiqlashtirilgan nasriy variantini, eston mumtoz adabiyoti namunasi boʻlmish A. Tammsaarening “Doʻzaxdan chiqqan shayton” romanini, shuningdek, ayrim rus hamda turkiyzabon adiblar hikoyalarini ona tilimizga oʻgirdi. Ayni choqda badiiy tarjimaning nazariy jihatlariga bagʻishlangan ilmiy maqolalar yozib, “Tarjima sanʼati” toʻplamida chop ettirdi.

Otayor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1993) unvoni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/otayor-1947-2001/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x