Ikki afsona

Gazetachining ishi bir tomondan uloqchi otga, ikkinchi tomondan omoch tortadigan otga oʻxshaydi. Uloqchi otdek manzilga yuguradi-yu, yer haydaydigan otdek har kuni omoch tortadi…

Navbatchi edim. Xonada yolgʻiz ishlab oʻtirsam, farrosh kampir Vera xola kirdi.

 – Shu stol siznikimi? – dedi negadir qovogʻini solib.

 – Shu.

 – Chekasizmi?

 – Chekaman.

 – Nega kulni polga tashlaysiz? Kuldoningiz boʻlmasa, ayting, uydan obkeb beray!

Mulzam boʻldim. Yoʻq, yoʻlakning devorida “Farrosh mehnatini hurmat qiling” degan yozuv ilib qoʻyilgani uchungina emas. Gap shundaki, farroshning ishi qanaqa boʻlishini yaxshi bilaman, oʻzimning boshimdan oʻtgan.

Oyim farrosh edi. Shundoq hovlimizning yonida pioner lageri boʻlardi. Oyim kun chiqmasdan turib yoʻlkalarni supurardi. Biz aka-ukalar suv sepamiz. Aslida suv sepish unchalik qiyin emas. Yoʻlka chetidagi ariqchaga tushib olasizu alyumin togʻoracha bilan sepib tashlayverasiz. Keyin oyim bandiga uzun tayoq bogʻlangan burgan supurgi bilan supurib ketaveradi. Ertalab suv muzdek boʻlgani uchun oyogʻingiz sovqotib “kesilib” ketadi. Ammo gap bunda ham emas. Hammasidan yomoni – tong otmasdan turish. Oʻzi yarim kechagacha “koʻcha sanqib” rosa holdan toyamiz. Endi shirin uxlab yotganda oyim sekin turtadi:

 – Boʻla qol, oʻgʻlim, hali-zamon kun yoyilib ketadi.

Oʻzing tengi bolalar lager palatkalarida maza qilib uxlab yotganida sen suv sepib yoʻlka supurishing… Nima desam ekan… Sal alam qiladi kishiga. Shundanmi, vaqti-vaqti bilan “shaytonlik” qilaman. Goh boshim ogʻrib qoladi, goh oyogʻim… Oyim negadir koʻproq meni avaylaydi. Oʻrnimga oʻzim bilan bir koʻrpada tepishib yotadigan Abduvohid degan oʻrtogʻimmi, akammi turib ketadi. Baʼzan dadamning jahli chiqadi. “Nima, buningni boshida shoxi bormi, ishlasin-da”, deydi…

Katta akam institutga kirganida beshinchimi-oltinchimi sinfda oʻqir edim. Akam student boʻlganidan keyin oyimning kasbi unga yoqmay qoldi. Oxiri ochigʻini aytdi:

 – Oyi, qoʻying endi shu ishingizni…

Oyim oʻyga toldi.

 – Nima, or qilyapsanmi? – dedi bir muddat xomush oʻtirgach. – Men oʻgʻirlik qilayotganim yoʻq-ku, bolam. Mehnatning aybi bormi?

Dadamdan ham, akalarimdan ham sado chiqmadi.

Nimagaligini bilmaymanu, oʻsha kuni negadir qaytadan goʻdak bolaga aylanib qolgandek boʻldim. Kichkintoylik paytimda onam bir yoniga ukamning beshigini qoʻyib, bir yonida meni olib yotardi.

Qish kechalari sandalga tiqilib yotarkanman, yalinaman:

 – Oyi, choʻpchak aytib bering.

 – Uxla, bolam, charchaganman.

 – Ayta qoli-i-ing.

 – Xoʻp, koʻzingni yumib yotgin-da, eshit… Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim-qadim zamonda…

Gap qayoqqa qarab ketayotganini darrov bilaman.

 – Yana obkashmi?

 – Yoʻq, oftob…

 – Uniyam aytgansiz-ku

 – Boshqasini bilmayman-da…

 – Mayli, ayta qoling.

 – Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda oftob boʻlgan ekan.

 – Shu oʻzimizning oftobmi?

 – Ha, oʻzimizning oftob. Shunday qilib, oftob bor ekan. Lekin yer yuziga sira chiqqisi kelmas ekan. Har kuni ertalab Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida iflos narsalar koʻp, hech koʻrgim kelmaydi der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, yer yuzini iflos narsalardan tozalaydigan odamlar bor, der ekan. Shuning uchun kim yer yuzini tozalasa, oʻsha eng yaxshi odam boʻlarkan.

 – Siz yaxshisiz-a? Doim koʻchalarni suparasiz-ku.

 – Quloq sol, oʻgʻlim… Oftob har kuni yana Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida yomon odamlar bor. Ularniyam koʻrgim kelmaydi, der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, qancha koʻp nur sochsang, yer yuzida yomon odamlar shuncha kamayadi, der ekan.

 – Oyi, akam yomon-a?

 – Nega, jinnivoy?

 – Hali yasagan qorbobomni tepib buzib tashladi-ku!

 – Yoʻq, akang yaxshi… Yomonlar boshqacha boʻladi.

 – Qanaqa boʻladi?

 – Katta boʻlganingda tushunasan. Boʻldi, endi uxla.

Yettinchi lampaning piligi pasaytirib qoʻyilgan, uy ichini tanchadan chiqqan koʻmir hidi, lampamoy isi tutgan… Nimqorongʻi. Hech ham uyqum kelmaydi.

 – Oyi,. obkashniyam ayting.

 – Boʻldi, uxla…

 – Ayta qo-li-i-ing.

 – Mayli, eshit. Bir bor ekan, bir yoʻq ekan. Qadim zamonda bir yigit boʻlgan ekan. Oʻzi yaxshi yigit ekan-u, bir kuni onasini xafa qilib qoʻyibdi.

 – Nima qipti?

 – Ishqilib, xafa qilib qoʻyibdi-da. Ertalab koʻchaga chiqsa, qoʻshni kampir ikki bukilib obkashda suv olib ketayotganmish.

Yigit yugurib borib kampirning qoʻlidan obkashni olmoqchi boʻlibdi. Kampir boʻlsa, rahmat oʻrniga yigitning yelkasiga obkash bilan rosa uribdi.

 – Ogʻribdimi?

Oyim jim qoladi.

 – Nima ogʻriydi? – deydi anchadan keyin.

 – Oʻsha yigitning yelkasi-da.

 – Ogʻribdi. – Oyim kuladi. Keyin xoʻrsinadi. – “Sen, – debdi kampir yigitga, – birovning koʻnglini ovlashdan oldin oʻz onangning koʻnglini ogʻritmaslikni oʻrgan”.

 – Oʻsha bola keyin onasini xafa qilmabdimi?

 – Yoʻq, hecham xafa qilmabdi. – Oyim uzoq jimib qoladi, keyin sekin davom etadi. – Koʻrdingmi, odam eng avvalo oʻzining yaqinlarini yaxshi koʻrishi kerak. Dunyoda yaxshi odamlar koʻp. Judayam koʻp. Ammo sen adangni, opangni, akalaringni yaxshi koʻrmasang…

 – Sizniyam, – deyman uning gapini boʻlib.

 – Meniyam… – deydi onam kulib. – Meniyam yaxshi koʻrmasang, dunyoda hech kimni yaxshi koʻrolmaydigan boʻlib qolasan.

 – Uyimizniyam, – deyman mahmadonalik qilib.

Oyimni jahli chiqmaydi.

 – Uyimizniyam, – deydi maʼqullab. – Oʻz uyimizni yaxshi koʻrmasang, yuz qavatli uylarniyam yaxshi koʻrolmaysan.

 – Endi chakka oʻtmaydimi, oyi?

 – Tomdanmi? Adang tuzatib tushdilar-ku. Endi oʻtmaydi.

Sukunat choʻkadi. Xayol suraman. Yuz qavatli uy qanaqa boʻlishini oʻylaymanu sira koʻz oʻngimga keltirolmayman.

 – Oyi, – deyman sekin. – Toshkentda yuz qavatli uy bormi?

 – Yoʻq.

 – Toshkent katta shaharmi?

 – Juda katta shahar.

 – Undan kattasi yoʻqmi?

 – Boʻlsa bordir. Sen oʻsha shaharlarni yaxshi koʻrish uchun Toshkentni yaxshi koʻrishing kerak. Toshkentni yaxshi koʻrish uchun oʻzimizning Doʻmbrobodni yaxshi koʻrgin, xoʻpmi?

 – Xoʻp. Nega?

 – Katta boʻlganingda tushunasan. – Oyim peshonamni silaydi. Negadir xoʻrsinadi.

Butunlay uyqum oʻchib ketadi.

 – Oyi, – deyman yana. – Daryo kattami, dengizmi?

 – Dengiz.

 – Daryo-chi?

 – Uyam katta.

 – Oʻzimizning Qonqusdan ham kattami?

 – Katta.

 – Xoʻja aytadiki, Chirchiqda daryo bormish…

Oyim kuladi.

 – Endi uxla, bolam.

Uyqu qayoqda? Nuqul daryolarni oʻylayman.

 – Yozda-chi, – deyman esimga tushib. – Vali Qonqusda oqib ketay degan. Akam olib chiqqan!

 – Bari bir, – deydi oyim oʻychan ohangda. – Qonqusniyam yaxshi koʻrgin.

 – Nega?

 – Nega deganda, Qonqus oʻzimizning anhor. Undan oʻzimiz suv ichamiz.

 – Oʻshanaqa qilsam, boshqa daryolarniyam yaxshi koʻrib qolaman-a?

Oyim tagʻin kuladi.

 – Albatta.

 – Kuchugimniyam yaxshi koʻray-a?

 – Yaxshi koʻrgin, oʻgʻlim.

 – Oyi, Adham jinni-a?

 – Nega?

 – Kecha-chi, mushukni muz bilan urdi. Mushuk choʻloq boʻlib qoldi.

 – Jonivorlarga ozor berib boʻlmaydi, bolam. Boʻldi, endi uxlaymiz.

 – Xoʻp… Katta boʻlsam, ka-a-atta shaharlarga boramanmi?

 – Borasan, oʻgʻlim, borasan. – Oyim sekin-sekin mudrab ketadi.

Nimqorongʻi shiftga tikilib yotgancha xayol suraman. Goh katta shaharlarga borib qolaman, goh daryolarda suzaman. Beshik gʻichirlaydi. Ukam yigʻlay boshlaydi. Oyim darrov uygʻonadi. Beshikni ohista tebratib, alla aytadi. Oyim ukamga alla aytadi-yu, ohangiga men uxlab qolaman…

Haqiqat havoga oʻxshaydi. Nafas olib turasizu oʻzini koʻrmaysiz. Oʻylab qarasam, oyim goʻdakligimda qayta-qayta aytib bergan mana shu ikki afsona hayotdek oddiy, hayotdek chuqur haqiqat ekan.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

https://saviya.uz/ijod/nasr/ikki-afsona/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x