Inson: mashaqqat, matonat, muvaffaqiyat

Agar insoniyat tarixiga nazar tashlasak, uning hech bir davri silliq kechmaganiga amin boʻlamiz. Shu oʻrinda hayotni “tanaffussiz dars” deb atash mumkin. Chunki har qadamda muammo va tashvishlar bisyor. Ehtimol, hayot doim qiyinchilik va zahmatlardan iborat boʻlgani uchun ham insoniyat shu bugungi taraqqiyot darajasiga yetib kelgandir.

Ruhiyatshunoslarning taʼkidlashicha, inson qiyinchiliklarga duch kelib, ularni yengib oʻtish jarayonida ruhan yuksaladi. Xalq tili bilan aytganda, pishadi, chiniqadi, toblanadi.

Bu holatni nabotot olamida ham kuzatish mumkin.

Bir tanishim “Yoʻlsoz” tashkilotida koʻp yillardan beri muhandis boʻlib ishlaydi. Uni oʻtgap yili ayni yoz chillasida “Jizzax – Gʻallaorol” yoʻnalishidagi katta yoʻl boʻyida uchratib qoldim. Hol-ahvol soʻrashgach, asfaltning qoq oʻrtasidan yorib chiqib, har tomonga quloch yoza boshlagan ajriqqa ishora qilib dedi:

– Qarang, boshqa joy qurib qolganda, kelib-kelib shu yerdan chiqadi-ya. Mana shu arzimagan ajriqning dastidan har gal rahbarlardan dashnom eshitaman. Yoʻqsa, yaqinginada, undan avval ham yoʻlni yarim metr kavlab, shu oʻsimlikni olib tashlagan, ustidan qaynoq asfalt yotqizib yuborgan edik. Mana, oʻzingiz koʻrib turibsiz, yana eski ahvol. Bu asfalt tugul, toshni ham yorib chiqaveradi.

– Endi nima qilmoqchi boʻlayapsiz? – deb soʻradim.

– Nima qilardik, ajriqning tomiri qayerga boshlasa, oʻsha yergacha qaziymiz. Butunlay quritishning birgina yoʻli shu, – dedi tanishim oʻsimlikka qoʻlini bigiz qilib.

Muhandis bilan xayrlasharkanman, tabiatning bunday aql bovar qilmas ishlaridan hayratim ortdi. Ehtimol, bunda ham bir sir-sinoat yashirindir. Balki, mittigina oʻsimlikning yashash uchun jon-jahdi bilan intilishi ojiz, irodasi boʻsh baʼzi kimsalarga ibrat tariqasida koʻrsatilayotgandir. Tagʻin kim bilsin.

Masalaning qiziq tomoni shundaki, yaqinda oʻsha yoʻldan oʻtishimga toʻgʻri kelib qoldi. Atayin mashinadan tushib qaradim. Ne koʻz bilan koʻrayki, muhandis kovlab, ustini asfaltlab tashlagan joyning yon-atrofidan yana ajriqlar yam-yashil boʻlib boʻy koʻrsatib turardi. Tavba, dedim oʻzimga oʻzim. Koʻz oldimda terga botib, choʻkir bilan ajriq ildizini kovlayotgan ishchilar namoyon boʻlib, muhandisga qoʻngʻiroq qilmoqchi boʻldim-u, negadir kulgim qistadi…

Bu voqea bejiz bayon etilmadi. Oʻsimlikdan farqli oʻlaroq, ona tabiatning gultoji sanalmish Insonga hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtish uchun aql-idrok, iroda va boshqa xususiyatlar berilgan.

 

Inson xarakterining oʻzagi

 

Zamonaviy ilmiy qarashlarda iroda insonning faoliyat jarayonida yuzaga keladigan ichki va tashqi toʻsiqlarni, qiyinchiliklarni koʻra olish va ularni yengish uchun oʻz harakatlarini ongli ravishda boshqarish sifatida talqin etiladi. Iroda boʻlmaganda edi inson yo boshlagan har qanday ishini oxiriga yetkaza olmagan boʻlardi yoki umuman, hech qanday ishni boshlamagan boʻlardi.

Iroda tufayli inson eng qiyin ishlarni ham uddalay oladi, iroda kuchi yordamida eng baland choʻqqilarni ham, eng chuqur botiqlarni ham zabt etaveradi.

Shu oʻrinda ingliz yozuvchisi Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” romani eslashimiz joiz. Bu asarni deyarli barchamiz oʻqiganmiz, hech boʻlmasa, ikki koʻrinishdagi kinotalqinini necha bor tomosha qilgansiz. Robinzon Kruzo esa 28 yil orolda yashab insoniy xislatlarini yoʻqotmaydi. Bu romanning asosiy qismi yolgʻiz insonning kimsasiz orolda yovuz tabiat kuchlari bilan yuzma-yuz olushuviga bagʻishlangan. Bu kurashda qahramon gʻalaba qozonadi, yovvoyi orolni inson yashaydigan ajoyib makonga aylantiradi. U ogʻir sharoitda faqat oʻz kuchi, aql-irodasiga ishonib ish koʻradi. Asarda Robinzon bajarayotgan mehnat jarayonining batafsil hikoya qilinishi kitobxonlarda alohida havas oʻygʻotadi. Qahramon oʻquvchi koʻz oʻngida goh toshyoʻnar, goh dehqon, goh duradgor, goh kemasoz, goh yer haydovchi, goh ovchi sifatida gavdalanadi. Robinzon bu xildagi ishlarni bajarar ekan, juda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Ammo irodasi kuchli boʻlgan Robinzon oʻz maqsadiga erishish uchun har qanday qiyinchiliklarni yengadi.

 

Buyuklarni buyuk qilgan kuch

 

Bilasizmi, olamga mashhur D. Mendeleev oʻz davrida universitetga kirish uchun kimiyo fanidan imtihondan oʻtolmagan. K. Liney esa etikdoʻzlikdan boshqasiga yaramaydi, deya inkor qilingan edi. A. Eynshteyi oʻn besh yoshida qobiliyatsizga chiqarilib, gimnaziyadan haydalgan. B. Paskal uch yoshida, R. Dekard bir yoshida hayotning achchiq zarbalariga duch kelgan ekan. Ch. Chaplinni ota-onasi besh yoshida yetimlar uyiga tashlab ketishgan. Xoʻsh, bu insonlar buyuklik darajasiga qanday qilib va nimaning evaziga erishdi? Iroda kuchi va yana bir bor iroda kuchi hisobiga desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

I. Nyuton bir kuni shunday degan ekan: “Oxirgi paytlari juda dangasa boʻlib ketayapman-da, kecha, shu desangiz, kechqurun soat oʻn birda uyquga yotib, ertalab sakkiz deganda oʻrnimdan turibman”. Bu gaplarni buyuk olim 85 yoshida, vafotidan bir necha hafta avval aytgan edi.

Astronomlar Iohan Keplerning nomini chuqur hurmat bilan tilga oladilar. Bu insonning hayot yoʻli har birimiz uchun ibrat maktabidir. I. Kepler qiyin hayotni boshdan kechirdi. 4 yoshida chechak bilan kasallanib, moʻjiza tufayligina tirik qoladi. 13 yonida yana bir bor oʻlim yoqasidan qaytadi. Otasi mayxona sohibi boʻlib, uni oʻsha yerda majburan ishlatardi. Bunday otadan qanday tarbiya olish mumkin?!

Kepler 26 yoshga kirganida uylanadi, biroq tez orada xotinining tutqanoq kasali borligi maʼlum boʻladi. Yanada achinarlisi, u ota sifatida oʻz farzandini qabrga qoʻyishdek ogʻir musibatni boshdan kechiradi. Ana shunday sinovlar Kepler peshonasiga bitilgan ekan-da. Biroq bu koʻrgiliklarga qaramay, u oʻz maqsadi sari oldinga intildi. Sayyoralarning harakatlanish qonunlarini kashf etgan buyuk olim boʻlib yetishdi. Uning nomi abadulabad tarix zarvaraqlariga bitildi.

Bundan shuni anglash mumkinki, biz hurmat qiladigan ana shunday buyuklarning hayoti ham silliqqina kechmagan. Ular qiyinchiliklarni yengish uchun oʻzlarida kuch topa olishgan, ruhan juda kuchli boʻlishgan. Xoʻsh, biz-chi? Arzimagan qiyinchiliklar oldida qachongacha dovdirab qolamiz? Har qanday vaziyatda oʻzimizda kuch, iroda topa bilish va olgʻa intilib yashash zarurligini qachon anglab yetamiz!

 

Mehriniso RASULOVA

 

“Ijod olami”, 2017–3

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/inson-mashaqqat-matonat-muvaffaqiyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x