Jahon xalqlari oʻrtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab keng miqyosda rivojlana boshlagan. Bu jarayon bir-biridan uzoq boʻlgan mintaqalardagi adabiyotlarning oʻzaro aloqalari, badiiy jihatdan bir-biriga taʼsirining kuchayishiga sabab boʻldi hamda jahon madaniyatining sifat va mazmun sirasida yangi bosqichga koʻtarilishini taʼminladi, qaysidir bir maʼnoda yangi shakllarning paydo boʻlishiga olib keldi. Ushbu yangilanish, zamonga qarab oʻzgarish adabiy jarayonda toʻliq anglab olindi va bu borada mashhur nemis shoiri Gyote oʻz ijobiy fikrini bildirib, ilk dafʼa “jahon adabiyoti” atamasini isteʼmolga kiritdi.
XIX asrda shakllangan “jahon adabiyoti” tushunchasi, uni anglash tamoyili keyinchalik barcha milliy va mintaqaviy adabiyotlarni bir-biriga yaqinlashtirdi. XX asr soʻnggida ushbu yaqinlik yangi xususiyat kasb etib, “jahon adabiyoti” tushunchasidan “umuminsoniy adabiyot” tushunchasi sari oʻzgara bordi. Toʻgʻrisi, ushbu yangi jarayonning yuzaga kelayotganligi nazariy jihatdan oʻz vaqtida ilgʻab olinmadi. Bir-biridan uzoq, turli mintaqalarda joylashgan mamlakat va xalqlarning oʻzaro iqtisodiy va madaniy aloqalari faollashuvi va jadal suratda taraqqiy etishi jahon adabiyotidan umuminsoniy adabiyotga oʻtishning ragʻbatlantiruvchi omili sifatida xizmat qildi hamda mantiqiy ravishda har xil milliy adabiyotlarning bir-birini boyitishi, bir-biriga singib ketishi, oʻzaro taʼsir etish jarayonlarida aks etmasdan qolmadi. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab sifatli tarjimalarning ortib borishi, xorijiy tillarni keng koʻlamda oʻrganish, yangi metodologiyalarga boy adabiyotshunoslik ilmining yuzaga kelishi umuminsoniy adabiyotning shakllanishida ragʻbatlantiruvchi omilga aylandi. Darhaqiqat, oʻtgan asrning 60-70 yillarida Gʻarb mamlakatlarida vujudga kelgan “yangi adabiyotshunoslik” (R. Bart, S. Todorov, Yu. Kristeva va boshqalar) tillarni badiiy matn tahlili va talqini orqali chuqurroq tushunish hamda oʻzlashtirishda asosiy tamoyil sifatida qabul qildi. Ushbu jarayonda Sharq va Gʻarb, Osiyo va Yevropa, Lotin Amerikasi va Yevropa kabi jugʻrofiy va tarixiy jihatdan bir-biridan yiroq boʻlgan mintaqalardagi adabiyotlarning oʻzaro taʼsiri, shuningdek, zamonaviy adabiyotning qadim adabiyot bilan uzviy bogʻliqligi muhim ahamiyat kasb etdi. Madaniyatlarning bir-biriga oʻzaro taʼsiri, hamkorlik aloqalari, televideniye va internet tarmogʻi kabi yangi kommunikatsiya vositalarining paydo boʻlishiga sabab boʻldi.
Xullas, XX asrning soʻnggi choragida adabiyotlarning sifat va mazmun jihatdan boyib borishi, oʻzaro aloqalar va taʼsirning yuksalganligi umuminsoniy adabiyotning vujudga kelish jarayoniga asosiy turtki boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Taʼkidlash kerakki, mazkur jarayon XX asr bilan tarixda qolib ketmadi, balki XXI asr boʻsagʻasida boshlangan “adabiy globallashuv”ga ham keng yoʻl ochib berdi. Yangi yigirma birinchi yuz yillik oʻzining ilk qadamini elektron aloqa vositalari bilan qurollangan, istalgan tilda yozilgan matn bilan tanishishga imkon beruvchi dasturlarga ega internet vositasi yordamida tashladi. Endilikda, bu jarayon estetik integratsiyalashuv va adabiy globallashuv jarayonlarini jadallashtirmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, tubdan yangi – umuminsoniylik va globallashuv jarayoniga ega boʻlish, uni amalga oshirish va nihoyasiga yetkazishga imkon yaratayapti. “Madaniyatda, xuddi iqtisodda boʻlgani kabi, globallashuvning ikki, bir-biridan tubdan farq qiluvchi shakli kuzatilmoqda”, deb yozadi taniqli rus adabiyotshunosi Yu. Borev. Birinchi shakli – bu amerikacha globallashuv. Barqaror moliyaviy-iqtisodiy qudratiga tayangan AQSH oʻzining “ommaviy madaniyat”ini jahon madaniy makoniga singdirishga harakat qilayapti. Bu hol amerika adabiyotining durdona asarlari (U. Folkner, E. Xeminguey, J. Steynbek va boshqalar), yoki filmlari (masalan, “Vestsayd tarixi”, “Titanik” kabi) bilan jahonni tanitsa, ayni paytda, zoʻravonlik sahnalari bilan kitobxon va tomoshabin qalbini ogʻrituvchi, ular dunyoqarashini zaharlovchi, didlarini zaiflashtiruvchi yuzlab betayin asarlarni ham targʻib etmoqda. Ikkinchi shakli – bu umumbashariy, yakdil, turli xalqlarning maʼnaviy va maʼrifiy qiyofalarini birlashtiruvchi, milliy madaniyatlar va qadriyatlar bilan jahon adabiyotini boyitishda namoyon boʻlgʻuvchi globallashuvdir. Bu shakldagi adabiyot milliy madaniyatlar mustaqilligini, oʻziga xosligini va betakrorligini saqlagan holda, oʻz tarkibiga boshqa millat va xalqlar adabiyoti yutuqlarini singdirib olganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotshunoslar taʼrificha, umuminsoniy adabiyotning oʻziga xos xususiyatlari asosan quyidagi paradigma[1]lar zamirida yoritiladi:
– milliy oʻziga xoslikni saqlagan holda barqaror umumiy xususiyatlarga ega boʻlish;
– oʻz milliy anʼanalariga, shuningdek, oʻzga makon va zamon munosabatlarida bir-biriga bogʻlanmagan adabiyotlarga tayanish;
– jamiyat ongida hamda badiiy anʼanalar zamirida umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish;
– adabiyotni milliy ruh negizida tushuniladigan umuminsoniy qadriyatlarga qaratish va yoʻnaltirish. Bu yerda umuminsoniy qadriyatlarni milliy oʻziga xoslik zamirida tushunish, ayni paytda, umumiy sifat va xususiyatlarga ega boʻlish asosiy mezon hisoblanadi;
– kitobxonda turmush tarzi, urf-odatlari, anʼanalari, madaniyati jihatidan bir-biridan farq qiluvchi xalqlar adabiyoti bilan tanishish va tushunish imkoni shakllanadi;
– muayyan milliy adabiyotga oʻzga adabiyotlarning badiiy mahorat va uslubiy qirralari integratsiyallasha boradi;
– Sharqiy-Gʻarbiy (Osiyo-Yevropa), Shimoliy-Janubiy (Afrika-Yevropa) va Atlantikaaro (Yevropa-Amerika) adabiyotlarida badiiy sintez shakllanadi.
Darhaqiqat, globallashuv asrining eng xarakterli jihati – bu XXI asr “madaniyatshunoslik xarita”sining tuzilishidir, u bir badiiy yaxlitlikda “umuminsoniy adabiyot” tushunchasidagi zamonaviy tasavvurning tub mohiyatini aks ettirish xususiyatiga ega boʻladi.
Masalan, asli kelib chiqishi livanlik boʻlgan fransuz yozuvchisi Amin Maaluf (Amin Maalouf, 1949) qalamiga mansub “Levant darvozasi” romanida “madaniyatshunoslik romani”ning yoki aniqroq qilib aytganda, “umuminsoniy adabiyot”ning bir koʻrinishi mujassamlashganini kuzatamiz. Bayrutga yaqin togʻ yonbagʻridagi qishloqda tugʻilib ulgʻayish, “Kun” nomli gazetadagi faoliyat, oltmishga yaqin davlatlarga qilingan ziyorat, Livanda roʻy bergan xunrezlik urushi, Fransiyaga noiloj emigratsiya qilinish va, nihoyat, 1993 yilda nufuzli Gonkur mukofotiga sazovor boʻlish, umuminsoniy qadriyatlar bilan “birlashish”, ularga “qoʻshilish” bilan bogʻliq bir qator romanlarni yaratish, “bevatanlik” degan yagona tushunchada birlashib ketgan Sharq va Gʻarb mavzusi – bularning hammasi Amin Maaluf tarjimai holining asosiy mazmunini tashkil etadi. Muallif shaxsiy hayotining realligi, zamonasidagi ijtimoiy hayotning realligi va romanga doir tasavvuri Amin Maaluf asarlarida goho badiiy, goho fojiali konteksda harakatlanadi.
Asli Falastinda tugʻilib oʻsgan amerikalik munaqqid Edvard Vadi Said (Edward Wadie Said, 1935–2003) taʼrificha, Amin Maaluf asarlarida “olamshumullik” tamoyili, yaʼni, reallik va matnning bir-biriga oʻzaro taʼsiri, oʻzaro harakati va oʻzaro almashinuvining oʻziga xos jihati yaqqol namoyon boʻlgan. Ularda matnlar (shu jumladan olam ham) “chatishtirilish”i natijasida yagona matn hosil boʻladi, yaʼni, maftunkor va afsonaviy “sharqiy bozor” (“bazarre orientale”) ga, umummadaniy yaxlitlikni hosil qiluvchi mozaikaga, oʻziga xos “jahon miqyosidagi umumiylik”ka aylanib boradi.
Romanning markazga intiluvchan tendensiyasi uning qurilmasida, hikoya qilish uslubida, qolaversa, qahramon refleksiyasida ham namoyon boʻladi. Bu fikr asossiz boʻlmasligi uchun romandan bir parchani tarjimada keltiramiz: “Ha, aynan shunday, u bir muslima va yahudiy ayol! <…> Ha, bir vaqtning oʻzida u yana koʻp boshqa xislatlarga ham ega. U oʻzining oʻtmishda Markaziy Osiyo, Turk Anatoliysi, Arabiston, Ukraina, Bessarabiya, Armaniston, Bavariyada yashagan zabtkor va qochqin ajdodlari bilan faxrlanardi. <…> Unda hech vaqt oʻz qonidagi irqiy zarrachalar, qalbining parchalari oʻrtasida tanlov oʻtkazish ishtiyoqi boʻlmagan”.
Amin Maaluf qahramoni – haqiqiy “umumbashar odami”, globallashuv davridagi madaniyatlar sargardoni hisoblanadi. U usmonli turk sulolasidan boʻlgan zoti ulugʻ oilada tugʻilgan, otasi turk, onasi armani ayoli. U haqda quyidagi taʼrif keltiriladi: “Oʻsha mashʼum va manhus yilda (1915) armani ayolga oʻz qornida usmoniy turkdan boʻlgan bolani koʻtarib yurish nimalarni anglatganini kim bugungi kunda tushunishga qodir, bilmayman…”, “… u yahudiy ayolga uylangan, fransuz qarshilik koʻrsatish harakati qatnashchisi, armanilar zich yashaydigan dahalarni koʻchirish dasturlarini ishlab chiqishda qatnashgan, urush, ochlik, ommaviy qirgʻin, epidemiya va emigratsiyani, ota-onasining vafotini, arab-isroil urushini, aqli zaiflar uchun klinikada yigirma yil mobaynida miyani aynituvchi davolash muolijalarini boshidan kechirgan, navbatdagi urush paytida klinika neytral hududda qolib ketganda, qahramon otasi unga Ossian ismini qoʻygani bejiz emas. “Isyon!” – qamoqdan qochib ketadi. U oʻzining jussasi kichkina boʻlib qolgan, sochlari oqarib ketgan ayolini, oʻz xotinini, oʻz Klarasini axtarib topadi…”
Roman xotimasi reallik va matn oʻrtasidagi oʻziga xos oʻzaro aloqadorlikni, oʻzaro harakatni yana bir karra taʼkidlaydi. Butun boshli asarda koʻp qiyofali va nimaga qodirligini oldindan payqab boʻlmaydigan reallik qatʼiy qoidalardan xoli, ochiqdan-ochiq romaniy shaklda gavdalanadi, bu shakl bir taxlitda, bir maʼnoli tushunishni istisno qiladi, talqinlarning koʻpligini taqozo etadi. Jumladan, dunyo miqyosidagi oʻzgarishlar, dunyoni larzaga keltiruvchi kulfat, halokat va fojialarni boshdan kechirayotgan davrda butun borliq, real voqelik, qolaversa, inson hayotining dudmalligi va maʼnosizligini oʻzida mujassam etadi.
Birdamlik va olamshumullik gʻoyasi, oʻziga xos yangi universal gʻoya boʻlib, bu “Yevropa yagona uy” deguvchi gʻoyani rad etish, butun diqqat-eʼtiborni “uchinchi dunyo” madaniyatlariga qaratish, “marginal madaniyat”, “katta” va “kichik” adabiyot tushunchasidan voz kechish mashhur fransuz yozuvchisi Jan-Mari Gyustav Le Klezio (Jean-Marie Gustave Le Clézio, 1940) ning qator asarlarida oʻz aksini topdi va u 2008 yil Nobel mukofotiga sazovor boʻldi.
“Sarson yulduz” (“Etoile errante”, 1992) romanida ushbu birdamlik asarning badiiy toʻqimasi, poetikasida ajoyib tarzda gavdalantiriladi, unda qadim mifologiyaning anʼanaviy ramzlari Injilning ikki, yaʼni, “Qadimgi ahd” va “Yangi ahd” ilohiy kitoblari oʻzga shaklga kiritilgan mifologik syujetlarga chambarchas bogʻlangan boʻlib, ularni xristian va islom dinidagi mifologik syujetlar, turli mamlakatlar milliy folkloridan ajratib boʻlmaydi; fransuz, yahudiy, italyan, arab kabi qahramon obrazlari ham begona azob-uqubat, jabr-jafosiz kurrai zamin makoniga tarqalib, “oʻsib” ketadi.
Globallashuvning zamonaviy tendensiyalarini oʻzida mujjasam etuvchi va “umuminsoniy adabiyot”ning tugʻilishi zamonaviy jarayonining turli modullarini yaratuvchi yangilangan universalizm, muqobil variantlar asosida yangicha sintez, behad koʻp madaniy aynan oʻxshashlik gʻoyalari “total (ommaviy) roman”ning koʻpgina turlarida yorqin namoyon boʻlayapti. “Total (ommaviy) roman” – bu XX asrning oʻziga xos universal sintezi, aniqroq qilab aytganda, bir badiiy yaxlitlikda sintez, simbioz, mozaika, strukturaviy birlikning har xil koʻrinishlari orqali avvallari turli janrga oid tizimlarda harakatlangan janrlar, milliy anʼanalar, dinlar, insoniy bilimlar, psixologik tajribalar rang-barangligi jamlanganligidir. Bundan tashqari unda adabiyot xotirasi, insoniyatning maʼnaviy tajribasi jamlangan, biroq, endilikda, ular bitta asarda butunligicha qamrab olina olmaydi, negaki ular koʻp qirrali universal dialogik refleksiya bilan toʻyintirilgan, hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, asar dunyo va inson haqidagi SOʻZga aylanadi va “umuminsoniy adabiyot” tushunchasining oʻziga xos zamonaviy kichik bir moduli boʻlib qoladi.
Boshqa bir fransuz yozuvchisi Mishel Batayning (Michel Bataille, 1926) “Rojdestvo archasi” (L’Arbre de Noël, 1967) asari “umuminsoniy adabiyot” modulining namunasi sifatida namoyon boʻlgʻuvchi universal roman variantidek gavdalanadi. Monologik tavba-tazarruning milliy anʼanasiga sodiq qolgan holda, uni “xitobnoma roman” koʻrinishiga oʻzgartirar ekan, muallif ushbu oʻzgargan fransuz anʼanasini “umuminsoniy” birdamlik asnosida dialog tarzida qurishga harakat qiladi. “Xitobnoma roman”ida birinchi shaxs nomidan olib borilayotgan hikoya uchinchi shaxs tomonidan olib boriluvchi hikoyadan aslo ajralmaydi, balki oʻziga xos yaxlitlikni hosil qilganligini taʼkidlab oʻtmoq, ayni muddaodir.
Fojiali shaxs, insoniyat tarixini, inson tafakkuri va dardu azobini (“Qadim ahd” va “Yangi ahd”dan olingan parafrazalar, Injilda keltirilgan ism va nomlar, Polineziya maʼbudalariyu Misr xudolari, katolik va pravoslav bayram hamda eʼtiqodlari, buyuk fransuz mutafakkiri Blez Paskalning “Fikrlari”, xitoy va nemis donishmandlari, fransuz naturalizmi tarafdorlari gʻoyalari, badiiy adabiyot qahramonlari va hokazo) oʻzida aks ettirib, teatr, musiqa, kino, sheʼriyat, mumtoz psixologik roman va zamonaviy sanʼat kabi har xil sanʼatlarning badiiy tajribasini oʻz tarkibiga singdirib, polilog jarayonga kirishishga harakat qiladi, oʻzaro kelishuvga, murosaga bormoqchi boʻladi, jumlai olamdagi mavjud umumbashariy, teran birlikning birdamlikka erishishiga harakat qiladi.
Rang-barang “kamalak”, “chiroyli mozaika” moduli “umuminsoniy adabiyoti”ning shakllanishi, qaror topishi yoʻllarini oldindan belgilab beruvchi behad koʻp, oʻzaro chatishib ketgan madaniy aynan oʻxshashliklarning variantidek namoyon boʻlmoqda. Bu holat M. Fermin (Maxence Fermine) qalamiga mansub “Qor” (“Neige”, 1999) nomli romanda oʻz aksini topgan; aytish kerakki, bu romanda mumtoz yapon va zamonaviy yevropacha adabiyotning oʻzaro chatishib ketgan yaxlitligi ajoyib tarzda mujassamlantirilgandir. Romanning butun qurilmasi va poetikasida chatishib ketgan ushbu yaxlitlik xokku anʼanaviy yapon sheʼriyati va simvolizm ruhining uygʻun birikmasi hosilasidir. “Narsalarning gʻamgin sehri va maʼyus tarovati” yapon estetikasi va shozistlarga xos boʻlgan narsalar dunyosini chetdan turib qayd etish va odamlarni “moddiylashtirish” xususiyati, dialogga kirishib, taqqoslana olmaydigan tushunchalarning birligida, birdamligida dunyoga kelgan yangi maʼnoni anglashga olib keladi. Hayot falsafasidek, haqiqiy bilishdek namoyon boʻluvchi mushohada poeziyasi, “qarash”ning yangi roman nazariyasi va yevropacha simvolizm anʼanalari, bir-birini yaqqol ifodalab, boʻrttirib tasvirlab, qolaversa, taʼkidlab, oʻzida yangi romaniy yaxlitlikni tugʻdiradi.
Ingliz adibi Kadzuo Isiguro (Kazuo Ishiguro) qalamiga mansub “Biz yetim boʻlganimizda” (2002) romani bugungi kun “madaniyatshunoslik romani”ning yorqin namunasidek xizmat qilishi mumkin. Kadzuo Isiguro 1954 yilda Yaponiyada tugʻilgan, toʻrt yoshidan Angliyada istiqomat qilib keladi. Endilikda, taniqli ingliz yozuvchisi, asarlari dunyoning yigirma sakkiz tiliga tarjima qilingan, nufuzli xalqaro mukofotlar sohibidir.
“Biz yetim boʻlganimizda” romanida mumtoz hikoya qilishning barcha anʼanaviy qirralari bordek, yaʼni, tarix, qahramon, syujet, konflikt va hokazo. Lekin koʻpgina uzuq-yuluq sahifalar, alohida parchalardan iboratlilik, sabab va oqibat aloqadorligining yoʻqligi, mavhumlik, reallik va xayoliylik chegaralarining aniq emasligi romanni, klassik hikoya qilish uslubining barcha anʼanaviy unsurlarini tubdan oʻzgartirib yuboradi, ularni oʻzgaruvchan, mustahkam emas, mavhum koʻrinishga olib keladi. Asosiy urgʻu madaniy ong muammosiga, madaniy gʻayrishuuriylikka qaratiladi. Ushbu zamonaviy janrlararo nasrda detektiv janri, “qora proza” shakli, qolaversa, qiyofasi oʻzgartirilgan ijtimoiy-tarixiy roman va “tarbiyaviy roman” sintez orqali birlashtirilgandan koʻra, koʻproq qandaydir bir simbiozda oʻzaro taxmin qilinadi, bir-birini taqozo etadi. Roman qahramoni – Shanxayda tugʻilib oʻsgan yosh Kristofer uchun Angliya hech qachon “oʻz uyi”ga aylanmaydi; uning doʻsti – yosh Akiro ham Shanxayda katta boʻlgan, bolalik shoʻxliklari uchun ota-onasining doʻq-poʻpisasi, yaʼni, “uy”iga – Yaponiyaga joʻnatib yuborish uning uchun eng dahshatli jazoga aylanadi, negaki, u bir marta Yaponiyada boʻlgan va oʻzini u yerda umrbod begonadek his qilib ulgurgan edi.
Xitoy, yapon, ingliz anʼanalarini taqqoslab koʻrish, qarama-qarshi qoʻyish, oʻzaro harakat, oʻzaro taʼsir, oʻzaro aloqada koʻrish, ularning munosabatdoshligi, bir-birini inkor etishi, oʻzaro rad qilishi va bir-biriga singib ketishi hamda biri-birini toʻldirishi, boyitishi jarayonlari, shuningdek, bu jarayonlarda kechayotgan taʼlim-tarbiya tizimi, tafakkur, dunyoqarash, borliqni his qilish, qolaversa, psixologik tamoyillarning uygʻunligi, yaʼni, sharqona mushohada, oʻz oʻy-xayollariga choʻmmoq, ichki his-tuygʻularga tayanish – bularning hammasi romanda, ayniqsa, Akiro fikr-mulohazalarida, Kristofer refleksiyasida tez-tez uchrab turadi. Boshqa tarafdan, ratsionalizm, yaʼni, yevropacha mantiq kundalik hayotda, maishiy, psixologik, falsafiy darajada asliday tiklanib, ramziy maʼno kasb etadi. Yuqoridagi fikrlarni tasdiqlash uchun romandan olingan ushbu parchani keltirib oʻtish kifoya: “Uyning tashqi, gʻarb tarafidagi eshiklari – odatda eman daraxtidan yasalgan, ularning misdan yasalgan tutqichlari yarqiraguncha tozalab qoʻyilgan; ichki – yapon tarafi lak bilan pardozlangan yaltiroq romlar boʻlib, yupqa qogʻoz tortib qoʻyilgan, qogʻozlarga nafis va bejirim naqsh hamda rasmlar chizilgan”. Ramziy ishora, ramziy maʼno koʻpincha ekzistensializm ruhi bilan sugʻorilganligini ham kuzatamiz: “Oʻlim toʻshagida yotgan, jon berayotgan yaponlar, xitoylar, fransuzlar, inglizlar qaysi tillarda faryod chekmasinlar, ular naqadar oʻxshash jaranglaydi! Oʻlim oldi yurakni ezguvchi faryodlar ham, hozirgina tugʻilgan chaqaloqnikiday yagona ohangdadir”.
Qahramonlar bolaligi paytida Shanxayda boʻlib oʻtgan xalqaro anjuman turli madaniyatlarning rang-barang va xilma-xilligi, ayni paytda esa, maʼnodosh hamda birdamligining ramziy maʼnosi, namunasi tarzida xizmat qiladi; unda ishtirok etgan xitoy, yapon, ingliz, fransuz, arab, rus va amerikalik bolalar oʻzlarini yagona oiladek his qilishadi, bir-birini soʻzsiz tushunishadi. Shanxay ular tasavvurida “yagona umumiy uy”ga aylanadi. Aslida, dushmanlik va adovat ruhiga toʻla dunyoning tashvishlari bu uyda yashayotgan yetim bolalarda ham shakllangan; oʻz madaniyatidan uzoqlashtirilgan, “etti yot begona” madaniyatlarni oʻzlashtirib olgan va oʻziniki deb hisoblovchi bu bolalar oʻz “ota-onasi”, “qadrdon uy”ining asta-sekin yoʻqolib borayotgan soyalari ortidan butun umri izma-iz taʼqib qilishga mahkum etilgandir. Ota-ona, uy, kurrai zamindagi har bir joy arxetipi falsafiy, psixologik hamda hayotiy jihatdan mazmunsiz, maʼnosiz boʻlib qoladi. Bolalar “jannat”dan, oʻziga tegishli boʻlgan uydan, aslida, haydab chiqarilgan, qardoshlik va hamjihatlik rishtalari urush tomonidan barbod qilingan. Angliyada tahsil olib, mashhur detektivga aylangan Kristofer bu yurtda “oʻziniki” boʻlaolmay, Shanxayga qaytadi. Ota yurtga kelib, u qachonlardir oʻgʻirlab ketilgan ota-onasining aniqlanmagan “jinoyat”ini ochishga, hech boʻlmaganda, ularning izini topishga harakat qiladi. Uning oʻtmishga qilgan “sayohat”i bugungi kunning aqlbovar qilmaydigan real voqeligiga aylanib ketadi. Xronologik jihatdan voqealar tafsiloti XX asrning 30 yillaridan to 60 yillarigacha davom etadi. “Sayohat” chogʻida u bolalik davridagi doʻsti Akironi qutqaradi va bemavrid yoʻqotadi. Yapon askariga aylangan Akiro bolaligi kechgan oʻz “uy”iga oʻq otishga majbur boʻladi, eng dahshatlisi, bu “uy” – uning yagona uyidir, boshqasi unda yoʻq va hech qachon boʻlmagan. Kristofer oxiri jirkanch va qoʻrqinchli jinnixonadan tahqir hamda kaltaklardan butunlay aqldan ozgan, es-hushini yoʻqotgan oʻz onasini topadi.
Asarda XVIII asr “qora roman”i anʼanalari ham koʻzga tashlanadi. Romanda urushning dahshatli manzaralari, yapon bombalari xarobaga aylantirgan, ostin-ustun qilib yuborgan “qashshoqlik ini” – Shanxay dahalarini tasvirlash asosiy moʻljalga qoʻyilgan. Bu manzaralar tiklangan xotiralar, his-tuygʻular evaziga, faktlarning noaniqligi, uzuq-yuluq parchalardan iboratligi, ehtimolligi xayolan mantiqqa zid ravishda matnda uygʻunlasha boradi, bir-biriga mos tushadi.
Mazkur madaniyatshunoslik romanini “umuminsoniy adabiyot” andozasida, zamonaviy fikr-mulohazalar kontekstida nazardan kechirsak, unda faylasuf G. Altshuler atamasi bilan aytganda, “poʻlat eritish qozon”i deb ataluvchi modul mujassamlantirilgan, yaʼni, madaniyatda globallashuv tendensiyalari muqarrarligi faraz qilingan, deyish mumkin. Ayni paytda, milliy aynan oʻxshashliklar, yaʼni, milliy anʼanalar bir qadar xaspoʻshlangandek koʻrinadi. Ha, bugungi kun va yaqinlashib kelayotgan integratsiyalashuv jarayonlari modullarini targʻib qiluvchi asarlarda turli millatlar, milliy anʼanalar va madaniyatlar urush tufayli surgun qilingan, bevatan qolgan, fojiaviy holatga tushgan millatga oʻxshab koʻrinsa-da, aslida, u oʻz madaniyati va oʻziga xosligini saqlab qoladi. Ahamiyatli tomoni shundaki, asosiy urgʻu asta-sekin vujudga kelayotgan behad koʻp madaniy yaxlitlikning sinkretizm[2]i, bir-biriga chatishib, uygʻunlashganligiga qaratiladi.
Nafsilamr, fransuz va ispanzabon yozuvchi Fernando Arrabal (Fernando Arrabal), asli livanlik, biroq, fransuz tilida yozadigan Amin Maaluf, yaponiyalik, biroq, ingliz tilida qalam tebratayotgan Kadzuo Isiguro romanlarida milliy mentalitet, milliy anʼana emas, balki bugungi kunda dunyo miqyosidagi kechayotgan tub oʻzgarishlar, halokat va kulfatlar oldida ularni yoʻqotish asosiy ibtidoga aylanib borayapti. Dunyo miqyosidagi tub oʻzgarishlar, halokat va kulfatlar deganda, biz, eng avvalo, urushlar, terrorizm, muhojirlik, irqiy kamsitish, bevatanlik kabi tarixiy va psixologik zarbalarni nazarda tutayapmiz. Kadzuo Isiguroning “Biz yetim boʻlganimizda” nomli romanidan fikrimizni tasdigʻi uchun ushbu parchani keltirib oʻtaylik: “Kristofer, sen yetarlicha ingliz emassan, – dedi yosh Akiro oʻz doʻstiga qarab, – men esa yetarlicha yapon emasman”.
Oʻzida muayyan badiiy yaxlitlikdagi globallashuv tendensiyasini mujassam etuvchi “umumbashariy adabiyot”ning namunasi boʻlmish zamonaviy madaniyatshunoslik romanlarining oʻziga xos xususiyatlarini umumlashtirib, adabiyotning bugungi kunda “oldinga qarovchi”, “olgʻa intiluvchi” azaliy vazifasiga ega boʻlayotganini kuzatarkanmiz, uni tan olishdan boshqa choramiz yoʻqqa oʻxshaydi. Chunki bu kabi asarlar kelgusi umumjamiyatning xususiyatlarini, shakllarini, qolaversa, qiyofasini kashf etadi, oldindan payqab, turli-tuman, rang-barang shakllar orasidan eng munosibini, toʻgʻri keluvchi modulini tanlab, bizga taqdim etadi, degan hulosani chiqarish mumkin. Biroq, bunday asarlarda integratsiyalashuv jarayonini bir xillashtirilishi, uni bir shaklga keltirilishiga aslo yoʻl qoʻyish mumkin emas, har xil sivilizatsiyalar, milliy anʼanalar va qadriyatlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv orqali imkoniyatlar darajasida amalga oshirish darkor. Bunday asarlar insoniyatning yagona maʼnaviy borligʻini hamda koʻp maʼnoli, polifonik dunyoqarashini oʻzida mujassam etishi lozim boʻladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, “umumbashariy adabiyot” mazmunida quyidagi asosiy tamoyillar mujassam boʻladi:
– jahon miqyosida, olamshumullik kasb etayotgan “sharqona bozor” moduli koʻrinishida namoyon boʻlayotgan “umumbashariy adabiyot” (Le Klezio, Amin Maaluf kabi adiblar asarlari);
– “rang-barang kamalak”, “quroq koʻrpa”, “chiroyli mozaika” moduli koʻrinishida namoyon boʻlayotgan “umumbashariy adabiyot”. Bu yerda uygʻunlashib ketgan, madaniy aynan oʻxshashlik muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik lozim (M. Fermin asarlari);
– oʻzaro uygʻunlashib ketgan umummushtaraklik zamiridagi dialogda aks etib, milliy anʼana tusini olayotgan “umumbashariy adabiyot” (M. Batay asarlari);
– “poʻlat eritish qozoni” koʻrinishida namoyon boʻlgʻuvchi “umumbashariy adabiyot”, bu yerda sinkretizm tamoyillari oshkora milliy aynan oʻxshashlikni saqlash bilan uygʻunlashadi, mujassamlashib boradi (K. Isiguro asarlari).
Tabiiyki, adabiyotda, biz hali anglab ulgurmagan, tushunib yetmagan turli adabiy shakllar yetilib, tadrijiy ravishda rivojlanib boradi, aynan noyob madaniyat, maʼrifat, maʼnaviyat shakllari kurtak otadi, milliy adabiyotlarning universal birligi zamirida turfa rang badiiy asarlar paydo boʻladi. Bundan qariyb ikki yuz yil muqaddam “jahon adabiyoti” atamasini ilmga tatbiq etgan buyuk nemis shoiri va mutafakkiri Gyote bashoratini inobatga olgudek boʻlsak, haqiqatga birmuncha yaqinligimiz ravshanlashadi.
Muhammadjon XOLBEKOV
filologiya fanlari doktori,
professor
“Sharq yulduzi”, 2011–1
[1] Paradigma (yunon. paradeigma – namuna, andaza, qolip) – ilmiy amaliyotning muayyan bosqichida mujassam boʻluvchi, aniq ilmiy tadqiqotni belgilab beruvchi nazariy va metodologik asoslar majmui. Shuningdek, paradigma muammolarni tanlab olish uchun asos hamda tadqiqot masalalarini yechish uchun namuna ham boʻlaoladi.
[2]2Sinkretizm – narsaning dastlabki, bir-biridan ajralmagan, qorishiq holati.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/jahon-adabiyotida-umuminsoniy-tamoyillar/