Qalbimda siylaganim

 * * *

Vatan, yurt degan soʻz tomoqdan emas,

Ichkaridan, yurakdan chiqmali.

Qay kuni yurt deya tirjaydi bir kas,

Biron soʻzi qalbimga yuqmadi.

 

Vatan, yurt yolgʻonga yoʻgʻrilsa, tukim

Tikon boʻlib ketadi tippatik.

Xalqimning kiftiga tushmadimi yukim,

Olloh bildirsaydi behadik?!.

 

Biron soʻz, amalim yarasa Vatanimga,

Yuksalishga hissa qoʻshsam biron soat,

Shukr qilar edim yashaganimga

Yoʻllarda yurardim bexijolat…

 

* * *

Bir kuni, bir yerda, bir maʼyus odam,

Kulayotgan odamdan kuldi.

Men unga donolarcha tanbeh berdim:

Nima ishing bor, kulabersin.

Yigʻlayotgan odam yigʻlaydi, dedim

Kulayotgan odam kuladi,

Ishlayotgan odam ishlaydi,

Yulayotgan odam yuladi.

Bu gapimga daraxtlar indamadi,

Suvlar ham, soylar ham indamadi,

Yoʻllar ham, yellar ham…

Bularning bizga aloqasi yoʻq,

deyishgandir, balki…

 

Ihvon ut-tayr

(Qushlar doʻstligi)

 

(Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asari yozilganiga 512 yil toʻlgani munosabati bilan)

 

qushlar yigʻildilar bir goʻzal maʼvoga

biri urumchidan biri uskupdan

birlari qoradengiz oqdengiz boʻylaridan

idildan oltoydan jayxundan sayxundan

hatto holland hatto farang

hattoki qibrisu olmon yunon ellaridan

chugʻur chugʻur sayrashdilar

ozodlik kuylarini kuylashdilar

 

faqat

har qanday yigʻin ham tarqaladi

tarqalishdi yurtlariga hammalari

urumchiga uskupga qoradengiz oqdengiz boʻylariga

koʻz ochib koʻrgan uylariga

tarqalishdi qushlar

 

oradan yillar oʻtdi

endi sogʻinishar bir birlarini

bulbullar gullarni sogʻinganday

majnunlar laylilarni sogʻinganday

shamollar daraxtlarni sogʻinganday

daryolar vodiylarni sogʻinganday

yomgʻirlar don sochilgan yerlarni sogʻinganday

 

ammo kimlardir bor hurlikka xushlari yoʻq

qushlar doʻstligini istamaslar

 

qachon qayda oʻrgangandi qushlar bilan gaplashishni

tillashishni sulaymon paygʻambar

qush tilini oʻrganishchun

qushlar doʻstligini oʻrnatishchun

bitim tuzish kerakmi kim bilandir

men qush tilini bilgim keladi

ularni yupatgim keladi

goʻzallikdan gap ochib garmoniyadan

bir kuy kuylagim keladi

 

har qalay qushlarning doʻstligi dunyo doʻstligi boʻlajak

 

Qoʻshiq

 

Bogʻla, meni hayotga bogʻla,

Dogʻla, ishqing oʻtida dogʻla,

Dimogʻimni jilmayib chogʻla.

 

Ey sevib toʻymaganim,

Tunu kun oʻylaganim,

Tushda ham kuylaganim,

Qalbimda siylaganim.

 

Togʻda, lola ochildi togʻda,

Bogʻda, qushlar sayrashar bogʻda,

Sevishaylik shu goʻzal chogʻda.

 

Ey sevib toʻymaganim,

Tunu kun oʻylaganim,

Tushda ham kuylaganim,

Qalbimda siylaganim.

 

* * *

Boshladi sepalab yomgʻir,

Keyin bora-bora kuchlandi.

Umrimning soʻng kunlari ogʻir,

Maʼnosi nazdimda hechlandi.

 

Miraziz AʼZAM

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/qalbimda-siylaganim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x