Oʻz umrini ilm-maʼrifat rivojiga, ijodga bagʻishlagan odamlar jisman oramizdan ketsalar ham, ammo ruhan va qalban hamisha tiriklar ichra tirikdirlar. Zero, bunday insonlarning orzu-armonlari, yoniq soʻzi, tafakkur mevalari yozgan asarlarida muhrlanib, avloddan-avlodga oʻtadi va yangi qalblarni yoritib, hayot haqiqatlarini anglashga koʻmaklashib turadi.
Shoislom Shomuhamedov domla Oʻzbekistonning ana shunday nurbaxsh siymolaridan biri edi. Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Xalqaro Firdavsiy mukofotining laureati, taniqli tarjimon-shoir, zakovatli sharqshunos olim Sh. Shomuhamedov nomini eshitmagan odam kam edi. Uning tarjimasida yangragan Umar Xayyomning olam va odam mohiyatini izhor etuvchi dilbar ruboiylarini butun mamlakatimizda va undan tashqarida turkiyzabon aholi sevib oʻqir, aksari yod boʻlib, el ogʻzida yuradigan boʻlgandi. Ruboiylar oʻzbekcha tarjimalardan qozoq, qirgʻiz, turkman, uygʻur, tatar tillariga oʻgirildi. Xayyom ruboiylarining oʻzbekcha tarjimalari 1958 yilda birinchi marta chop etilganda, katta bir adabiy voqea boʻlgani esimda. Shundan keyin bu kitob har safar toʻldirilib (ilk nashrda 200 ta ruboiy bor edi), koʻp marta qayta nashr etildi. Umar Xayyom ruboiylarini Sh. Shomuhamedovdan keyin yana bir necha kishi oʻzbek tiliga oʻgirdi, ammo oʻsha birinchi tarjima kitobxonlar qalbidan chuqur joy olganini aytish joiz. Sh. Shomuhamedov fors-tojik adabiyotini oʻzbek kitobxonlari uchun kashf etdi, katta bir maʼnaviy xazinani ochdi: u Rudakiy, Firdavsiy, N. Xisrav, X. Dehlaviy, Saʼdiy Sheroziy, Kamol Xoʻjandiy, Jomiy, Bedil asarlaridan namunalar tarjima qildi, ularning eng mashhur, hikmatomuz asarlarini tadqiq qilib, kitobxonlarga tuhfa etdi.
Bu tarjimalardan oʻnlab baytlar el orasida mashhur boʻlib, xalq hikmatlari qatoridan joy oldi.
Rudakiyning:
Kimdakim hayotdan olmasa taʼlim,
Unga oʻrgatolmas hech bir muallim;
yoki:
Jahonning shodligi yigʻilsa butun,
Doʻstlar diydoridan boʻlmagay ustun,
kabilar…
Bu baytlarni koʻpchilik davralaru suhbatlarda takrorlashadi, ammo bu Shoislom Shomuhamedov tarjimonlik isteʼdodining tuhfasi ekanini baʼzan bilmaydilar. Bu ham shoir-tarjimonning baxti, ijod mevalarining umumxalq mulkiga aylanganiga dalildir…
…Kamina garchi bevosita u kishining qoʻlida tahsil olmagan boʻlsam-da, biroq bu odamdan, uning asarlaridan koʻp narsa oʻrganganman. Men buni yana shu uchun taʼkidlamoqchimanki, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)da ishlagan yillarim (1971–1993) Shoislom aka bilan ilmiy anjumanlarda, baʼzan ish yuzasidan tez-tez muloqotda boʻlganman. Shoislom aka ham talabchan, toʻgʻri soʻz va ham mehribon inson edi. Nomzodlik dissertatsiyamga opponentlik qilganlar, maslahatlari, amaliy koʻmaklarini ayamaganlar. U kishi universitet prorektori, Sharqshunoslik fakulteti dekani, kafedra mudiri boʻlib ishladi. Ammo u hamma yerda – xoh mansab kursisida boʻlsin, xoh oddiy davralarda boʻlsin, bir xil edi, oʻzgarmas edi. Va, eng asosiysi, har doim olim va ijodkor inson sifatidagi borligʻini saqlab yurardi, shu bilan talabalar, kasbdoshlar hurmatini qozongan edi.
Domlaning samarali umri, ishlari ibratli, xizmatlari benihoya katta. U Vatanimizning yorqin siymolaridan biridir, shu bois nomi ham, ishlari ham unutilmaydi, qalblarda yashayveradi.
Najmiddin KOMILOV,
filologiya fanlari doktori,
professor
“Sharq yulduzi”, 2011–2
https://saviya.uz/ijod/nasr/ilm-ijod-peshvosi/