Shoirga maktub
– Men bir qizni sevaman, ammo
Qiz der: – Boring, toshingiz tering.
Shoir aka, sizdan iltijo,
Menga bitta sheʼr yozib bering.
Oʻqisinu oʻsha parvosiz –
Yuragida mehr uygʻonsin.
Qasamimga ishonmagan qiz
Oʻsha yoniq baytga ishonsin.
Shunday yozing, toki, qiz qalbi
Erib ketsin boʻlsa hamki tosh.
Joniga oʻt tushsin men kabi,
Oqib ketsin koʻzlaridan yosh.
Oshiqda ishq boʻlsa mukammal
Maʼshuqani etarmish shaydo.
Majnunligim anglab u goʻzal
Zora sevsa bamisli Laylo.
Quchogʻimga otilsa dilbar,
Yuragimda armon qolmasa…
Axir, shoir shoirmi agar
Bir yurakni eritolmasa.
Sheʼr kutarman sizdan umidvor,
Yorga yetsam baxtli boʻlarman.
Yoʻqsa, menga hayot ne darkor,
Togʻdan oʻzni tashlab oʻlarman.
– Oh, bechora oshiq ukajon,
Anduhlaring menga ayondir.
Ishq-vujudni oʻrtagan armon,
Anglab boʻlmas sirli jahondir.
Bir bevafo ishqida men ham
Poyoni yoʻq dardga toʻlganman.
Shu dard menga tutqazgan qalam,
Kuya-kuya shoir boʻlganman.
Na ohimga parvo qilgan u,
Na sheʼrimni nazarga ilgan.
Necha daftar toʻldirganmanu
Ular bari yirtib otilgan.
Ukam, menga qilmagin havas,
Yuragimda yuz ming armonlar.
Baxtli boʻlsang bitta sheʼr emas,
Yozib beray senga dostonlar.
Tashbehlarim qadriga yetib,
Yoring koʻngli tushsa joyiga,
Mening bor-yoʻq yozganim eltib
Tashla oʻsha qizning poyiga.
Boʻlsin, ukam, umring charogʻon,
Men yetmagan baxtga yetgin sen.
Yoringni ishq degan bepoyon
Osmonlarga olib ketgin sen.
Gul ochdi, deb, bir qalb soʻzimdan
Bahra oldi, deb, birgina jon –
Rozi boʻlay men ham oʻzimdan,
Bu dunyodan oʻtay bearmon.
2011, aprel
Hazil
Bir zamonlar Eron shohi
Hokim boʻlgan dunyoga.
Yunon yuzta oltin tuxum
Boj toʻlagan Doroga.
Yosh Iskandar Yunon taxtin
Olgach dedi: – Bas xiroj!
Tuxum qilgan u tovuqlar
Oʻlib ketdi, na iloj!
Shu hazildan jang boshlandi,
Yunon yengdi Eronni.
Shoh Iskandar hazil bilan
Oldi yarim dunyoni.
Koʻhna tarix koʻp turfa xil
Hazillarga guvohdir.
Hazil borki, koni savob,
Hazil borki, gunohdir.
Massagetga hazil qilmoq
Yoʻq, deb aytgan Iskandar.
Oks boʻyida oyogʻidan
Oʻq yeb qaytgan Iskandar.
Sohibqiron qudratidan
Bexabar el qolmagan.
Man-man degan jahongir ham
Hazillasha olmagan.
Napoleon Rossiyaga
Qaltis hazil oʻyladi.
Sovuq uni xushtak chalib
Parijgacha quvladi.
Yuz oʻttiz yil oʻtib yana
Bir hazilkash yuz tuban.
“Katyushalar” qah-qah otib
Kuldilar yov ustidan.
Bekormaski, el qadimdan
Hazil tagi zil, deydi.
Oʻynab hazil qilganda ham
Oʻylab hazil qil, deydi.
Oʻynashmagin arbob bilan,
Arbob garchi ming dilkash.
Bilki, boʻri qoʻzichoqqa,
Sher ohuga hazilkash.
Boʻgʻma ilon quyonga doʻst,
Quchoqlashni oʻylaydi.
Mushuk esa sichqon bilan
“Mikki-maus” oʻynaydi.
Mening ham koʻp doʻstlarim bor,
Koʻp kelishar yonimga.
Ular – yuz xil xastaliklar,
Hazilkashdir jonimga.
Doru bilan mehmon qilsam
Tinchiganday boʻlishar.
Zum oʻtmasdan yana yiqib,
Yumalatib kulishar…
…Hazilni hech oʻyin dema,
Hazil tagi puch emas,
Qanot yozgan bir hazil soʻz
Hazilakam kuch emas.
Bu dunyoda yayrab yasha,
Shoʻx, hazilkash boʻl, mayli.
Lekin angla, hazil bilan
Hazillashib boʻlmaydi.
2011, may
Amaliyotdan soʻng
Amaliyotdan soʻng koʻz ochgan bemor
Deydi: – Rahmat, doktor, mutashakkirman.
Doktor aytar: – Soʻzing koʻp jimjimador,
Lekin men doktormas, Munkarnakirman.
Bemor kular: – Eh-ha, farishtaman, deng,
Hazilingiz buncha sovuq, doktorjon!
Munkarnakir aytar: – Soʻroqqa kelding,
Rabbing kim, javob ber, gunohkor inson?..
…Umrim koʻpi oʻtdi yolgʻonga hamroh,
Ishonchim oz qolgan aldoqlar sabab.
Mana, siz oʻzingiz – qoʻli gul jarroh
Munkarnakirman deb turibsiz, ajab.
Axir, goʻdakka ham ayon rivoyat –
Munkar bilan Nakir ikki malakdir.
– Rost, lekin bizda ham qisqargan shtat,
Ish koʻp, ulgurolmay jonim halakdir.
– Xoʻp, Nakir boʻlsangiz Munkar qayoqda,
Munkar boʻlsangiz ne ish qilar Nakir?
– Jonga tegding, senmi yo men soʻroqda,
Bor, yoʻqol, koʻzimga koʻrinma, faqir?!
Amaliyotdan soʻng koʻz ochgan bemor,
Munkarnakir quvgan faqir men oʻzim.
Ogʻriqlarim unut, olam begʻubor,
Shunchalar yorugʻki, qamashar koʻzim.
Qaytdim mulki baqo ostonasidan,
Uygʻondim qayta bu ajib gulshanda.
Yo joy oldim firdavs koshonasidan
Gunohi avf boʻlgan men osiy banda.
Koʻzimni yashnatib kezgan bogʻ aro
Farishtalarmi yo gulruxsoralar?
Jannat nasimi ul yo subhi sabo,
Bu obi kavsarmi yo favvoralar?
Qaydaman? Koʻz toʻla, dil toʻla hayrat,
Ravzai rizvomi yo oʻz chamanim?
Men Vatanda boʻlsam, demak, u jannat,
Agar jannatdaman, jannat – Vatanim!
Goʻyo ikki olam menga oshino,
Uygʻoqligim tushdek, uyquda bedor –
Qadamlab yuribman yer va koʻk aro
Amaliyotdan soʻng koʻz ochgan bemor.
2011, may
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/men-yetmagan-baxtga-yetgin-sen/