Adib va folklorshunos Shomirza Turdimovning “Sharq yulduzi” jurnalining oʻtgan yilgi 5 sonida eʼlon qilingan “Sirtlon” hikoyasi oʻquvchini mushohadaga chorlashi bilan eʼtiborli. Bir oʻqishda sir berishi qiyinroq kechadigan bu hikoya: majozlarga, poetik ranglarga boy. Kichik janr hisoblanmish hikoyada tanlangan badiiy ranglar mutanosib, shakl va mazmun uygʻun. Muallif tasvir va ifodada oʻzgacharoq usulni tanlaganki, unda falsafiy mushohadaning salmogʻi anchayin fikrni qoʻzgʻab, oʻyga toldiradi. “Sirtlon”da roviy-hikoyachi – muallif. Fikriy – shuuriy holat, muhokama-mushohada, insonning sinovlardan oʻtish va poklanish jarayoni qahramon onggida yuz beradi. Muallif onggi ongning onggidir. Hikoyaning konstruktiv qurilmasi uch bosqichdan iborat. Asarning avvali va oxirida real harakatni his qilasiz. Ammo, asosiy bosqichda voqelik faqatgina qahramon oʻy-xayolida – ong osti oqimida yuz beradi. Tushunish biroz mushkulroq tasviriy ifoda oʻquvchini chalgʻitish barobarida, uni mushohadaga yetaklaydi. Qahramon qoʻlida qizil yelim chelak bilan itiga ovqat izlab yoʻlga chiqadi. Eʼtibor bering, “qizil” yelim chelak. Keyin belida “beldovi” yoʻq koʻprik bor boʻlsa-da, ariqdan sakray olishga koʻzi yetmasa-da, baribir, sakraydi. Zidlovlar ketma-ket kelsa-da, qahramon umidga tavakkal qiladi. Muvozanatini bir zum yoʻqotib qoʻysa-da, amallab oyoqqa turadi. Koʻprikning narigi tarafida “na irqi, na millati, na jinsi” bor bozorchi xotinlar oʻtiribdi. Ular qahramonning xotiniga qarshi tarafda “bozor” qilishmoqda. Yigitning qoʻlidagi chelak ogʻirlik qilib suvga biroz botadi. Uning aqliga eng muhimi, “suyak ogʻir-ku, oqib ketmas”, degan fikr keldi. Endi uning chelagidagi ovqat itiga ozlik qilishi mumkin. Boriga koʻngli toʻlmay, qanoatni unutib, qahramonimiz “itiga yemish” qidiradi. Ajib qonuniyat, odamzod oʻz manfaati birlashadigan yoʻlda darrov oʻziga yoʻldosh topa oladi. Qahramon ham bozorchi xotinlardan “itiga” ovqat olish uchun va yana nazoratchilardan qutulish istagida, ularning homiyligiga ishonib tavakkal qiladi. Qizigʻi, bozorchi xotinlar uchun hech qanday toʻsiq, hech qanday nazoratning oʻzi yoʻq. Tekshiruvchilar ularni koʻrib-koʻrmaganga olishadi, guyoki ular bexabar. Ammo, qahramon taʼqibdan xoli emas. “Nazoratchi” kim?. Vijdonmi, imonmi, nafsmi?..
Muallif har bir detaldan unumli va samarali foydalana olgan. Borxes voqelikni tasvirlashda ikki yoʻlni farqlashni taklif qiladi. Birinchisi – tabiiy, real voqelik. Ikkinchisi esa, sehrli mahdudlik va reallikning birlashuvidir. Unda har qanday detal bir narsaga ishoratdir. Ishoratni anglash jarayonida tafakkurning qayroq toshlarida fikr charxlanadi. “Imkonsizlik odamni topqir etadi”. “Kattalarga ermak kuchukchaga qismat” kabi luqmalar tafakkurning qat-qatiga singdirilgan zakovatning aks-sadosi. Tahlilga qaytsak, xullas, bozorchi xotinlar sotadi, bu oladi. Yigit qarasa, chelagi “boʻm-boʻsh”. Hatto, soʻrashga ulgurmasdan oldin bir ayol uning chelagini toʻldirib beradi. Uning aqliga “it eti-suyak bilan tirik, odamning etiga itidan yaqin yoʻq”, degan fikr keladi. Jumboq jumla – kalit jumla. Hikoyada asosiy gap ham et iti haqida. Et-vujud, it-nafs. Kimdir oʻzidan-oʻzini istab topadi, kimdir oʻzidan-oʻzini topa olmay ovora. “Bozorchi” ayollar shaytonning qutqusi, aldov yoʻlidagi makr-firib…
Qahramon bir paytlar oʻlib ketgan Olaparini koʻrib qoladi. Bu yerda egasini koʻrishdan mamnun boʻlmagan Olapar mungli, yerga qaragan. Yigit Olapar tarafga oʻtmoqchi boʻladiyu, lekin oʻta olmaydi. “Egasiz” itlarning vajohatidan u qoʻrqib ketgan edi. Mashinadan chiqqan “qoʻnji suyakka toʻla” erkak va ayol qiyqirgancha shuncha itdan qoʻrqmasdan voqelikka singib ketadi. Ular “qoʻnjidagi suyak” shahvoniy hirs, shaytonning ayol va erkak qonidagi zohiri. Oʻrtada qandaydir “sarobdek parda” borligi eslatib oʻtiladi. Olaparning “mungli” ahvolini koʻribmi, uyatdan lov-lov yongan yigitning haroratidanmi, ishqilib qoʻlidagi “qizil” yelim chelak erib “erga oqib tushadi”. Chelak nima sababdan “elim”dan ekanligi ham endi oydinlashganday.
Fikrimizning isboti uchun voqeaning boshlanishidagi “qizil” chelakka toʻxtalsak. Qizil rang nafsning, hirsning, ochkoʻzlikning ramzi. Odamzod qizil rangga qanchalik intilsa, shunchalik zalolatga, nafs botqogʻiga botadi. Qahramon bekorga itiga ovqat izlaganda qoʻliga qizil chelak koʻtarmagan. Uning qalbida nafs va iymon urush boshlagan. Oʻz xotinining yonidan ketib qolganini “sezmay” qolib, bozorchi xotinlardan hamdardlik istab, ularning yoniga oʻtishi, mana shu kurashning koʻrinishidir. Dunyoda zulmning avj olishi, qonlarda shahvoniy hirsning koʻpchishi, halol-haromning farqiga bormaslik, insonning aqli, imoni emas, balki, tananing-nafsning hukmronligi insonning “iti boʻshalib” buyinbogʻini yoʻqotib qoʻyishiga ishora emasmi? Har lahzada shayton qutqusiga aldanishga moyil insonning nafs koʻchasida ongli, ongsiz kezishlardagi koʻngil kechinmalari hikoyaning asosi. Hikoyaning kodiga kalit sahna bor. Yigitning telefoni jiringlaydi. U raqamga tikilib turadi-da “yashil” tugmachani bosadi. Qahramon hech qanday tugmachani bosmasligi ham mumkin edi. Qizil tugmadan ham foydalansa boʻlardi. Lekin u raqam egasini taniydi va bu uning uchun kutilgan. Qoʻngʻiroqni qabul qilmaslikning iloji yoʻq. Savol javobga eʼtibor bering:
– Qanday bordingiz?
– Qil koʻprikdan oʻtganday…
– Qoʻrqoq…
– Aybim boʻynimda…
– Qutildim deysiz-da.
– Itimga tutilmadim…
– Qanaqa it yana?
– Boʻshab-boʻshalmagan it.
Sezayapsizmi, bu yigit kimgadir hisob berishga majbur. Bu aql va nafs oʻrtasidagi dialog. Oʻz-oʻziga hisob berish, uni soʻroq qilish, telefondagi tergovchining ovozi inson vujudidagi imon-eʼtiqod. “Yashil” rang komillikning, imon, eʼtiqod, hidoyat yoʻlining ranggi. Qahramon qizil yoʻlaklardan qil koʻprikdan oʻtganday oʻtib, yashil yoʻlakka eson-omon yeta oldi. Endi ruh xotirjam. Imon but, qoʻrgʻon salomat. Hikoyadan koʻzlangan maqsad, maʼni ham shunda, asli.
Ichkaridan ayolining ovozi uning xayolini buzib yubordi.
– Iti yana boʻshalib ketdi, boylasa-chi.
– Joyida-ku.
– Hozir meni koʻrib uyasiga qaytdi-da.
Yigit “ayb ustida qoʻlga tushgan boladay” oʻzini ayolining oldida yoʻqotib qoʻydi. Goʻyoki ayoli u borgan joydan xabardor, uning siridan voqif boʻlib qoladigandek edi. Qahramonning Olapar deb oʻylagan iti oʻrnida, malla Sirtlon koʻzlarini “yiltiratgancha” dumini likillatib turardi. U Sirtlonining boʻyniga zanjirini ildi…
Muallif nafs haqida ramzlar tilida hikoya qiladi. Hikoyada “itning ovqati” ham gʻoya, ham istiora, ham ramz sifatida xizmat qilgan. Boʻlak orqali butun moʻljalga olingan. Yozuvchi nishonni bexato ololgani aniq. Shukrki, kurashda nafs magʻlub, imon-eʼtiqod gʻolib. Hikoya oxirida qahramon Sirtlonning boʻyinbogʻini bogʻlab koʻngli orom oladi. Intihodan oʻquvchi ham xotirjam. Oʻz-oʻziga hisob berishga burchli inson buyuk imtihonga doim tayyor boʻlmogʻi darkor. Hikoyada soʻzlar isrofini sezmaysiz. Asardagi yigit va uning ayolining dialogi mantiqiy fikrning qaymogʻi, asarning bosh gʻoyasi ham shu yerda ayoli tomonidan taʼkidlangan. “Itini bogʻlab qoʻysachi?” Uning ovozida ham boʻyruq, ham tahdid, ham ishorat bor. Ular bir vohaga tegishli boʻlgan shevada oʻzaro uchinchi shaxsda soʻzlashadilar. Muallif inkishofidagi topilmalar oʻziga xos. Yozuvchi koʻnglidagi dardni, ruhiy iztirobni soʻzga joylab, soʻzni majozga aylantirishning eng maqbul yoʻlini tanlay olgan. Muallif folklorshunos olim ham. U folklor ilmini jahoniy va tarixiy koʻlamda oʻrganib, oʻzbek ilmi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotir. Folklor ilmidagi ramz va timsollarning badiiy umumlashmasi, badiiy sintezi oʻlaroq, yuzaga keldi. Muallifning sodda oʻz uslubiga ega ekanligi fikr ifodasida namoyon boʻladi.
Sanobar TOʻLAGANOVA
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ramzlarga-yashiringan-mani/