Taniqli navoiyshunos olim Uzoq Joʻraqulov bilan suhbat
– Uzoq aka, qariyb olti yuz yildan buyon soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning oʻlmas dostonlari, beqiyos sheʼriyati va nasriy asarlarining mazmun-mohiyati haqida gaplashamiz. Lekin Navoiy ummonining teranligiga yeta olganimiz yoʻq. Agar bugungi oʻquv qoʻllanmalaridan tortib, ilmiy tadqiqotlargacha kuzatadigan boʻlsak, shoir ijodi izohli lugʻatlar va sharhlar doirasida tahlil etilgan. Shoirga ruhan yanada yaqinlashishimiz uchun nimalar qilish kerak, deb oʻylaysiz?
– Navoiy davridan XX asrgacha boʻlgan mumtoz adabiyotshunoslik anʼanasida biror ijodkor yoki muayyan asarni bugun biz oʻrgangan usullarda tadqiq etish, oʻquvchiga “chaynab berish” rasm boʻlmagan. Navoiyshunoslik umumiy eʼtiroflar, sharhlar va nasriy bayonlar tarzida shakllangan. Chunki Navoiyning eʼtiqodi, dunyoqarashi, u taqdim etgan syujetlar, obrazlar, uslubiy tizim davr oʻquvchisi ruhiyatiga yaqin edi. Mumtoz anʼanalar ichida yashagan oʻquvchi Navoiy badiiyatini ham tabiiy ravishda qabul qilar edi. XX asrda boshlangan turli ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar ayni silsilaning uzilishiga sabab boʻldiki, buning tafsilotlari haqida koʻp gapirilgan. Bu birinchidan.
Ikkinchidan, Navoiyni toʻgʻridan-toʻgʻri his etish, badiiy qabullashdagi muammoni faqat tilning arxaikligi, jumla, bayt va misra tuzilishidagi murakkabliklar, metaforizatsiya, koʻpplanlilik, koʻpqatlamlilik bilan izohlash ham toʻgʻri emas. Oʻylashimcha, bu bizda Navoiy ijodiga nisbatan sunʼiy fobiya uygʻotadi va, ayni paytda, leksik zaxiramizning qashshoqlashuviga olib keladi. Badiiy tilimiz asl jozibasini his eta olmaslik kasalini keltirib chiqaradi.
Uchinchidan, Navoiy oʻz asarlarini bir nechta tillar (arab, urdu, hind, moʻgʻul, fors) kesishgan koʻp tilli tafakkur sathida ijod etgan boʻlsa-da, uning badiiy nutqi, uslubi asosini bugungi jonli tilimizda faol qoʻllanayotgan uch buyuk lahja tashkil qiladi. Oʻgʻuz, qipchoq, qorluq nomlanadigan, har biri oʻz tarkibida oʻnlab, hatto yuzlab dialekt va shevalarni, koʻplab davlat tillarini mujassam etgan tarixiy va hozirgi oʻzbek jonli tili Navoiy ijodining buyukligi, oʻziga xosligini taʼmin etgan asos hisoblanadi. Navoiy badiiy tilida forsiy soʻzlarning bisyorligi haqidagi “bashorat”lar esa aniq faktik asosga ega emasligi bilan bir qatorda, badiiy qabullash jarayonlaridagi psixologik fobiyani shakllantirgan va bugungacha jadal rivojlantirib kelayotgan quruq gipotezadan boshqa narsa emas. Zotan, bugungacha biror tadqiqotchi Navoiy asarlarida qoʻllangan forsiy soʻzlarning turkiy soʻzlar bilan nisbati xususida ilmiy bir xulosa bera olgan emas, bera olmaydi ham. Navoiy ijodi bilan shugʻullanayotgan kichik bir mutaxassis sifatida ishoch bilan ayta olamanki, Navoiy asarlarida istifoda etilgan forsiy soʻzlar nisbati bugungi jonli nutqimizga singib ketgan forsiy oʻzlashmalar nisbatidan koʻp emas. Fojiaviy tomoni, Navoiy tilidagi forsiy soʻzlarni emas, koʻproq sof turkiy soʻzlarimizni unutib qoʻyganimizda, aniqrogʻi, bugun biz ilmiy, publitsistik, metodik sathlarda fikrlayotgan adabiy tilning uch buyuk lahjamizdan haddan tashqari uzoqlashib ketganida, deb oʻylayman. Bu jihat Navoiy ijodida jumla, bayt, misra, hatto soʻz konstruktsiyasi sifatida namoyon boʻladigan badiiy fikrni anglashimizda eng katta toʻsiqdir. Demak, xulosa qilish mumkinki, Navoiy olamiga kirishning muhim shartlari: navoiyshunoslik metodologiyasini uning dunyoqarashi va eʼtiqodidan kelib chiqib qayta ishlab chiqish; ilmiy-adabiy idroklash mexanizmi – adabiy til va estetik tafakkur shaklini oʻzgartirish, Navoiy fikrlagan uch buyuk lahja imkoniyatlarini tiriltirish; turli sunʼiy psixologik fobiyalardan qutilishdan iborat.
– Xorijdagi ayrim ilmiy nashrlarda buyuk oʻzbek mutafakkiri Alisher Navoiyni taqlidchi shoirga aylantirib qoʻyishgani Navoiy ijodini yaxshi bilmasliklaridan darak beradi. Nizomiydan keyin oʻtgan asrlarda xamsachilik koʻplab shoirlarning ijod anʼanasiga aylangan. Ammo Alisher Navoiyning “Xamsa”siga birinchi boʻlib, fors-tojik adabiyotining ustunlaridan biri Abdurahmon Jomiy yuksak baho bergan. Husayn Boyqaro shu asari uchun doʻstini oq otga mindirib, oʻzi otning jilovini ushlab saroygacha piyoda borgan. Bundan koʻrinadiki, Navoiy bunyod etgan besh yirik doston badiiy jihatdan benazir boʻlgan. Shunday emasmi?
– Navoiy taqlidchi shoirga aylantirilgani haqidagi fikringizga toʻla qoʻshilaman. Buning sabablari juda koʻp. Ularning har biriga toʻxtalib, tahliliy tushuncha beriladigan boʻlsa, gazeta imkoniyati yetmaydi. Shu bois, bu oʻrinda, faqat ikkita muhim sabab haqida toʻxtalish yetarli. Birinchidan, muayyan mavzu, janr, syujet, obraz va hokazolarni turli davr, turli saviyadagi ijodkorlar tomonidan qayta-qayta ishlanishi jahon adabiyotida klassitsizm tamoyili deb nomlanadi. Bu tamoyil Sharqu oʻarbda azaldan mavjud edi, bugun ham muayyan koʻrinishlarda yashab keladi. Ayniqsa, Navoiyni “taqlidchi shoir” sifatida “tanigan” oʻarbda bu tamoyil turli shakl-shamoyillarda uzoq davom etgan.oʻarb Uygʻonish adabiyoti, xususan, Dante, Shekspir, Rablelar ijodi (XIV–XVII asrlar) mana shu tamoyilni mukammallashtirish, yangilash, oʻzgartirish yoʻlidagi ilk urinishlar edi. Ularga qadar Antik yunon adabiyotida ham, oʻarb xristianlik adabiyotida ham bu tamoyilga izchil amal qilib kelingan. Original janr, syujet, obraz, uslub singari tushunchalar deyarli kun tartibida boʻlmagan. XVII asrga kelib esa bu tamoyil frantsuz hukumati tomonidan qatʼiy qonuniyat darajasiga olib chiqildi. Bunday ijtimoiy-madaniy tadbir ostida yangi frantsuz kishisi va davlatchiligini shakllantirishdek oʻziga xos siyosiy maqsad bor edi, albatta. Ayni tadbir frantsuz xalqi ijtimoiy hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Kornel, Moler, Rasin singari klassitsizmning yirik namoyandalarini yetishtirdi, frantsuz millatining Yevropa xalqlari orasida madaniy bir millat boʻlib shakllanishini taʼminladi. Keyinroq bu tamoyil italyan, ingliz, ispan, nemis adabiy muhitlarida oʻzgacharoq shakllarda davom etdi. Gyotening fikricha, klassitsizmning temir qonuniyatlari ichida qalam tebratgan ijodkorning mavzu, janr, syujet, obraz va uslub tanlashda erkin boʻlgan ijodkorga nisbatan katta ustunligi bor. Klassitsizm tamoyili ijodkorlarni saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajratadi. Faqat oʻta buyuk ijodkorgina klassitsizmning temir qonuniyatlari ichida original badiiy kashfiyotlar qila oladi. Oʻrtamiyona va undan past ijodkorlar esa klassitsizm muhitida taqlidchiga aylanadilar. XVII–XIX asrlar Yevropa va rus adabiyotini kuzatadigan boʻlsak, klassitsizm tamoyili bir nechta original asar atrofida minglab taqlidchi ijodkorlarni maydonga keltirganiga amin boʻlamiz. Mana shunday sabablarga koʻra zamonaviy Yevropa adabiy muhitida klassitsizm tamoyili, yaʼni adabiy anʼanaviylikka nisbatan oshkora nafrat, nigilistik munosabat paydo boʻlgan. Sharq klassitsizmi qoidalaridan bexabar yoki uni oʻta yuzaki biladigan Yevropa adabiyotshunoslarining Navoiyni koʻr-koʻrona “taqlidchi”ga chiqarishlarining bosh sababi ham shu deb oʻylayman.
Ikkinchidan, IX tomlik “Jahon adabiyoti tarixi” kitobining uchinchi tomida Navoiyning “taqlidchi” yoki fors adabiyoti “tarjimoni” ekani xususida muayyan ishoralar seziladi. Yevropa va baʼzi rus adabiyotshunoslarining bu borada bilib-bilmay aytgan fikrlarini-ku qoʻyib turaylik, keyingi yuz yilliklarda oʻzbek hamda zamonaviy islom sharqi adabiyotshunosligida bunday qarashlarning shakllanishi va urchib ketishiga sabab nima? Buning qator madaniy-tarixiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-psixologik sabablari boʻlishi mumkin. Ammo ayni oʻrinda faqat bitta, nisbatan yaqin tarixga oid sababiga toʻxtalib oʻtish zarurati bor. Sovet adabiy siyosatining tub mohiyatida oʻz imperiyasi ostida toʻplangan madaniyati tarixan boy millatlarni asl ildizlaridan uzib olish, boshsiz-oyoqsiz bir manqurt millatga aylantirish rejasi boʻlgani bor gap. Sobiq ittifoq respublikalari orasida oʻz madaniyati, dini, davlatchiligi, estetik tafakkuri nuqtai nazaridan ildizi hukmron millatdan ham koʻra chuqurroq ketgani oʻzbek millati edi. Bu sovet mafkurasi asoschilarining surunkali xavfsirashiga sabab boʻlgan. Mana shu “xavf”ning oldini olish uchun oʻzbek madaniyati, adabiyoti tarixining eng yorqin sahifalarini ittifoqqa tobe boʻlmagan, madaniyati nuqtai nazaridan oʻzbek xalqiga yaqin bir millat madaniyati soyasida abgor qilishdek mashʼum reja tuzgan edi. Bunday ulkan rejaning dastlabki sahifalarida toʻrt buyuk madaniy-tarixiy hodisa – “Alpomish” eposi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari, sohibqiron Amir Temur va temuriylar madaniyati hamda Alisher Navoiy ijodi turgan. Ittifoqdagi barcha ilmiy kuchlar shu vazifani bajarishga yoʻnaltirilgan. Ustiga-ustak jahon afkor ommasiga ham shu kabi “dolzarb gʻoyalar” yeng uchida tarqatilgan. Yaʼni, oʻzbek madaniyati qandaydir boshqa madaniyatlarning soyasi ekani haqidagi tahqirli gipotezalar sunʼiy tarzda urchitilgan. Navoiy haqidagi yolgʻonlarning tub ildizi shu yerda. Ammo dunyoga mustaqil davlat sifatida tanilganimizga yigirma besh yil toʻlgan bugungi kunlarda ham shu tashvishning borligi, bunday savolning kun tartibiga qoʻyilishi ijobiy holat emas. Imkon qadar Navoiyni oʻrgangan bir ilm tolibi sifatida ishonch bilan ayta olamanki, u badiiy-tarixiy, ilmiy-nazariy, ijtimoiy-maʼrifiy hamda lirik asarlarini istisno etganda ham birgina “Xamsa” asari bilan jahonning har qanday dahosi bilan boʻylasha oladi. Navoiy “Xamsa”si har qanday anʼanalar silsilasida oʻziga xos, tom maʼnoda individual, ulkan badiiy fenomen maqomida turadi.
– Shoirning maʼnaviy dunyosining ichiga kirishning birdan-bir yoʻli – uning yaqinlari, doʻstlari, ustozlari, hatto oʻz raqiblariga yozgan xatlari, maktublari va xotiranomalari bilan tanishishdir. Ilmiy izlanishlaringiz asnosida Navoiyning biz bilmagan yana qanday ijodiy qirralarini kashf etdingiz?
– Haqiqatdan ham Navoiy yozgan “holot”lar, “munshaotlar”, sheʼriy maktublar shoir ijodiy olamiga kirishning eng muhim va eng murakkab vositasi hisoblanadi. Shu bois, ayni muammo bir oz noanʼanaviy yondashuvni taqozo etadi. Haqqoniy gap shuki, biz Navoiy ijodini avtointerpretatsiya (oʻz asarlari, dunyoqarashi, biografiyasi asosida talqin qilish) usulida tadqiq etish, u shakllangan sharqona tahlil yoʻllarini oʻarbning teran asosga ega nazariy kashfiyotlari balan sintezlab oʻrganish bosqichiga hali yetib kelmadik. Chunki bugungi adabiyotshunoslikda shoir ijodiga oid har qanday yangicha yondashuv anʼanaviy navoiyshunoslik tomonidan nayza bilan kutib olinyapti. Navoiyshunoslikni sobiq sovet adabiyotshunosligi, baʼzi xorij (turk, eron, arab) tasavvufshunoslaridan oʻzlashtirilgan “ilmiy” qoliplarda tutib turish yoʻlidagi urinishlar jiddiy tus olyapti. Ammo zamonaviy oʻzbek navoiyshunosligi sharh, taʼvil, tasnif, tavsif, bayon, ilmiy-adabiy kompelyatsiya kabi anʼanaviy tadqiq usullari bilan cheklanib qolishi mumkin emas. Bu yangi zamon, qolaversa, mustaqillik davri milliy adabiyotshunosligimizning talabi. Navoiy shaxsiyati, ijodiy aurasi va barcha asarlari aynan shu nuqtai nazarga koʻra qayta oʻrganishga muhtoj. Aks holda biz Navoiy fenomenini idroklash, uni milliy adabiyotimizning choʻqqisi sifatida dunyoga tanitish imkonidan mahrumligimizcha qolaveramiz. Dissertatsion ishimda shunday jihatlarni Navoiy “Xamsa”si badiiy xronotopi doirasida talqin etishga urindim. Shoirning “Nasoyim ul-muhabbat”, “Majolis un-nafois”, “Muhbub ul-qulub”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki ajam”, “Xamsatul mutaxayyirin” singari asarlaridagi adabiy-maʼrifiy, ilmiy-nazariy, badiiy-tarixiy xulosalar, psixobiografik holatlar talqinidan “Xamsa” poyetikasi muammolarini yoritishda foydalandim. Maqsadga qay darajada yaqin kelganim yoki uzoqlashganim dissertatsiya asosidagi monografiya chiqqanda, u vaqt degan xolis hakam elagidan oʻtganda maʼlum boʻladi. Ammo bir tadqiqot doirasida navoiyshunoslik oldidagi ulkan muammolarning yuzdan birini ham hal etib boʻlmaydi. Navoiyshunoslikning tubdan yangilanishi mustaqillik davri milliy mafkurasi, maʼnaviy hayotimiz qoʻygan qatʼiy talab ekan, bu talabning amalga oshuvi uchun oʻz millati va milliy adabiyotini sevadigan, Sharq mumtoz adabiyoti, jahon adabiyoti, zamonaviy adabiyot nazariyasi hamda amaliy ilmlarni chuqur egallagan butun boshli tadqiqotchilar jamoasi lozim boʻladi. Oʻylashimcha, oliy taʼlim va akademiya tizimida boshlangan xayrli islohotlar mana shunday ulkan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilganki, koʻp oʻtmay oʻzining salmoqli natijalarini beradi.
– Ulugʻ bobokalonimizning adabiyotimizni boyitgan, uni jahon adabiyoti darajasiga koʻtargan va bashariyatning madaniyat xazinasiga ulkan hissa qoʻshgan birgina toʻrt ulkan gʻazallar majmuasi – “Xazoyin ul-maʼoniy” yaʼni, “Maʼnolar xazinasi” haqida toʻxtalsangiz…
– Navoiyning “Xazoyin ul-maʼoniy”sini esimni taniganimdan beri mutolaa qilaman. Unda shoir ruhoniy-maʼrifiy dunyosining takrorlanmas lahzalari suratlantirilganga oʻxshaydi. Badiiy soʻz siyratining bu qadar mukammal tasviri “gʻayr naqshidan” tom maʼnoda xoli asl Navoiy suratini mukammal tasavvur qilishimizga yordam beradi. Menimcha, bu sheʼriyat faqat Navoiyning emas, umuman, millatimiz, shu millat vakili boʻlgan komil moʻmin qalbining oynasidir. Shoir oʻz gʻazallarida inson botin olamining shunday tubsiz chegaralariga qadar yetib boradiki, hali jahon adabiyotidagi biror ijodkor inson qalbiga bu qadar teran shoʻngʻigan emas. Men bu gapni koʻp yillar jahon adabiyoti bilan shugʻullangan, jahon adabiyotining yetakchi siymolari ijodini milliy adabiyot prizmasida tizimli oʻrgangan bir mutaxassis sifatida, barcha masʼuliyatni zimmamga olgan holda aytyapman. Ushbu kontseptsiyani dissertatsiyamda “Xamsa” tahlili doirasida asoslashga harakat qildim. Navoiy haqidagi asosiy fikrlarim ham shu jarayonda shakllandi. Ilmiy jamoatchilikka maʼqul tushdi. Ayni paytda, bunday xolis toʻxtamlar kimlargadir yoqmasligini ham angladim. Bu esa oldimga yanada jiddiyroq, kengroq vazifalar qoʻyishim, ularni yechishda milliy tafakkurimiz umidi boʻlgan yosh avlodga tayanishim lozimligini koʻrsatadi.
– Mustaqillik sharofati bilan Navoiy asarlarining yigirma jildlik kitoblari chop etilgani maʼnaviy hayotimizda muhim voqea boʻldi. Lekin tarjimalarini oʻzbek tili bilan chogʻishtirib koʻrganda, kamchiliklardan xoli emas. Toʻgʻri, zullisonayn shoir ijodiga oʻsha mavqedan turib, uning qalbidan kechirgan tuygʻularini oʻziday ifodalash qiyin. Biroq, har xil”ommaviy tarjima”lar Navoiyning soʻz lugʻatiga ham putur yetkazayotgani hech kimga sir emas. Sizningcha, Navoiyni anglashning siri nimada?
– Umuman olganda, poyeziyani tarjima qilib boʻlmaydi. Navoiy poyeziyasini inchunun. Shoir asarlarining rus va Yevropa tillariga qilingan tarjimalaridagi noqisliklar, avvalo, shu bilan izohlanadi. Ikkinchidan, tarjimashunoslikda “kongeniallik” (ruhdoshlik) degan tushuncha bor. Bu mezon asos qilib olinadigan boʻlsa, dunyoda Navoiy ruhiga yaqin biror gʻayrimillat tarjimon topilarmikan, bilmadim. Bunday tarjimonning zamonaviy Sharq adabiy muhitida mavjudligiga ham koʻzim yetmaydi. Shunday ekan, toki oʻzimizdan Navoiy yoʻli boʻylab maʼrifat safariga otlangan, unga bir vaysiy murid oʻlaroq qoʻl bergan, millatni sevadigan, turkiy til va adabiyotni koʻngildan his qiladigan, ayni paytda, ajnabiy tilni ham mukammal biladigan tarjimon chiqmaguncha, “Boriga baraka” deyishga majburmiz.
– Navoiy sheʼriyati lisonimizdagi yuz minglab soʻzlarni oʻz ichiga oladi. Bitta soʻzda bir necha maʼnolarni yuklash boshqa tillarga xos emas. Keling, shu oʻrinda, Navoiy va oʻzbek tilshunosligi borasida suhbatimizni davom ettirsak.
– Sovet filologiya ilmi Navoiyga yana bir yorliqni yopishtirgan edi – “Navoiy – oʻzbek adabiy tilining asoschisi” degan. Bu yorliq vaqtida sovet ilm-fanining Navoiyga iltifotidek jaranglagan boʻlsa ham, aslida xalqimiz maʼnaviy tarixini chegaralashdan oʻzga narsa emasdi. Chunki hech qachon biror millat tiliga, u qanchalar buyuk boʻlmasin, yagona shaxs asos solishi mumkin emas. Tilning asoschisi doimo xalq boʻlib kelgan. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Tilning shakllanish, taraqqiyot, hatto tanazzul jarayonlarida ayni millatga mansub barcha davr, toifa va tabaqa vakillari faol ishtirok etadilar. Bu jarayonda din, falsafa, sanʼat, ijtimoiy hayot ham bir “xizmatchi”, “xodim” vazifasini bajaradi. Xalq jonli nutqi va adabiy tilining shakllanish, taraqqiyot jarayoni shu millat tirik ekan toʻxtamaydi. Jarayon toʻxtagan nuqtada millat ham oʻladi.
Navoiy ijodi ham turkiy til sathida kechgan va kechayotgan mana shunday ulkan jarayondagi oʻziga xos bir halqa edi, xolos. Buni Navoiyning oʻzi ham barcha asarlarida eʼtirof etgan. Navoiy oʻz millati va bu millat tilini chinakamiga sevar edi. Uning shoirligi-yu yozgan oʻnlab ilmiy asarlari shu sevgining izhori edi desak, mubolagʻa emas. “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Devon”lar, “Tazkiralar”, tarixiy asarlar, adabiyotshunoslik asarlari, “Muhokamat ul-lugʻatayn”… Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayin” asarida turkiy tillar genezisi, grammatikasi, leksikasi, morfologiyasi, fonetikasi singari til tarixi va nazariyasiga doir fundamental fikrlar mukammal darajada aks etgan. Qolaversa, milliy tilimiz tarixi, ayniqsa, nazariyasini shakllantirish, bugungi tilshunosligimizni milliy tafakkur negizida jahon standartlari darajasiga koʻtarish uchun bizning qoʻlimizda Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Sakkokiy, Soʻfi Olloyor, Bobur, Mashrab, Ogahiy, xususan, Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar merosi turibdi.
– Yurtimizda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani ayni muddao boʻldi. Bu ilm dargohidan oʻz sohasining yetuk tilshunoslari, matnshunoslari va tarjimonlari yetishib chiqishiga umid qilib turibmiz. Bu borada qanday takliflaringiz bor?
– Tilshunosligimiz va adabiyotshunosligimiz, ayniqsa, navoiyshunosligimizning yorqin kelajagini mana shu universitetda taʼlim olishga kirishgan yosh avloddan umid qilaman. Buning uchun tanlov jarayonlari haqqoniylik va sinchkovlik asosida oʻtkazilishi, oʻquv kurslari chuqur va tizimli tashkil etilishi, filolog-talabalarga malakali, oʻz millatini sevadigan, komil iymonli mutaxassislar dars berishi lozimki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida bu omillarning barchasi mavjud deb oʻylayman.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat, sogʻ boʻling!
Adiba UMIROVA gurunglashdi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/navoiyni-anglash/