– Bu turishingda oxiri seni Xosiyat momoga oʻgʻil qip beramiz-ov.
Qoʻshni momoga nisbatan mehr va hurmati harchand baland boʻlmasin, bu gap bolaga yoqmaydi. U jindek yasama zarda bilan ushbu gapni irod etgan otasi hamda, nima derkin, deganday miyigʻida kulib turgan enasi tomon koʻzi ostidan bir-bir qarab qoʻyarkan, toʻngʻillab, “yoʻq” deydi. Ertasi esa, goʻyo bu gap boʻlmagandek, kundalik mayda-chuyda yumushlardan qoʻli boʻshashi hamonoq uylari qarshisidagi keng soylik yoqalab choʻzilgan narigi betdagi doʻnglik belida, soʻl biqinida kigizlari uniqqan choqqina oʻtov, koʻklam quyoshidan qovjiragan qoʻziqorinday, yolgʻiz qoʻnqayib turgan toshkulba sari zingʻillaydi. Uyidagilar uning bu qiligʻiga koʻpda monelik qilishmasa-da, nechundir soʻnggi paytda, deyarli har ikki oqshomning birida ushbu gapni takror etmoqni xush koʻrishadi. Bola, odatdagidek, “yoʻq” deganidan soʻng, har gal dasturxon tevaragida kavshanishib oʻtirgan singlisi va ukasiga koʻz qirida zimdan razm soladi va hamisha oʻzga bir xonadonda ulardan ayro holda umrguzaronlik qilishni hech tasavvuriga sigʻdirolmaydi: ming yaxshi koʻrgani bilan Xosiyat momosi xesh emas, begona, magar chindanam unga oʻgʻil qilib berar boʻlishsa, jigarlarisiz birovnikida qanday yashaydi? Bu-ku mayli, soʻng anovu Moʻmin qotma “oʻgay oʻgʻil” deya, ustidan rosa irshanglab-irshanglab kulmaydimi? Bola shularni miyasidan oʻtkazarkan, ogʻzidagi luqmasini chala-chulpa yutib, bu safar ichdan qatʼiy deydi: “Yoʻ-oʻq!” Keyin endi-endi choyini eplab-seplab ichishga koʻnika boshlagan ukasiga tagʻin xayoli ogʻadi: “Otam qachon buning toʻyini qilarkin, a?” Ammo bu oʻyini sirtiga chiqarmaydi, negaki, soʻrar boʻlsa, otasining javobi hamisha tayin: “Xudo xohlasa, yaqinda!”.
Ukasi oyoqlabdiki – shu gap.
Koʻklam boshida oʻzidan bir sinf yuqorida oʻqiydigan Moʻmin qotma bilan jiqqamusht boʻlganidan beri, bola inisining sunnat toʻyini zoʻr intiqlik bilan kutadi – toʻy kuni uzoq-yaqindan tashrif buyurgan xel-xeshlari hovlilariga sigʻmay, tishga oshib-toshib chiqishini, oʻzi esa, misli suvdagi baliqdek, mehmonlar orasida javlon urib yurmoqni orzulaydi. Bejizga emas – Moʻmin qotma oʻz ukasining toʻyi kuni qarindosh-urugʻlarining serobligi bilan maqtanib, oʻmgan teshar gap qilgan: “Sen u, xuddi yetim qoʻziday, yetti yot begonani xesh tutib, doim uyiga chopqillab yurasan!” Bu gapdan soʻng ikkisi soylik tubidagi sayhonlikda obdon yoqalashgan, urib, bir-birlarining koʻzlarini koʻkartirishgan. Ushbu voqea sabab, ukasining toʻyi kuni barcha xeshlarining uylarida jam boʻlishini sabr-toqat-la kutadi. Ana oʻshanda Moʻmin qotmani yoniga imlab, oʻzicha dimogʻlanib-dimogʻlanib deydi: “Uv-v, qotma, koʻrib qoʻy, bizdi qarindosh-urugʻlar qanchaligini?!” Baʼzan esa kutilmaganda, beixtiyor, shubha-gumonga boradi, negaki olis-yaqindan unda-bunda mehmon boʻlib keladigan sanoqli urugʻlarini demasa, boʻlak xeshlarini koʻpda tanimaydi. Bunaqada Moʻmin qotmaning oldida yer boʻlib qolmasmikan?
U gohida ushbu ruhsiz oʻy-xayollar ogʻushida toshkulbaga qadam qoʻyadi. Ammo Xosiyat momosining birgina shirin kalomidanoq zumda barchasini unutganini oʻzi ham sezmay qoladi.
Momo uni har safar quyoshday charaqlab qarshilaydi. Bolamlab, darrov girdiga tosh terilgan supaga taklif etadi, yoʻq, deganiga qaramay, choy damlab, oldiga yarim kosacha qaymoq qoʻyadi. Soʻngra, odatdagidek, qoʻliga urchugʻini olib, qoshida shu kuz adogʻida sakkiz yoshga toʻlishi lozim boʻlgan boʻychangina bola emas, kap-katta moʻrtli yigit savlat toʻkib oʻtirganidek, gurung berishga tushadi.
Momo kunduzlar yolgʻiz, tong saharlab molini qirga haydab ketadigan choli – Eson oqsoqol doimo oqshomlatib uyiga qaytadi. Bolani bu xonadonga momoning yolgʻizligi yoxud uning betaʼma, qaynoq mehri emas, ertaknamo gurunglari koʻproq oʻziga chorlaydi – ongu shuurini sehrlab, butunlay oʻziga maftun etib qoʻyadi. Natijada, bola maʼlum vaqt bu olam shovurini unutib, oʻtmishda boʻlib oʻtgan gʻaroyib voqealar girdobida yashay boshlaydi: mana, quyuq qaymoqqa non botirib, endigina ogʻziga olib borgan ham ediki, ikki qir oraligʻidagi sertepa kaftdek vodiyda joylashgan ovuli birpasda koʻzdan gʻoyib boʻlib, uning oʻrnida halicha odam oyogʻi yetmagan kimsasiz bir hudud yuzaga keladi-da, xiyoldan soʻng past-baland tepaliklar orasida oʻtov lash-lushlari va roʻzgʻor qaqir-ququrlari yuklangan qoʻsh tuyani yetaklagan, oldida bir suruv qoʻy-qoʻzi, qavatida esa goʻzallikda tenggi yoʻq bir kelinchak, haybatli va kelbatli bir kimsa – Eson oqsoqol, yoʻq, Eson polvon paydo boʻladi.
Kelinchak – Xosiyat momo gʻamgin.
Kuyov – Eson polvon andak dilgirtob.
Boisi uch kun burun, agar bizni deyar boʻlsang, tugʻmas bu kelinchakning bahridan oʻtasan, deya qatʼiy shart qoʻygan xel-xeshtidan qattiq arazlab, koʻch-koʻronini tuyalarga yuklagancha, togʻ oshib bu tomonlarga yoʻl tortgan va endi qaysi manzilda qoʻnim topmogʻini bilolmay, sarson kezinib yurardi-da. Ana, Eson polvon tepaliklardan biri yonidagi keng sayhonlikda oyoq ilib, tevarakka boqqancha bir muddat turib qoladi. Shunda qavatidagi goʻzal kelinchak iyagi bilan vodiydagi eng baland tepalik – ushbu doʻnglikka imo qiladi. Poyida bir emas, ikki buloq qaynab turgan bu joy Eson polvonga juda maʼqul keladi va mazkur ovulning ilk tamal toshi mana shu tarzda u tomondan qoʻyiladi, yaʼni doʻnglik belida ushbu toshkulba bunyod etiladi.
Boshqalar esa soʻng-soʻng birin-sirin koʻchib kelishgan.
Ovul nomi shundan qolgan – Yakkatom.
Bu orada bir damgina oʻziga kelgan bola voqea qahramonlaridan biri shundoqqina qarshisida oʻtirganiga ishongisi kelmaganday, Xosiyat momoga hayratomuz boqadi. Bir paytlar uning goʻzal kelinchak boʻlganini tasavvur etolmay, mayda ajin tilimlagan yuziga, urchuq tutgan ozgʻin barmoqlariga tikiladi, soʻng xayolidan ne oʻtayotganini, goʻyo momo sezib qoladigandek, toshlari pishiq-puxta terilgan kulbaga, naridagi oʻtovga, soylik tubidagi keng maydonni enlab tushgan toshdevorli qoʻraga koʻz tashlab, har kelishida nuqul momoning nonu qaymogʻini jigʻildoniga uravermay, biror yumushiga koʻmak bermoqni, hech qursa quyidagi buloqdan suv olib chiqib berishni oʻylaydi. Biroq momosi tushmagur – naqd ishning kuyasi, unga birorta yumush qoldirmaydi. Boz ustiga, bola bir narsadan – ovuldagi ayrim ogʻziga kuchi yetmaydigan, umrida birovga qayishmaydigan kimsalarning, falonchaning bolasini kuni oʻtmay qoptimi deyman, Eson oqsoqolning xizmatini qilib yuribdi, deyishlaridan hayiqadi. Chamasi, momo ham shundan istihola qilsa kerak shekilli, bolaga biror ish aytmaydi. Ammo qaymogʻu gurungini hech qachon qizgʻanmaydi.
Keyingi qaymoqxoʻrliklardan birida bola ovul yoqalab, kunchiqishga choʻzilib ketgan katta qirga tutash choʻng tepalikda chordona qurib oʻtirgan Alpomishni koʻradi. Oʻh-hu, Alpomish deganlari bu qadar haybatli boʻlmasa, har bir kiftiga toʻrt-besh odam bemalol sigʻadi-ya! Yoʻq, bu sumbati oldida kitobdagi surati bir chaqaga qimmat! Chamasi, musavvir Alpomishni Xosiyat momochalik bilmaydi. Bilganida… Momoning aytishiga koʻra, Oybarchinni qoralab, oʻzga elga yoʻl tortgan Alpomish ayni oʻsha tepalikda birrov qoʻnib oʻtgan ekan, shunga koʻra, mazkur tepalik “Alptepa” deb yuritilarkan. Bola Alptepaga oʻzgacha bir ehtirom bilan boqadi. Erta yo indin Alpomish izlarini tavof qilgani Alptepaga koʻtarilishni koʻngliga tugadi. Shomda esa bu haqda uydagilarga toʻlib-toshib soʻzlamoqni istaydi. Ming afsuski, tinglovchi degani hamisha anqoning urugʻi, tengqurlari esa kattalardan-da befarq – juda nari borsa, oʻtirik, Alpomish bu tomonlarga dorimagan, deyishadi. Bola bu qadar loqaydlikni taniga singdirolmay, ertasi tagʻin toshkulbaga oshiqadi. Odatdagidek, momoning adoqsiz gurunglariga mahliyo boʻlib, gohida choynakdagi choy sovub, kosadagi qaymoqning yarmi qolib ketganini ham sezmaydi. Shunda kutilmaganda naq miyani parmalovchi choʻziq chorlov qulogʻiga chalinadi.
– Anvaru-u-u!
Bu ovozdan xayoli boʻlingan bola voqealarni bamisli ertakday gʻoyatda kelishtirib soʻzlayotgan momoning oriq, choʻziq, rangpar yuzi va adadsiz mehr yolqinlanib turgan koʻzlariga boqarkan, soʻzlang, soʻzlayvering momojon, deya oʻrlangisi keladi. Biroq momo ortiq soʻzlanmaydi, sergaklanib, bolaning ketmogʻini istamagan bir ohangda, asta deydi.
– Enang chaqirayapti, bolam.
Bola soylikning narigi betidan turib, oʻzini yoʻqlayotgan enasi tomon norozi boqadi, malollanib boqadi.
– Nasibangni qoldirma, yeb ket, bolam, – deydi momo.
Ammo yemak degani momoning maroqli gurunglari bilan totli, shunga koʻra, bola dasturxonga boqmay, noiloj oʻrnidan qoʻzgʻaladi. Bu bemavrud chorlovdan ogʻrinib-ogʻrinib, ich-ichdan gʻijinib-gʻijinib sekin-asta quyiga – ertaksiz olam sari ena boshlaydi. Baʼzida soylik betida, “ha, oʻgay oʻgʻil”, degan maʼnoda ishshayib turgan Moʻmin qotmaga roʻbaroʻ kelib, bundan dili battar xufton tortadi. Undan boplab oʻch olish istagi xuruj qilib, ukasi toʻyini tasavvurida jonlantirib, oʻsha kun tezroq kelmogʻini orzulay boshlaydi.
Ittifoqo, shu kunlarda, otasidan boʻlak, uydagilarning bari togʻoldi ovullaridan birida yashovchi xolasining toʻyiga boradigan boʻlib qolishdi. Bu toʻy – qavm-qarindoshlarining qanchaligini aniqlash umidida yurgan bolaga zoʻr vaj boʻldi. Toʻy kuni esa yoʻq-bor narsaga alahsimay, xeshlarini zimdan tuvanlash bilan band boʻldi. Buni qarangki, qarindoshlari oʻzi oʻylagandan ham koʻp ekan. Erkaklar, ayollar va bolalar – bari ularga xesh ekan, urugʻ ekan.
Bundan bola oʻzida yoʻq sevindi.
Azbaroyi quvonganidan koʻzlari oʻtdek chaqnab, xeshman deganning har biriga mehri joʻshib-joʻshib boqdi, mehri toshib-toshib boqdi. Ammo chatoq bir jihati – aksariyat qarindoshlari munosabatida oʻzi kutgan iliqlikni tuymadi. Ayrimlari yelkasiga qoqqan boʻlib: “Sen falonchaning ulimisan? Voy-boʻy, kap-katta yigit boʻp qopsan-ku!” – degani bilan ular nigohida oʻzining katta yigit boʻlib qolganidan quvonish alomatlarini ilgʻamadi. Biroq bundan bolaning koʻngli choʻkmadi, aniqrogʻi, choʻktirmadi – unisini u deb, bunisini bu deb, oʻzicha ularni oqlagan boʻldi. Soʻng xolasiga hamsoya turmish oʻrtancha togʻasining oʻzi tengi oʻgʻli bilan inoqlashib, toʻy yakuniga qadar u bilan birga yurib, birga turdi.
Ertasi ketar jafosiga togʻasinikida mehmon boʻldilar.
Togʻasining toʻlagina, chehrasi toʻnggina ayoli – yangasi koʻp chaqqon ekan, et qovurayotgan yerida, ikkinchi qozonda sut pishirmoqqa tushdi. Bola momoning qaymogʻini yeyaverib, mazaxoʻrak boʻlib qolgan emasmi, ayol oʻrtacha sirli togʻoradagi sutni qozonga qoʻyayotganida, birdan ishtahasi qoʻzib, et emas, qaymoq yemoqni istab qoldi.
U shu istakda yonidagi mezbon bolaga dedi:
– Bi-ir qaymoqxoʻrlik qimaymizmi, a?
– Boʻpti, yur, – dedi mezbon bola ham tamshanib.
Bolalar qozon boshiga bordilar.
Ayol ular xohishini anglab, chinni kosaga qaymoq quyib uzatdi.
Bola xiyol oldinroqda edi, beixtiyor kosaga qoʻl choʻzdi.
Ayol oʻzi bilmagan holda oshkora qizgʻanib, qoʻlidagi idishni bola qolib, oʻz oʻgʻliga uzatib, dedi:
– Oʻzi ozgina… ma, hadaha yutib ol!
Qoʻli muallaq qolgan bolaning koʻngli choʻkdi, oʻzini yetti yot begonadek his etdi.
Olam xira tortdi.
Borliq xunuk tus oldi.
Darvoza yonida yotgan it, ket, deganday hurdi.
Hovli yuzidagi xoʻroz itni maʼqullaganday qichqirib qoʻydi.
Birgina lahza ichidayoq jiddiy yigitchaga aylanib ulgurgan bola ichkarida tugʻishganlari bilan kulishib va suylashib oʻtirgan enasi oldiga quyidagi talabni koʻndalang qoʻydi.
– Ena, ketdik!
* * *
Ertasi tushga yaqin bola toshkulba tomon oʻrlarkan, bu dafʼa, har galgidek, Xosiyat momoning qistoviga itoat etib, dasturxonga oʻtirmadi. Qoʻliga bolta olib, ancha burun koʻz ostiga olib qoʻygan, oʻtov ortida qalashib yotgan qurigan oʻtinlarni hafsala bilan maydalashga kirishdi. Momo esa uni alqay-alqay, mijjalarini yoshlay-yoshlay tezda et qovurmoqqa tushdi. Boisi bugun uning xonadoniga oʻsha oʻzi bilgan bola emas, qarashlari jiddiy yigit tashrif buyurgan edi-da. Axir, yigit odamni nonu qaymoq bilan emas, qovurilgan et ila siylamoq lozim-da!
Oqshom ota hazilomuz dedi:
– Bu turishingda oxiri seni Xosiyat momoga oʻgʻil qip beramiz-ov.
Bu safar bola otasiga yer ostidan emas, dadil qarash qilib, dedi:
– Mayli.
Ota dong qotdi.
Ena anqaydi.
Bola esa qoʻliga qoshiqni olib, kosadagi shoʻrvani oshiqmay ichmoqqa tutindi.
Normurod NORQOBILOV
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/ogil/