Til – millatning ruhi, hech kimga oʻxshamagan oʻzligi va maʼnaviy mulki. Dunyoda shunday tillar ham borki, allaqachon tarixga aylangan. Xususan, lotin, sanskrit tillaridan faqat yozma yodgorliklar qolgan. Bizning ona tilimiz esa ming yillar qaʼridan yetib kelib, bugun ham bizga xizmat qilmoqda. Uning juda boy va goʻzalligi haqida istagancha gapirish mumkin. Zero, bu tilda ifodalab boʻlmaydigan fikr yoki tuygʻuning oʻzi yoʻq.
Ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan soʻz javohirlarini asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish bizdan. Til va adabiyotga gʻamxoʻrlik davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir paytda nodir qoʻlyozmalarni oʻrganish, maktablarda adabiyot fanini oʻqitishning ahvolini yaxshilash va yozma, ogʻzaki nutqimizdagi juzʼiy kamchiliklarni tuzatish har birimizning burchimizdir.
Bundan qariyb olti yuz yil ilgari Alisher Navoiy bobomiz oʻzining “Muhokamatul lugʻatayn” (Ikki til muhokamasi) asarida oʻzbek tili boshqa tillardan qolishmaydigan kuch-qudratga ega ekani, unda barcha turkiy xalqlar sharros oʻqib tushunadigan asarlar yaratish mumkinligini isbotlab bergan. Millatimiz tarkibidagi toʻqson ikki urugʻ va qabilalar shu tilda oʻz fikri va tuygʻularini ifodalab kelgan. Bir necha ming yillik tarixga ega tilimizga, afsuski, keyingi paytlarda ancha “zaxa” yetkazyapmiz. Oʻzbek tilining rivoji, boyligi va ulugʻligi haqida gapirish millatchilik sanaladigan davrlar oʻtib ketgan boʻlsa-da, hali ham uzoq vaqt davom etgan qaramlikdan qutulolmayapmiz. Bu hadik jonkuyar ajdodlarimiz tuzib bergan lugʻatlarni oʻqib-oʻrganish, tilimizning imkoniyatlari, boyligi va ulugʻligi haqida gapirishga toʻsqinlik qilayotgandek. Lekin bugun milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash zamoni keldi. Nafaqat oʻzbek, balki barcha turkiy xalqlarning ham maʼnaviyati, tili va adabiyotining gavhari hisoblangan “Boburnoma”ni olaylik, undagi soʻzlar, ismlar, atamalar faqat tariximizni oʻrganish emas, unutilib ketgan soʻzlarni lugʻatlarimizga dalil kirish uchun ham kerak. Xalqimizni jahon madaniyatiga sherik qilib qoʻyadigan mana shu til bilan hozirgi vaqtda na muomala, na suhbat, na oilada – hech kim gaplashmaydi. Ahyon-ahyonda ishlatiladigan adabiy-tarixiy kalomlarimiz ham asta-sekin “oʻlik” soʻzlar qatoriga oʻtib, tilimizdan butkul chiqib ketyapti. Masalan, oʻzbek tilining izohli lugʻatlarida tiynat degan soʻz bor. Bu insonning xarakter, xulq, tabiat va feʼlini ifodalaydigan sermaʼno kalom. Hozir bu soʻz kam istifoda etiladi. Ehtimol, til uchun bu hodisa tabiiy jarayon hisoblanar. Lekin nega kundan-kunga tilimizning oʻziga xos boyligi va fazilatlaridan uzoqlashib boryapmiz? Nima uchun qonun-qoidalari buzilyapti? Tilga eʼtiborimiz susaygan yoki undan zavqlanmay qoʻyganmiz, savod masalasidagi ayrim xatoliklarni “tabiiy” qabul qilyapmiz. Buning sababini koʻpchilik “kimga tobe boʻlsak, oʻshaning til qoidalarini olaverganmiz” qabilida izohlamoqchi boʻladi. Lekin yaqin kunlargacha xalqimiz oʻzbek tilining sanoqsiz qadimiy lugʻatlaridan foydalanib, Bedilu Saʼdiylarga murojaat qilgan. Fuzuliylarni sharh qila olgan. Biz-chi, ayni paytda tilimizga yaqin qozoq, turkman qardoshlarimiz bilan bemalol gaplasha olamizmi? Umuman, lisonimizdagi soʻzlar miqdorini hech hisoblab chiqqanmizmi? Bu atrofdagilar bilan muloqot-munosabatga kirishish bilan birga, tasavvur olamimizni boyitish uchun yetarlimi?! Oʻz tilimiz zamirida yotgan tarix bilan qiziqmasak, dunyo bilan qanday qilib boʻylasha olamiz?
Baʼzan oʻylab qolaman: maktabda ona tilimiz oʻqitilsa, aksariyat oliy oʻquv yurtlarimizda shu fandan imtihon topshirilsa, nega unda savodxonlik koʻngildagidek emas? Toʻgʻri, hamma birdek adabiyot sohasini tanlamas. Lekin oʻqish, hisobni bilishdan tashqari, inson oʻz tilida fikrini bemalol ifodalay olishi kerak-ku! Nahotki, farzandlarimiz shuncha yil davomida oʻzlashtirgan bilimlar oʻrni kelganda, ikki ogʻiz mustaqil fikrini yozish yoki ifodalash uchun kamlik qilsa? Unda shahodatnoma, bakalavrlik yoki magistrlik diplomlari nega berilmoqda?!
Televideniye har kuni millionlab aholini oʻziga qaratishi sir emas. Efirda namoyish etilayotgan har bir koʻrsatuv, lavha, yangilik va axborot sof adabiy tilda boʻlishi kerak. Afsuski, televideniye koʻpincha xalq bilan bu tilda gaplashmayapti. Misol uchun, hozir ayrim teleboshlovchilar “xayr demaymiz, koʻrishguncha yoki uchrashguncha”, degan soʻzlarni ishlatadi. Axir, xayr tilimizdagi eng xayrli soʻzlardan biri boʻlib, bu odamlarga ezgulik, yaxshilik, eson-omonlik va baxt-saodatni tilash, degan maʼnoni anglatadi. Matbuot va televideniye muxbirlari, imom-xatiblarimiz suhbatlarida ajralish soʻzi oʻrnida, ajrim soʻzini ishlatishyapti. Ajralish bu – er-xotinni qoʻydi-chiqdisi, judolikni bildirsa, ajrim biror bir muammoni yechish, hal etishni bildiradi. Yoki “Mahalla” teleradiokanalida bir boshlovchining nutqini eshitsangiz, respublikamizning barcha viloyatlariga xos shevalarni eshitib hayron qolasiz. Televideniye ona tilining qoidalari, nutq madaniyati, adabiy til normalari masalasida nega hamon maʼsuliyatsizlikka yoʻl qoʻymoqda? Bizga oʻzbek tilining imkoniyatlaridan toʻlaroq foydalanishga nima xalaqit beryapti? Farzandlarimiz telekanallar namoyish etayotgan arzongarov filmlar, maza-bemaza seriallar va har xil “shou”lar “tili”da soʻzlashmoqda. Bemaza qovunning urugʻidek koʻpayib ketayotgan kuy-qoʻshiqlarning mazmuni, sheʼrlaridagi soʻzlarning maʼnosi va tili haqida-ku, gapirmay qoʻya qolaylik. Ayniqsa, “Milliy” telekanalidagi shou-biznesni targʻib etishga moʻljallangan koʻrsatuvlarda ayrim sanʼatkorlarning uchta soʻzidan bittasi jargon. Boshlovchining suhbatdoshiga beradigan savollarida joʻn, oʻrinsiz soʻzlar koʻp. Baʼzilari oʻz tilida bazoʻr gapiradi, lekin “daʼvo”si olamni yoray deydi.
Yana bir mulohaza. Kasbimiz taqozosi bilan koʻpincha respublika miqyosidagi korxona va tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar hamda anjumanlarda qatnashishga toʻgʻri keladi. Tadbirda birorta chet ellik boʻlmasa-da, aksariyat majlislar negadir rus tilida olib boriladi. Taajjub, bu nima oʻzi: oliftagarchilikmi yoki ona tilga hurmatsizlik?
Avar kuychisi Rasul Hamzatovni eslang. Oʻz tilida qanday goʻzal asarlar yozganini bilasiz. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ijodiy uchrashuvlarning birida shunday degandi: “… Rasul Hamzatov avar tilida gapirganda, eshitib hayratga tushganman. Qoyil qolib emas, shu tilda ham sheʼr yozib boʻladimi, deb. Ikki avar soʻzlashsa, urishyapti, deb oʻylaysiz. Tishda yongʻoq chaqqandek qarsillagan, tosh yoʻlda arava yugurgandek taraqlagan ovozni eshitasiz. Lekin avar oʻz tilini sevadi. Ulugʻ shoirlari bu tilda oʻlmas sheʼrlar yozib qoldirgan…”.
Keyingi paytda badiiy asarlarimizning gʻoyaviy-badiiy saviyasi ham tobora pastlashib ketyapti. Baʼzi sheʼrlarni koʻrib, bu “shigʻir”larni nashriyotlar nimasini kitob qilayotgani, qoʻshiqchilar qaysi goʻrdan topayotgani yoki bunga “bastakor”lar qanday muzika yozayotganiga hayron qolasan, kishi…
…Shu qiz turishidan
qizlarning boshimi,
Shu qiz bittami deman-e…
Bundaylarga muomalani bilish kerak…
Shu ham sheʼrmi?
Bunisi ikki kishining suhbatidan farq qilmaydi:
Husning yuzingni koʻrki,
Sevmoqlik biram zoʻrki…
Qomatingdan aylanay,
Sochlaringga boylanay,
Omadimdan aylanay. (bay-bay…).
Mumtoz adabiyotimizda ham, xalq ogʻzaki ijodida ham, umuman, zamonaviy sheʼriyatimizda ham sheʼr oddiy soʻz, jumla, gap bilan emas, goʻzal tashbehlar, ohorli tuygʻular bilan ifodalangan. Hozirgilarida na vazn, na qofiya, na kuy bor. Abdulla Qahhor ijodda oʻziga ham, boshqalarga ham juda talabchan boʻlganini yaxshi bilamiz. U kishining adabiy davralarda bildirgan mulohazalari haligacha tildan-tilga koʻchib yuradi. Ustoz adibning “Nima uchun koʻcha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan mashhur gaplari to hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas.
Adabiyotimizning oltin sandigʻini ochsak, oʻtgan shuncha davrda qanday noyob asarlar yaratib qoldirilganini koʻramiz. Bir qarashda biz tilga olgan muammolar allaqachonlar hal boʻlishi kerak edi. Lekin nima uchun tilga eʼtibor masalasida hanuz oqsayapmiz? Deylik, har yili davlat nashriyotlari qatorida, xususiy nashriyotlarda ham koʻplab oʻquv qoʻllanmalaridan tortib, badiiy asarlar ham nashr etiladi. Xoʻsh, ularni sinchkovlik bilan oʻqib, kerak boʻlsa, har bir soʻz, jumla ustida bahslasha oladigan mualliflar yoki muharrirlar yetarlimi? Zero, hali ham bir guruh “yozarman”lar xom-xatala qoʻlyozmalaridan tashqari, qoʻliga tushgan narsani – u ruhiyatiga mos tushadimi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, ikkinchi-uchinchi tarjimadan boʻlsa-da, tilimizga oʻgirib tashlayapti.
Hozir qardosh xalqlarni qoʻya turing, Xorazm shevasida chiqqan asarni Andijon yoki Qarshida tushunilishi qiyin. Chunki shevada yozilgan. Ilgarilari kitobda biror yangi soʻz yoki ibora berilsa, albatta ularning maʼnosi ilova qilinardi. Bugun nashriyotlardagi muharrirlarning oʻz ishiga beparvoligi tufayli uyat sanaladigan laqablardan tortib, hissiz, yalangʻoch tuygʻulargacha badiiy asarlarga kirib kelyapti. Shahrimizdagi doʻkon va korxonalar peshtaxtalariga yozilgan nomlar, reklama bannerlaridagi imloviy xatolarga ham eʼtibor bermay qoʻydik. Misol uchun, shahrimizdagi yangi savdo doʻkonlarining oynavandida “Biz ochildik” degan soʻzlar koʻrga hassadek qilib yozib qoʻyilgan. Lola, atirgul ochilishi mumkin, lekin biz – yaʼni, odamni ochilishini koʻrganmisiz? “Doʻkon ochdik” yoki “Doʻkon ochildi” deyilganda, bu boshqa gap edi. Endi yaxna ichimliklar reklamasiga eʼtibor bering: “Salqinlikni taʼmini his qiling”. Hech zamonda salqinlik taʼmi boʻladimi? Bizningcha, gap salqin ichimliklar taʼmi xususida ketyapti. Toʻgʻri, reklama materiallarining har bir harfi mijozdan mablagʻ talab qiladi. Kamsoʻzli va sermaʼno soʻzlardan foydalanish uchun soha mutaxassislariga murojaat qilinsa, bunday tushunarsiz jumlalarga oʻrin qolmasdi.
Bir soʻz bilan aytganda, til – bu bugun gapirilib, ertaga unutib yuboriladigan masala emas. Farzandlarimiz bir umr maktabda olgan bilim darajasida qolib ketmasligi kerak. Tilimizni muhofaza qilmasak, diyonatimizni yoʻqotamiz. Tilni juda soddalashtirish yoki murakkablashtirish kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Biroq, isteʼmol qilayotgan soʻzlarimizning maʼnaviy yuki boʻlishi kerak. U mavsumiy libos emas, maʼnaviy qiyofamizni koʻrsatib turuvchi koʻzgudir. Buni unutmaylik…
Adiba UMIROVA
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/manaviyatimiz-uchun-eng-keraklisi/