Yonib kuylagan yurak yoxud Xorazm bulbuli

“Dunyoda barcha xalqlar orasida eng koʻp musiqa, kuy-qoʻshiqlar tinglaydigan va ijro etadigan xalq – oʻzbeklardir. Qadimiy Xorazm vohasini oʻrgangani borganimda, har bir xonadonda bitta yoki ikkita milliy musiqa asbobini koʻrib hayratlangan edim…” Sharqshunos olim Yevgeniy Bertelsning bu iqrornomasida hikmat bor. Haqiqatan ham xorazmliklar musiqa va sanʼatga oshufta xalq. U Komiljon Otaniyozovdek buyuk sanʼat dargʻasini yetishtirib chiqargan voha. Biz bugun millatimiz faxriga aylangan, oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼatiga sidqidildan xizmat qilgan, maʼnaviyatimiz, madaniyatimiz ravnaqiga munosib ulush qoʻshgan bunday ulugʻ zotlarning oʻzini ham, qoʻshigʻini ham sogʻinib-sogʻinib yashayapmiz.

Hayot qiziq. Har davrning oʻz sozi va oʻz ovozi bor. Yaqin-yaqinlargacha kishilar yuragini zabt etgan, oʻzbek milliy kuy qoʻshiqlarini baland pardalarda kuylagan isteʼdod sohiblarining koʻpchiligi bugun oramizda yoʻq. Ammo ularning xonishlari keksa va oʻrta avlod vakillari qulogʻida hamon jaranglaydi. Oʻzbek mumtoz qoʻshiqlarini tinglaganimizda ruhiyatimizda ajib tuygʻular mavjlanadi. Turmush ikir-chikirlaridan horigan, toliqqan ruh asta sekin quvvatga kira boshlaydi. Ha, milliy kuy-qoʻshiqlarni tinglagan har qanday odamning yuragida ana shunday evrilish boʻlishi tabiiy. Negaki, bizning tomirimizda ota-bobolarimizning qoni oqyapti. Komiljon Otaniyozov, Maʼmurjon Uzoqovdek, Tavakkal Qodirov, Otajon Xudoyshukurov singari ulugʻ sanʼatkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan millat bu. Haqiqiy sanʼatni soxta sanʼatdan ajrata biladigan xalq bu. Shuning uchun boʻlsa kerak, biz ularning qoʻshiqlarini ichki bir entikish, hayajon bilan tinglaymiz.

Hech kuzatganmisiz, davralar, katta-katta bayram tadbirlari, toʻyu tomoshalar Xorazm “Lazgi”sisiz oʻtmaydi. Ammo uni ilk bor soʻzga solib, “Hay, omon-ey, omon” deya guldurak ovozi ila dillarni toʻlqinlantirib yuborgan zot Komiljon Otaniyozov ekanini birov biladi, birov esa bilmaydi. 1957 yilda K. Otaniyozov xalq kuyiga Komil Xorazmiy gʻazalini qoʻyib “Lazgi” qoʻshigʻini yaratishga muvaffaq boʻladi.

Komiljon Otaniyozovning “Avval soʻz, keyin soz” degan purhikmat soʻzi bor. Kuylayotgan har bir qoʻshiq matniga oʻta sinchkovlik, masʼuliyat bilan yondashgan hofizning quvvai hofizasi keng, fikri nihoyatda teran boʻlgan ekan. Sanʼatkor ham hofiz, ham sozanda, ham aktyor, ham bastakor sifatida oʻzbek milliy musiqa sanʼatida alohida maktab yaratdi. Murakkab xalq ashulalari, dostonlar, Xorazm suvoralari, maqom ashula yoʻllarini qunt bilan oʻrgangan. “Salom senga Xorazmdan”, “Muborak”, “Vatan”, “Olqish”, “Temir yoʻl”, “Oʻzbekiston”, “Xorazm” kabi qoʻshiqlari xalqchilligi, samimiyligi, sodda va ravonligi bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. U doston yoʻllarini Bola Baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yoʻllarini Matpano Xudoyberganovdan oʻrgangan. Xorazm viloyat teatrida ham xonanda, ham aktyor sifatida faoliyat yuritib, teatr sahnasida rang-barang rollar ham ijro etgan. Uning bastakorlik borasida ham olib borgan ijodiy izlanishi tahsinga loyiq. Sanʼatkorning O. Stepanov bilan hamkorlikda yaratgan “Aziz va Sanam”, “Oshiq oʻarib”, S. Hayitboyev bilan hamkorlikda yaratgan “Soʻnggi xon” kabi musiqali dramalari ham uning serqirra ijodkor ekanidan darak beradi.

Bularning har birini maromiga yetkazib kuylash uchun faqat ovozning oʻzi kamlik qiladi, albatta. Katta kuch, katta qalb, ovoz diapozonining kengligi… Xullas, bitta ashula yo qoʻshiqni mukammal darajada ijro etish ham mushkul. Bu bir tomondan sharafli, ikkinchi tomondan oʻta masʼuliyat ham talab etadi. Komiljon Otaniyozov oʻz soziyu ovozi bilan emas, balki insoniylik fazilatlari bilan ham barchaga oʻrnak, namuna boʻla oladigan buyuk sanʼatkor edi.

Quyida hofizning ushbu soʻzlariga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz “Kibru havoga, manmanlikka berilgan xonanda tez el nazaridan tushadi. Odamlar uning oʻzini ham, qoʻshigʻini ham sogʻinmay qoʻyadi. Bundan yomoni yoʻq!”

Donishmandlik bilan aytilgan bu pandnoma hassos sanʼatkor Komiljon Otaniyozovning yurak tubidan otilib chiqqan. Sodda va ravon ammo uning tag magʻzida falsafiy teran maʼno bor desak aslo mubolagʻa boʻlmas.

Ming shukrki, bugun xalqimizning ardoqli ijodkorlarining qilgan mehnatlari munosib qadrlanib, ularning xotiralari abadiylashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz ziyolilariga, ilm va maʼrifat, sanʼat ahliga katta eʼtibor qaratish bilan bir qatorda ularning nomlarini oʻsib kelayotgan yoshlar ongiga, qalbiga singdirishdek sharafli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunday eʼtibor va eʼzozdan barcha ijodkorlar ilhomlanadi, ruhlanadi. Shaxsan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz ardogʻidagi sanʼatkor, Xorazm bulbuli, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qoraqalpogʻiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlab Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “Oʻzbekkontsert” davlat muassasasi bilan hamkorlikda “Turkiston” saroyida oʻtkazilgan kontsert dasturi fikrimizning yorqin dalilidir.

Mana muxlislar intiqlik ila kutgan kontsert dasturi ham boshlandi. Parda ortida hofizning shogirdlari birin-ketin u kishining qoʻshiq va ashulalarini kuylamoqqa chogʻlanib turishibdi. Shu payt ularning koʻngillaridan nelar kechmoqda ekan. Tinglovchilarning nigohi sahnaga qadalgan. Adabiy kechada Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon, Oʻzbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, professor Otanazar Matyoqubovlar soʻzga chiqib, benazir sanʼatkor Komiljon Otaniyozovning oʻzbek milliy musiqa sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi, insoniy fazilatlari xususida toʻxtalib oʻtishdi. Soʻngra kuy kuyga, raqs raqslarga ulandi. Oʻzbekiston xalq hofizlari oʻafur va oʻulom Eshjonovlar, Xorazm maqom ansambli, “Lazgi” ashula va raqs ansambli, Oʻzbekiston xalq hofizi Soyibjon Niyozov, Yu. Rajabiy nomidagi maqomchilar ansambli, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Karimboy Rahmonov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Zarifboy Azizov, Oʻzbekiston xalq baxshisi Qalandar Normatov, dutorchi qizlar ansambli, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ogʻabek Sobirov, xonanda Rohila Roʻzimova, Oʻzbekiston xalq artisti Ortiq Otajonovlar ijrosidagi diltortar kuy-qoʻshiqlar muxlislar koʻngliga oʻzgacha zavq bagʻishladi. Ayniqsa, Ortiq Otajonov Xorazm “Lazgi”sini kuylaganda butun zal qalqib ketdi. Kecha tugadi. Ammo Komiljon Otaniyozov xotirasiga bagʻishlangan kontsert tadbirlari respublikamiz boʻylab davom etadi…

Maqolamiz soʻngida ulugʻ hofiz Komiljon Otaniyozovning ushbu soʻzlaridan iqtibos keltiramiz. “Toʻy-hashamga boradimi, biron tadbirda qatnashadimi, hatto oʻtirishma – ziyofatda qoʻshiq aytadimi, xonanda ogʻzidan chiqqan har soʻzning maʼnosini tushunishi, tinglovchi yuragini zabt eta olishi kerak. Boʻlmasa foydasi yoʻq. Buning uchun adabiyotni bilishi, koʻp kitob oʻqishi, shoirlar, adiblar bilan tez-tez muloqotda boʻlib turishi kerak”.

Ha, bu bitiklar, sanʼat ahliga, sanʼat boʻsagʻasida turgan kelgusi yoshlarga bir daʼvat, bir murojaat. Hassos sanʼatkor Komiljon Otaniyozovning umri boqiy qoʻshiqlari hali uzoq yillar xalqimiz qalbidan oʻchmaydi, hali koʻp kuylanadi, hali koʻp tinglanadi, avlodlar almashadi, biroq hofiz oʻz qoʻshiqlari bilan hamisha qalblarda yashayveradi.

 

Yoʻlga chiqding, qoʻlda toring koʻrinmas,

Komiljonim, qayga ketib borasan?!

Ne manzilga, ne makonga bilinmas,

Ayt, ustozim, qayga ketib borasan,

Komiljonim, qayga ketib borasan?!

 

(Omon Matjon)

 

Matluba TEMUR qizi

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yonib-kuylagan-yurak-yoxud-xorazm-bulbuli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x